Karvonsaroy
Tahlil

BAA portida Xitoyning harbiy tayanchga ega boʻlishga intilishi xavotirga sabab boʻlmoqda

Karvonsaroy

2012-yilning 1-sentyabr kuni Abu-Dabidagi Xalifa portida sayr qilayotgan xodimlar. AQSH razvedka xizmati soʻnggi oylarda Xitoyning bandargohdagi faolligidan xavotir bildirgan. [Karim Sohib/AFP]

2012-yilning 1-sentyabr kuni Abu-Dabidagi Xalifa portida sayr qilayotgan xodimlar. AQSH razvedka xizmati soʻnggi oylarda Xitoyning bandargohdagi faolligidan xavotir bildirgan. [Karim Sohib/AFP]

AQSH razvedkasi rasmiylari soʻnggi oylarda Xitoyning Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) Xalifa portidagi faoliyatidan xavotir bildirgan. Ular Xitoyning yashirincha harbiy obʼekt barpo etayotganini aytganlar.

Aftidan, qurilish toʻxtatilgan boʻlsa-da, AQSHning bir qancha rasmiylari Xitoyning mamlakatdagi hozirligi bilan bogʻliq xavfsizlik muammolari hal qilinmagani haqida ogohlantirgan, deb xabar beradi CNN.

AQSH razvedka idoralari bir yilga yaqin vaqt mobaynida Xitoyning BAA portida yashirincha harbiy obyekt qurayotganidan xabardor boʻlishgan, deyiladi The Wall Street Journal (WSJ) nashrining noyabrdagi maxsus sonida.

China Ocean Shipping Company Ltd. (COSCO) kompaniyasining tijoriy konteynerlari terminali joylashgan port Tavila shahridan 5 km uzoqlikda, amirlik poytaxti Abu-Dabidan taxminan 80 km shimolda joylashgan.

Suratda: 2012-yil 1-sentyabrda – tijoriy amaliyotlar boshlangan mahal Abu-Dabidagi Xalifa portida terib qoʻyilgan konteynerlar. [Karim Sohib/AFP]

Suratda: 2012-yil 1-sentyabrda – tijoriy amaliyotlar boshlangan mahal Abu-Dabidagi Xalifa portida terib qoʻyilgan konteynerlar. [Karim Sohib/AFP]

U materik bilan koʻtarma yoʻl orqali bogʻlangan sunʼiy orolda joylashgan.

AQSH rasmiylarining maxfiylashtirilgan sunʼiy yoʻldosh tasvirlari va boshqa maʼlumotlarga asoslangan holda taʼkidlashicha, Xitoy “BAAda harbiy platsdarm” barpo etib, oʻz harbiy hozirligini kengaytirishga urinmoqda, deb yozadi WSJ.

CNN xabariga koʻra, “AQSH razvedkasi portga tijorat kemalari qiyofasida kirgan kemalarni kuzatgan – ular Xitoy harbiylari tomonidan razvedka maʼlumotlarini yigʻish uchun ishlatiladigan turdagi kemalar deb tan olingan”.

Aftidan, BAA hukumati Xalifa portida Xitoyning harbiy xarakterga ega faoliyatidan bexabar bo‘lgan, deb yozadi WSJ.

Shunday boʻlsa-da, Xitoyning bu hozirligi BAAning AQSHdan F-35 qiruvchi samolyotlarini sotib olish yoʻlidagi saʼy-harakatlarini murakkablashtirgan, bu qiruvchi samolyotlar Xitoyning josuslik faoliyatidan himoyalangan boʻlishi talab qilinmoqda.

“Maxfiylik va hiyla-nayrang”

2018-yil dekabr oyida Abu Dhabi Ports kompaniyasining COSCO bilan tuzgan 35 yillik kontsessiya shartnomasi Xitoy kompaniyasiga Xalifa portida konteyner terminalini boshqarish va rivojlantirish imkonini bergan.

Terminal 2013-yilda boshlangan, Osiyo, Afrika, Yevropa va Okeaniya boʻylab 78 davlatni bogʻlovchi yirik infratuzilmaviy loyiha – Xitoyning “Bir kamar, bir yoʻl” tashabbusi tomonidan yaratilgan savdoni qoʻllab-quvvatlash uchun barpo etilgani aytiladi.

Ammo Xitoyning strategik ahamiyatga ega BAA portidagi tayanch punkti – Janubiy Xitoy dengizidan Suvaysh kanaligacha choʻzilgan strategik muhim portlar tarmogʻidagi hozirligi kabi – boshqa maqsadlar uchun ham xizmat qiladi.

Kuzatuvchilarning taʼkidlashicha, Xitoy oʻzining siyosiy va iqtisodiy taʼsirini kengaytirishdan tashqari, mintaqaga jangovar kirishni osonlashtirish uchun portlar tarmogʻiga sarmoya yotqizib, Yaqin Sharq va undan tashqarida xavotir uygʻotmoqda.

