Xitoyning Iroq bilan zaruriy maktablar qurish boʻyicha kelishuvi ijobiy qadam boʻlib koʻrinsa-da, ayrim iroqliklar Xitoyning bu kabi sarmoyaviy loyihalardan foydalanib, hukmronlikni qoʻlga kiritishidan xavotirda ekanliklarini aytishgan.
Ular Xitoyning vaziyatdan foydalanib, bu kabi loyihalar orqali Iroq iqtisodiyotida mustahkam oʻrin egallashi va yaqin yillar davomida oʻz investitsiyalaridan foyda olishga intilishidan choʻchimoqda.
Xavotirlar 16-dekabr kuni Iroq Pekin bilan mamlakatda 1000 ta maktab qurish boʻyicha shartnoma imzolashi ortidan paydo boʻlgan. Bu maktablar puli neft savdosidan tushgan daromaddan toʻlanishi koʻzda tutilmoqda.
Mazkur bitim Xitoyning Power China va Sinotech kompaniyalarining ikki yil davomida mos ravishda 679 va 321 ta maktab qurishini koʻzda tutuvchi 15 ta shartnomani oʻz ichiga oladi.
Iroq Vazirlar kengashi Bosh kotibiyati maʼlumotlariga koʻra, maktab binolari har bir viloyatning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda barpo etiladi.
11 million oʻquvchini qamrab olish va bolalar bilan toʻlib-toshgan maktablar yuklamasini kamaytirish uchun Iroqqa 12 mingdan ortiq maktab zarur. Shuningdek, 2000 dan ortiq vayronaga aylangan, xom gʻishtdan qurilgan maktablarni buzish ham koʻzda tutilgan.
Vazirlar kengashi Bosh kotibi Hamid al-Gʻoziyning aytishicha, ushbu loyiha taʼlim jarayonini qoʻllab-quvvatlash va viloyatlardagi taʼlim boshqarmalarini yetishmayotgan maktab binolari bilan taʼminlashga yordam beradi.
Loyihani ishlab chiqish va tasdiqlash, yer uchastkalarini tayyorlash bilan birga loyihaning huquqiy, moliyaviy va texnik jihatlari ham nihoyasiga yetkazilgan, dedi u. Tez orada qurilish ishlari uchun yer maydonlari hozirlanadi.
Iroqliklar qarzga botishi mumkin
Umuman olganda, iroqlik sobiq deputat Toha al-Lahibiyning aytishicha, loyiha “mamlakatga koʻp yillar davomida iroqliklarni qiynab kelayotgan maktablar yetishmovchiligini yengishda yordam berish yoʻlidagi yaxshi qadamdir”.
Ammo u Xitoyning Iroq duch kelayotgan turli inqirozlardan foydalanib, iroqliklarni qarzga botirishi mumkinligidan xavotir bildirdi.
Uning ogohlantirishicha, Xitoy Iroqning milliy boyliklari va resurslarini quritadigan investitsiyalar orqali bozordagi oʻrnini kengaytirishga intilishi mumkin.
Maktab loyihasining qiymati sobiq bosh vazir Odil Abdul-Mahdiyning Xitoyga tashrifi chogʻida maʼqullangan 2019-yilgi kelishuvga asosan “qayta qurish uchun neft” dasturidan tushgan mablagʻ hisobidan qoplanadi.
Oʻshanda bu bitim Abdul-Mahdiyning Iroq neftini imtiyozli narxlarda sotish va investitsiya loyihalariga Eron kompaniyalarini jalb qilish orqali Xitoyga iqtisodiy imtiyozlar berishdagi roli yuzasidan bahs-munozaralarga sabab boʻlgan edi.
Ayrimlar bunday siyosat Iroqni qarzga botirishidan xavotirga tushgan edilar.
Iroq va Xitoy oʻrtasidagi doiraviy kelishuvga koʻra, 100 ming barrel Iroq neftini Xitoyga sotishdan tushgan mablagʻ har kuni maxsus ajratilgan bank hisob raqamiga yoʻnaltirilishi lozim.
Ushbu mablagʻlar qator sohalardagi rekonstruksiya va qurilish loyihalariga safarbar etiladi.
Al-Lahibining taʼkidlashicha, agar Iroq xalqi Eron iqtisodiyotini qutqarish va Iroq mablagʻlari evaziga eronliklarni texnologiya va qurol-yarogʻ bilan taʼminlash vositasiga aylanib qolsa, Xitoy bilan tuzilgan shartnomalardan voz kechishi muqarrar.
Xitoy bilan kelishuv Eron rejimi manfaatlariga xizmat qilgani uchun Eronning Iroqdagi vositachilari uni qatʼiy himoya qilganlar, deydi u.