Karvonsaroy
Terrorizm

Ekspertlar Qirgʻizistonning “Ekstremizmga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi yangi qonuni loyihasiga baho berdilar

Munara Borombayeva

Qirgʻiziston IIV ekstremistik faoliyatga qarshi kurashishga oid yangi qonun loyihasi ustida ishlamoqda. 15-yanvar kungi suratda Bishkekdagi markaziy maydon aks etgan. [Munara Borombayeva/Karvonsaroy]

Qirgʻiziston IIV ekstremistik faoliyatga qarshi kurashishga oid yangi qonun loyihasi ustida ishlamoqda. 15-yanvar kungi suratda Bishkekdagi markaziy maydon aks etgan. [Munara Borombayeva/Karvonsaroy]

BISHKEK – Qirgʻizistonlik ekspert va olimlar yaqinda mamlakatda jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan ekstremizmga qarshi kurashga oid yangi qonun loyihasining ijobiy va salbiy tomonlari haqida fikr bildirmoqdalar.

Loyihaga ilova qilingan maʼlumotnomada Qirgʻiziston mamlakat va uning fuqarolari xavfsizligiga tahdid soluvchi siyosiy, iqtisodiy, jinoiy va boshqa manfaatlarni koʻzlovchi ekstremistik guruhlar xavfiga duch kelayotgani aytiladi.

Mamlakatda “jumladan, xalqaro ahamiyatga molik ekstremistik tashkilotlar faoliyatidan kelib chiqadigan zamonaviy chaqiriqlar va tahdidlarni hisobga olgan holda ekstremistik faoliyatga qarshi kurashga oid qonunchilikni takomillashtirish zarurati paydo boʻldi”, deyiladi Qirgʻiziston ichki ishlar vazirligining (IIV) 28-dekabr kungi bayonotida.

Ekstremistik tashkilotlar va fuqarolar xayriya, maʼrifiy yoki boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega faoliyat niqobi ostida buzgʻunchi harakatlarni amalga oshirishi mumkin, deyiladi xabarda.

Ekstremizmga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi Qirgʻiziston hukumati saytida jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan. Bishkek markazi, 15-yanvar kuni olingan surat. [Munara Borombayeva/Karvonsaroy]

Ekstremizmga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi Qirgʻiziston hukumati saytida jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan. Bishkek markazi, 15-yanvar kuni olingan surat. [Munara Borombayeva/Karvonsaroy]

Bunday harakatlarda har doim ham ekstremizm yoki zoʻravonlik alomatlari koʻrinmasa-da, ular alohida shaxslar, keng jamoatchilik va butun davlatning faoliyatiga tahdid solishi mumkin, deb qoʻshimcha qilgan vazirlik.

Qonun loyihasida tashkilotlarni ekstremistik deb topishning yangi mexanizmlari va ekstremistik materiallarni tarqatishda ommaviy axborot vositalarining roli ham oʻz aksini topgan.

Jamoatchilik muhokamasidan soʻng, loyiha qonun sifatida qabul qilinishi uchun parlament tomonidan maʼqullanishi va prezident tomonidan imzolanishi kerak boʻladi.

Yangi tendensiyalarga moslashish zarurati

Qonun loyihasi ekspertlarning diqqat markazida boʻlib turibdi.

Xavfsizlik sohasi mutaxassisi, bishkeklik Azamat Tilekeyevning fikricha, qonun loyihasi dolzarb, ammo u yangi tendentsiyalarni oldindan koʻra bilsa, obyektiv va xalqaro qonunchilikka mos boʻlsa hamda korrupsiyani yoʻqota olsagina, samarali boʻladi.

“Unda ekstremizmning oldini olishga katta eʼtibor qaratilgani quvonarli, ayniqsa, militsiyaga ikkita vazifa yuklangani: jinoyatlarning oldini olish va ularga barham berish”, deydi Tilekeyev.

“Ammo jamoatchilik orasida... MVD faqat jazolovchi tashkilot sifatida tanilgan. Buni oʻzgartirish uchun koʻp vaqt kerak boʻladi.”

“Shunday ekan, profilaktika chora-tadbirlarini fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan birgalikda davlat-xususiy sheriklik shaklida amalga oshirish mantiqan toʻgʻri boʻladi, ayniqsa Qirgʻizistonda nodavlat sektor buning uchun yetarli resurslarga ega”, dedi u.

