Karvonsaroy
Diplomatiya

Xitoy dunyoning turli davlatlariga qarz berish bilan oʻzining harbiy va iqtisodiy taʼsirini kuchaytirmoqda

Karvonsaroy va AFP

Xitoy prezidenti Si Szinpin (ekranda) oʻtgan yil 29-noyabrda Senegalning Dakar shahrida Xitoy-Afrika hamkorligi forumi (FOCAC) uchrashuvida nutq soʻzlamoqda. [Seyllou/AFP]

Xitoy prezidenti Si Szinpin (ekranda) oʻtgan yil 29-noyabrda Senegalning Dakar shahrida Xitoy-Afrika hamkorligi forumi (FOCAC) uchrashuvida nutq soʻzlamoqda. [Seyllou/AFP]

MOMBASA, Keniya – Afrikaga soʻnggi tashrifi chogʻida Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I Xitoydan qarz, yordam va investitsiya olayotgan davlatlar uzoq muddatli oqibatlardan afsuslanayotgani borasida dunyo boʻylab kuchayib borayotgan daʼvolarning oldini olishga urindi.

Van Keniyada Pekin moliyalashtirayotgan infratuzilma loyihalariga tashrif buyurish oldidan Pekin Afrika mamlakatlariga katta miqdorda kredit ajratish orqali ularni qarz sirtmogʻiga tushirmoqchi ekani haqidagi daʼvolarni rad etdi.

U Xitoyning Afrikaga katta hajmda kredit bergani diplomatik va tijorat imtiyozlarini olish strategiyasi, degan fikrni inkor etgan.

“Bu shunchaki fakt emas. Bu ayrimlar tarafidan yashirin maqsadlarda qoʻllanilayotgan farazlar”, deb aytgan u muxbirlarga 6-yanvar kuni Keniyaning Mombasa port shahrida.

Xitoy-Qozogʻiston moddiy-texnik taʼminot bazasi, Lyanyungan, Szyansu viloyati, Xitoy, 2021-yil, 17-sentabr. [Raul Ariano/Tszyansu maʼlumotlar idorasi]

Xitoy-Qozogʻiston moddiy-texnik taʼminot bazasi, Lyanyungan, Szyansu viloyati, Xitoy, 2021-yil, 17-sentabr. [Raul Ariano/Tszyansu maʼlumotlar idorasi]

Boshqariluvchi raketalarga ega fregat bortidagi xitoylik dengizchilar Misrning Suvaysh kanalini kesib oʻtgan Tunis patrul kemasini qarshi olmoqda. [Xitoy mudofaa vazirligi]

Boshqariluvchi raketalarga ega fregat bortidagi xitoylik dengizchilar Misrning Suvaysh kanalini kesib oʻtgan Tunis patrul kemasini qarshi olmoqda. [Xitoy mudofaa vazirligi]

“Bu Afrikaning rivojlanishini istamaydiganlar tarqatayotgan daʼvolar”, deb aytgan u tarjimon orqali. “Tuzoq bu qashshoqlik va taraqqiyotning yoʻqligidir.”

Xitoyning rasmiy maʼlumotlariga koʻra, Xitoy Afrikaning eng yirik savdo hamkori boʻlib, ular oʻrtasidagi bevosita savdo hajmi 200 milliard AQSH dollariga teng.

Jahon Bankidan keyin Keniyaga eng koʻp qarz bergan Xitoy hisoblanadi, shuningdek u bir qator qimmat infratuzilma loyihalarini ham moliyalashtirgan, bu esa Nayrobi toʻlay olmaydigan qarzlarni olayotgani haqidagi xavotirlarni paydo qilgan.

Xitoy Mombasa portida yirikroq neft tashuvchi tankerlarning toʻxtashi uchun qiymati 353 million AQSH dollariga teng yangi terminal barpo etmoqda.

Shuningdek, Pekin Keniya mustaqillikka erishganidan beri eng qimmat infratuzilma loyihasini moliyalashtirgan boʻlib, 2017-yili ishga tushgan Mombasadan chiquvchi temiryoʻl liniyasi uchun 5 milliard AQSH dollari miqdorida qarz ajratgan.

2020-yil yanvar oyida Mombasaga tashrifi davomida Van bu temiryoʻlni Xitoyning muhim infratuzilma obyektlari qurish orqali dunyo boʻylab savdo aloqalarini yaxshilashga qaratilgan trillion dollarli “Bir kamar, bir yoʻl” tashabbusining “namunali loyihasi” deb atagan edi

Xavotirli belgilar

Xitoy prezidenti Si Szinpin “Bir kamar, bir yoʻl” tashabbusini 2013-yilda Xitoyning iqtisodiy va siyosiy taʼsirini kengaytirish maqsadida boshlagan, aksar infratuzilma rejalari uning tovarlarini dunyo boʻylab tashishni osonlashtirishi koʻzda tutilgan.

Ammo boshqa maqsadlar qatori “Bir kamar, bir yoʻl” tashabbusi nochor mamlakatlarining tabiiy resurslarini Xitoy manfaatlari yoʻlida qazib olish va tashib ketishga ham qaratilgan.

