Karvonsaroy
Siyosat

Tahlilchilar: Xitoy investitsiyalari Misr uchun qimmatga tushishi mumkin

Valid Abu al-Xayr

image

Boshqariladigan raketalari bor fregat bortidagi xitoylik dengizchilar Misrning Suvaysh kanalini kesib oʻtgan Tunis patrul kemasini qarshi olmoqda. [Xitoy mudofaa vazirligi]

QOHIRA – Soʻnggi yillarda Xitoy Misrga juda katta – 7 milliard AQSH dollaridan ortiq investitsiya kiritgan, ammo tahlilchilar Xitoyning muhim mintaqalar va iqtisodiy sektorlarga bu darajadagi investitsiyalari uzoq muddatli ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Xitoyning Suvaysh kanali iqtisodiy hududiga kiritayotgan investitsiyalari alohida xavotirga sabab boʻlmoqda, deydi iqtisodchi va tahlilchilar Al-Mashareq nashri bilan suhbatda.

Soʻnggi yillarda Xitoyning sarmoyaviy ekspansiyasi iqtisodiy rivojlanish chegarasidan chiqib ketmoqda, bu esa Xitoy hukumatining Oʻrtayer dengizi va Afrikaning turli hududlarida hukmronlik qilish rejalarini aks ettiradi, deydi ular.

DocksTheFuture loyihasiga koʻra, “Bir kamar, bir yoʻl” tashabbusi Xitoyning Janubiy Xitoy dengizi, Hind okeani va Suvaysh kanali orqali Oʻrtayer dengizi bilan bogʻlaydigan “dengiz ipak yoʻlini” rivojlantirish rejasini oʻz ichiga olgan.

image

Havodan olingan ushbu fotosuratda Suvaysh kanalining yangi iqtisodiy hududlaridan birini koʻrish mumkin. [Suvaysh kanali iqtisodiy hududi]

image

2017-yil oktabrda Qohirada Xitoyning “Bir kamar, bir yoʻl” tashabbusi doirasidagi Xitoy savdo va investitsiya koʻrgazmasining ochilish marosimida ishtirok etayotgan Xitoy va Misr vakillari. [Suvaysh savdo-iqtisodiy hamkorlik hududi]

“Loyiha shu dengiz yoʻllari boʻylab port hududlari, quruqlikdagi logistika va sanoat inshootlariga kiritiladigan investitsiyalarni oʻz ichiga oladi”, deb xabar bergan DocksTheFuture 2020-yil noyabrdagi hisobotida. U 2049-yilgacha toʻliq yakunlanishi kerak.

“Ayrim taxminlarga qaraganda, Xitoy bu tashabbusni amalga oshirish uchun keyingi 10 yil ichida 1000 milliard AQSH dollari sarflaydi”, deyiladi xabarda. “Butun investitsiya muddati uchun talab etiladigan moliyaviy resurslar qiymati 8000 milliard AQSH dollariga teng.”

Xitoy allaqachon Hind okeani boʻylab bir qator portlarni qurib bitirgan va Janubiy Xitoy dengizidan Suvaysh kanaligacha yoqilgʻi quyish va taʼminot stantsiyalari tarmogʻini yaratgan, deyiladi New York Times nashrining 2020-yil 11-iyun kungi sonida.

Goʻyoki tijoriy xarakterdagi portlar harbiy ahamiyatga ham ega boʻlib, bu Xitoyga dengiz floti qamrovini keskin kengaytirish imkonini beradi.

Xitoyning Suvaysh kanali sanoat hududiga iqtisodiy ekspansiyasi oddiy xorijiy investitsiyadek koʻrinishi mumkin, ammo bunda xavfli strategik jihat mavjud, deydi misrlik suv yoʻllari mutaxassisi Rifat al-Arab Al-Mashareq veb-saytiga.

Unga koʻra, investitsiyaviy loyihalar Xitoyning bir qator mintaqalarga kirib borishni koʻzlaydigan ekspansiyaviy maqsadlariga xizmat qiluvchi rejasiga asosan amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Qora dengiz hududlari va Afrikaning Somali kabi davlatlarida ham Xitoy dengiz floti bazalarini joylashtirish rejalangan, deb qoʻshimcha qilinadi unda.

Al-Arabning soʻzlariga koʻra, Suvaysh kanali hududlariga Xitoy investitsiyalarining davomiy kiritilishi kelajakda salbiy oqibatlarga olib kelishi va mintaqadagi barqarorlikka putur yetkazishi mumkin.

Boshqalar esa Xitoyning Shinjondagi musulmonlarga munosabati aksari musulmonlardan iborat misrliklarni xavotirga solishini taʼkidlashgan.

