Karvonsaroy
Inson huquqlari

Kreml “Memorial” huquqbon tashkilotini yopish bilan oʻtmishni nazorat qilishga urinmoqda

Karvonsaroy va AFP

Moskva politsiyasi mamlakatdagi eng koʻzga koʻringan huquqbon tashkilotni tugatish toʻgʻrisidagi prokuratura talabidan soʻng, 28-dekabr kuni Rossiya Oliy sudi binosi oldida “Xorijiy agentlar” toʻgʻrisidagi bahsli qonunni buzganlikda ayblab, “Xalqaro Memorial” tarafdorini hibsga olgan. [Natalya Kolesnikova/AFP]

Moskva politsiyasi mamlakatdagi eng koʻzga koʻringan huquqbon tashkilotni tugatish toʻgʻrisidagi prokuratura talabidan soʻng, 28-dekabr kuni Rossiya Oliy sudi binosi oldida “Xorijiy agentlar” toʻgʻrisidagi bahsli qonunni buzganlikda ayblab, “Xalqaro Memorial” tarafdorini hibsga olgan. [Natalya Kolesnikova/AFP]

MOSKVA – Tanqidchilar va tarixchilarning fikricha, “Memorial” huquqbon tashkilotining yopilishi Kremlning nafaqat Rossiyaning buguni, balki oʻtmishini ham nazoratga olish istagining eng yorqin belgisi hisoblanadi.

Oliy sud oʻtgan hafta “xorijiy agentlar” toʻgʻrisidagi bahsli qonunni buzganlikda ayblab, Rossiyaning stalinizm bilan hisob-kitobi ramzi boʻlgan Xalqaro Memorial tashkilotini tugatish haqida qaror chiqargan.

Bu chora Rossiya muxolifatiga nisbatan misli koʻrilmagan tazyiqlar, Kremlning ashaddiy tanqidchisi Aleksey Navalniyning qamoqqa hukm qilinishi, uning tarafdorlarini hibsga olish va mustaqil ommaviy axborot vositalarining yopilishi bilan yakunlangan yil oxirida amalga oshirilgan.

Memorial shunchaki huquq himoyasi tashkiloti emas. 1989-yilda tashkil etilganidan beri u Stalin davridagi tozalashlarni tinimsiz yoritib kelar ekan, bu koʻpincha prezident Vladimir Putinning Sovet davrini ulugʻlash harakatlariga zid kelgan.

15-noyabr kuni Moskvadagi “Memorial” huquqbon tashkiloti idorasida arxiv hujjatlarini koʻzdan kechirayotgan xodim. Rossiya Oliy sudi dekabr oyi oxirida ushbu tashkilotni tugatish haqida qaror chiqargan. 1990-yillarda Rossiya demokratlashuvining ramzi boʻlgan “Memorial” tarixiy haqiqat uchun kurash olib bordi va Sovet davridagi jinoyatlarning ulkan arxivini yaratdi. Guruh shuningdek, mamlakatda, ayniqsa beqaror Shimoliy Kavkaz mintaqasida inson huquqlari himoyasi bilan shugʻullangan. [Aleksandr Nemenov/AFP]

15-noyabr kuni Moskvadagi “Memorial” huquqbon tashkiloti idorasida arxiv hujjatlarini koʻzdan kechirayotgan xodim. Rossiya Oliy sudi dekabr oyi oxirida ushbu tashkilotni tugatish haqida qaror chiqargan. 1990-yillarda Rossiya demokratlashuvining ramzi boʻlgan “Memorial” tarixiy haqiqat uchun kurash olib bordi va Sovet davridagi jinoyatlarning ulkan arxivini yaratdi. Guruh shuningdek, mamlakatda, ayniqsa beqaror Shimoliy Kavkaz mintaqasida inson huquqlari himoyasi bilan shugʻullangan. [Aleksandr Nemenov/AFP]

“Memorial” yoʻldan olib tashlangach, endi tarixchilar narrativ qudratli Rossiya maxsus xizmatlari kabi mamlakat oʻtmishining tafsilotlardan yiroq versiyasini afzal koʻradiganlar qoʻlida oʻtishidan xavfsiramoqda.

“Ular oʻzining yagona talqinini yaratishga harakat qilmoqda”, deydi tarixchi Nikita Sokolov.

“Memorial xalq xotirasining boshqa versiyasi tashuvchisi hisoblanadi”.

Tashkilot diktator Iosif Stalin zulmidan jabr koʻrganlarning ulkan arxivini toʻplagan boʻlib, deyarli har bir rossiyalikning shajarasida 1930-yillardagi qatagʻon qurboni bor.

Ammo shov-shuvli sud jarayonida prokurorlar “Memorial”ni Sovet Ittifoqi xotirasini badnom qilishda ayblaganlar.

“Nima uchun biz, gʻoliblarning avlodlari, shonli oʻtmish bilan faxrlanish oʻrniga, undan uyalib, pushaymon boʻlishimiz kerak?” deb aytgan prokuror Aleksey Jafyarov oʻzining yakuniy soʻzida.

“Qurbonlar bor, ammo jinoyatchilar yoʻq”

Yosh rossiyaliklar, yaʼni Putinning yigirma yillik hukmronligi ostida oʻsib ulgʻaygan butun bir avlodga – tarixning koʻp hollarda Stalin davridagi jinoyatlar nomuhim tafsilot sanalgan versiyasi singdiriladi.

