Karvonsaroy
Ta’lim

Xitoy tilini oʻrganishga boʻlgan eʼtibor Markaziy Osiyoning sovet oʻtmishidan uzoqlashayotganini koʻrsatmoqda

Kanat Altinbayev

30-sentabr kuni Gonkongning Yuen Long tumanidagi maktabda xattotlik boʻyicha mashgʻulotlarda ishtirok etayotgan oʻquvchilar. Xitoyning Markaziy Osiyodagi iqtisodiy taʼsirining kuchayishi koʻpchilikni xitoy tilini oʻrganishga undamoqda. [Ayzek Lourens/AFP]

30-sentabr kuni Gonkongning Yuen Long tumanidagi maktabda xattotlik boʻyicha mashgʻulotlarda ishtirok etayotgan oʻquvchilar. Xitoyning Markaziy Osiyodagi iqtisodiy taʼsirining kuchayishi koʻpchilikni xitoy tilini oʻrganishga undamoqda. [Ayzek Lourens/AFP]

OLMAOTA – Xitoyning Markaziy Osiyodagi taʼsiri kuchayib borar ekan, bir paytlar Moskva oʻzining ichkari hovlisi deb hisoblagan mintaqa yoshlari orasida rus tili oʻrniga xitoy tilini oʻrganish ommalashib bormoqda.

Soʻnggi yillarda Xitoyning Markaziy Osiyoga kiritayotgan investitsiyalari jadallashgan.

2013-yilda Xitoy rahbari Si Szinpin Osiyo, Afrika, Yevropa va Okeaniya boʻylab 78 davlatni bogʻlaydigan yirik infratuzilmaviy loyiha – “Bir kamar, bir yoʻl” tashabbusini eʼlon qilgan edi.

Oʻshandan beri Pekin Markaziy Osiyoda avtomobil yoʻllari, temiryoʻl, portlar va boshqa infratuzilmalar, sanoat va hattoki taʼlim loyihalarini yaratib, moliyalashtirib kelmoqda.

1-sentabr kuni havodan olingan ushbu suratda Xitoyning markaziy Xubey viloyatidagi Uxan shahrida yangi semestrning ilk kunidagi ochilish marosimida qatnashayotgan talabalar aks etgan. Xitoyda 14 mingdan ortiq qozogʻistonlik tahsil oladi. [STR/AFP]

1-sentabr kuni havodan olingan ushbu suratda Xitoyning markaziy Xubey viloyatidagi Uxan shahrida yangi semestrning ilk kunidagi ochilish marosimida qatnashayotgan talabalar aks etgan. Xitoyda 14 mingdan ortiq qozogʻistonlik tahsil oladi. [STR/AFP]

Ochiq havoda kirish imtihonlarini topshirayotgan oʻzbekistonlik talabalar, Toshkent, 2020-yil, 2-sentabr. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021-yilning may oyida taʼlim tizimi mutasaddilariga sohani isloh qilish vazifasini topshirar ekan, talabalar oʻqishni bitirgunicha kamida ikkita xorijiy tilni mukammal bilishi kerakligini aytgan edi. [Yuriy Korsuntsev/AFP]

Ochiq havoda kirish imtihonlarini topshirayotgan oʻzbekistonlik talabalar, Toshkent, 2020-yil, 2-sentabr. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021-yilning may oyida taʼlim tizimi mutasaddilariga sohani isloh qilish vazifasini topshirar ekan, talabalar oʻqishni bitirgunicha kamida ikkita xorijiy tilni mukammal bilishi kerakligini aytgan edi. [Yuriy Korsuntsev/AFP]

“Bir kamar, bir yoʻl” – Xitoy manfaatlariga, aniqrogʻi, ichki energiya ehtiyojlarini qondirish, xalqaro bozorlarni zabt etish, eksportni kengaytirish va boshqa maqsadlarga qaratilgan.

Bu oʻzgarishlar hozirda xitoy tilini oʻrganayotgan yoshlarda, ayniqsa, turli loyihalar va qarz sirtmogʻi orqali Xitoyga Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga qaraganda koʻproq bogʻlangan Tojikistonda oʻz aksini topgan.

Tojikistondagi koʻplab maktablarda bir necha yillardan beri oʻqitib kelinayotgan xitoy tili rus tiliga nisbatan koʻproq ommalashmoqda. Xitoy universitetlarida bir necha ming tojikistonlik tahsil oladi.

Tojikistonliklarning tanlov imkoniyati ham katta emas: mamlakat tashqi qarzining 40 foizi Pekinga toʻgʻri keladi.

Oʻz majburiyatlarini bajara olmagan Dushanbe muhim masalalarda Xitoyga yon bosishga majbur boʻlgan.

2018-yilning bahorida u “Dushanbe-2” elektrostansiyasini modernizatsiya qilish bilan bogʻliq 330 million dollarlik qarzni toʻlash uchun Sugʻd viloyatidagi Yuqori Qumarg oltin konini 50 tonna oltin zaxirasi bilan Xitoyga topshirdi.

Xavfsizlik sohasi eksperti, bishkeklik Qosibek Jolchuyevga koʻra, Tojikiston Rossiya rahbarligidagi mintaqaviy iqtisodiy blok – Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YOII) haligacha qoʻshilmagan, chunki Xitoy bunga qarshi boʻlgan.

