Karvonsaroy
Xavfsizlik

“Biz sizni topamiz”: ID yetakchilaridan birining reyd davomida oʻldirilishi ortidan AQSH terrorchilarni ogohlantirmoqda

Karvonsaroy va AFP

Suriyaning shimoli-gʻarbiy Idlib viloyatidagi Atma shaharchasida AQSH maxsus kuchlari tomonidan tunda uyushtirilgan reyddan keyin yerda yotgan jangovar qurilma. Hujum chogʻida ID yetakchisi oʻzini portlatib yuborgan, 3-fevral. [Muhammad Haj Qodir/AFP]

Suriyaning shimoli-gʻarbiy Idlib viloyatidagi Atma shaharchasida AQSH maxsus kuchlari tomonidan tunda uyushtirilgan reyddan keyin yerda yotgan jangovar qurilma. Hujum chogʻida ID yetakchisi oʻzini portlatib yuborgan, 3-fevral. [Muhammad Haj Qodir/AFP]

VASHINGTON, Kolumbiya okrugi – “Islom davlati”ning (ID) yetakchisi AQSH maxsus kuchlari tomonidan Suriyaning Idlib viloyatida oʻtkazilgan reyd chogʻida oʻz-oʻzini portlatib yubordi, deb bayonot bergan AQSH prezidenti Jo Bayden payshanba (3-fevral) kuni.

“Oʻtgan tunda AQSH harbiy kuchlari mening koʻrsatmam bilan Suriya shimoli-gʻarbida Amerika va ittifoqdoshlar xalqini himoya qilish hamda dunyoni yanada xavfsizlantirish uchun aksilterror operatsiyasini oʻtkazdilar”, deb aytgan Bayden oʻz bayonotida.

“Qurolli kuchlarimizning mahorati va jasorati tufayli biz ID yetakchisi Abu Ibrohim al Hoshimiy al-Qurayshiyni jang maydonidan yoʻq qildik”, deb aytgan u.

Payshanba kuni omma oldida reyd haqida soʻzlagan nutqi chogʻida Bayden AQSH kuchlari tinch fuqarolarni himoya qilish uchun “barcha ehtiyot choralarni” koʻrganini, havo zarbasi oʻrniga maxsus kuchlar yordamida operatsiya olib borganini aytib oʻtgan.

IDning asosiy lideri Abu Ibrohim al-Hoshimiy al-Qurayshiy 3-fevral kuni Suriya shimoli-gʻarbida uyushtirilgan reyd chogʻida halok boʻldi. Operatsiyada AQSH maxsus kuchlari va Suriya demokratik kuchlari ishtirok etgan. [Fayl]

IDning asosiy lideri Abu Ibrohim al-Hoshimiy al-Qurayshiy 3-fevral kuni Suriya shimoli-gʻarbida uyushtirilgan reyd chogʻida halok boʻldi. Operatsiyada AQSH maxsus kuchlari va Suriya demokratik kuchlari ishtirok etgan. [Fayl]

Ammo “soʻnggi qoʻrqoqlik harakati” tufayli ID yetakchisi “oʻz-oʻzini portlatib yuborishga qaror qildi”, dedi u. Binoning uchinchi qavatida yuz bergan portlash sababli u bilan birga boʻlganlar, jumladan uning oilasidagi ayollar va bolalar ham halok boʻlishgan.

Reyd vaqtida Atma yaqinida AQSHning elita harbiy kuchlari vertolyoti xavfli qoʻnishni amalga oshirgan.

Suriya inson huquqlari observatoriyasi xabariga koʻra, operatsiyaga AQSHning harbiy tayyorgarligidan oʻtgan Suriya demokratik kuchlari (SDK) askarlari qoʻshilgan, ular Kurdlar nazoratidagi Kobani shahrida joylashgan harbiy bazadan AQSH vertolyotlarida havoga koʻtarilganlar.

Bayden reydda ishtirok etgan SDK bilan “muhim hamkorlikka” urgʻu berarkan, Qoʻshma Shtatlar “IDni taʼqib qilishda” oʻz ittifoqdoshlari va hamkorlari bilan birga ishlashda davom etishini aytdi.

Muvaffaqiyatli oʻtgan reyd “dunyodagi barcha terrorchilarga qatʼiy mujda boʻldi”, dedi Bayden. “Biz sizning izingizga tushamiz va sizni izlab topamiz.”

IDning taniqli yetakchisi Abu Bakr al-Bagʻdodiy ham 2019-yilda Idlibda shunga oʻxshash reyd chogʻida oʻldirilgan edi. Oʻsha reydda ham Kurd kuchlari ishtirok etgan.

Shafqatsizlik bilan orttirilgan obroʻ

Baydenga koʻra, al-Qurayshiy yaqinda Suriyaning shimoli-gʻarbidagi qamoqxonaga uyushtirilgan hujum ortida turgan.

Amir Muhammad Said Abdulrahmon al-Mavla nomi bilan tanilgan ID yetakchisi ekstremistlar guruhining yuqori martabali rolini egallashidan avval tanilmagan shaxs edi.

U 1976-yilda Mosuldan 70 km uzoqlikdagi Tal-Afarda tavallud topgani taxmin qilinadi. Oilasi etnik turkmanlar boʻlib, u IDning arablardan boʻlmagan nodir shaxslaridan biri hisoblanar edi.

Al-Qurayshiy 2003-yilda al-Qoida safiga qoʻshilgan, diniy yetakchi va bosh muftiy vazifasini bajargan, deb xabar bergan Aksilterror loyihasi (CEP).

