Shu hafta Qozogʻistonda yuz bergan shiddatli namoyishlar prezident Vladimir Putin mamlakatning iqtisodiyoti va kelajagidan chuqur norozi boʻlgan aholi bilan toʻqnash kelayotgan qoʻshni Rossiyaga mujda yoʻllamoqda.
Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida eng barqaror hisoblangan, energoresurslarga boy Qozogʻistonda suyultirilgan gaz narxining oshishi ortidan yuzaga kelgan noroziliklar keng miqyosli namoyishga aylanar ekan, mamlakat bir necha oʻn yil ichidagi eng katta inqirozni boshdan kechirmoqda.
Payshanba (6-yanvar) kuni Rossiya televideniyesi orqali uzatilgan kadrlarga koʻra, Olmaota koʻchalariga joylashtirilgan harbiylar ishtirokida otishmalar yuz bergan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan videolarda Olmaotadagi doʻkonlar talon-taroj qilingani, binolarga oʻt qoʻyilgani, koʻchalarda qurollar ovozi va odamlarning baqir-chaqiriga guvoh boʻlish mumkin.
Rasmiylarga koʻra, namoyishlarda mingdan ortiq kishi jarohatlangan, ulardan 400 ga yaqini shifoxonaga yetkazilgan va 62 kishi reanimatsiyaga joylashtirilgan.
Payshanba tush paytiga kelib, 350 dan ortiq xavfsizlik xodimlari yaralangan va 13 nafari halok boʻlgan, deb xabar bergan mahalliy OAV.
Putin uchun ogohlantirish
Postsovet davlatlari munosabatlari tahlilchisi va Rossiya OAV tadqiqotlari loyihasining mahsus maslahatchisi Vladislav Inozemsevga koʻra, Qozogʻistondagi vaziyat Kreml uchun ogohlantirish boʻlib xizmat qiladi: tashqaridan barqaror boʻlib koʻringan holatda har qanday vaqtda portlashga tayyor turgan norozilik yetilayotgan boʻlishi mumkin.
“Rossiyada hukumat iqtisodiy taraqqiyotsiz 10 yil vaqt oʻtishi aholini xursand qilmasligini anglashi kerak”, deb aytgan Inozemtsev New York Times nashri bilan suhbatda. “Kreml yashash standartlarini oshirish mexanizmini taklif qilmas ekan, hech qanday geosiyosiy oʻyinlar vaziyatni oʻnglamaydi.”
Rossiya koʻchalarida umummilliy namoyishlar yuz berganiga bir yil toʻldi, unda 120 dan ortiq shaharda bir necha ming kishi qoʻlga olingan edi.
Oʻshanda AFP jurnalistlari taxminiga koʻra, Moskva va Sankt-Peterburgda bir necha oʻn ming rossiyalik koʻchalarga chiqqan, xuddi shunday namoyishlar Chexiya respublikasi, Estoniya, Fransiya, Finlandiya, Litva, Nederlandiya, Ispaniya va Shvetsiyada ham boʻlib oʻtgan.
Namoyishda ishtirok etganlarning aksari Putinning raqibi Aleksey Navalniy Putinga qarashi boʻlgan va goʻyoki “eng katta pora evaziga” sotib olingan Qora dengiz sohilidagi koʻchmas mulk tergovi xulosalarini eʼlon qilishi ortidan oʻz noroziliklarini bildirishgan.
Rossiyalik siyosatshunos Leonid Gozmanga koʻra, Kreml Qozogʻistonda yuz berayotgan vaziyatdan tahlikada va bunga javoban mamlakat ichkarisida bosimni oshiradi.
“Bu shuni anglatadiki, Qozogʻistondagi rossiyalik askarlar vatanimiz yoki uning xavfsizligini emas, balki eng yaxshi vaziyatda bugun mavjud boʻlgan Rossiya rejimini himoya qilishadi. Bu bitta narsa emas”, deb aytgan Gozman.
Rossiya boy mamlakat boʻlib turgan bir vaqtda “rossiyaliklar qashshoqlikda yashashdan charchagan”, deydi Dushanbedagi Your.tj yangiliklar sayti bosh muharriri Zebo Tajibayeva.
“Moskva va Sankt-Peteburg kabi megapolislar aholisi nisbatan yaxshi yashaydi, qolganlar esa biz tojikistonliklar kabi kun kechiradi”, deb aytgan u 2021-yil yanvar oyida Karvonsaroy nashriga.
“Rossiyada hali ham oʻtmishdagi dunyoqarashga asoslangan qatʼiy boshqaruv tizimi mavjud”, deb aytgan olmaotalik jurnalist va siyosiy faol Guljan Yergaliyeva 2021-yil yanvarda. “Ammo, ayni damda yosh avlod bunga qarshilik koʻrsatmoqda.”
Sobiq Sovet hududida tobora kuchayib borayotgan muammolar
2020-yilning yozida Putinning yaqin ittifoqdoshi – Belarusda shiddatli norozilik namoyishlari boʻlib oʻtgan edi.
Prezident Aleksandr Lukashenko rejimi faqat zoʻravonlikdan foydalangan holda, Putin yordami bilan omon qolgan.
Xuddi Qozogʻistonda boʻlgani kabi, Belarusdagi namoyishlar ham Putinning reytingi keskin tushib ketgan noqulay bir vaqtga toʻgʻri keldi, zero u bir vaqtlar unga sodiq boʻlgan siyosiy tayanch kuchining qatʼiy va kuchayib borayotgan noroziligiga duch kelmoqda.
Ommaviy namoyishlar va hibslar Moskva hamda mamlakatning boshqa hududlarida odatiy holatga aylanib qolgan. 2020-yilda Rossiyaning sharqiy qismida misli koʻrilmagan noroziliklar kuzatilgan.
Shuningdek, joriy hodisalar Putin bir necha oʻn minglab qoʻshin toʻplagan va bostirib kirish bilan tahdid qilgan Ukraina atrofidagi keskinlik fonida ham koʻrib chiqilishi lozim.