“Xitoyning BAAdagi Xalifa portida yashirin harbiy obyekt qurayotgani haqidagi maʼlumotlar Pekinning oʻsib borayotgan strategik ambitsiyalarini, shuningdek, oʻz chegaralaridan tashqarida ham harbiy hozirligini kengaytirish yoʻlidagi maxfiylik va hiyla-nayranglarini tasdiqlaydi”, deyiladi Indian Express nashrining 23-noyabr kungi sonida.

Unda taʼkidlanishicha, “Xitoy soʻnggi yillarda [prezident] Si Szinpin davrida yanada shiddatliroq tarzda strategik ahamiyatga ega hududlarda oʻz oʻrnini mustahkamlash uchun ixtiyoridagi barcha vositalardan foydalangan”.

Hind okeani hududida Xitoy iqtisodiy va infratuzilmaviy hamkorlik vaʼdalari orqali muhim yerlarda oʻz mavqeini mustahkamladi, deb yozadi nashr bu “ikki tomonlama foydalanish” strategiyasining bir qismi ekanligi haqida ogohlantirib.

“BAAda boʻlgani kabi, bu yerlar ham yashirin yoki oshkora va bosqichma-bosqich tarzda harbiy maqsadlarda qoʻllanilishi mumkin”, deb qoʻshib oʻtilgan.

Shubhali maqsadlar

Mart oyi oxirida Xitoyning Eron bilan imzolagan strategik bitimi Pekinning Fors koʻrfazida harbiy platsdarm yaratishiga olib keladi degan xavotirlarni paydo qilgan.

Xitoy nuqtai nazaridan qaraganda, “kelishuvdan maqsad – Eronda, ayniqsa Fors koʻrfazining Jask va Kish orollarida Xitoyning tayanchini kuchaytirish”, deb aytgan oʻz shaxsini ochiqlamagan holda sobiq eronlik harbiy tahlilchi Al-Mashareq veb-saytiga.

Kelishuv tijoriy xarakterga ega boʻlsa-da, Eronning Jask va Chabahor portlaridagi Xitoy investitsiyalari uning dengiz floti keskin kengayishiga olib keladi, deydi tahlilchi.

Xitoy va Arab mamlakatlarining 2018-yilgi hamkorlik forumida (CASCF) Xitoy Yaqin Sharqqa 23 milliard AQSH dollariga teng kredit va yordam ajratgan, bu koʻmak qimmatga tushishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.

BAAning Xalifa, Ummonning Duqm, Saudiya Arabistonining Jizan va Misrning Said va Ayn Soxna portlari Yaqin Sharqdagi “Bir kamar, bir yoʻl” tashabbusi doirasida Xitoy rivojlantiradigan muhim loyihalar sifatida belgilangan, deb xabar bergan edi Aggregates Business 2020-yili.

“Shuningdek, Xitoy pudratchilari Qatardagi, jumladan Hamad xalqaro aeroportining kengaytirilishi uchun 25 milliard AQSH dollari ajratilgan katta qurilish shartnomalarida ham ishtirok etadi”, deb oʻtilgan veb-saytda.

Shuningdek, Pokistonning Balujistonidagi Gvadar portida Xitoy harbiylarining maqsadi borasida savollar paydo boʻla boshlagan – bu yerda maxfiylik ostida bir qator shubhali binolar qad koʻtarmoqda.

Arab dengizidagi port Xitoyning “Bir kamar, bir yoʻl” tashabbusining bir qismi boʻlishi kutilmoqda, ammo kuzatuvchilar Xitoy rejimi undan Pokistonda harbiy-dengiz bazasini barpo etish maqsadida foydalanayotgan boʻlishi mumkin deb tashvishga tushmoqdalar.

Xitoyning Gvadarda harbiy-dengiz bazasi qurish haqidagi rejalari rasman tasdiqlanmagan boʻlsa-da, sunʼiy yoʻldosh suratlari oʻtgan bir necha yillarda yangi majmualar barpo etilganini koʻrsatadi, deb xabar bergan Forbes 2-iyun kuni.

Komplekslarning biri “noodatiy darajadagi xavfsizlikka” ega boʻlib, u katta qismi davlatga tegishli boʻlgan, koʻplab fuqaroviy muhandislik loyihalarida ishtirok etuvchi Xitoyning Communications Construction Co. kompaniyasi tomonidan foydalanilmoqda.

U “kengaytirilgan” xavfsizlik darajasi va “transportga qarshi bermalar, xavfsizlik toʻsiqlari va baland devorlarga” ega, deb yozgan xavfsizlik boʻyicha mutaxassis X. I. Satton Forbes nashrida. “Toʻsiq va ichki devor oʻrtasida perimetr boʻylab qoʻriqchilik postlari va koʻtarilgan minoralar joylashtirilgan”, bu “qurollangan qoʻriqchilar mavjudligidan” dalolat beradi.

Ayrim kuzatuvchilarga koʻra, bir qator koʻk tomli binolardan iborat ikkita kichikroq hududda Xitoy harbiy floti garnizoni uchun kazarmalar joylashgan boʻlishi mumkin.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500