Karvonsaroy
Terrorizm

Qozogʻistonda ekstremizmga qarshi kurashda komikslardan foydalanilmoqda

Kseniya Bondal

Radikalizm xavfiga bagʻishlangan qozoq tilidagi “Meyrman” komiksi – Suriyadagi “Islom davlati” (ID) lageridan qaytgan 10 yashar bola haqida. [Yvision.kz]

Radikalizm xavfiga bagʻishlangan qozoq tilidagi “Meyrman” komiksi – Suriyadagi “Islom davlati” (ID) lageridan qaytgan 10 yashar bola haqida. [Yvision.kz]

OLMAOTA – Suriyadagi “Islom davlati” (ID) jamlogʻidan qaytgan odamning bolaligi haqida hikoya qiluvchi qozoq veb-komiksi ekstremizm xavfidan ogohlantirishga xizmat qilmoqda.

9-dekabr kuni hukumatning Diniy ishlar qoʻmitasi (DIQ) tarafidan Qozogʻistonning ilk raqamli komiksi – “Meyrman” chop etildi.

Hukumatning internetdagi ekstremizmga qarshi kurash boshqarmasi direktori Japal Doliyevning soʻzlariga koʻra, komiksni bir oydan kamroq vaqt ichida 6000 dan ortiq oʻquvchi koʻrgan.

Ushbu tashkilot DIQ rahbarligi ostida faoliyat yuritadi.

“Supermen va Betmen bor, biz esa Meyrmanni yaratishga qaror qildik. Qozoq tilidan tarjima qilinganda “meyr” mehr degan maʼnoni anglatadi”, deydi Qozogʻiston hukumatining onlayn ekstremizmga qarshi kurash boshqarmasi direktori Japal Doliyev Karvonsaroyga. [Yvision.kz]

“Supermen va Betmen bor, biz esa Meyrmanni yaratishga qaror qildik. Qozoq tilidan tarjima qilinganda “meyr” mehr degan maʼnoni anglatadi”, deydi Qozogʻiston hukumatining onlayn ekstremizmga qarshi kurash boshqarmasi direktori Japal Doliyev Karvonsaroyga. [Yvision.kz]

Qozogʻiston Milliy xavfsizlik qoʻmitasining (KNB) videolavhasidan olingan kadr: Mangʻistov viloyatida joylashgan reabilitatsiya markazidagi Suriyadan Qozogʻistonga qaytgan ayollar va bolalar.

Qozogʻiston Milliy xavfsizlik qoʻmitasining (KNB) videolavhasidan olingan kadr: Mangʻistov viloyatida joylashgan reabilitatsiya markazidagi Suriyadan Qozogʻistonga qaytgan ayollar va bolalar.

“Supermen va Betmen bor, biz esa Meyrmanni yaratishga qaror qildik. Qozoq tilidan tarjima qilinganda “meyr” mehribonlik degan maʼnoni anglatadi”, deydi Doliyev Karvonsaroyga.

Veb-komiks “Jusan” (Achchiq shuvoq) operatsiyasi doirasida oʻz vataniga qaytarilgan qozogʻistonliklarning hayotiy voqealariga asoslanadi.

Qozogʻiston hukumati ushbu operatsiya doirasida 2019-2021-yillar davomida Suriya va Iroqdan 700 dan ortiq qozoq fuqarosini vataniga qaytardi. Oʻshandan beri turli mutaxassislar qaytib kelganlarni reabilitatsiya qilishga koʻmaklashmoqda.

Komiksdagi bosh qahramon – 27 yashar Meyrman bolaligi haqida soʻzlaydi.

Meyrman oʻz hikoyasini Suriyada terrorchilik faoliyati avj olgan hududlarning birida ogʻir qiyinchiliklarga duch kelgan yosh bolakay nomidan soʻzlab bergan.

Oʻz qatʼiyati, mehribonligi va kuchli irodasi tufayli koʻplab toʻsiqlarni yengib oʻtgan Meyrman 10 yoshida oilasi bilan qoʻshilib, ona yurti Qozogʻistonga qaytishga muvaffaq boʻladi va keyinchalik oʻz mamlakatining munosib fuqarosiga aylanadi.

Hikoyasining soʻnggida Meyrman Qozogʻiston mustaqillik yillarida erishgan tinchlik va osoyishtalik qadrini alohida taʼkidlaydi.

