Karvonsaroy
Diplomatiya

Soxta bayroq ostidagi amaliyotlar va kiberhujumlar Rossiyaning Ukrainaga bosqini debochasi boʻlishi mumkin

Karvonsaroy va AFP

Rossiya prezidenti Vladimir Putin (oʻngda) 21-dekabr kuni Moskvada mudofaa vazirligi hayʼatining yillik yigʻilishida Ukraina xaritasi oldida oʻtirgancha Rossiya harbiy shtabi boshligʻi Valeriy Gerasimovning soʻzlarini tinglamoqda. [Mixail Tereshchenko/Sputnik/AFP]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin (oʻngda) 21-dekabr kuni Moskvada mudofaa vazirligi hayʼatining yillik yigʻilishida Ukraina xaritasi oldida oʻtirgancha Rossiya harbiy shtabi boshligʻi Valeriy Gerasimovning soʻzlarini tinglamoqda. [Mixail Tereshchenko/Sputnik/AFP]

KIYEV – Dunyo mamlakatlari rahbarlari Rossiyani Ukraina bilan yuzaga kelgan tanglikni yumshatish haqida ogohlantirishda davom etar ekan, Kreml bosqinchilik uchun zamin hozirlash kampaniyasi doirasida bayroq ostida amaliyotlar oʻtkazib, kiberhujumlar uyushtirmoqda va dezinformatsiya tarqatmoqda.

“Barcha dalillar ushbu kiberhujum ortida Rossiya turganiga ishora qilmoqda”, deb bayonot bergan Ukraina raqamli transformatsiya vazirligi yakshanba (16-yanvar) kuni.

“Moskva gibrid urush olib borishda davom etyapti.”

Vazirlikka koʻra, hujumning maqsadi “jamoatchilikni sarosimaga solishgina emas, balki Ukrainadagi vaziyatni beqarorlashtirib, davlat sektori ishini toʻxtatish va ukrainaliklarning hokimiyatga nisbatan ishonchiga putur yetkazish”.

Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU) bosh qarorgohidagi ekranlar oldida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tashkil etilgan YI va Ukrainaning kiberxavfsizlik boʻyicha qoʻshma mashgʻulotlari chogʻida soʻzlashayotgan xodimlar, 2019-yil 6-mart, Kiyev. [Sergey Supinskiy/AFP]

Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU) bosh qarorgohidagi ekranlar oldida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tashkil etilgan YI va Ukrainaning kiberxavfsizlik boʻyicha qoʻshma mashgʻulotlari chogʻida soʻzlashayotgan xodimlar, 2019-yil 6-mart, Kiyev. [Sergey Supinskiy/AFP]

Ukraina va Rossiya oʻrtasida tanglik avj olar ekan, Kiyev Rossiyani bosqin oldidan chegara yaqiniga 100 ming askar joylashtirishda ayblagan.

Oʻz navbatida Ukrainaning zahiradagi harbiy xizmatchilari ham urushga hozirlik koʻrmoqda. 100 ming kishidan oshgan koʻngilli fuqarolar Ukrainaning 215000 askardan iborat muntazam armiyasi safini toʻldirishi kutilmoqda.

“Soxta bayroqlar” va dezinformatsiya

Rossiya Ukrainaga bostirib kirish bahonasi oʻlaroq “soxta bayroq ostida” operatsiya oʻtkazish uchun portlovchi moddalar boʻyicha oʻqitilgan qoʻporuvchilarni joylashtirdi, deb aytgan AQSH rasmiylari juma kuni.

Oq uy matbuot kotibi Jen Psakining aytishicha, AQSH razvedkasi Rossiya harbiy bosqindan “bir necha hafta” oldin operatsiyalarni boshlashi mumkin, deb hisoblamoqda. Bu hodisa yanvar va fevral oyi oʻrtalarida boshlanishi ehtimoldan xoli emas.

“Bizda Rossiya Ukraina sharqida soxta bayroq operatsiyasini oʻtkazish uchun bir guruh operativ kuchlarni oldindan tayyorlab qoʻyganini tasdiqlovchi maʼlumotlar bor”, dedi u jurnalistlarga.

“Tezkor kuchlar shahar sharoitida urush olib borish va portlovchi moddalar yordamida Rossiyaning oʻz vositachi kuchlariga qarshi qoʻporuvchilik harakatlari uyushtirish boʻyicha tayyorgarlikdan oʻtgan”.

Bundan bir kun avval AQSHning Milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Rossiya “bosqinchilikka bahona topish uchun zamin hozirlayotganini” aytgan edi.

Kiberhujum haqida soʻzlagan Psaki Qoʻshma Shtatlar “xavotirda” ekanini aytgan, ammo Rossiyani ayblamagan.

