Karvonsaroy
Ta’lim

Oʻzbekistonda ingliz tiliga talab kuchaymoqda

Rustam Temirov

Fargʻona vodiysi, Namangan shahridagi 35-maktab oʻqituvchisi 5-sinf oʻquvchilariga ingliz tili grammatikasini tushuntirmoqda, 21-dekabr. [Rustam Temirov/Karvonsaroy]

Fargʻona vodiysi, Namangan shahridagi 35-maktab oʻqituvchisi 5-sinf oʻquvchilariga ingliz tili grammatikasini tushuntirmoqda, 21-dekabr. [Rustam Temirov/Karvonsaroy]

TOSHKENT – Oʻzbekistonliklarning ingliz tilini oʻrganishga qiziqishi tobora ortib borar ekan, mazkur tendensiya ayrim tahlilchilar nazdida Oʻzbekistonning AQSH va Gʻarbiy Yevropaga yaqinlashish istagidan dalolat bermoqda.

Oʻzbekistonda oliy oʻquv yurtigacha boʻlgan har qanday taʼlim muassasasining bitiruvchilari kamida ikkita chet tilini bilishi shart, degan edi prezident Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yilning may oyida.

Bu talab Mirziyoyevning mamlakat jahon bozorida raqobatbardosh boʻlishi mumkinligiga ishonchidan kelib chiqqan.

2022-yildan boshlab barcha davlat idoralarida ishga yangi qabul qilinganlarning kamida bitta chet tilini bilishi talab etiladi. Bu talab, shuningdek, yuqoriroq lavozimga koʻtarilish istagida boʻlgan davlat idoralari xodimlariga ham tegishli.

Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi 45-maktabda ingliz tilini oʻrganayotgan 2-sinf oʻquvchilari, 19-dekabr. [Rustam Temirov/Karvonsaroy]

Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi 45-maktabda ingliz tilini oʻrganayotgan 2-sinf oʻquvchilari, 19-dekabr. [Rustam Temirov/Karvonsaroy]

Mirziyoyev oʻtgan yilning may oyida Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligini tuzgan boʻlib, bu idora zimmasiga taʼlimning barcha bosqichlarida oʻqitish uslublarini tatbiq etish, samarali dastur va darsliklar ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.

Ushbu saʼy-harakatlar doirasida hukumat Oʻzbekiston fuqarolari va umuman mamlakat raqobatbardoshligini oshirishi kutilayotgan 10 ta tilni tanlab olgan.

Roʻyxatning boshida ingliz tili, undan keyin rus, nemis, fransuz, xitoy, koreys, yapon, turk, arab va fors tillari joylashgan.

Oʻzbek tili Oʻzbekistonning rasmiy davlat tili boʻlsa, rus tili, ayniqsa, poytaxt va yirik shaharlarda qoʻllanish koʻlami boʻyicha ikkinchi til hisoblanadi.

Shunday boʻlsa-da, oʻzbek yoshlari orasida ingliz tili tobora ommalashib bormoqda.

Mamlakatda faqat ingliz tilida taʼlim beradigan davlat maktablari boʻlmasa-da, ingliz tili kurslari juda ommabop, ammo ular arzon emas.

Masalan, Toshkent shahridagi oʻquv markazi uch oylik kurs uchun 180 dan 200 dollargacha (1,9 million soʻmdan 2,2 million soʻmgacha) pul olishi mumkin.

Oʻzbekistondagi eng kam oylik ish haqi esa atigi 822 ming soʻm, yaʼni 80 dollar atrofida.

Qashqadaryo viloyatida 1-8-sinflarga ingliz tilidan dars beradigan 32 yoshli Dilnoza Mahmudovaning aytishicha, bu tilni oʻrganishga qiziqish katta.

“Talabalarimdan ayrimlari IELTS sertifikatini olganidan faxrlanaman”, dedi u ingliz tilini bilish darajasi boʻyicha xalqaro standartlashtirilgan testni nazarda tutib.

“Tilni oʻrgatishni takomillashtirish uchun bizga yangi xorijiy usullar, darsliklar va yangi taʼlim texnologiyalari kerak. AQSH va Britaniya oʻqituvchilari yordamiga muhtojmiz”, deydi Mahmudova.

Oʻzi ham AQSHga borib, ingliz tili darajasini yanada yaxshilash va xorijlik hamkasblari bilan ilgʻor tajribalarni oʻrtoqlashishni orzu qiladigan Mahmudova Oʻzbekistonda ingliz tili oʻqituvchilarining malakasini oshirish boʻyicha doimiy tizim yaratilishi lozim deb hisoblaydi.

“Sovet davridagi holat takrorlanmasligi uchun kadrlar tayyorlash dasturlarini takomillashtirish, pedagoglarni qayta tayyorlash kerak”, deydi toshkentlik siyosiy iqtisodchi Bahrom Rajabov.

“Biz ingliz tilini oʻrganar edik, ammo uni chet elda qoʻllashga qiynalardik”, dedi Rajabov oʻsha yillarda ingliz tilini oʻqitish sifati past boʻlganini nazarda tutib.

