Karvonsaroy
Siyosat

Qozogʻistonliklar Rossiya davlat dumasining til masalasiga aralashuvini rad etmoqdalar

Kseniya Bondal

Olmaotada qozoq tilidagi mini-market nomi lotin imlosida, boshqa maʼlumotlar esa rus tilida yozilgan, 19-dekabr. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

Olmaotada qozoq tilidagi mini-market nomi lotin imlosida, boshqa maʼlumotlar esa rus tilida yozilgan, 19-dekabr. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

OLMAOTA – Rossiyalik deputatlarning Qozogʻistonda tilga oid qonun borasida fikr bildirishi mamlakatning ichki ishlariga jiddiy aralashuvini aks ettiradi, deydi qozogʻistonlik siyosiy tahlilchilar va fuqarolar.

6-dekabr kuni Qozogʻiston senati tashqi belgilar, reklama, yoʻl belgilari, koʻrsatkichlar, menyular, narx va boshqa belgilarning davlat tili – qozoq tilida boʻlishini koʻzda tutuvchi qonun loyihasini tasdiqladi.

Qonun loyihasida bunday belgilar rus tiliga tarjima qilingan boʻlishi kerakligiga oid avvalgi talablar bekor qilingan.

Avvalroq, 6-oktabr kuni loyihani parlament quyi palatasi – Majlis maʼqullagan edi. Loyiha qonun sifatida kuchga kirishi uchun ikkala palata va prezident tasdigʻidan oʻtishi kerak.

Koronavirus pandemiyasi vaqtida qozoq va rus tillarida yozilgan ijtimoiy masofa saqlash haqidagi ogohlantirish, Olmaota, 20-dekabr. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

Koronavirus pandemiyasi vaqtida qozoq va rus tillarida yozilgan ijtimoiy masofa saqlash haqidagi ogohlantirish, Olmaota, 20-dekabr. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

2020-yil 10-dekabr kuni Rossiya televideniyesining “Bolshaya igra” koʻrsatuvida boshlovchi Vyacheslav Nikonov Qozogʻiston hududlarini “Rossiyaning ulkan sovgʻasi” deb atagan. [Fayl]

2020-yil 10-dekabr kuni Rossiya televideniyesining “Bolshaya igra” koʻrsatuvida boshlovchi Vyacheslav Nikonov Qozogʻiston hududlarini “Rossiyaning ulkan sovgʻasi” deb atagan. [Fayl]

Joriy qonunchilikka koʻra, Qozogʻistonda har qanday vizual maʼlumot qozoq va rus tillarida boʻlishi kerak.

Agar loyiha qonun sifatida tasdiqlansa, har qanday ommaviy axborot eng avvalo qozoq tilida, soʻng ixtiyoriy ravishda rus va boshqa tillarda koʻrsatilishi kerak boʻladi.

“Nozik mavzularni boʻrttirib koʻrsatish”

Qaror rossiyalik siyosatchilarning noroziligiga sabab boʻldi, qozogʻistonliklar esa buni mamlakat ichki ishlariga aralashuv deb hisoblamoqda.

Davlat dumasining Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH) ishlari boʻyicha Yevroosiyo integratsiyasi va xorijlik vatandoshlar bilan aloqalar qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Konstantin Zatulin bu masalani parlamentga olib chiqishga vaʼda bergan.

“Aslida bu qaror rus tilidan foydalanish darajasining pasayishiga olib keladi”, deb aytgan u 11-dekabr kuni Gazeta.ru nashriga.

“Bu holat, jumladan munosabatlarda ham nimalarga olib kelishini bilamiz”, dedi u. “Bu masalani kelasi hafta qoʻmita uchrashuvida muhokama qilsak kerak.”

Rossiya “bunday qarorni hech qanaqasiga olqishlay olmaydi”, deb aytgan Zatulin. Ammo Moskva bu borada nima qilishi yoki qila olishi muhokama mavzusi boʻlib qolmoqda.

