Karvonsaroy
Diplomatiya

AQSH-Oʻzbekiston aloqalari strategik sheriklik muloqoti doirasida kengayib bormoqda

Rustam Temirov

“Silverleafe ” AQSH-Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi qoʻshma korxonasi rasmiylari oʻzbekistonlik fermer bilan, sanasiz surat. “Silverleafe” 2018-yildan beri faoliyat koʻrsatadi. [Silverleafe]

“Silverleafe ” AQSH-Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi qoʻshma korxonasi rasmiylari oʻzbekistonlik fermer bilan, sanasiz surat. “Silverleafe” 2018-yildan beri faoliyat koʻrsatadi. [Silverleafe]

TOSHKENT – Oʻzbekiston va AQSH rasmiylarining shu oyda boʻlib oʻtgan oliy darajadagi uchrashuvi ikki davlat oʻrtasidagi aloqalarning mustahkamlanib borayotganidan darak beradi, deydi Oʻzbekiston Gʻarbda ishonchli hamkorlar izlayotganini aytayotgan tahlilchilar.

13-dekabr kuni Toshkentda AQSH-Oʻzbekiston strategik sheriklik muloqotining taʼsis yigʻilishi oʻtkazildi.

Oʻzbekiston delegatsiyasiga mamlakat tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, AQSH tarafiga Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari boʻyicha yordamchisi Donald Lu rahbarlik qildi.

Amerika Qoʻshma Shtatlari va Oʻzbekiston 2020-yil noyabr oyida har yilgi muhokamalarini Strategik sheriklik muloqoti darajasiga koʻtarishdi.

Bosh vazir oʻrinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov (oʻngda) va AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari boʻyicha yordamchisi Donald Lu (chapda) AQSH-Oʻzbekiston strategik sheriklik muloqotining 13-dekabr kuni Toshkent shahrida oʻtgan ilk uchrashuvidan soʻng qoʻl siqishmoqdalar. [AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi/Facebook]

Bosh vazir oʻrinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov (oʻngda) va AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari boʻyicha yordamchisi Donald Lu (chapda) AQSH-Oʻzbekiston strategik sheriklik muloqotining 13-dekabr kuni Toshkent shahrida oʻtgan ilk uchrashuvidan soʻng qoʻl siqishmoqdalar. [AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi/Facebook]

13-dekabr kuni Toshkentda AQSH-Oʻzbekiston strategik sheriklik muloqotining taʼsis yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Bu AQSH va Oʻzbekiston oʻrtasidagi strategik sheriklik boʻyicha ilk muloqot boʻldi. [AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi/Facebook]

13-dekabr kuni Toshkentda AQSH-Oʻzbekiston strategik sheriklik muloqotining taʼsis yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Bu AQSH va Oʻzbekiston oʻrtasidagi strategik sheriklik boʻyicha ilk muloqot boʻldi. [AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi/Facebook]

Toshkentdagi KFC restorani, 22-dekabr. [Rustam Temirov]

Toshkentdagi KFC restorani, 22-dekabr. [Rustam Temirov]

Tomonlar amerikalik investorlar va yirik kompaniyalarni Oʻzbekistondagi qoʻshma tashabbuslar, jumladan, qishloq xoʻjaligi, togʻ-kon, toʻqimachilik va kimyo sanoatidagi loyihalarga jalb etishdan manfaatdor ekanini bildirdi, deb yozadi Kun.uz nashri.

Uchrashuvda AQSH xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi (DFC) va Oʻzbekistonning toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi oʻrtasida investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish mexanizmini ishlab chiqish boʻyicha hamkorlikni kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi.

Uchrashuv ishtirokchilari 2022-yilning birinchi yarmida AQSH-Oʻzbekiston savdo palatasi bilan hamkorlikda Amerika va Oʻzbekiston ishbilarmon doiralari uchun qoʻshma biznes-forum oʻtkazishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Oʻz navbatida AQSH delegatsiyasi qoʻshma bayonotda Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlishini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

Tomonlar qoʻshni Afgʻonistonda osoyishtalikni tiklash va bu davlatga gumanitar yordam yetkazilishini taʼminlash uchun C5+1 platformasi boʻyicha hamkorlikni jadallashtirishga kelishib oldilar.

“C5+1 – bu umumiy muammolarni muhokama qilish va ular ustida ishlash uchun Markaziy Osiyoning besh davlati va AQShni birlashtiruvchi platformadir”, deyiladi AQSH Davlat departamenti bayonotida.

