BANGI, Markaziy Afrika Respublikasi – Rossiyaga aloqador Vagner guruhining yollanma askarlari Markaziy Afrika Respublikasidan (MAR) Sharqiy Yevropa va Ukrainaga yoʻl olgani aytilmoqda, deb xabar beradi The Daily Beast nashri dushanba (31-yanvar) kuni.
Dunyoning eng qashshoq va beqaror davlatlaridan biri boʻlgan MAR 2013-yildan beri fuqarolar urushi domida qolgan.
2020-yil oxirida qurollangan guruhlar prezident Fosten Arkanj Tuaderani agʻdarish bilan tahdid qilar ekan, mamlakat Rossiyaga yordam soʻrab murojaat qilgan, Rossiyaning harbiylashgan tuzilmalari, shu jumladan, Vagner guruhi MAR hukumat kuchlariga mamlakatning bir vaqtlar isyonchilar nazoratida boʻlgan uchdan ikki qismini qaytarib olishga yordam bergan edi.
Sobiq Fransiya mustamlakasi boʻlgan bu davlatda tez-tez isyonchilar hujumlari sodir boʻlib turadi.
Rossiya mamlakatda 1135 nafar “qurollanmagan yoʻriqchi” borligini rasman tan olsa-da, joylardagi yordam guruhlari, shuningdek, Fransiya va Birlashgan Millatlar Tashkilotiga (BMT) koʻra, ularning ayrimlari Vagner guruhiga ishlayli, Rossiya esa buni rad etadi.
The Daily Beast nashrining MARdagi ikki yuqori martabali harbiy ofitser soʻzlariga tayanib xabar berishicha, yanvar oyida Sharqiy Yevropaga bir qancha yollanma jangarilar joʻnab ketgan, yana bir qanchasi keyingi bir necha hafta ichida ketishga tayyorlanmoqda.
“Odatda biz ayrimlar ketganini eshitganimizda, ular sanoqli, baʼzan bir oy ichida besh-olti kishi ekanligini bilib olamiz”, dedi poytaxt Bangidagi harbiy shtabda ishlaydigan ofitserlardan biri.
“Bir oy ichida oʻnlab odamlar ketganini birinchi marta eshityapmiz”, deydi u.
“Ularning rahbarlari bizga 20 ga yaqin rossiyalik shu yilning yanvar oyida Sharqiy Yevropaga joʻnab ketganini aytishdi”, dedi ruslar bilan yaqindan hamkorlik qiluvchi boshqa bir amaldor.
“Tushunishimizcha, ketganlar va yaqinda ketadiganlar buni rotatsiya jarayoni doirasida amalga oshirmoqdalar va vaqti kelganda ular almashtiriladi”, dedi rasmiy.
The Daily Beast, shuningdek, yaqinda Vagner guruhi hibsga olgan odamning soʻzlarini ham keltirgan.
U oʻzi hibsda saqlangan lagerdagi MAR qoʻshinlari yollanma askarlarning toʻsatdan Ukrainaga ketayotgani haqida gapirganlarini eshitgan.
“Lagerda boʻlgan 15 kunimiz davomida yetib kelganimizda bizni qoʻlga olgan toʻrt nafar rossiyalikni faqat ikki kungina koʻrdik”, deydi Patris Gaopandiya. Ruslar uning uyiga bostirib kirib, muntazam ravishda yoshlarni majburiy mehnat uchun hibsga olayotgan mahal u boshqa uch kishi bilan birga qoʻlga olingan edi.
“Keyinchalik biz FACA [MAR hukumati] askarlari ruslarning Ukrainaga joʻnab ketishganini aytganlarini eshitdik”, dedi Gaopandiya. Yakunda u ozod qilingan.
Vagner ilk bor 2014-yilda Ukrainada urush boshlanib, Rossiya Qrimni noqonuniy egallab olganida paydo boʻlgan.
Oʻshandan beri uning yollanma askarlari butun dunyoda, jumladan, Suriya, Mozambik, Sudan, Venesuela, Liviya MAR, Chad va Malidagi mojarolarda ishtirok etgan.
Karnegi jamgʻarmasining tahlil markazi Vagnerni “Moskvaning eng himoyalanmagan sirlaridan biri” deb atagan.
Markaz maʼlumotlariga koʻra, guruhning ikkita asosiy maqsadi bor: “Urush hududlariga jangarilarni joylashtirishda Kremlni haqiqatnamo inkor bilan taʼminlash” va “zaif davlatlarda bosim oʻtkazishga tayyor boʻlish”.
Yollanma askarlarning bu harakati Ukrainaning AQSH boshchiligidagi ittifoqchilari soʻnggi haftalarda Kiyevga qoʻshimcha qurol joʻnatishga urinayotgani va Moskva chegarada 100 mingdan ortiq askar toʻplashi ortidan keng koʻlamli bosqin rejalayotgani haqida ogohlantirgan bir paytda sodir boʻldi.
