Karvonsaroy
Xavfsizlik

Oʻzbekistonliklar KXSHTning Qozogʻistonga kirganidan gʻazabda

Rustam Temirov

Shiddatli noroziliklar vaqtida yoqib yuborilgan Olmaota hokimiyati binosi, 10-yanvar. [Aleksandr Bogdanov/AFP]

Shiddatli noroziliklar vaqtida yoqib yuborilgan Olmaota hokimiyati binosi, 10-yanvar. [Aleksandr Bogdanov/AFP]

TOShKENT – Oʻzbekistondagi kuzatuvchilar Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) askarlarining Qozogʻistonga joylashtirilishidan xavotir bildirar ekan, bu qadam shimoldagi qoʻshni davlat suvereniteti va mustaqilligiga tahdid solishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Qozogʻiston yanvar oyi boshlarida yoqilgʻining qimmatlashuvi ortidan mamlakatning gʻarbiy qismida yuzaga kelgan mislsiz tartibsizliklardan larzaga keldi.

Qozogʻiston va Rossiya oʻnlab odamlar oʻlimi va deyarli 10 ming kishining hibsga olinishiga sabab boʻlgan norozilikni xorijlik “terrorchilar”ning hokimiyatni agʻdarishga urinishi deb atagan boʻlsa-da, bu iddaoni qoʻllab-quvvatlovchi dalillarni keltirmagan.

5-yanvar kuni kechqurun prezident Qosim-Joʻmart Toʻqayev KXSHTdan yordam soʻragan.

8-yanvar kuni internetga joylangan videolavhada Rossiya harbiy transporti KXSHTning belarus tinchlikparvar askarlarini Qozogʻistonning Jetigen aerodromiga eltayotgani aks etgan. [Rossiya mudofaa vazirligi]

8-yanvar kuni internetga joylangan videolavhada Rossiya harbiy transporti KXSHTning belarus tinchlikparvar askarlarini Qozogʻistonning Jetigen aerodromiga eltayotgani aks etgan. [Rossiya mudofaa vazirligi]

Armanistonlik askarlarni Qozogʻistonga olib kelayotgan Rossiya harbiy transporti, 8-yanvar kuni internetga chiqqan videolavha. [Rossiya mudofaa vazirligi]

Armanistonlik askarlarni Qozogʻistonga olib kelayotgan Rossiya harbiy transporti, 8-yanvar kuni internetga chiqqan videolavha. [Rossiya mudofaa vazirligi]

Mamlakatning eng yirik shaharlardan biri Olmaotada hukumat muxoliflari va kuch tuzilmalari oʻrtasidagi qurolli toʻqnashuvlar va talon-taloj harakatlari avj olar ekan, mamlakatga Rossiya boshchiligidagi 2000 dan ortiq askardan iborat KXSHT missiyasi yuborilgan.

Oʻtgan bir necha kun davomida Qozogʻistonga KXSHTga aʼzo boshqa davlatlar: Belarus, Tojikiston, Armaniston va keyinroq Qirgʻizistondan askarlar olib kelingan.

Bu Moskva tarafidan NATOning muqobili sifatida ilgari suriladigan KXSHT uchun ilk qaror boʻldi – avvallari Rossiya u bilan uzoq tarixiy aloqalarga ega Markaziy Osiyo mintaqasidagi tartibsizliklarga aralashishni unchalik istamas edi.

U bungacha kamida ikki marta: 2010-yilda Qirgʻizistondagi inqilob va etnik nizolar hamda 2021-yilda Armanistonning Ozarbayjon bilan chegarasidagi toʻqnashuvlar vaqtida tashkilotga aʼzo mamlakatlar ishiga aralashishdan bosh tortgan, deb yozadi EurasiaNet.

Askarlar Qozogʻistonni payshanba (13-yanvar) kuni tark eta boshlagan boʻlsa-da, Moskva bu missiyadan Qozogʻiston va Markaziy Osiyo hududining qolgan qismida oʻz taʼsirni kuchaytirish uchun foydalanishi mumkinligi borasida xavotirlar kuchaygan.

“Ruslar uyingizga kirib olgach, ularni chiqarish juda qiyin boʻlishi mumkin”, deb aytgan AQSH davlat kotibi Entoni Blinken 7-yanvar kuni.

Oʻzbekistondagi xavotirlar

Qozogʻiston Oʻzbekiston bilan 2330 kilometrlik umumiy chegaraga ega ekanligi va boshqa bir qator omillar yuz bergan noroziliklar sababli oʻzbekistonlik tahlilchilarni tashvishlantirmoqda.

Oʻzbekistonda deyarli 1 million qozoq, Qozogʻistonda esa 600 mingdan ortiq etnik oʻzbek yashaydi.

Qozogʻiston Oʻzbekistonning Xitoy va Rossiyadan keyingi uchinchi eng yirik savdo hamkori hisoblanadi.

Dushanba kuni Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toʻqayev bilan telefon orqali muloqotda boʻlib, joriy vaziyat va uni oʻnglash uchun hukumat tomonidan olib borilayotgan choralarni muhokama qildi, deb xabar bergan Mirziyoyev matbuot xizmati.