“Komiks shuningdek, muhim insoniy qadriyatlar: vatanparvarlik, mehr-oqibat va rahm-shafqat kabi xislatlarni tarbiyalashga xizmat qiladi. Uni yaratishda Suriyadan qaytgan odamlar bilan ishlagan mutaxassislar bilan ham maslahatlashilgan”, dedi Doliyev.

Hukumat yosh avlodga ekstremizmning tabiati, oqibatlari va uni rad etish zarurligini koʻrsatish uchun ataylab komiks formatini tanlagan, deydi Doliyev.

“Maqsadli auditoriyamiz maktab oʻquvchilari boʻlgani uchun biz komiks yaratishga qaror qildik. Ularga qiziqarli boʻlishi uchun aynan shu formatni tanladik”, deydi u.

Vazirlik ushbu materialni tayyorlashda maqsadli auditoriya – 10 yoshdan 13 yoshgacha boʻlgan bolalar ekanligini inobatga olgan.

Komiksni tanlov asosida saralab olingan qozogʻistonlik rassomlar chizgan, deydi Doliyev. Uning matni qozoq va rus tillarida yozilgan.

“Koʻplab ijobiy fikr-mulohazalar bildirilsa, biz oʻz ishimizda ekstremizm profilaktikasi uchun ushbu formatdan foydalanishda davom etamiz”, deb qoʻshimcha qildi u.

“Meyrman”ni birinchi boʻlib Yvision.kz nashr etdi, shundan soʻng u ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Ekstremizmga qarshi kurashning yangicha usuli

“Meyrman” syujeti va ssenariysini tasdiqlagan maslahatchi-ekspertlardan biri, Pavlodardagi Dinlararo munosabatlarni tahlil qilish va rivojlantirish markazi (SARMO) direktori Gulnaz Razdikova yangi formatni yuqori baholaydi.

“Bizda ekstremizmga qarshi kurashning anʼanaviy usullari – videoroliklar, fleshmoblar, aksiyalar, maʼruzalar, muloqotlar va davra suhbatlari mavjud. Lekin komiks usuli – bolalarning maʼlumotni qabul qilishi va fikrlash xususiyatini inobatga olgan holda, oʻzini toʻliq oqlaydi”, dedi u.

“Kapitan Amerika, Betmen va Xalk haqidagi komikslar oʻsmirlar orasida juda mashhur. Nega biz turli maqsadlarda va boshqa syujet bilan xuddi shu usuldan foydalanmasligimiz kerak?”

Olmaotalik diniy mutaxassis Yelnar Berikbayevning ishonishicha, komiks auditoriya eʼtiborini qozonishiga shubha yoʻq.

“Bu hatto mendek katta odamga ham manzur boʻldi: yorqin suratlar, sifatli grafika, syujetdagi harakat. Oʻylaymanki, nafaqat 10 yashar, balki kattaroq bolalar ham buni yuqori baholaydilar”, dedi u.

Komiks ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash vositasi boʻlibgina qolmay, Qozogʻistonda Suriyadan qaytganlarga nisbatan turlicha munosabatni yumshatishga yordam berishi mumkin, deb qoʻshimcha qildi Berikbayev.

“Jusan operatsiyasi boshlanganida jamiyatimiz ikkiga: fuqarolarning qaytarilishiga qarshi boʻlganlar va bolalar ota-onalarining qilmishi uchun javobgar emasligini tushunadigan sogʻlom fikrlovchi qatlamga boʻlindi”, deydi Berikbayev.

“Haqiqatan ham, asosan ayollar va bolalar olib kelindi. Shunday ekan, Meyrmanning boshi qaygʻuli, ammo oxiri yaxshilik (ulgʻayib, maktab oʻqituvchisi va hurmatli insonga aylanishi) bilan tugaydigan hikoyasini hamma oʻqishi kerak”.

Yoshlarga bu mavzuni zerikarli maʼruzalardan koʻra, shu kabi tasvirli syujet yordamida taqdim etgan maʼqulroq, deydi axborot texnologiyalari boʻyicha olmaotalik mutaxassis Almaz Kisapov.

“Matn yorqin suratlar bilan toʻldirilgan. Komiks sodda, tushunarli va zamonaviy. Bu muhim, chunki oʻsmirlar moda va ayrim tendensiyalarga [kattalardan koʻra] moyilroq boʻlishadi”, dedi u Karvonsaroy bilan suhbatda.

“Meyrmanga oʻxshagan bolalarga kelsak, davlat ularni Suriyadagi dahshat ichidan uyiga olib kelib toʻgʻri ish qildi, deb oʻylayman. Chunki ular endi tinch hayotni koʻproq qadrlaydilar”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500