Razvedka xizmatlari taxminicha, Rossiyaning Ukrainaga qarshi gibrid urushi, jumladan, soxta bayroq operatsiyalari, kiberhujumlar va dezinformatsiya kuchayib borar ekan, Moskva Kiyevga qoʻgʻirchoq liderni qoʻymoqchi.
Madaniy hujum
Bu orada jangarilarning MAR va qitʼaning boshqa hududlarida isyonchilarga qarshi kurashi madh etiladigan yangi filmda Vagner guruhi yollanma askarlarining roli aktyorlar tarafidan ijro etilmoqda.
Shanba kuni filmning Bangidagi sport stadionidagi namoyishiga yuzlab tomoshabin yigʻilgan.
Moskvadan kelgan yuzlab harbiy boʻlinmalar hozirligi va Rossiya kompaniyalarining mamlakat oltin va olmos resurslari ustidan nazoratining kuchayishiga bilan birga, MAR tobora kuchayib borayotgan madaniy hujumga duch kelgan.
“Granit” nomli yangi film “Turist” filmidan bir necha oy oʻtib ekranlarga chiqqan – u isyonchilar nazoratidagi hududning MAR kuchlari va rossiyalik ittifoqchilar tomonidan qaytarib olinishi haqida hikoya qiladi.
Kartina frantsuz, sango (MARdagi milliy tillardan biri) va arab tillarida chiqqan.
“Turist” filmida boʻlgani kabi bu filmda ham Rossiyaning Afrikadagi xatti-harakatlari madh etilgan.
“Granit” MARda suratga olingan boʻlsa ham, voqealar Mozambikda boʻlib oʻtadi, u yerda Vagner guruhining “yoʻriqchilari” 2019-yilda Mozambik armiyasiga radikal isyonchilarga qarshi kurashda yordam bergan.
Huquqlarning poymol qilinishi
Shunday boʻlsa-da, Qoʻshma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi (YI) MAR va Liviyada huquqbuzarliklarda ayblangan va Mali bilan yirik shartnomani muhokama qilgan Vagner guruhiga nisbatan bosimni kuchaytirgan.
“Granit” Aurum kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan boʻlib, uning asosiy aktsiyadori rossiyalik tadbirkor, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ittifoqchisi, Vagner guruhini boshqarishda gumon qilinadigan Yevgeniy Prigojin hisoblanadi.
2020-yil oktyabr oyida Yevropa Ittifoqi Vagner guruhi qoʻllovida Liviyadagi vaziyatni beqarorlashtirgani uchun Prigojinga nisbatan sanksiyalar joriy qilgan edi.
Oʻtgan yilning dekabr oyida YI Kengashi Vagner guruhining oʻziga, shuningdek, unga aloqador sakkiz shaxs va uch kompaniyaga nisbatan sanksiyalar qoʻllab, guruhning Ukraina, Suriya, Liviya va MDHdagi “beqarorlashtiruvchi faoliyati” va “zararli taʼsiri”ni tilga olgan edi.
2021-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir guruh ekspertlari MAR askarlari va Vagner harbiylari tomonidan inson huquqlarining poymol qilinishi tinch aholi orasida qurbonlarga olib kelayotgani haqida ogohlantirgan.
BMT bir yil davomida 526 ta inson huquqlarining buzilishi va suiisteʼmol holatlarini qayd etgan boʻlib, tashkilot ekspertlarining taʼkidlashicha, ular kamida 1221 kishining, jumladan, 144 nafari tinch aholining oʻlimiga sabab boʻlgan.
Oktyabr oyi boshida Bangi hukumati ayrim qonunbuzarliklarni tan oldi, ammo ayb asosan isyonchilarda ekanligini taʼkidladi.
Yanvar oyida The Daily Beast nashri 16-yanvar kuni Aygbado qishlogʻi yaqinida rossiyalik yollanma askarlarning oʻt ochib, 70 ga yaqin tinch fuqaroni oʻldirgani haqida xabar bergan.
“Ular hech kimga bir ogʻiz soʻz aytmadilar; ularning faqat qurollari gapirdi”, dedi omon qolganlardan biri. “Men odamlarning qichqirib, yerga yiqilayotganini koʻrdim. Baxtli tasodif tufayligina tirik qoldim.”
Rossiyada yangi inflyatsiya toʻlqini boshlanishi kutilmoqda: ishlab chiqaruvchilar sut va non mahsulotlari narxlarini oshirishmoqda. Haqiqiy isteʼmolga asoslangan 20 foiz inflyatsiya kutilmoqda.
Javob berishFikrlar 4
Rossiya qad rostladi! Lekin uning qorni hali ham yerga tegib turibdi.
Javob berishFikrlar 4
Bir dollar 100 rubldan oshishi mumkin: SWIFT oʻchirilgan taqdirda rublning qulashi bashorat qilindi – “Shok holati” doimiy boʻladi; iqtisodiyot 2 yillik tanazzulga yuz tutadi, deb bashorat qilmoqda BCS GM.
Javob berishFikrlar 4
Qani burnini tiqib koʻrsinchi, Motorola va Kivining ortidan yuboramiz.
Javob berishFikrlar 4