Xitoy shuningdek, Tojikistondagi harbiy hozirligini ham jadallik bilan mustahkamlamoqda – bu tendensiya Rossiyani jiddiy tashvishga sola boshlagan.

“Madaniy koʻprik”

Xitoy kommunistik partiyasining rasmiy nashri – “Jenmin jibao”ning 23-noyabr kungi sonida aytilishicha, Markaziy Osiyodagi mahalliy davlat universitetlari huzurida faoliyat yuritayotgan 13 ta Konfutsiy instituti tilning ommalashuvida katta rol oʻynamoqda.

Ularning beshtasi Qozogʻistonda, toʻrttasi Qirgʻizistonda, ikkitasi Oʻzbekiston va ikkitasi Tojikistonda joylashgan.

Pekin Xitoy va uning qoʻshnilari oʻrtasidagi “madaniy koʻprik” deb ataydigan Xitoy taʼlim muassasalarining ushbu tarmogʻiga nafaqat universitet talabalari, balki oʻrta maktab oʻquvchilari, maktabni bitirgan kattalar va hatto nafaqadagi keksalar ham qabul qilinadi.

Xitoy Qozogʻistonda qishloq xoʻjaligi, neft va togʻ-kon sanoatida xitoy tilida soʻzlashuvchi mutaxassislar tayyorlaydigan yangi Konfutsiy institutlarini ochishni rejalashtirmoqda, deyiladi xabarda.

“2021-yil 25-oktyabrda [poytaxt] Nur-Sultonda “Xitoy koʻprigi” xalqaro klubi rasmiy shoʻbasining ochilgani Qozogʻistonda xitoy tiliga qiziqish ortib borayotganidan dalolatdir”, deb yozadi “Jenmin jibao”.

Gazeta, shuningdek, xorijda tahsil olayotgan 91 mingdan ortiq qozogʻistonliklarning 14 mingdan ortigʻi Xitoydagi taʼlim muassasalarining talabalari ekanini taʼkidlagan.

Xitoy tilini oʻrganish istagidagi yoshlar soni yildan-yilga ortib bormoqda, deydi 2015-yilda Xitoydan Qozogʻistonga koʻchib kelgan Shinjon universiteti bitiruvchisi, Olmaotada xitoy tilidan dars beruvchi Abduxalal Kenesbayuli.

“Talabalarim Xitoyning nafaqat Qozogʻiston, balki butun mintaqada oʻz faoliyatini rivojlantirayotganini koʻrmoqdalar”, deydi Kenesbauli Karvonsaroy bilan suhbatda.

“Odamlar shamol qaysi tarafga esayotganini anglab, oʻzgarishlarga tayyor turishni xohlayaptilar.”

Xitoyning Qirgʻizistondagi elchisi Du Devenning 11-oktabr kungi bayonotida aytilishicha, ayni paytda Xitoy universitetlarida 5000 dan ortiq qirgʻizistonlik talaba tahsil olmoqda, ayni vaqtda Qirgʻizistondagi toʻrtta Konfutsiy instituti va 21 ta Konfutsiy sinfida 4000 ga yaqin qirgʻizistonlik talaba xitoy tilini oʻrganmoqda.

2017-yilda Pekin xitoy tili intensiv oʻqitiladigan Bishkekdagi 95-sonli maktab qurilishini moliyalashtirdi.

Bishkek davlat universiteti talabasi Nurbek Qosimov xitoy tilini majburan oʻrganayotganini eʼtirof etdi.

“Xitoy tili juda murakkab, aslida uni oʻrgangim yoʻq”, deydi Qosimov Karvonsaroy bilan suhbatda.

U xitoy tilini oʻrganayotgan koʻplab sinfdoshlarining ham xuddi shunday holatda ekanini aytdi.

Mamlakat moliya vazirligining maʼlum qilishicha, mart oyi holatiga koʻra, Qirgʻizistonning tashqi qarzi 5 milliard dollarni tashkil etgan boʻlib, uning aksar qismi – 40 foizdan ortigʻi Xitoy eksport-import bankidan olingan.

Rus tili siqib chiqarilmoqda

Xitoy tili asta-sekin Markaziy Osiyoda “asosiy biznes hamkor tili va oʻrta sinfning chet elda taʼlim olgan qismi soʻzlashadigan til sifatida rus tilini siqib chiqarishi mumkin”, degan edi Moskvadagi Karnegi markazining Osiyo-Tinch okeani boʻyicha Rossiya dasturi rahbari, xitoyshunos olim Aleksandr Gabuyev 2018-yilda Olmaotadagi “Central Asia Monitor” nashriga bergan intervyusida.

“Rus tili hali katta ustunlikka ega boʻlsa-da, xitoy tilini oʻrganish uchun iqtisodiy motivlar kuchayib bormoqda”, dedi Gabuyev.

Shunday boʻlsa-da, Xitoyning bir necha mamlakatga ulkan investitsiyalar kiritishi Pekinning iqtisodiy va harbiy jihatdan bir nechta mintaqaga kirib borishdek ekspansiyaviy maqsadlariga xizmat qilishi va uzoq istiqbolda mudhish oqibatlarga olib kelishi mumkin, deb ogohlantiradi kuzatuvchilar.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500