Xitoy keng koʻlamli investitsiya loyihasining gʻarazli maqsadlarini inkor etsa-da, tanqidchilarga koʻra, Xitoy bu “qarz sirtmogʻi diplomatiyasi” deb nomlagan rejadan kelib chiqadigan moliyaviy vositadan oʻz nufuzini oshirish yoʻlida, qarz oluvchilarga ogʻir shartlar qoʻyish, qarzdor davlatlar moliyaviy muammolarga duch kelganda strategik aktivlarini oʻzlashtirishga imkon beruvchi shartnomalarni imzolash uchun foydalanadi.

Kuzatuvchilar Xitoy moliyasiga ishonch borasida xavotir izhor etar ekan, Xitoy investitsiyasi shartlariga nisbatan norozilik tobora kuchayib bormoqda.

Keniyalik geosiyosiy va iqtisodiy tahlilchi Ali-Xon Satchuga koʻra, sharqiy Afrika mamlakati bitimlar kelishuvida manfaatsiz vaziyatda qolgan boʻlib, koʻp hollarda katta foizli kreditlarga oʻralashib qolmoqda.

“Bu investitsiyalar yaqin kelajakda daromad keltirmaydi”, deb aytgan u AFP nashriga.

“Qarzlar olingan va ular har oy zarar keltirmoqda, bu bilan muammolar sezilarli darajada koʻpaymoqda.”

Talonchilikka asoslangan bunday kreditlarga misollar koʻp.

Masalan, pul muammosiga uchragan Shri-Lankaning tashqi qarzi 35 milliard AQSH dollaridan oshgan, bu miqdorning 10 foizidan ortigʻi Xitoyga tegishli, ammo rasmiylar Xalqaro valyuta jamgʻarmasidan (XVJ) yordam soʻrash oʻrniga Pekinga yuzlangan.

Prezident Gotabaya Radjapaksa “pandemiyadan keyingi iqtisodiy inqiroz sharoitida qarzlarni qaytarish rejasi qayta koʻrib chiqilsa, katta yordam boʻlardi” deb taʼkidlagan, deya xabar beradi uning matbuot xizmati 9-yanvar kungi bayonotda.

Bu talabga Pekin sukut bilan javob qaytargan.

Bu orada mamlakat Markaziy banki rahbari Adjit Nivard Kabraalga koʻra, Xitoy bilan yangi kredit muhokamasi “faol bosqichda” va yangi kelishuv Xitoy oldidagi mavjud qarzni qoplaydi.

“Ular bizga toʻlovlarni amalga oshirishda yordam berishadi, Xitoydan olinayotgan yangi kredit Xitoy oldidagi mavjud qarzni toʻlash uchun”, deb aytgan u.

Shri-Lanka oʻtmishda infratuzilma uchun Xitoydan katta miqdorda kredit olgan, ularning ayrimlari ogʻir yukka aylangan.

Mamlakat janubidagi port qurilishi uchun olingan 1,4 milliard AQSH dollariga teng qarzni deb, Shri-Lanka bu inshootni 2017-yilda 99 yil muddatga ijaraga topshirishga majbur boʻlgan.

Qoʻshma Shtatlar va Hindiston muhim sharqiy-gʻarbiy xalqaro yuk tashish yoʻlida joylashgan Xambantota porti Xitoy uchun Hind okeanida harbiy platsdarmga aylanishi mumkinligi haqida ogohlantirganlar.

“Dengizdagi ipak yoʻli”

Xitoy “Bir kamar, bir yoʻl” tashabbusi doirasida Hind okeani boʻylab qator portlarni barpo etib, Janubiy Xitoy dengizidan Suvaysh kanaligacha choʻzilgan yoqilgʻi quyish va taʼminot stansiyalari tarmogʻini yaratgan.

Ushbu “dengiz ipak yoʻlidagi” katta portlardan biri Pokistondagi Gvadarda joylashgan, ammo Pekinning mahalliy ishchilar va atrof-muhitga eʼtiborsizligi kelishuvga putur yetkazgan.

Gvadar “Bir kamar, bir yoʻl” tashabbusining muhim qismlaridan biri boʻlishi kerak edi, ammo loyiha koʻlami va Pokiston hukumati koʻp milliard dollarli infratuzilmalarni moliyalashtirish uchun Pekindan olgan qarz uni qaltis vaziyatda qoldirgan.

Balujistonda Xitoy kemalari mahalliy baliqchilarning tirikchilik manbaini tortib olgani tanglikka sabab boʻlgan.

“Bir kamar, bir yoʻl” tashabbusiga yaqindan nazar solinsa, Pekinning tabiiy resurslarni oʻzlashtirishni monopollashtirish va Xitoydan tortib Oʻrtayer dengizi, jumladan Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo va Afrikagacha harbiy ambitsiyalarni kengaytirish maqsadi namoyon boʻladi.