Ingliz tiliga boʻlgan talabni qondirish

Oʻz navbatida, Qoʻshma Shtatlar ingliz tilini oʻrganishga talab ortib borayotganini eʼtirof etib, taʼlim sohasidagi hamkorlikni yaxshilashga intilmoqda.

Oʻtgan yilning 30-noyabr kuni AQSH elchisi Daniyel Rozenblum va Oʻzbekiston prezidenti huzuridagi taʼlim muassasalari agentligi direktori Hilola Umarova Oʻzbekistondagi ijodiy maktablarda taʼlim va Amerika burchaklarini tashkil etishga oid hamkorlik memorandumini imzolagan edi.

Oʻzaro anglashuv memorandumi Toshkentda boʻlib oʻtgan “Yangi Oʻzbekiston taʼlimi” xalqaro taʼlim forumi doirasida imzolangan.

Bugungi kunda dunyoning 150 mamlakatida ingliz tili, kompyuter texnologiyalari boʻyicha darslar, internetga kirish va raqamli kutubxonalar bilan taʼminlaydigan 650 ta Amerika markazi faoliyat yuritmoqda.

Shunday markazlardan biri oʻtgan yilning mart oyida AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi tomonidan Qarshi shahrida ochilgan edi. Mamlakatda yana shu kabi oltita markazni ochish rejalashtirilgan boʻlib, bu tashabbusga 860 ming dollardan (9,3 milliard soʻm) ortiq mablagʻ ajratilgan.

Qoʻshma Shtatlar oʻzbekistonlik oʻqituvchilar va oʻquvchilarga darsliklar yetkazib berish bilan ham koʻmaklashmoqda.

Noyabr oyi boshida AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) rasmiylari Oʻzbekistonning ikki viloyatidagi 208 maktabga 385 ming dona darslik va oʻqituvchilar uchun qoʻllanmalar hadya qildi.

Cambridge University Press nashriyoti tomonidan ishlab chiqilgan va umumiy qiymati 10 million dollarga (108,4 milliard soʻm) teng darsliklar 5-11-sinflar uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT), 1-11-sinflar uchun ingliz tilini xorijiy til sifatida oʻqitishga koʻmaklashadi.

USAID shuningdek, 1000 dan ortiq ingliz tili va AKT oʻqituvchilariga yangi darsliklar va oʻqituvchilar uchun qoʻllanmalardan foydalanish hamda oʻquvchilarga yoʻnaltirilgan oʻqitish strategiyalarini oʻrgatmoqda va qoʻllab-quvvatlamoqda.

Moskvaning gʻazabi

Asosan Rossiyaning davlat manfaatlarini himoya qiluvchi Strategik madaniyat jamgʻarmasi Oʻzbekistonda Amerika burchaklarining ochilishini tanqid ostiga olgan.

“Ishonch bilan aytish mumkinki, Osiyodagi Amerika markazlari boʻsh qolib ketmaydi – ayniqsa, Osiyoning nochor mamlakatlaridagi yoshlar eng soʻnggi texnologiyalar bilan jihozlangan bunday “burchakda” mamnuniyat bilan vaqt oʻtkazadilar”, deyiladi oʻtgan yil 4-dekabrda jamgʻarma saytida chop etilgan maqolada.

Jamgʻarma tahlilchilariga koʻra, yoshlar “bir vaqtning oʻzida Gʻarb qadriyatlarini oʻzlashtirib, postsovet respublikalardagi amerikaparast aholi safini toʻldiradilar”.

“Keyin bu saflardan boʻlajak Maydan faollari shakllanadi – xuddi oʻsha Amerika grantlari evaziga”, deyiladi maqolada Ukrainadagi aksil-Kreml harakatiga ishora qilib.

“Ingliz tili oʻzbeklarga rus madaniyati, mentaliteti va rus dunyosi qadriyatlari asirligidan qutulish imkonini beradi”, deydi Shvetsiyada yashovchi oʻzbekistonlik siyosatchi Poʻlat Oxunov Karvonsaroy bilan suhbatda.

“Ingliz tilini chuqur oʻrganish Gʻarb mentaliteti va uning qadriyatlari tomon yoʻl ochadi”, dedi u.

Bu AQSH va Gʻarbiy Yevropa bilan yaqinlashishga yordam beradi... oʻzbek jamiyatiga liberalizmni olib kirib, patriarxal jamiyatni oʻzgartiradi, bu esa oʻz navbatida jamiyatni demokratlashtirishga koʻmaklashadi”.

Rajabov millat tilini saqlagan holda, mamlakat ichida akademik almashinuv va koʻp tillilikni ragʻbatlantirish zarur, deb hisoblaydi.

Chet tillarning ommalashuvi oʻzbek tili qadriyatlariga zid kelmasligi lozim, dedi u turli tillarni oʻrganish va qoʻllash milliy oʻzlikka tahdid sifatida emas, balki maʼlum maʼnodagi raqobat ustunligi sifatida tushunilishi va qabul qilinishini kerakligini taʼkidlab.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500