Karvonsaroy
Xavfsizlik

Ichki muammolarini hal qila olmayotgan Rossiya Ukraina inqirozini avj oldirishga oʻtmoqda

Kanat Altinbayev va AFP

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning rasmi tushirilgan plakat 21-yanvar kuni Lugansk viloyatidagi Zolotoye qishlogʻi yaqinida Rossiya qoʻllovidagi ayirmachilar bilan front chizigʻidagi xandaq boʻylab ukrainalik qoʻshinlar uchun mashq nishoniga aylangan. [Anatoliy Stepanov/AFP]

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning rasmi tushirilgan plakat 21-yanvar kuni Lugansk viloyatidagi Zolotoye qishlogʻi yaqinida Rossiya qoʻllovidagi ayirmachilar bilan front chizigʻidagi xandaq boʻylab ukrainalik qoʻshinlar uchun mashq nishoniga aylangan. [Anatoliy Stepanov/AFP]

OLMAOTA – Kuzatuvchilarga koʻra, Rossiyaning Ukrainadagi agressiyasi va joriy inqiroz qisman mamlakat ichidagi iqtisodiy muammolarning kuchaygani va aholining hukumatdan hafsalasi pir boʻlib borayotgani bilan bogʻliq.

Rossiya Ukraina chegarasi yaqinida 100 mingdan ortiq askar toʻplagan, Gʻarb liderlari esa sobiq Sovet davlatiga bostirib kirish “ogʻir oqibatlarga” olib kelishi haqida ogohlantirganlar.

Chorshanba (2-fevral) kuni Qoʻshma Shtatlar Sharqiy Yevropadagi NATO kuchlarini mustahkamlash uchun minglab askarlar joylashtirayotgani, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirish ehtimoli bilan bogʻliq xavotirlar tufayli harbiy javob choralarini kuchaytirayotganini aytdi.

Germaniyadagi ming nafar amerikalik askar Ruminiyaga, 2000 nafari esa AQSHdan Germaniya va Polshaga yuboriladi, dedi Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi.

15-dekabr kuni Moskvadagi oziq-ovqat bozoriga tashrif buyurgan xaridorlar. Ukrainaga bosqin ehtimoli bilan bogʻliq xavotirlar tufayli Rossiya iqtisodiyoti qiyin ahvolda qolgan. [Kirill Kudryavtsev/AFP]

15-dekabr kuni Moskvadagi oziq-ovqat bozoriga tashrif buyurgan xaridorlar. Ukrainaga bosqin ehtimoli bilan bogʻliq xavotirlar tufayli Rossiya iqtisodiyoti qiyin ahvolda qolgan. [Kirill Kudryavtsev/AFP]

Donetsk viloyati Verxnetoretskoye qishlogʻi yaqinida Rossiya qoʻllovidagi ayirmachilarga qarshi jang chizigʻida xandaqdan turib uzun durbin orqali atrofni kuzatayotgan ukrainalik harbiy xizmatchi, 1-fevral. [Anatoliy Stepanov/AFP]

Donetsk viloyati Verxnetoretskoye qishlogʻi yaqinida Rossiya qoʻllovidagi ayirmachilarga qarshi jang chizigʻida xandaqdan turib uzun durbin orqali atrofni kuzatayotgan ukrainalik harbiy xizmatchi, 1-fevral. [Anatoliy Stepanov/AFP]

“Biz [prezident Vladimir] Putinga va butun dunyoga NATO Qoʻshma Shtatlar uchun muhim ekanligi haqida qatʼiy mujda yoʻllashimiz zarur”, dedi Kirbi. “Bu biz amalga oshiradigan tiyib turish choralarining hammasi emas.”

Moskva 30 ming askar yuborishi aytilayotgan Rossiya va qoʻshni Belarusning hamkorlikda harbiy mashqlar oʻtkazish rejalari bu tanglikni yanada kuchaytirgan.

Ukraina 2014-yilda, yaʼni Moskva Qrim yarimorolini anneksiya qilganidan beri ikki boʻlginchi mintaqada Moskva qoʻllovidagi isyonchilarga qarshi kurashib kelmoqda.

Yevropadagi ushbu davomli va keng koʻlamli urush mobaynida jami 13 mingdan ortiq odam halok boʻlgan.

Chalgʻitish

Markaziy Osiyolik kuzatuvchilar Kremlning Kiyevga qarshi provokatsion harakatlarini ichki muammolarning kuchaygani bilan izohlamoqda.

“Rossiya ogʻir damlarni boshidan kechirmoqda”, deydi bishkeklik iqtisodchi Elmira Suranchiyeva Karvonsaroy nashri bilan suhbatda.

“Rossiya 2014-yilda Qrimni anneksiya qilib, Ukraina sharqidagi boʻlginchilarga harbiy-texnik yordam koʻrsatishi ortidan joriy qilingan Gʻarb sanksiyalari mamlakat iqtisodini zaiflashtirdi”.

Soʻnggi oʻn yil ichida rossiyaliklarning turmush darajasi muttasil pasaydi. COVID-19 pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan inqiroz esa iqtisodiyotga qoʻshimcha zarba boʻldi.

Sentabr oyida Rossiyada aholining daromadi 2013-yildan beri 10 foizga kamaydi, narxlar esa oshdi. Avgust oyida inflatsiya 6,7 foizni tashkil etdi.

2018-yilda hukumat pensiya yoshini oshirgani va mamlakat iqtisodiyotining turgʻunlashgani sababli Putinning “Yagona Rossiya” hukmron partiyasi reytingi soʻnggi yillarda pasaygan.