Biroq, uning aytishicha, Rossiya ijtimoiy tarmoqlarda dezinformatsiya kampaniyasini jadallashtirgan, jumladan, Ukrainani huquqlarni buzishda, Gʻarbni esa keskinlikni avj oldirishda ayblovchi postlar joylashtirilgan.

“Bizdagi maʼlumotlarga koʻra, Rossiyaning taʼsir oʻtkazish subyektlari allaqachon Rossiyaning aralashuvini oqlash va Ukrainada ixtiloflarni avj oldirish uchun davlat OAV va ijtimoiy tarmoqlarda Ukrainaga nisbatan provokatsiyalar uyushtira boshlagan”, dedi u.

Ijtimoiy tarmoqlarda Moskvaning Ukraina haqidagi narrativini oqlaydigan rus tilidagi materiallar dekabr oyida 200 foizga koʻpayib, kuniga deyarli 3500 ta postga yetgan, dedi Psaki.

Jurnalistlar bilan brifingda soʻzlagan Sallivan Rossiya 2014-yilda Qrimni egallab, Ukraina sharqida davom etayotgan isyonchilik harakatini dastaklaganida ham xuddi shunday taktika qoʻllaganini aytdi.

“Jiddiy” qarshilik

Juma kuni Ukrainadagi asosiy hukumat veb-saytlariga hujumdan oldan ham Yevropa tashqi ishlar vazirlari kiberhujumlar Rossiya rejalashtirayotgan harbiy bosqindan oldin yoki unga hamroh boʻlishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.

Avstriya tashqi ishlar vaziri Aleksandr Shallenberg Fransiyaning Brest shahrida boʻlib oʻtgan ittifoqning bosh diplomatlari yigʻilishida Rossiya bilan qarama-qarshilik “jiddiy, soʻnggi yillarda kuzatilganlaridan ancha jiddiyroq” ekanini aytgan.

“Ayrimlar bu kiberhujum boshqa amaliyotlar va harbiy harakatlar debochasi boʻlishi mumkinligini aytmoqda”, dedi u.

“Bu aynan biz ogohlantirgan va bizni qoʻrqitayotgan narsa”, dedi Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Ann Linde.

“Ukrainaga hujum qilinadigan boʻlsa, javobimiz juda shiddatli, kuchli va qatʼiy boʻladi”, deb qoʻshimcha qildi u.

Bu orada Yevropa Ittifoqi (YI) kiberhujumga qarshi turishda Ukrainaga yordam berishga harakat qilmoqda, dedi Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat boʻyicha rahbari Xosep Borrel.

“Biz bu turdagi kiberhujumlarga qarshi kurashda Ukrainaga yordam berish uchun barcha resurslarimizni safarbar qilmoqdamiz”, dedi u Yevropa Ittifoqining siyosiy va xavfsizlik qoʻmitasining favqulodda majlisi chaqirilgani va YeI tezkor javob choralari kiberboʻlinmasi ishga tushganini eʼlon qilib.

NATO Ukrainani dastaklaydi

Kiyev va uning Gʻarbdagi hamkorlari yangi “ogʻriqli” sanksiyalar va Gʻarb bilan mudofaa sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish choralarini oʻz ichiga oluvchi “Rossiyani jilovlashga qaratilgan” keng qamrovli choralarni ishlab chiqmoqda, deb bayonot bergan Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitri Kuleba yakshanba kuni.

“[Rossiya prezidenti Vladimir] Putin qoʻshnilari nega NATOga aʼzo boʻlishga urinayotganini bilmoqchi boʻlsa, koʻzguga qarashi kifoya”, deb aytgan u tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Dushanba kuni NATO Ukrainaga kiberdastakni kuchaytirish boʻyicha kelishuv imzolagan.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg juma kuni NATO va unga aʼzo davlatlar ekspertlari yaqinda sodir etilgan kiberhujumga qarshi kurash boʻyicha joylarda Ukraina bilan hamkorlikda ish olib borayotganini aytdi.

Uning soʻzlariga koʻra, yangi kelishuv “kengaytirilgan kiberhamkorlikni, jumladan, Ukrainani NATOning zararli dasturlar haqida maʼlumot almashish platformasiga ulashni” oʻz ichiga oladi.

“Ushbu yangilangan kelishuvga muvofiq, biz Ukraina bilan hamkorlikni chuqurlashtiramiz, uni axborot texnologiyalari va aloqa xizmatlarini modernizatsiya qilishda qoʻllab-quvvatlaymiz, shu bilan birga, mamlakat mutaxassislarini oʻqitish kerak boʻladigan sohalarni ham belgilaymiz”, dedi NATOning aloqa va axborotlashtirish agentligi rahbari Lyudvig Dekamps dushanba kuni.

