Karvonsaroy
Diplomatiya

Pekin Janubiy Xitoy dengizi va uning tashqarisidagi hududlar yuzasidan “noqonuniy” daʼvolarni ilgari surmoqda

Karvonsaroy va AFP

Dekabr oyida Xitoy harbiy vertolyotlari bahsli orollar ustidan uchib oʻtgan. [Xitoy mudofaa vazirligi]

Dekabr oyida Xitoy harbiy vertolyotlari bahsli orollar ustidan uchib oʻtgan. [Xitoy mudofaa vazirligi]

VASHINGTON – Pekin “noqonuniy tarzda” Janubiy Xitoy dengizining katta qismi ustidan suverenitet yoki ayrim eksklyuziv huquqlarni talab qilmoqda va bu daʼvolarni huquqiy jihatdan asoslash uchun Osiyodagi joylarga xitoycha nomlar bermoqda.

Xitoy Janubiy Xitoy dengizining deyarli barcha qismlariga daʼvogarlik qilmoqda, bu hududdan har yili bir necha trillion AQSH dollariga teng mahsulotlar oʻtadi. Shuningdek, bu yerlarga Bruney, Malayziya, Filippin, Tayvan va Vyetnam ham daʼvogarlik qiladi.

Xalqaro qonunchilikka koʻra, Pekinning sohilboʻyi qoʻshnilari bilan toʻqnashuviga sabab boʻlgan bunday daʼvolarga Xitoyning hech qanday asosi yoʻq, deyiladi AQSH Davlat departamentining Okeanlar hamda xalqaro ekologik va ilmiy masalalar boʻyicha byurosi tomonidan 12-yanvar kuni chop etilgan 47 sahifalik tadqiqotda.

“Bu daʼvolar okeanlar va konvensiyada belgilangan xalqaro huquqning umum tan olingan koʻplab nizomlarini jiddiy tarzda buzadi”, deyiladi tadqiqotda 1982-yilda imzolangan, Xitoy tomonidan ratifikatsiya qilingan dengiz huquqi boʻyicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) shartnomasiga ishoratan.

Suratda Janubiy Xitoy dengizidagi sunʼiy orollarda barpo etilgan koʻplab “noqonuniy” Xitoy harbiy bazalaridan biri aks etgan. [File]

Suratda Janubiy Xitoy dengizidagi sunʼiy orollarda barpo etilgan koʻplab “noqonuniy” Xitoy harbiy bazalaridan biri aks etgan. [File]

20-yanvar kuni Dewey esminetsidagi dengizchi Janubiy Xitoy dengizida muntazam operatsiyalarni amalga oshirmoqda. [AQSh harbiy-dengiz kuchlari]

20-yanvar kuni Dewey esminetsidagi dengizchi Janubiy Xitoy dengizida muntazam operatsiyalarni amalga oshirmoqda. [AQSh harbiy-dengiz kuchlari]

Tadqiqotni eʼlon qilgan Davlat departamenti oʻz bayonotida Pekinni “Janubiy Xitoy dengizidagi noqonuniy va majburlovchi harakatlarni toʻxtatishga” chaqirdi.

Xitoy tadqiqot “xalqaro huquqni buzib koʻrsatib, jamoatchilikni chalgʻitmoqda” deb javob qaytargan.

Hujjatda Pekinning pozitsiyasi uchun asos boʻlib xizmat qilayotgan “toʻqqiz punktir chiziq” va Xitoy daʼvolarining geografik asoslari koʻrib chiqilgan boʻlib, unda Janubiy Xitoy dengizida Pekin tomonidan belgilangan 100 dan ortiq obyekt suv koʻtarilishi vaqtida choʻkkani va shu sababli “har qanday davlat dengiz hududlarining qonuniy chegarasidan tashqarida” ekani aytiladi.

Davlat departamenti tadqiqotida aytilishicha, Pekinning toʻrtta “orol guruhiga” daʼvo qilish uchun bunday geografik xususiyatlarni dalil qilib koʻrsatishi 1982-yilda imzolangan BMT konvensiyasining asosiy mezonlariga javob bermaydi.

Umuman olganda, Janubiy Xitoy dengizining quruqlik hududi 15 kvadrat kilometrga teng boʻlib, ular har qanday sohilboʻyi materik davlatlardan uzoqda joylashgan. Pekin ularning barchasi ustidan suverenitetni daʼvo qilmoqda, ammo har bir orol yoki orol guruhining kamida yana bitta daʼvogari bor.

Xalqaro suv yoʻli

Yarim berk Janubiy Xitoy dengizining katta qismi Bruney, Xitoy, Indoneziya, Malayziya, Filippin, Singapur, Tayvan va Vyetnam davlatlari bilan oʻralgan.

Janubiy Xitoy dengizi xalqaro suv yoʻli ekanligini taʼkidlash uchun bir qator Gʻarb davlatlarining dengiz kuchlari Qoʻshma Shtatlar rahbarligida harbiy doiralarda FONOP nomi bilan tanilgan “kemalar qatnovi erkinligi operatsiyasini” oʻtkazadi.

Joriy yildagi birinchi FONOP operatsiyasida AQSH harbiy kemasi payshanba (20-yanvar) kuni Janubiy Xitoy dengizi boʻylab suzib oʻtgan va bu Xitoy harbiylarining ogohlantiruviga sabab boʻlgan.

AQSH dengiz kuchlari xabariga koʻra, AQSHning “Benfold” harbiy kemasi “xalqaro huquqqa muvofiq tarzda Parasel orollari atrofidagi harakatlanish huquqlari va erkinliklarini himoya qilgan”.