U al-Bagʻdodiy bilan Iroq janubidagi Kemp-Bukka qamoqxonasida 2004-yilda tanishib qolgan va keyinchalik 2010-yilda al-Bagʻdodiy al-Qoidaning Iroq boʻlinmasiga yetakchi boʻlganidan keyin uning yonida qolgan.

Keyinroq al-Bagʻdodiy hozirda ID nomi bilan tanilgan guruhga asos solish uchun qochgan.

CEP xabariga koʻra, 2014-yilda al-Qurayshiy “al-Qoidadan ketishidan avval” al-Bagʻdodiyni Mosulda kutib olgan va “radikal harakatni toʻliq qoʻllab-quvvatlash va unga sodiq boʻlishga vaʼda berib, IDning shaharni qoʻlga olishiga koʻmaklashgan”.

“U tezda ID yetakchilari safida oʻz oʻrniga ega boʻlib, “Professor” va “Yakson qiluvchi” nomlari bilan tanilgan”, deyiladi CEP xabarida.

ID safida uni “shafqatsiz siyosatchi” va “al-Bagʻdodiy rahbariyatiga qarshi chiqadiganlar yoʻq qiladigan” inson sifatida tanishgan, deyiladi xabarda.

Al-Qurayshiy koʻproq Iroqdagi yazidiy ozchilikni qirgʻin qilish, haydash va jinsiy qulga aylantirishni oqlagani bilan mashhur ekani aytiladi.

AQSH hukumati dunyoda eng ashaddiy qidiruvdagi shaxslardan biri boʻlgan al-Qurashiyni qoʻlga olishga yordam beradigan maʼlumot uchun 10 million dollar mukofot vaʼda qilgan edi.

Qochqinlar orasida yashirin

Al-Qurashiy istiqomat qiladigan Atmadagi bino egasi oʻz ijarachisini oddiy hayot kechiruvchi odam deb taʼriflagan.

“Bu yigit bu yerda 11 oy yashadi. Men unda hech qanday shubhali narsa koʻrmadim va sezmadim ham”, dedi oʻzini Abu Ahmad deb tanishtirgan uy egasi.

“U kelib, ijara pulini toʻlab ketar edi. Uch farzandi va xotini bilan yashardi. Ularning tepasida beva qolgan singlisi va qizi yashar edi”, deydi u.

Guvohning aytishicha, u vertolyotlar tovushidan uygʻonib ketgan.

“Soʻng uncha katta boʻlmagan portlashlar ovozi eshitildi. Keyinroq kuchliroq portlashlarni eshitdik”, dedi Atmada yashovchi suriyalik Abu Ali va AQSH kuchlari aholiga “xavotir olmanglar” deganini qoʻshimcha qildi.

“Biz bu uyga sizni terrorchilardan xalos qilish uchun keldik”, deb aytgan AQSH kuchlari ovoz kuchaytirgich orqali.

AFP xabariga koʻra, shlakoblokdan barpo etilgan ikki qavatli binoda shiddatli janglar izlari bor, deraza romlari singan, shiftlari kuygan va tomi qisman qulagan.

Bino asosan “Tahrir ash-Shom” – bir vaqtlar Suriyadagi “Al-Qoida” shoʻʼbasining sobiq aʼzolari boshchiligidagi ektremistik ittifoq nazoratida boʻlgan hududda joylashgan.

Atmada evakuatsiya qilingan oilalar uchun ulkan jamloq joylashgan boʻlib, ekspertlarning ogohlantirishicha, bu lagerdan ekstremistlar tinch aholi orasiga yashirinish uchun foydalangan.

AQSHning IDga qarshi kurashga sodiqligi

Qoʻshma Shtatlar IDni magʻlub etish va shu maqsadda butun dunyo boʻylab koalitsiya davlatlari bilan mustahkam hamkorlikni davom ettirish majburiyatini tasdiqlab kelmoqda.

IDga qarshi kurash AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiya oʻtgan yil oxirida Iroqdagi jangovar rolini yakunlaganidan soʻng oʻzgardi.

Uning 3500 askari, jumladan 2500 amerika fuqarosi iroqlik hamkasblarga maslahat berish va ularni oʻqitish hamda bilvosita yordam koʻrsatish bilan cheklanmoqda.

“Ushbu yangi bosqichda Iroq bilan hamkorligimiz doim ogoh boʻlishimiz zarurligini aks ettiradi. ID magʻlub etilgan, ammo yakson qilinmagan. Biz hamkor kuchlarimizga Iroq xalqini himoya qilish uchun maslahat va yordam beramiz”, degan edi “Mustahkam qatʼiyat” operatsiyasi Birlashgan operativ kuchlari qoʻmondoni, general-mayor Jon V. Brennan dekabr oyida.

Suriyadagi xalqaro koalitsiya ham yaqinda IDning Gʻuvayron qamoqxonasiga qilgan hujumidan keyin guruhga qarshi kurashga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.

“Koalitsiya SDK boʻyicha hamkorlarimizning jasorati va qatʼiyatini qoʻllab-quvvatlaydi. Biz hamkorlarimizga maslahat, yordam berish va imkoniyatlar yaratishda davom etamiz, zero IDning qayta tiklanishiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi”, deyiladi 27-yanvar kuni “Mustahkam qatʼiyat” operatsiyasi Birlashgan operativ kuchlarining Tvitter sahifasida.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Ruslarning suriyaliklarga qarshi jinoyatlari allaqachon Haagada tergov qilinmoqda.

Javob berish

Yaxshiyamki, AQSH ISHIDga qarshi kurashmoqda. Aks holda, bu Kreml bolasi mintaqadagi barcha mamlakatlarga tahdid solmoqda.

Javob berish