Karvonsaroy
Energiya

Xitoyning Qishki olimpiada oldidan yashil energiyani ilgari surishi fermerlar hayotini vayron qilmoqda

Karvonsaroy va AFP

Xitoy shimolidagi Xebey viloyati Baoding shahridagi Xuanszyao qishlogʻi togʻ yonbagʻrida qurilgan quyosh panellari oldida qoʻylarni oʻtlatib yurgan fermer, 22-oktabr. [Greg Beyker/AFP]

Xitoy shimolidagi Xebey viloyati Baoding shahridagi Xuanszyao qishlogʻi togʻ yonbagʻrida qurilgan quyosh panellari oldida qoʻylarni oʻtlatib yurgan fermer, 22-oktabr. [Greg Beyker/AFP]

BAODING, Xitoy – Hukumat milliy yashil energiya ishlab chiqarishni oshirishga oid vaʼdalarni bajarishga oshiqar ekan, bu – kaltaklangan, oʻz yerlaridan quvilgan, pulga chuv tushgan va hatto soxta ayblov bilan hibsga olingan xitoylik fermerlarga qimmatga tushmoqda.

Xitoy yaqinlashib kelayotgan 2022-yilgi Qishki olimpiada dunyoda ilk marta faqat shamol va quyosh energiyasiga tayangan holda oʻtkazilishini vaʼda qilgan va ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida koʻplab inshootlar barpo etgan, ammo faollarning ogohlantirishicha, oddiy xalq bu jarayondagi yerlarni tortib olish holatlaridan aziyat chekmoqda.

Quyosh elektrostansiyalari qurilishi tufayli yerlarining yarmidan koʻpini yoʻqotgan Pekin yaqinidagi qishloqda yashovchi Long oilasining daromadi shu darajada tushib ketganki, qishda uyni isitish uchun joʻxori poʻstlogʻi va polietilen paketlarni yoqishga majbur boʻlishgan.

“Energetika kompaniyasi yerni 25 yilga ijaraga olar ekan, bizga har yili har bir mu uchun bor yoʻgʻi 1000 yuan berishni vaʼda qilishgan”, deydi Xuanszyao qishlogʻilik fermer Long taxminan 667 kv. metrga teng Xitoy oʻlchov birligini nazarda tutib.

Xitoy shimolidagi Xebey viloyati Baoding shahridagi Xuanszyao qishlogʻida joʻxori soʻtasini yoqayotgan ayol, 23-oktabr. [Greg Beyker/AFP]

Xitoy shimolidagi Xebey viloyati Baoding shahridagi Xuanszyao qishlogʻida joʻxori soʻtasini yoqayotgan ayol, 23-oktabr. [Greg Beyker/AFP]

Xitoy shimolidagi Xebey viloyati Saochjuansi qishlogʻidagi shamol turbinalari yaqinida qoʻy boqib yurgan fermer, 23-oktabr. [Greg Beyker/AFP]

Xitoy shimolidagi Xebey viloyati Saochjuansi qishlogʻidagi shamol turbinalari yaqinida qoʻy boqib yurgan fermer, 23-oktabr. [Greg Beyker/AFP]

“Shu yerning oʻzida joʻxori yetishtirib, bundan ikki baravar koʻproq pul topishimiz mumkin”, deydi u. “Endi esa yerdan ayrilib, kunlik ishda ishlayapman.”

Xitoy quyosh panellari va shamol turbinalarini ishlab chiqarish boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinda turadi, Qishki olimpiada esa dunyo bozoriga chiqish maqsadida mamlakatning yashil energetika salohiyatini namoyish qilish uchun imkoniyat sifatida koʻrilmoqda.

Ammo, Xitoyning iqlim oʻzgarishi sohasidagi global yetakchiga aylanish harakatlariga koʻmir qazib olishga kiritayotgan ulkan investitsiyalari, “yashil” koʻrinishga ega boʻlish maqsadida mahalliy va xorijdagi aholini ekspluatatsiya qilishi putur yetkazmoqda.

“Bostirilgan va hibsga olinganlar”

Yashil energetika taraqqiyoti Long va uning qoʻshnisi Pi kabi fermerlar hayotini xavfliroq va ogʻirroq qilib qoʻygan.

Pining soʻzlariga koʻra, qishloqliklar majburan shartnoma imzolaganlar (AFP ular bilan tanish). Unga koʻra, ular oʻz yerlarini mamlakatdagi beshta eng yirik energetika kompaniyalaridan biri boʻlgan Davlat energetika investitsiyasi guruhiga (SPIC) lizingga topshirishgan.

Norozilar politsiya tomonidan kaltaklangan, “ayrimlar shifoxonaga yetkazilgan, yana boshqalar qamalgan”, deydi u.

Pi 40 kun hibsda ushlangan boʻlsa, Long ommaviy norozilikdan keyin “noqonuniy yigʻilish va jamoat tartibini buzganlik uchun” 9 oyga ozodlikdan mahrum qilingan.

“Bu bamisoli mafiyaga oʻxshaydi”, deydi Pi. “Shikoyat qilsang ovozingni oʻchirishadi, qamashadi va ayblovlar qoʻyishadi.”

Baoding qishlogʻidagi oʻrtacha yillik daromad taxminan 16800 yuan (2600 AQSH dollari), Pi va Longning soʻziga qaraganda endi ular buncha pul topa olishmaydi.

AFP Xuanszyao yaqinidagi SPIC loyihasidan olingan elektr quvvati Olimpiada inshootlari uchun sarflanishini tasdiqlay olmagan, chunki bu maʼlumot ochiqlanmagan.