Misr – Xitoy rejalarining markazida

“Misr Xitoyning Yaqin Sharqdagi siyosatida markaziy oʻrinni egallaydi”, deb aytgan Fudan universiteti professori Degan Sun 15-mart kuni Al-Jazeera nashriga.

Xitoy Misrning yangi maʼmuriy poytaxtining qurilishida faol ishtirok etmoqda, u yerda Xitoy davlat qurilish va muhandislik kompaniyasi (CSCEC) Markaziy biznes tumanini barpo etyapti.

3 milliard AQSH dollariga teng loyihaning deyarli 85 foizini Xitoy banklari moliyalashtirmoqda, deb xabar bergan Al-Jazeera. Qurilish yakuniga koʻra, bu loyiha 20 ta minorani oʻz ichiga oladi va ulardan biri Afrikadagi eng baland bino boʻladi.

“Xitoy, ayniqsa Suvaysh kanali iqtisodiy hududi ochilganidan keyin bir nechta kompaniyalar orqali Misr bozoriga kira oldi”, deb aytgan moliyaviy tahlilchi va Qohira universiteti professori Mahmud Sulton Al-Mashareq veb-saytiga.

Bular qatoriga Xitoyning Media Egypt va davlatga qarashli TEDA Egypt kompaniyalari kiradi. Ularning ikkovi ham Suvaysh kanali iqtisodiy hududida faoliyat olib boradi.

Sultonga koʻra, ishlab chiqarish liniyalari oʻz faoliyatini boshlab yuborgan boʻlib, u yerda Xitoy kompaniyalari Misr, Yaqin Sharq va Yevropa bozorlarida sotishni rejalashtirgan elektronika mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Suvaysh kanali sanoat parki investitsiyalari Xitoy kompaniyalariga Xitoy hududidan eksport qilishda ketadigan xarajatlardan ancha past narxda Misr bozoriga kirib borish imkoniyatini yaratadi.

Xitoy oʻz hozirligini kengaytirmoqda

Hozirga kelib, Xitoy Misr iqtisodiyotining koʻplab sohalarida ishtirok etmoqda, deydi Sulton.

Misrda 1500 dan ortiq Xitoy firmalari roʻyxatdan oʻtgan, deyiladi Yaqin Sharq institutining 2020-yil 26-oktabr kungi hisobotida. Soʻnggi yillarda Xitoy va Misr iqtisodiy hamkorligi yanada kengaygan.

MEI hisobotiga koʻra, “infratuzilma qurilishi va ishlab chiqarish quvvatlarining oshirilishi Xitoy-Misr iqtisodiy hamkorligining muhim xususiyatlari sifatida namoyon boʻlmoqda”.

“Xitoy biznesining Misrdagi hozirligi sanoat zonalari, erkin savdo hududlari va moliyaviy markazlarga tayanadi”, deyiladi unda. “Xitoy firmalari 2000-yillar oxiridan beri Misrga mintaqaviy ishlab chiqarish markazi sifatida qiziqish bildirmoqda.”

“Suvaysh kanali Xitoyning eng katta bozori boʻlgan Yevropaga yuk tashish yoʻli ekanligi hisobga olinsa, bu ajablanarli emas”, deyiladi unda. “Shuningdek, Suvaysh kanali yoʻlagining eng yirik investori ham Xitoy ekanligi tabiiy.”

Sultonning soʻzlariga koʻra, Xitoyning Misrga investitsiyalari “1,8 milliard AQSH dollariga teng hamkorlik portfoliosini, jumladan elektr energetikasi, sogʻliqni saqlash, taʼlim va kasb-hunar taʼlimi sohalaridagi rivojlanish loyihalarini oʻz ichiga oladi”.

U Xitoyning ishtiroki sunʼiy yoʻldosh va harbiy hamkorlikni ham oʻz ichiga olishini, bu esa Misr va mintaqa uchun nomaqbul xavfsizlik oqibatlarini keltirib chiqarishini aytib ogohlantirgan.

“Bir kamar, bir yoʻl” tashabbusi doirasida Xitoy “mamlakat chegaralaridan tashqarida koʻp sohalarni oʻz qoʻliga olishni rejalashtirgan”, deydi Ayn Shams universiteti professori Said Abdul Gʻani.

Bu unga “harakat erkinligi va boshqa ustunliklarni beradi”, deydi u.

Pekin investitsiyalardan foydalangan holda keng miqyosda oʻz razvedka hozirligini mustahkamlamoqda, deydi u.

U Suvaysh kanalining global iqtisodiyot uchun alohida ahamiyatga egaligini, u dunyodagi strategik va harbiy koridorlardan biri boʻlib xizmat qilishini taʼkidlagan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500