Davlat rahbarlari Qozogʻistonda tinchlik va barqarorlik tez orada tiklanishiga ishonch bildirib, mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlik, Oʻzbekiston va Qozogʻistonning kelajakdagi tadbirlari xususida fikrlashganlar.

KXSHT bilan aloqalar borasida shuni aytish mumkinki, Oʻzbekiston ikki marta bu tashkilotga aʼzo boʻlgan va uni soʻnggi marta 2012-yili tark etgan.

Jamoatchilik gʻazabda

Koʻplab oʻzbekistonliklar qoʻshinlarning joylashtirilganidan junbushga kelganlar.

Karvonsaroy nashri bilan suhbatda boʻlgan toshkentlik siyosiy tahlilchi Anvar Nazirovga koʻra, “KXSHT qoʻshinlarini kiritishga hojat yoʻq edi”.

“Hech qanday xalqaro agressiya yoki suverenitetga tajovuz yoʻq”, dedi u. Bu shunchaki ichki mojaro.”

Toshkentlik jurnalist Anora Sodiqova ham Toʻqayevning Rossiyani aralashishga chaqirganini maʼqullamagan.

“KXSHT qoʻshinlari Qozogʻistonga kirganini eshitib, sapchib tushdim”, dedi u. Ular xuddi Oʻzbekistonga bostirib kirgandek tuyuldi.”

“Men KXSHT qoʻshinlarining kiritilishini Qozogʻiston hukumatining zaifligi deb baholayman”, deb qoʻshimcha qildi u. “Bu Qozogʻistonning Rossiyaga qaramligini kuchaytiradi”.

Rossiyalik faylasuf va sotsiolog Igor Chubays yakshanba kuni oʻz blogida “KXSHT oʻzi bilan kurashayotgan yagona harbiy tuzilma boʻlib chiqdi” deb yozdi.

“U yevroosiyolik kuch tuzilmasiga aylandi”, dedi u.

Suverenitet zavoli

Tahlilchilar nazarida KXSHT kuchlarining joylashtirilishi Qozogʻistonda uzoq davom etuvchi oqibatlarni keltirib chiqaradi.

Shafqatsiz repressiyalar Qozogʻiston rahbariyati va elitasini “belaruslashtirish” jarayoniga olib kelishi mumkin, deydi oʻzbekistonlik siyosatshunos Rafayel Sattorov Belarusning Rossiya prezidenti Vladimir Putin xohish-istaklariga qatʼiy itoatini nazarda tutib.

2020-yilda Belarusda prezident saylovlarning soxtalashtirilganiga qarshi namoyishlar chogʻida Kreml Aleksandr Lukashenko rejimini qoʻllab-quvvatlagan edi.

Ammo Moskva tarafidan koʻrsatiladigan bunday “himmat”ning odatda oʻz narxi boʻladi.

Kreml endi davlat toʻntarishiga yoʻl qoʻymagani evaziga Qozogʻistonga bir qancha talablar qoʻyishi mumkin, deydi Sattarov.

“Birinchidan, Moskva Qozogʻistondan (a) NATOning “Tinchlik yoʻlidagi hamkorlik” dasturidan chiqishni, (b) AQSH bilan harbiy hamkorlik va C5+1 muhokama guruhidagi ishtirokini minimallashtirishni va (v) koʻp qirrali tashqi siyosat borasidagi ortiqcha maqtovlarni asta-sekin toʻxtatishni talab qiladi”, dedi u.

“Kreml uchun mintaqadagi boshqa davlatlar ham imkon qadar tezroq xulosa chiqarishi va yangi sharoitlarga tayyor boʻlishi juda muhim”, dedi u.

“Qozogʻistonda KXSHT kuchlarining mavjudligi uning suvereniteti oʻz nihoyasiga yetganini anglatadi”, deb mulohaza bildirgan toshkentlik siyosiy tahlilchi Farhod Tolipov.

“Hech bir davlatda minglab yoki millionlab terrorchilar boʻlmaydi”, deydi u. “Mamlakatda shuncha terrorchi boʻlsa, Qozogʻistonning Afgʻonistondan nima farqi bor?”

“Terrorchilar “Chol, ket!” deb hayqirmaydilar”, deb yozgan Tolipov oʻzining Facebook sahifasida mamlakat boʻylab namoyishlarda Toʻqayevning hali ham qudratli oʻtmishdoshi va ustozi Nursulton Nazarboyevga qarata yangragan chaqiriqlarga ishora qilib.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Bu choʻchqalar botqogʻida oʻtlab yuraversin. Qozogʻiston qozoqlarning yeri.

Javob berish

ODKB notavonlari qozoqlar uchun muqaddas zaminga qaytib oyoq bosmasin. Boshdan judo boʻlishni istamasangiz, ovlogʻingizga qaytinglar.

Javob berish

Rossiya yutqizdi. KXSHT Qozogʻistondan daf boʻlmoqda, chunki u Rossiyaning Qozogʻistonga kuchi yetmaydi. Bosqin oʻxshamadi.

Javob berish

ODKB [askarlari] kelgan joyiga ketsin

Javob berish