Shunday boʻlsa-da, “Yagona Rossiya” oʻtgan yil sentabr oyida sezilarli soxtalashtirilgani aytilgan parlament saylovlarida rasman 49,82% ovozni qoʻlga kiritdi va parlament quyi palatasi – Davlat Dumasida 450 oʻrinning 300 dan ortigʻini egallagani holda uchdan ikki ovozni qoʻlga kiritib, koʻpchilikni tashkil etdi.

Rossiya oddiy fuqarolarning choʻntaklariga taʼsirni inobatga olmay, harbiy xarajatlarni oshirishda davom etmoqda va bunday xarajatlar boʻyicha dunyoning besh yetakchi davlatidan biri boʻlib turibdi, dedi Suranchiyeva.

“Rossiyaning chekka hududlarida yashovchi odamlar ertaga dasturxoni ustida non va sariyogʻ boʻlishiga ishonmaydi, lekin ular televizordan Putinning yangi raketa bilan maqtanayotganini koʻrishadi – albatta, agar televizorlari boʻlsa”, dedi u.

Rossiyaning Ukraina chegarasidagi xatti-harakatlari Putinning tashqi dushman bilan mojarodan foydalanib, saylovchilar sonini oshirishga urinishidir, deydi Suranchiyeva.

“OAVdagi Ukraina bilan urushga oid barcha shov-shuvlar jamoatchilikni dolzarb muammolardan – qashshoqlik va Rossiyadagi yoshlar uchun istiqbolsizlikdan chalgʻitib, norozilik kayfiyatining kuchayishidan saqlab turibdi”, dedi u.

“Ammo bu oʻyinlarning oqibati yomon: Putin qizil chiziqni kesib oʻtsa, bu uning rejimi uchun halokatli boʻlishi mumkin”.

Putinning tavakkalchiligi

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi Moskva uchun xatarli.

Rossiyaning Ukrainaga hujum qilishi bilan bogʻliq xavotirlar tufayli fond bozoridagi pasayish va rublning qadrsizlanishi ortidan, 24-yanvar kuni Rossiya Markaziy banki chet el valyutasini xarid qilishni toʻxtatganini maʼlum qildi.

Ikki haftalik muttasil pasayishdan soʻng qimmatli qogʻozlar bahosi keskin tushib ketdi, dollarda denominatsiya qilingan RTS indeksi esa 9 foizga pasayib, 2020-yil mart oyidan beri eng yomon qulashini boshdan kechirdi va oʻtgan yilgi barcha oʻsishlarni yoʻqotdi.

Rossiya valyutasining dollarga nisbatan kursi bir yildan ortiqroq vaqt davomidagi eng quyi darajaga tushib, 79 rublni tashkil etgan.

“Rossiya bozori Ukraina bilan bogʻliq geosiyosiy xatarlarning kuchayishi hamda Rossiya va AQSH, Rossiya va NATO oʻrtasidagi muzokaralar fonida pasayishda davom etmoqda”, deb xabar berdi yanvar oyida Bi-bi-si rus xizmati Moskvadagi “Aton” investitsiya kompaniyasiga tayanib.

“Boshiberk koʻchaga kirib qolgan muzokaralar va har ikki tomonning tobora jangovarroq boʻlib borayotgan ritorikasi Rossiya aktivlari, xususan, qimmatli qogʻozlar uchun xavf ehtimoliga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda”.

AQSH prezidenti Jo Bayden va Gʻarb yetakchilari Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan taqdirda “misli koʻrilmagan” iqtisodiy jazo choralari va “jiddiy oqibatlarga olib keladigan” sanksiyalar bilan tahdid qilishgan.

Muhokama qilinayotgan choralar qatorida Rossiya banklarining xalqaro bozorlardagi asosiy valyuta – dollardagi operatsiyalarini taqiqlash va Moskvani xalqaro bank almashuvlarining asosiy mexanizmi boʻlmish SWIFT tizimidan chetlashtirish ham bor.

Markaziy Osiyolik tahlilchilar bu kabi sanksiyalar ularning mamlakatlariga taʼsir qilishi mumkinligidan xavotirda.

Markaziy Osiyo davlatlari bir qancha postsovet respublikalar, jumladan Qozogʻistonni oʻz ichiga olgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) doirasida Rossiya bilan iqtisodiy hamkorlik istiqbollarini tanqidiyroq baholashlari lozim, deydi “Ijtimoiy muammolarni tahlil qilish markazi” nodavlat tashkiloti rahbari, olmaotalik Meruyert Maxmutova.

“Sanksiyalar kelajakda Rossiyaga qanday taʼsir qilishini bilmaymiz, ammo Rossiya iqtisodiyotida ularning oqibatlari sezilarli boʻlishi aniq”, deydi Maxmutova.

“Afsuski, Qozogʻiston ham buning oqibatlarini his qiladi, chunki iqtisodiyotlarimiz bir-biri bilan chambarchas bogʻliq”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 7

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Ukrainaga zaif Rossiya bas kela olmaydi endi. Hozir 2014-yil emas.

Javob berish

Bor gap shu...

Javob berish

Rossiya boʻsh nogʻoraga aylanib qolgan. Maʼnisi yoʻq, ammo vahimasi koʻp.

Javob berish

Rossiyada muzlatgich televizordan ustunroq kelmoqda.

Javob berish

Sekin asta Qrimbizniki BizgaQirgʻinga aylanib qoldi.

Javob berish

Ruslar xarob yoʻllari, vaqtinchalik hojatxonalari, kulbalarini AvtoVAZ zavodi va dahshatli iflos shaharchalarini bosib olishni istaydigan amerikaliklardan haqiqatda qoʻrqishadi.

Javob berish

Rossiyaning oʻzida qashshoqlik jadal surʼatlarda avj olib bormoqda. Pensionerlar axlat qutilarini titib yemak izlayapti. Ukrainadagi maoshlar esa allaqachon Rossiyadagidan yuqori.

Javob berish