“Biz kelajakda NATO koʻmagida Ukraina Qurolli kuchlarining qoʻmondonlik va boshqaruv tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalari va xizmatlarini joriy etishni rejalashtiryapmiz”, dedi Ukrainaning NATOdagi elchisi Natalya Galibarenko.

Rossiyaning inkori

Kreml kiberhujum ortida Rossiya turganini tasdiqlovchi dalillar yoʻqligini taʼkidlashda davom etmoqda.

“Bu ishga hech qanday aloqamiz yoʻq”, deb aytgan Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov CNNga.

“Ukrainaliklar hamma narsada, hatto oʻz yurtlaridagi yomon ob-havoda ham Rossiyani ayblaydilar”, deb aytgan u ingliz tilida.

Juma kuni kechqurun rasmiy Kiyev kiberhujum ortida Rossiya xavfsizlik xizmatlari turgan boʻlishi mumkinligini tasdiqlovchi dastlabki alomatlar aniqlanganini aytgan.

Ukraina xavfsizlik xizmati SBU juma kuni erta tongda 70 ga yaqin hukumat veb-saytlariga hujum uyushtirilganini aytgan.

Tashqi ishlar vazirligi saytida bir muddat ukrain, rus va polyak tillarida “Qoʻrqing va eng yomonini kuting” degan xabar chiqib turgan.

Xakerlik hujumidan bir necha soat oʻtib, xavfsizlik xizmati buzilgan saytlarning aksariga kirish tiklangani va koʻrilgan zarar minimal ekanligini maʼlum qildi.

Microsoft ogohlantiruvi

Ammo, yakshanba kuni Microsoft kiberhujum dastlab taxmin qilinganidan ham vayronkor boʻlishi va koʻproq tashkilotlarga taʼsir oʻtkazishi mumkinligi aytgan.

AQSHning dasturiy taʼminot giganti zararli dastur tahlili davom etayotganini aytib, u hukumat raqamli infratuzilmasini ishdan chiqarishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Tovlamachi dastur koʻrinishidagi, ammo tovlamachilikdan keyin tiklash mexanizmiga ega boʻlmagan zararli dastur buzgʻunchilik maqsadida ishlab chiqilgan boʻlib, tovlamachilik oʻrniga nishonga olingan qurilmani butunlay ishdan chiqarishi mumkin”, deyiladi Microsoft blogida.

Hujumdan jabrlangan tashkilotlarning soni dastlab taxmin qilinganidan koʻproq boʻlishi mumkin, deb ogohlantiradi u.

Ammo San-Fransiskoda joylashgan Digital Shadows kompaniyasining axborot xavfsizligi boʻyicha rahbari Rik Xollandga koʻra, bunday hujumlar Rossiya strategiyasining bir qismidir.

“Kiber operatsiyalarni boshqa ishtirokchilar orqali yoki oʻzi amalga oshirishidan qatʼi nazar, Rossiya geosiyosiy raqiblarining hukumat va xususiy idoralarini vayron qilishga intiladi.”

“Tiklanish har bir tashkilotning oʻziga bogʻliq, ammo Ukraina anchadan beri Rossiyaning qoʻporuvchilik hujumlariga qarshi chora koʻrish va ulardan tiklanish tajribasiga ega”, deydi AQSHning Netenrich kiberxavfsizlik firmasi xodimi Jon Bambenek.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 7

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Vanka va Petkalar endi Putinning saroylari uchun oʻlishni xohlamaydilar. Axlatxonalarda buyukliklarni yeb boʻkdilar.

Javob berish

Birjadagi qulash natijsida rossiyaliklar milliardlab rubl pul yoʻqotdilar. Jismoniy shaxslar qimmatli qogʻozlarga 2,6 trillion sarmoya kiritib, oʻn yillikdagi eng qaqshatqich boʻhronlardan biriga toʻqnash kelishdi. --------------------------------- Urush esa hali boshlangani yoʻq.

Javob berish

Ruslarning hammasi 2014-yilda NATO bilan xayoliy urushga joʻnab ketib, oʻshandan beri qaytgani yoʻq.

Javob berish

Qrim Ukrainaniki.

Javob berish

Rossiya shundoq ham unchalik rivojlangan davlat emasdi, Ukraina bilan urush esa uni tosh asriga qaytaradi. Rossiyaning oʻzi shuni xohlayapti.

Javob berish

Butun Rossiya rahbariyati NATO bilan xayoliy urushga joʻnab ketib, oʻshandan beri qaytgani yoʻq.

Javob berish

Rossiya Ukrainadan taʼzirini yeydi.

Javob berish