Shu maqsadda Xitoy soʻnggi yillarda Misrga yirik miqdorda – 7 milliarddan ortiq investitsiya kiritgan, ammo tahlilchilarga koʻra, muhim hududlar va iqtisodiyot sohalarida Xitoyning aralashuvi uzoq muddatli va achinarli oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Xitoyning Suvaysh kanali iqtisodiy zonasiga kiritayotgan yirik sarmoyalari alohida xavotir uygʻotadi.

Bundan tashqari Pekinning Shinjondagi musulmonlarga nisbatan noinsoniy munosabati, qatliom, qiynoqlar, jinsiy zoʻravonlik, majburiy mehnat va oʻzboshimcha hibsga olish boʻyicha ayblovlar aksilxitoy kayfiyatini kuchaytirgan.

Iroq ham Xitoyning iqtisodiy investitsiyalarini shubha ostiga olmoqda.

Masalan, 2019-yil sentabrda Iroq va Xitoy oʻrtasida imzolangan shartnoma hamon amalga oshmagan.

Shartnoma Iroq neftini Xitoyga sotishdan olingan foydadan bosqichma-bosqich toʻlanadigan 10 milliard AQSH dollariga teng Xitoydan olingan kredit gʻoyasiga asoslangan. Kredit esa Iroqdagi muhim infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishga qaratiladi.

Kelishuvga qarshilik qilayotganlarga koʻra, Iroq nefti Xitoyga uzoq muddatga garovga topshiriladi va Iroqni Xitoyga qarzdor qilib qoʻyadi.

Ayrimlar esa Xitoy bilan yaqin aloqalar Iroq iqtisodiyoti hisobiga foyda olishni koʻzlayotgan Eron rejimi uchun xizmat qilishidan xavotirda.

Yigʻilib qolgan qarzlar

Markaziy Osiyodagi bir qator davlatlar ham xuddi shunday ahvolga tushib qolganlar.

Xitoy Turkmaniston gaz sanoati taraqqiyotiga milliardlab investitsiya kiritgan boʻlib, oʻzini mamlakatning birinchi raqamli eksport yoʻnalishi sifatida koʻrsatgan.

Pekinning mamlakatdagi muhim loyihalari qatoriga Turkmaniston sharqidan boshlanib, Oʻzbekiston va Qozogʻiston orqali Xitoyga oʻtgan Markaziy Osiyo va Xitoy quvuri hamda dunyodagi ikkinchi eng katta gaz koni Galkinishdagi koʻp bosqichli oʻzlashtirish loyihasi kiradi.

2011-yilda mamlakatga tashrifi chogʻida Xitoy taraqqiyot bankining (XTB) oʻsha vaqtdagi rahbari Szyan Chaolyan bank loyihalar uchun Turkmanistonga 8,1 milliard AQSH dollari ajratganini aytib oʻtgan.

Oʻtgan yil iyun oyida Turkmaniston hukumati va XTB qarzlar toʻliq qaytarilgani haqida xabar bergan, ammo Xitoy shartnomalaridagi maxfiylik tufayli rasmiylar Turkmaniston qancha pulni va qachon qaytarganini ochiqlamagan.

Qoʻshimcha maʼlumotlarsiz Turkmaniston qanday qilib Xitoyga qarzini qaytarganini aniq bilish imkonsiz.

Tahlilchilarga koʻra, Turkmaniston Xitoyga rekord darajadagi eksportdan hech qanday foyda koʻrmayotgan boʻlishi mumkin. Katta ehtimol bilan, gaz savdosidan tushgan pul bir necha milliardga teng qarzdorlikni toʻlash uchun yoʻnaltirilgan.

Xitoyning qarz sirtmogʻi Qirgʻiziston uchun ham jiddiy xavf tugʻdiradi, deydi tahlilchilar.

Mart oyi oxirlariga kelib, Qirgʻizistonning tashqi qarzi 5 milliardga yetgan, uning katta qismi – 40 foizi Xitoyning Eksimbankiga tegishli, deb xabar bergan Moliya vazirligi.

2020-yilda koronavirus pandemiyasi tufayli kelib chiqqan iqtisodiy qiyinchiliklar sabab Qirgʻiziston hukumati bir necha bor Xitoydan kredit shartlarini yengillatishni, loaqal toʻlov muddatini uzaytirib berishni soʻragan.

Yil davomida bu iltimoslarni eʼtiborsiz qoldirib kelgan Pekin nihoyat noyabr oyida 2020-yil uchun toʻlovni kelasi toʻrt yilga boʻlib berishga rozi boʻldi, ammo bu “imtiyoz” evaziga qarzga yana 2 foizlik ustama qoʻshdi.

Kuzatuvchilarga koʻra, avvalgi hukumat qulaganidan beri inqirozga uchragan Afgʻonistonga Xitoyning tobora ortib borayotgan “yordami” zaif davlatni Pekinga iqtisodiy va siyosiy tomondan qaram qilish va mamlakatning bir trillion AQSH dollariga teng qazilma boyliklarini oʻzlashtirish maqsadi uchun xizmat qiladi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Butun dunyo 80 yil avval Gitlerga qarshi birlashgani kabi Xitoy fashizmiga qarshi birlashishi lozim.

Javob berish