“Menimcha biz bu yerda oqilona harakat qilishimiz, munosabatlarni keskinlashtirmasligimiz va bir vaqtning oʻzida aniq pozitsiyani egallashimiz kerak”, deb aytgan u.

Qozogʻistonliklar nazdida esa Zatulinning pozitsiyasi Qozogʻiston ichki ishlariga nomaqbul aralashuvni bildiradi.

Rossiya davlat Dumasining ayrim deputatlari oʻz zimmalariga ortiqcha yuk olib, boshqa mamlakatlarning oʻzlariga taalluqli boʻlmagan ichki ishlariga aralashadilar, deydi Olmaota shahar kengashi aʼzosi Qayrat Qudaybergen.

“Ular (rossiyaliklar) Qozogʻistondagi rus tili masalasi borasida xavotir olmasalar ham boʻladi”, deydi u. “Biz rusiyzabon fuqarolarimizni hurmat qilamiz, ammo ayni vaqtda oʻz tilimiz va madaniyatimiz ham biz uchun juda muhim.”

“Davlat tilini rivojlantirish – har qanday suveren davlat uchun ichki siyosatning muhim qismi”, deydi u. “Rossiya deputatlarining bunday bayonotlari juda nozik mavzuni boʻrttirishga urinishdir.”

“Qozogʻistonda nafaqat rus, balki oʻzbek va uygʻur tillarida dars beradigan maktablar ham bor”, deydi Qudaybergen.

“Ammo xorijlik deputatlar boshqa mamlakatlarning ichki ishlariga burun suqar ekan, oʻz davlatlarida ham yetarlicha muammolar borligini unutib qoʻyishmoqda”, deydi u.

Qudratli davlatning takabburligi

Qozogʻiston qonunlariga hujumlar Rossiya imperial psixozining yana bir koʻrinishi, deydi olmaotalik siyosatshunos Dos Koshim.

“Rossiya hali ham oʻzini qudratli davlat, bizni esa oʻzining mustamlkasi deb biladi”, deydi u. “Mustaqil davlatning til siyosatiga aralashuv Rossiyaning siyosiy takabburligidan.”

“Bunday bayonotlar odatda urushdan avval qilinadi”, deydi Koshim. “Bir ittifoq – Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo ekanligimizga qaramay, baʼzida Rossiya qandaydir amaliy harakat, iqtisodiy sanksiya joriy qilishi, hatto harbiy harakatni amalga oshirishidan xavotirdaman.”

“Biz Rossiyaning ichki ishlariga aralasha olmaymiz, Rossiya ham bizning ichki ishlarimizga aralasha olmaydi”, deb aytgan olmaotalik loyiha rahbari Magjan Suleymenov.

“Rossiyaning joriy hukumati oʻz fuqarolari orasida obroʻsini yoʻqotayotgani sababli, vaziyatni toʻgʻirlash uchun imperial siyosatni qayta tiriltirmoqda deb oʻylayman”, deydi u.

“Agar rusiyzabonlar oʻz tilida gapirgani uchun kaltaklanganida yoki Rossiya Federatsiyasi fuqarolariga qozoq tilini oʻrganish majburlanganida Davlat Dumasining xavotirini tushungan boʻlar edim”, deydi Suleymenov. “Bunday boʻlayotgani yoʻq. Rossiya Davlat Dumasi deputatlari jinnilik qilyaptilar.”

Qozogʻistonning ichki ishlariga burun suqqandan koʻra, Rossiya deputatlari oʻzlarida yetarli boʻlgan muammolarini hal qilishlari kerak, deb aytgan u Rossiyaga qarshi Gʻarb sanksiyalarini, rossiyalik yoshlar orasida siyosiy muxolifatning kuchayib borayotgani va soʻz erkinligi yoʻqligini nazarda tutib.

Qozoqlar uchun ikki tildan foydalanish muammo boʻlmagan.

Suleymenovga koʻra, u qozoqzabon oilada oʻsib katta boʻlgan va rusiyzabon maktabda tahsil olgan.