“Qoʻshma Shtatlar Termiz Kargo markazida insonparvarlik tashkilotlariga koʻrsatilayotgan xizmatlar uchun minnatdorchilik bildirar ekan, Oʻzbekistonning Afgʻoniston xalqiga shoshilinch insonparvarlik yordami koʻrsatish maqsadida BMT shafeligida Termiz shahrida mintaqaviy logistika markazini tashkil etish tashabbusini olqishladi”, deyiladi qoʻshma bayonotda.

Oʻzbekiston oʻz madaniy merosini asrash va AQSH bilan madaniy boyliklarni muhofaza qilish boʻyicha bitim tuzishdan ham manfaatdor ekanligini bildirdi.

Shuningdek, Komilov COVAX global dasturi doirasida Oʻzbekistonga 6 million dozadan ortiq COVID-19 vaksinasini taqdim etgani uchun AQSHga minnatdorchilik izhor etgan.

Yaqinda AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Oʻzbekistonning COVID-19ga qarshi choralariga koʻmaklashishdagi yutuqlariga bagʻishlangan onlayn tadbir oʻtkazdi, deyiladi AQSH elchixonasining dushanba (20-dekabr) kungi bayonotida.

USAID Oʻzbekiston hukumatiga 4,46 million dollardan (48,3 milliard soʻm) koʻproq yordam koʻrsatdi, jumladan, COVID-19ni aniqlovchi ekspress-test qurilmalarini hadya qildi.

AQSH bilan yanada yaqinroq hamkorlik

“AQSH va Oʻzbekiston oʻrtasidagi muloqot juda pozitiv”, deydi siyosatshunos va iqtisodchi Anvar Nazirov Karvonsaroy nashri bilan suhbatda.

“Oʻzbekiston Rossiyaning bosimi sharoitida Gʻarbda tayanch nuqtasini topishga urinib, muvozanatni saqlashga harakat qilmoqda”, deydi u.

Bu bosim yanada kuchayadi, deydi Nazirov. U soʻnggi paytlarda Ukrainadagi vaziyatning keskinlashuvi, Rossiyaning AQSH va umuman Yevropa bilan munosabatlarining yomonlashuvi Oʻzbekiston rasmiylarini xavotirga solayotganini qoʻshimcha qildi.

Qoʻshma Shtatlar mintaqaga koʻproq eʼtibor qaratayotgan Yevropa Ittifoqidan oʻrnak olib, Markaziy Osiyo bilan hamkorlik dasturini yangilashi kerak, deydi u.

Markaziy Osiyoda muammolar koʻp, ekstremizmning oʻsishi esa asosiy tahdidlari biri, deb qoʻshimcha qildi u.

“Islom davlati” (ID) va “Al-Qoida” Afgʻonistonda, Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari chegaralari yaqinida oʻz mavqeini mustahkamlamoqda, dedi Nazirov.

Toshkentlik siyosatshunos Farhod Mirzaboyevning aytishicha, AQSH Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishini tezlashtirishga alohida ahamiyat qaratishi kerak.

Uning soʻzlariga koʻra, bunday qadam biznesni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay muhit yaratishga xizmat qiladi.

AQSH va Markaziy Osiyo oʻrtasida muntazam ravishda ikki taraflama tashriflar uyushtirish va AQSH-Oʻzbekiston munosabatlarini turli sohalar boʻyicha kengaytirish zarur, deb qoʻshimcha qildi u.

“Agar Amerika investitsiyasini jalb qila olmasak, hech boʻlmaganda madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishimiz, Amerika universitetlarining filiallarini ochishimiz, ingliz tilini oʻrganishni targʻib qilishimiz, ilgʻor tajriba va texnologiyalar bilan boʻlishishimiz kerak”, dedi Mirzaboyev.

“Oʻylaymanki, Oʻzbekiston va AQSH taʼlim sohasida samarali hamkorlik qila oladi”, deydi oʻzbekistonlik jurnalist Anora Sodiqova.

“Oʻzbekistonlik yoshlarga Amerika universitetlarida koʻproq joy ajratilishi kerak. Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligiga Amerika texnologiyalari va investitsiyalarini jalb qilish juda istiqbolli koʻrinadi”, deydi Sodiqova Karvonsaroy bilan suhbatda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500