IDLIB – AQSH kuchlari Suriyadagi harbiy amaliyotlar bilan “Al-Qoida” hamda “Iroq va Shom islom davlati”ga (ISHID) aloqador terrorchilar yetakchilarini nishonga olishda davom etar ekan, Suriya prezidenti Bashar Asad rejimining ittifoqchilari boʻlgan Rossiya va Eron oʻz kuchini tabiiy resurslarni himoyalash va vositachi kuchlarni mustahkamlashga sarflamoqda.
3-dekabr kuni AQSHning navbatdagi amaliyotida “Al-Qoida”ga aloqador yuqori martabali yetakchilaridan biri dron hujumi natijasida oʻldirilgan.
Idlib yaqinidagi zarbada “Xuras ad-Din” guruhining yuqori martabali rahbari Musʼab Kinon halok boʻldi, deb aytgan Pentagon soʻzchisi Jon Kirbi 6-dekabr kuni matbuot brifingida.
“Xuras ad-Din” – “Al-Qoida” tarafdorlari boshchiligidagi nisbatan kichik, ammo qudratli qurolli guruh. 2020-yil iyun oyida u Fathbatu operativ markazini tashkil qilish uchun mintaqada faoliyat yuritayotgan boshqa toʻrt guruh bilan birlashgan.
“Al-Qoida”ning Suriyadagi shoʻbasi hisoblangan “Xuras ad-Din” “Al-Qoida”ga aloqador “Nusra” jabhasi sobiq aʼzolari hukmronligidagi “Tahrir ash-Shom” ittifoqining raqibi hisoblanadi, ammo baʼzida u bilan hamkorlikda ish olib boradi.
2019-yilda “Xuras ad-Din” Qoʻshma Shtatlar tarafidan terrorchilik guruhi deb topilgan.
22-oktabr kuni Suriya shimoli-gʻarbida “Al-Qoida”ning yuqori martabali yetakchisi Abdul Hamid al-Matar dron hujumi natijasida halok boʻlgan.
“Yuqori martabali “Al-Qoida” yetakchisining yoʻq qilinishi tashkilotning global hujumlar rejalashtirish va amalga oshirish qobiliyatiga putur yetkazadi”, degan edi AQSH Markaziy qoʻmondonligi vakili mayor Jon Rigsbi oʻsha vaqtdagi bayonotida.
20-sentabr kuni Pentagon Idlib yaqinidagi havo hujumida “Al-Qoida”ning Suriyadagi boshqa bir yuqori martabali qoʻmondoni Salim Abu-Ahmadni ham oʻldirgan.
Ayrim maʼlumotlarga koʻra, hujumda “Xuras ad-Din”ning ikki mulozimi halok boʻlgan: diniy arbob Abu al-Bara at-Tunisiy va Abu Hamza al-Yamaniy.
Rossiyaning toʻsiqlari
AQSHning “Al-Qoida”ga qarshi kurash yoʻlidagi saʼy-harakatlari Rossiya va Eronnikidan keskin farq qiladi – bu ikki mamlakatning Suriyadagi harbiy aralashuvi terrorchilarga qarshi kurashni qiyinlashtirmoqda, xolos.
Mahalliy harbiy mulozimlar va tahlilchilarning aytishicha, 2020-yil boshida Rossiyaning Suriya sharqiga harbiy bosqini Suriya demokratik kuchlari (SDK) va AQSH boshchiligidagi koalitsiyaning IDga qarshi kurash boʻyicha saʼy-harakatlariga putur yetkazgan.
Suriyalik jurnalist Muhammad al-Abdullohga koʻra, bu harakatlari bilan Rossiya hududda jangovar amaliyotlar olib borish qoidalarini buzmoqda, chunki u yerda ISHID bevosita mavjud boʻlmasa ham, bu toʻliq harbiylashtirilgan hudud sanaladi.
Aslida Rossiyaning hozirligi barcha harbiy va kuzatuv operatsiyalariga toʻsqinlik qilmoqda, deydi u.