Xalq ozodlik armiyasining (XOA) janubiy qoʻmondonligiga koʻra, Pekin oʻziniki deb bilgan hududga AQSH kemasi “noqonuniy” tarzda kirib borgan.

Soʻnggi yillarda Xitoy armiyasining yanada tajovuzkor boʻlib, boshqa suveren davlatlar hududiga bostirib kirishi qoʻshni mamlakatlar va xalqaro hamjamiyatni tashvishga solmoqda.

2020-yilda Xitoy prezidenti Si Szinpin Pekinning “yangi Xitoyni” barcha tajovuzkorlardan himoya qilish yoʻlidagi jangovar qatʼiyati bilan maqtanib, ehtimoliy “bosqinchilarni” keskin ogohlantirgan edi.

23-oktabr kungi muhim chiqishlarining birida Si bosqinning oldini olish uchun urush olib borilishi va zoʻravonlikka zoʻravonlik bilan javob qaytarilishi kerakligini aytgan.

Bu tajovuz, shuningdek Xitoyning hududiy daʼvolariga oid narrativni ifodalovchi yumshoqroq choralar eʼtiborsiz qoldirib boʻlmaydigan darajaga yetgan.

Demokratik va oʻz-oʻzini boshqaruvchi Tayvan doimiy ravishda avtoritar Xitoy bosqini tahdidi ostida yashaydi. Xitoy orolni oʻzining hududi deb biladi va bir kun kelib, agar kerak boʻlsa uni kuch bilan qoʻlga kiritishga vaʼda bergan.

Tayvan 1949-yildan beri oʻz hukumatiga ega.

Xitoyning tajovuzi qoʻshni Hindistongacha yetib borgan.

2020-yil iyun oyida Ladax viloyatida Xitoy va Hindiston harbiylari oʻrtasida toʻqnashuv yuz bergan, buning natijasida 20 ta hind askari halok boʻlgan. Xitoy rejimi ham qurbonlar berilganini aytgan, ammo hanuzgacha raqamlarni ochiqlamagan.

Pekin Markaziy Osiyoda ham “oʻz” hududlarini qaytarish gʻoyasini ilgari surib kelgan, bu bilan mahalliy aholining munosabatini baholamoqchi boʻlgan. Kuzatuvchilarga koʻra, bu mintaqa suverenitetiga bevosita tahdiddir.

Xaritani oʻzgartirish

Bu orada Pekin nafaqat Janubiy Xitoy dengizida, balki Sharqiy Xitoy dengizi va Hindiston bilan talashayotgan togʻli tizmalarda oʻz hududiy daʼvolarini qoʻllab-quvvatlash uchun yangi nomlar va boshqa xarita kodlaridan foydalanib kelmoqda.

29-dekabr kuni Xitoy fuqarolik ishlari vazirligi mamlakat shimoli-sharqida Hindiston nazoratida boʻlgan Arunachal-Pradesh shtatidagi 15 ta joy nomini “standartlashtirish” uchun Xitoy iyerogliflaridan foydalanganini eʼlon qildi, deb xabar bergan Xitoyning Global Times davlat nashri.

Besh yil avval xuddi shu hududda Xitoy oltita joy nomini oʻzgartirgan edi.

15 ta joy nomi, jumladan ayrimlari “bir necha yuz yillardan beri mavjud” boʻlgan “geografik nomlarini boshqarishni standartlashtirish boʻyicha milliy saʼy-harakatlarga” mos keladi, deb aytgan Global Times nashriga Pekindagi tibetshunoslik boʻyicha Xitoy tadqiqot markazi tahlilchisi Lian Syanmin.

Xitoy yetakchilarining yana bir maqsadi oʻz fuqarolariga daʼvolarini yodga solish va Osiyo boʻyicha munozaralarda raqiblarga bosim oʻtkazishdir.

Pekin oʻz daʼvosiga koʻra bir necha asrga teng baliqchilik tarixiga asoslangan holda Janubiy Xitoy dengizidagi Spratli va Parasel orollarinining nomini ham oʻzgartirgan.

Xitoy, Yaponiya, Tayvan va Janubiy Koreya oʻrtasida taqsimlangan Sharqiy Xitoy dengizida Yaponiyaga tegishli kimsasiz Senkaku oroli 1950-yillarda “Dyaoyuydao” deb qayta nomlangan. Tokio va Taypey Pekinning bu daʼvosiga qarshi.

Tahlilchilarga koʻra, Pekin davomli oʻyin oʻynamoqda. Oxir-oqibat, Xitoy hududiy nizolarda, agar bunday nizolar bir necha oʻn yillarda kelib chiqmasa ham ustunlikka erishish uchun nomlardan foydalana olishi mumkin.

“Ular status-kvoni hozir muzlatib qoʻyishni talab qilishlari mumkin”, deydi Singapurning S. Radjaratnam nomidagi xalqaro tadqiqotlar maktabi dotsenti Alan Chong.

“Ammo 50 yil oʻtgach “sud oʻtkazib, tinch yoʻl bilan hal qilaylik” deyishlari va 50 yil avval bu hududlarga Xitoy nomi berilgan xaritalar va boshqa hujjatlarni koʻrsatishga ahd qilishlari mumkin”, deb aytgan u Amerika Ovoziga.

“Huquqiy munozarada joyni boshqarayotganingizni isbotlab berishingiz kerak va uni nomlaganingiz shular qatoriga kiradi”, deydi Gavayida joylashgan Daniel K. Inouye nomidagi Osiyo-Tinch okeani xavfsizlik tadqiqotlari markazi professori Aleksandr Vuving.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500