Karvonsaroy
Inson huquqlari

Oʻzbekiston inqirozdan jabr koʻrgan Afgʻonistonga yordam berishda davom etmoqda

Rustam Temirov

23-dekabr kuni Afgʻonistonga gumanitar yordam yetkazgan Oʻzbekiston poyezdi. [Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirligi]

23-dekabr kuni Afgʻonistonga gumanitar yordam yetkazgan Oʻzbekiston poyezdi. [Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirligi]

TOSHKENT – Oʻzbekiston qahraton qishda gumanitar inqirozga yuz tutib, ogʻir ahvolda qolgan Afgʻonistonga turli yoʻllar bilan yordam berishda davom etmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) bir necha oydan beri Afgʻonistonda aholining yarmidan koʻpi – 23 million inson ocharchilikka yuz tutayotgani haqida ogohlantirib keladi.

40 millionlik Afgʻoniston aholisining yarmi oziq-ovqat tanqisligidan aziyat chekmoqda , deb aytgan 17-dekabr kuni Toshkentdagi brifingda BMTning qochqinlar boʻyicha bosh komissarining aloqa yoʻnalishidagi katta xodimi Frenk Remus.

Ayniqsa, mamlakat ichida oʻz uyini tark etishga majbur boʻlgan 3,5 million afgʻonistonlik favqulodda yordamga muhtoj , deb qoʻshimcha qilgan u.

Oʻzbekistonning Termiz shahrida Afgʻoniston uchun moʻljallangan gumanitar yuklarni tashiyotgan ishchi, 22-oktyabr. [Rustam Temirov/Karvonsaroy]

Oʻzbekistonning Termiz shahrida Afgʻoniston uchun moʻljallangan gumanitar yuklarni tashiyotgan ishchi, 22-oktyabr. [Rustam Temirov/Karvonsaroy]

Oʻz navbatida Oʻzbekiston 31-dekabr kuni Afgʻonistonga elektr quvvati yetkazib berishga oid shartnomani yana bir yilga uzaytirdi, deb xabar bergan Afgʻonistonning “Da Afghanistan Breshna Sherkat” kommunal xizmatlar kompaniyasi.

Tomonlar uch kunlik muzokaralardan keyin bu haqda kelishuv imzoladilar, deyiladi bayonotda.

Kelishuvga koʻra, Oʻzbekiston 100 million AQSH dollari evaziga ikki milliard kVt/s elektr quvvati yetkazib beradi.

Shartnoma Tojikiston ham Afgʻonistonga elektr quvvati yetkazib berishga oid kelishuv muddatini yana bir yilga uzaytirishi ortidan imzolangan.

Avvalroq, 23-dekabr kuni Oʻzbekistondan Mozori Sharifga un, guruch, shakar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek kiyim-kechak va koʻmirdan iborat jami 4000 tonna gumanitar yuk temir yoʻl orqali yetkazib berilgan edi.

Oʻzbeklarning yordami

Oʻzbekiston oʻtgan yil avgust oyida hokimiyat almashinuvi tufayli yuz bergan gumanitar inqiroz boshlanganidan beri Afgʻonistonga zaruriy mahsulotlarni yuborib turdi .

Yordam avto va temiryoʻl orqali yetkazilmoqda.

Sentyabr oyida ilk poyezd bilan 1300 tonna oziq-ovqat, dori-darmon va kiyim-kechak mahsulotlari yuborilgan.

1-oktyabrdan boshlab Oʻzbekiston janubidagi chegara shahar – Termizdagi BMT gumanitar markazidan ortilgan gumanitar yuklar Mozori Sharifga yoʻnaltirilgan.

2016-yilda barpo etilgan logistika terminali afgʻonistonlik tadbirkorlarga Oʻzbekistonga oʻtib, shu yerda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotib olish boʻyicha shartnomalar imzolash orqali Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida savdoni kuchaytirishi moʻljallangan edi.

Hozirda bu markaz yordam yetkazish uchun qoʻllanilmoqda.

Termiz kargo markazi rahbari Nodir Jalilovning Karvonsaroyga maʼlum qilishicha, sentyabr oyidan buyon Oʻzbekistondan 64 ta vagonda turli yordam yuklari, asosan oziq-ovqat mahsulotlari joʻnatilgan.

Markazning sigʻimi juda katta: u bir vaqtning oʻzida 80 ming tonna yukni sigʻdira oladi, deb qoʻshimcha qildi u.

Oʻzbekiston Afgʻonistonga urushdan keyingi infratuzilmani tiklashga ham koʻmaklashmoqda.

Masalan, 30 nafar oʻzbekistonlik mutaxassis Mozori Sharif aeroportini rekonstruktsiya qilishda qatnashyapti.

17-dekabr kuni Oʻzbekiston prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev jurnalistlarga ushbu texnik xodimlar kelasi yil boshida oʻz ishini yakunlashini aytgan.

Bundan tashqari, Afgʻoniston Transport va fuqaro aviatsiyasi vazirligining 83 nafar xodimi Oʻzbekistonda malaka oshiradi, deb xabar bergan “Gazeta.uz”.

Muvofiqlashtirilgan yondashuv

Tarixchi, sovet-afgʻon urushi faxriysi nukuslik Maksim Matnazarovga koʻra, gumanitar yordam yetkazib berilmasa, Oʻzbekistonda afgʻon qochqinlari oqimi yuzaga kelishi mumkin.

“Afgʻonistonda oilalar koʻp bolali, shuning uchun ochlikdan eng avvalo bolalar aziyat chekadi. Ularni joylarda oziq-ovqat bilan taʼminlash choralari koʻrilishi lozim”, deydi u.

“Boshqa tomondan, mamlakat aholisining aksariyati dehqonlar. Ularni ekin-tikin uchun don va urugʻlar bilan taʼminlash zarur”.

“Rasmiy Toshkent Afgʻoniston bilan avvalgi prezident Hamid Karzay davridan beri faol hamkorlik qilib kelgan”, deydi toshkentlik siyosiy tahlilchi Nurbek Alimov Afgʻonistonning 2002–2014-yillardagi maʼmuriyatini nazarda tutib.

“U Afgʻoniston iqtisodiyotiga sarmoya kiritgan”, deb qoʻshimcha qildi u. “Shu tariqa bugungi kunda Oʻzbekiston Afgʻonistonda oʻz taʼsirini saqlab qolish uchun unga har tomonlama yordam bermoqda”.

Oʻz navbatida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalqaro hamjamiyatni Afgʻonistondagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib borishga chaqirgan.

“Afgʻonistondagi vaziyat boʻyicha muvofiqlashgan yondashuvlarni ishlab chiqish va mamlakatning yangi rahbariyati bilan muloqotni rivojlantirish zarur”, dedi u 17-sentyabr kuni Dushanbeda Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlat rahbarlari kengashi sammitida.

U yirik gumanitar inqiroz va qochqinlar oqimining oldini olish, koʻplab ijtimoiy muammolarni hal qilish uchun Afgʻonistonning xorijiy banklardagi muzlatilgan aktivlarini yechishni taklif qildi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500