Kompaniya AFP soʻroviga tasdiq javobini bermagan.

Ammo oʻyinlarga mezbonlik qilayotgan Chjanszyakou shahri hokimiyati 2015-yilda olimpiadaga mezbonlik tanlovida yutib chiqqanidan keyin, bu hudud “Xitoyda gidroenergetika bilan bogʻliq boʻlmagan yangilanuvchi energiya boʻyicha eng yirik bazaga aylanganini” aytib oʻtgan.

Hukumatning shamol va quyosh elektrostansiyalari uchun subsidiyalari ham Xebeyning boshqa qismlarida bunday loyihalar qurilishini tezlashtirdi, chunki Olimpiya oʻyinlari oldidan Xitoy havoning ifloslanishini kamaytirishga harakat qilmoqda.

Amnesty International bayonotida aytilishicha, “majburiy koʻchirishlar, yerni noqonuniy egallab olish va yerlardan mahrum boʻlish tufayli tirikchilik vositasini yoʻqotish” holatlari shamol va quyosh energiyasi sohalarida inson huquqlari bilan bogʻliq tez-tez uchraydigan muammolardan biridir.

“Hech narsamiz yoʻq”

Sentabr oyida Xitoy yerni ekologik loyihalar, jumladan, yashil energiya loyihalari uchun ajratishda kompensatsiya toʻlashning qatʼiy qoidalarini eʼlon qildi.

“Yerlarni hududlash qoidalarimizda qay turdagi qishloq xoʻjaligi yerlarini egallab boʻlmasligi ham aniq belgilangan”, deydi ekologik taraqqiyotni qoʻllab-quvvatlovchi qayta tiklanadigan energiya mutaxassislari qoʻmitasi bosh kotibi Li Dan.

“Bu – qizil chiziq.”

Qishloq xoʻjaligi yerlari qayta tiklanadigan energiya loyihalari uchun foydalaniladigan boʻlsa, issiqxonalarni energiya bilan taʼminlash kabi foyda almashish dasturi mavjud boʻlishi kerak, deydi u.

Ammo AFP bilan suhbatda boʻlgan bir nechta fermerga koʻra, kompaniyalar qoidalarni aylanib oʻtish uchun qishloq xoʻjaligi maydonlarini boʻsh yotgan yerlar sifatida belgilagan.

Chjanszyakoulik fermer Syu Van Olimpiya oʻyinlari arafasida qurilgan quyosh qurilmasi tufayli oʻz yeridan mahrum boʻlgan.

“Kompaniya bizga bu yerning foydalanishga yaroqsiz ekanligini aytdi, lekin aslida bu yerlar bizning fermerlar ishlatadigan juda yaxshi qishloq xoʻjaligi yerlari”, dedi Syu.

“Ular bizga har bir mu yer uchun 3000 yuan [471 dollar] berilishini aytgan edilar. Lekin oxir-oqibat hech narsa olganimiz yoʻq”.

Syu yashaydigan qishloqda quyosh energiyasi qurilmasini oʻrnatgan Zhangjiakou Yiyuan New Energy Development kompaniyasi AFP soʻrovini javobsiz qoldirgan.

Oʻtgan yili qayta tiklanuvchi energiya sohasiga yoʻnaltirilgan investitsiyalar, shuningdek Xitoyning infratuzilmani rivojlantirishga oid “Bir kamar, bir yoʻl” global tashabbusi doirasidagi yangi loyihalarning yarmidan koʻprogʻini tashkil etgan.

Xorijda Xitoyning qayta tiklanadigan energiya manbalariga kiritgan investitsiyalari taʼsirini oʻrgangan Buyuk Britaniyadagi Biznes va inson huquqlari resurs markazi mutaxassisi Priyanka Mogulning taʼkidlashicha, ayrim imorat quruvchilar xorijda yer sotib olish bilan bogʻliq shubhali amaliyotlarda ham ayblangan.

“Eng keng tarqalgan muammo atrof-muhitga taʼsirni baholashning [maʼlumotlarning] yetarli darajada oshkor etilmagani edi... uning ortidan yerga egalik huquqi va tirikchilik vositalarini yoʻqotish bilan bogʻliq muammolar yuzaga keldi”, dedi u.

“Korrupsiyaga chidab boʻlmaydi”

Xitoyda qishloq yerlarini egallab olishda mojaro chiqishini kamaytirish uchun Pekin aksar quyosh fermalarini qashshoqlikka qarshi kurash loyihalari sifatida taqdim etdi, bunda qishloq aholisi uylari tomiga oʻrnatilgan quyosh panellaridan bepul elektr energiyasi olishlari kerak edi.

2014-yilgi davlat dasturiga koʻra, kommunal xizmat kompaniyalari 2020-yilgacha ikki million oilani qashshoqlikdan xalos qilish dasturi doirasida ortiqcha elektr energiyasini sotib olishlari kerak edi.

Milliy energetika boshqarmasi oʻtgan yili bu raqam ikki baravarga oshganini maʼlum qilgan.

Ammo 300 dan ortiq oila istiqomat qiladigan Xuanszyaoda faqat ikkita tomda quyosh panellari boʻlib, qishloq aholisi hech qanday quyosh panellarini oʻrnatish dasturi yoʻqligini aytishgan.

“Markaziy darajada hukumatning fermerlarga nisbatan yuritayotgan siyosati yaxshi”, deydi Xuanszyao qishlogʻidan boʻlgan Pi.

“Lekin, qishloq darajasiga kelsak, tamoman boshqacha holat. Quyi darajada korrupsiyaga chidab boʻlmaydi.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500