Diniy mutaxassis Mametbek Mirzaboyevning aytishicha, ekstremizmga qarshi kurash toʻgʻrisidagi qonun zamonaviy talablarga javob berishi kerak.

“IIVning qonunga oʻzgartirishlar kiritish tashabbusi tahsinga loyiq”, dedi u idoralararo komissiya tuzilganini olqishlab.

Ekstremistlarning ishlash usullari oʻzgarmoqda va agar mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy yoki siyosiy muammolar tufayli toʻsatdan nizo kelib chiqadigan boʻlsa, ular vaziyatdan foydalanib qolishlari mumkin, dedi Mirzabayev.

“Shunday ekan, qonun bizdagi voqeliklarni hisobga olgan holda zamonaviy chaqiriqlarga javob berishi, shunchaki [boshqa joylarda mavjud qonunlardan] “koʻchirib” olingan boʻlmasligi kerak”, dedi u.

Loyihaning OAV bandi bilan bogʻliq xavotirlar

Ayrim kuzatuvchilar qonunga kiritilgan taʼriflar yuzasidan xavotir bildirishgan.

Diniy tashkilotlar va boshqa guruhlarga kelsak, negadir qonun loyihasida ekstremistik materiallarni emas, balki ekstremistik mafkurani yoyinlash zikr qilingan, deydi OAV siyosati instituti yuristi Nurlan Siddiqov.

Ekstremistik mafkura deganda nima tushunilishi kerakligi aniq emas, dedi u Karvonsaroyga.

Ushbu qonunga aloqador barcha shaxslar – huquqbuzarlar ham, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari ham – huquqbuzarlar qay tarzda qonunni buzayotganini va ularning jinoyati shartlarini tushunishi kerak, dedi u.

Siddiqov qonun loyihasining OAV boʻlimidagi ziddiyatli jihatlarga ham toʻxtalib oʻtdi.

“Yangi tahrirdagi qonunda zikr etilgan “siyosiy adovat” tushunchasi SHHT [Shanxay hamkorlik tashkiloti] konventsiyasidan olingan. Ilgari Qirgʻiziston qonunchiligida bunday tushuncha yoʻq edi – avvalroq hukumat uni kiritmoqchi boʻlgan, ammo ombudsman va parlamentning ayrim aʼzolari bunga qarshi chiqqan edilar.”

Endilikda hokimiyatni tanqid qilgan har qanday OAVga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻash mumkin boʻladi”, deydi Siddiqov.

Uning aytishicha, qonun loyihasida ekstremizmga qarshi kurashuvchi huquq-tartibot idoralari, xususan, Davlat milliy xavfsizlik qoʻmitasi (GKNB) va IIV ommaviy axborot vositalari va diniy tashkilotlar ekstremistik materiallar yoyinlaydigan boʻlsa ularni ogohlantirishi mumkinligi koʻzda tutilgan.

Qirgʻizistonning amaldagi qonunchiligiga koʻra, bosh prokuror OAVga nisbatan qoʻllaniladigan bunday ogohlantirish bera oladi. Bunday ogohlantirish olgan tashkilotlar ular ustidan sudga shikoyat qilishlari mumkin.

Shunday boʻlsa-da, qonun loyihasida chalkashliklar bor, dedi u.

“Yangi qonun loyihasida amaldagi qonundan farqli oʻlaroq, shunday taʼrif bor: ogohlantirish ekstremistik faoliyatga doir maʼlumot boʻlmaganida va OAV orqali tarqatishda jinoyat belgilari boʻlmaganida beriladi”, deb tushuntirdi u.

“Agar jinoyat alomatlari boʻlmasa” degan shart nimani anglatishini tushunish qiyin, chunki ekstremistik materiallarni tarqatishning oʻzi jinoyat hisoblanadi, deydi u.

“Demak, bu holatda qonun suiisteʼmol qilinishi mumkin: huquq-tartibot idoralari ogohlantirish bermasdan, birdaniga tashkilotni tugatish choralarini koʻrishi mumkin. Shuning uchun bu shart oʻrinli emas va biz uning yangi tahrirdagi qonunga kiritilmasligini soʻraymiz”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500