“Bu sovet tarixining “yengil” versiyasi boʻlib, unda davlat aybdor emas”, deydi siyosatshunos Aleksey Makarkin.

Tarixning Kremlcha talqinida Stalin millionlab fuqarolarni otib oʻldirgan yoki mehnat lagerlariga surgun qilgan diktator emas, balki ruslar “Ulugʻ Vatan urushi” deb ataydigan Ikkinchi Jahon urushining gʻolibi sifatida gavdalantiriladi.

Bunday aqidaga qarshi boʻlgan “Memorial” ayniqsa stalinparast jinoyatchilarning shaxsini fosh qilishi bilan hokimiyatning gʻazabiga uchragan.

Tashkilot rahbari Yan Rachinskiyning AFPga aytishicha, hukumat repressiyalarni inkor etmasa-da, “gap ularni qanday talqin qilishda”.

Davlat “bu ishlarni sodir etgan yomon odamlar boʻlganini koʻrsatishga urinmoqda, goʻyo qurbonlar bor-u, jinoyatchilar yoʻqdek”, dedi u.

“Biz bu davlat siyosati boʻlganini va Sovet Ittifoqi terrorchi davlat ekanligini aniq koʻrsatdik”, deydi u.

2021-yil oxirida tarixning rasmiy talqiniga nisbatan har qanday tanqidga qarshi yana bir qancha choralar qabul qilingan.

Oʻsha haftaning oʻzida “Memorial”ning GULAG boʻyicha tarixchilaridan biri Yuriy Dmitriyevning qamoq muddati Oliy sud qarori bilan 15 yilga uzaytirilgan.

Yillar davomida Rossiya shimolidagi ommaviy qabrlarni ochish bilan shugʻullangan Dmitriyev tarafdorlarining aytishicha, unga qoʻyilgan bolalarga nisbatan jinsiy tegajoqlik ayblovlari asossiz boʻlib, uning faoliyati uchun jazo hisoblanadi.

Oʻtgan oy Ikkinchi jahon urushi qatnashchisining portreti aks ettirilgan ochiq lavha ustiga peshob qilayotgan suratini internetga joylagan oʻsmir ham toʻrt yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Stalin Rossiya tarixi kitoblari va davlat televideniyesida tobora koʻproq ulugʻlanar ekan, oʻtgan yozda mustaqil Levada markazi tomonidan oʻtkazilgan soʻrov rossiyaliklarning yarmidan koʻpi diktator haqida ijobiy fikrda ekanligini koʻrsatgan.

Stalin hukmronligining dahshatlarini tan olishdan bosh tortayotgan Rossiya hukumati uning ishlaridan ayrimlarini qayta jonlantirishi ehtimoli bilan xatarli boʻlib turibdi, dedi Rachinskiy.

“Jinoyatlar oʻz nomi bilan atalmas ekan, bu ularga yoqadimi-yoʻqmi, Stalinning jasadi jonlangandek boʻladi”.

Stalinizmning qaytishi

Adolatsiz tarixning qayta tiklanishi, ayniqsa, Stalin hukmronligidan katta talafot koʻrgan Markaziy Osiyo mamlakatlarini tashvishga soladi.

Masalan, rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Qozogʻistonda 1930-yillardagi ocharchilik va tozalashlar 1,5 million qozogʻistonlikning hayotiga zomin boʻlgan.

1921-yildan 1954-yilgacha Sovet maxfiy politsiyasi 25 mingga yaqin qozoqni “xalq dushmani” sifatida otib tashlagan.

Qozogʻistondagi GULAG mehnat lagerlarida 5 milliondan ortiq sovet fuqarolari hibsda saqlangan.

1930-1940-yillarda sovet rejimi turli sabablarga koʻra oʻzi ishonmagan 1,2 millionga yaqin turli millat vakillarini Qozogʻistonga deportatsiya qilgan.

Putin Tarixni oʻqitish boʻyicha idoralararo komissiya tuzgach, Rossiya rejimi “nazoratni yanada qatʼiylashtirmoqda”, degan edi bishkeklik siyosatshunos Askat Dukenbayev oʻtgan yil avgust oyida.

“Ular endi oʻtmishdagi voqealarni rejim uchun manfaatli talqin qilishga ham yetib keldilar”, dedi Dukenbayev Karvonsaroyga. “Maʼlumki, kim oʻtmishni nazorat qilsa, kelajakni boshqaradi, kim bugungi kunni nazorat qilsa, oʻtmishni ham boshqara oladi”.

“Ammo Putin tarixchilarining faoliyati nuqtai nazaridan qarasak, “kim oʻtmishni nazorat qilsa, hozirgi kunni boshqaradi”, deb qoʻshimcha qilish mumkin.”

“Buni masalan, Qirgʻizistondagi kremlparast OAV sahifalarida koʻrib turibmiz. Ular bir necha yillardan beri sovet oʻtmishini ulugʻlab, mustaqil Qirgʻizistonning postsovet davridagi qiyinchiliklariga yashirin yoki ochiq-oydin ishora qilib kelmoqda”, dedi u.

“Afsuski, Rossiya trendining axborot maydonimizga salbiy taʼsiri kuchaymoqda, chunki Qirgʻizistonda mustaqil, professional tarixiy fikrlash maktabi mavjud emas”, deb qoʻshimcha qildi Dukenbayev.

“Shu bois ham, ehtimol, ayrim taniqli tarixchilarimiz rossiyalik hamkasblarining eskirgan hikoyalarini koʻr-koʻrona takrorlashni davom ettirmoqdalar.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500