“Rossiyaning harakatlari bu hududlardagi tanglik holatini saqlab, terrorchilar manfaatiga sezilarli xizmat qilmoqda, bu esa uning Suriyaga xizmat qilish, mamlakat xavfsizligini taʼminlash va urush holatiga chek qoʻyish uchun kirayotgani haqidagi avvalgi vaʼdalariga xilofdir”, dedi al-Abdulloh.
“Bu bosqinlar sakkiz yillik urush davomida mavjud boʻlmagan koʻplab yangi mojarolar uchun zamin yaratadi”, dedi u.
Abdullohga koʻra, Rossiyaning yashirin maqsadlaridan biri – Suriyaning hali foydalanilmagan, ammo bu hududlarda mavjudligi tadqiqotlar bilan tasdiqlangan ulkan hajmdagi qazilma boyliklariga ega chiqish.
Kreml terrorizmga qarshi kurash bahonasida anchadan beri bu kabi gʻarazli maqsadlarni yashirishga urinib keladi.
Internetda Rossiya OAV tomonidan tarqatilayotgan videolavhalarda Suriyada Rossiya qoʻllovida faoliyat olib boruvchi xususiy qoʻriqlash shirkati – “ISHID ovchilari” macho obrazida tasvirlanadi.
Qizil nishon bilan toʻsilgan qoʻrqinchli bosh suyagi aks etgan yorliqli kiyimdagi va tish-tirnogʻigacha qurollangan ushbu yollanma guruh aʼzolari “Islom davlati” (ID) qoldiqlariga qarshi kurashda toblangan askarlarga oʻxshab koʻrinadi.
Aslida esa, anchadan beri ID bu guruhning nishoni boʻlmay qolgan.
Suriyalik kuzatuvchilarning taʼkidlashicha, “ISHID ovchilari”ning asosiy vazifasi – Rossiyaning Suriyadagi koʻplab va turli xil iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish.
Eronning aralashuvi
Oʻz navbatida Suriyadagi yana bir muhim oʻyinchi – Eron terrorizm tarqalishining oldini olish uchun deyarli hech narsa qilgani yoʻq. U Suriya rejimi tarafida jang qilayotgan mintaqaviy vositachi kuchlarni faol ragʻbatlantirib kelmoqda.
Eron rejimi oʻn yillikning koʻp qismi davomida Suriyaga katta sarmoya kiritdi, Asad rejimini harbiy jihatdan qoʻllab-quvvatladi va sezilarsiz samara bilan boshqa sohalarga katta mablagʻ sarfladi.
Kuzatuvchilarning taʼkidlashicha, Eron Suriyada sarflagan va sarflashda davom etayotgan katta miqdordagi mablagʻ Tehron rejimiga kutilgan dividendlarni olib kelmagan.
Aytilishicha, Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK) va uning xorijdagi boʻlinmasi – “Quds” kuchlari ham mustahkamlanmagan, hatto millionlab dollar xarajat qilingan boʻlsa-da, bu kuchlar hozir ikki yil oldingiga qaraganda ancha zaifroq ekani aytilmoqda.
Eron soʻnggi oʻn yil ichida Asad rejimiga yuzlab million barrel neft va millionlab dollar xayriya qildi – eronliklar hayotida yetishmovchilik va qiyinchiliklar keltirib chiqargan barcha xayriyalar behuda ketdi.
Ayni paytda, Eronning oʻzi tarafidan “Qarshilik oʻqi” deb taʼriflangan atama yillar davomida Tehron va uning boʻlinmalari oʻrtasidagi ittifoqni (jumladan, soʻnggi vaqtlarda uning tarkibiga Iroqdagi Kataib Hizbulloh va Asaib Ahlul-Haq, Livanning Hizbulloh va Yamandagi xusiylar ham kirgan) nazarda tutgan boʻlsa-da, koʻproq “terrorizm oʻqi”ga oʻxshab ketmoqda, deydi tahlilchilar.
Bunday vositachi kuchlar mintaqada Islom respublikasining gegemonlik va ekspansiyaviy siyosatini joriy etish uchun bir necha jabhada harakat qilmoqda. Buning evaziga Tehron oʻz “oʻqi”dagi hamkorlarini kerakli mablagʻ, qurol va dastak bilan taʼminlaydi.
Rossiyaning oʻzi terrorchi davlat boʻlsa-chi?
Javob berishFikrlar 1