“Menda hech qachon muammo yoki dissonans boʻlmagan”, deydi u. “Uyda oʻz ona tilimda, maktabda esa rus tilida soʻzlashganman.”

“Hozir esa ishxonada rus tilida, koʻcha-kuyda esa qozoq tilida gaplashaman. Doʻkon xodimi rus tilida murojaat qilsa, tinchgina rus tiliga oʻtaman”, deydi u. “Bu meni umuman tashvishlantirmaydi.”

Til daʼvolari hududiy daʼvolar ortidan yangragan

Moskvada besh yildan koʻproq yashagan semipalatinsklik (Semey) Araylim Ibrayevaga koʻra, Davlat dumasi suverenitet, etika va umuman sogʻlom fikrni hurmat qilgan holda Qozogʻiston va umuman boshqa xorijiy mamlakatlarning til masalasini muhokama qilmasligi kerak.

Ammo soʻnggi yillarda Kremlning qoʻshnilariga nisbatan siyosati, rus tilining qoʻllanilishi va saqlanishiga juda eʼtiborli ekani hisobga olinsa, deputatlarning Qozogʻistondagi bu masalani muhokama qilmasligi gʻalati boʻlar edi, deydi u.

“Rossiya qanday salmoqli pozitsiyani egallashini tasavvur qila olmayman”, deydi Ibrayeva. “Faqat oʻsha kremlparast masxarabozlar Qozogʻistonga shimoldagi akasidan berilgan sovgʻa haqida yana gapira boshlashi mumkin. Rossiya bundan ortigʻiga qodir emas”.

Soʻnggi yillarda kremlparast siyosatchilar va jurnalistlarning bir qator hududiy daʼvolari Qozogʻistonda xavotir va norozilik keltirib chiqargan.

Masalan, 2020-yilning 10-dekabr kuni Rossiya davlat dumasining taʼlim va fan boʻyicha qoʻmitasi raisi Vyacheslav Nikonov “Birinchi” davlat telekanalida chiqish qilar ekan, Qozogʻiston suverenitetiga bevosita daxl qiluvchi soʻzlarni aytgan.

“Qozogʻiston mavjud emas edi. Shimoliy Qozogʻistonda (ruslar kelguniga qadar) odamlar yashamagan. Qozogʻiston hududi – Rossiya va Sovet Ittifoqining ulkan sovgʻasidir”, deb aytgan Nikonov oʻzi boshlovchilik qiladigan “Bolshaya Igra” (Katta oʻyin) teleshousida.

“Birinchi kanal” koʻrsatuvi ortidan Rossiya Federatsiyasining muvaqqat ishonchli vakili Aleksandr Komarov 2020-yil 12-dekabr kuni Qozogʻiston tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgan.

Uchrashuv davomida Qozogʻiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Marat Sizdikov “vazirlikning Nikonov bayonoti yuzasidan taajjubda ekanini” bildirgan.

Sizdikov ushbu bayonot munosabati bilan Komarovga Qozogʻiston hukumatining pozitsiyasi bildirilgan notani topshirgan.

Vazirlik bayonotida ayrim rus siyosatchilarining Qozogʻistonga nisbatan tez-tez provokatsion hujumlari davlatlar oʻrtasidagi ittifoqchilik munosabatlariga jiddiy zarar yetkazayotgani qayd etilgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Butun ilgʻor hamjamiyat, MO Rossiya, eng avvalo, Rossiya hududidan tashqarida boʻlgan barchaga nisbatan shovinizm va tajovuzkorlik ekanligini aniq tushunishi kerak! AQShga koʻproq eʼtibor qaratgan maʼqul! Hukumat tepasida muddatiga nolga tenglashtirilgan bezori oʻtirar ekan, bu yaxshilikka olib kelmaydi! Putin - bu global yovuzlik, doimiy shantaj va shovinizm!

Javob berish

Tayga ittifoqidan chiqish vaqti keldi.

Javob berish