Karvonsaroy
Xavfsizlik

Aeroportlarda Xitoyning harbiylarga aloqador xavfsizlik skanerlari butun dunyoda xavotirga sabab boʻlmoqda

Karvonsaroy

Fransiya aeroportdagi issiqlik va xavfsizlik skanerlari, 2020-yil. [Bertran Guay/AFP]

Fransiya aeroportdagi issiqlik va xavfsizlik skanerlari, 2020-yil. [Bertran Guay/AFP]

Xitoyning harbiy va siyosiy elitasi bilan yaqin aloqalarga ega kompaniya dunyodagi eng muhim aeroportlar, chegaradan oʻtish punktlari va diplomatik tadbirlarda xavfsizlikni tekshirish ishlariga masʼul ekani maxfiylik va maʼlumotlardan notoʻgʻri foydalanish xavfi borasidagi xavotirlarni paydo qilgan.

Associated Press (AP) agentligining 20-yanvar kungi xabariga koʻra, Nuctech kompaniyasi yuk va transport vositalarini skanerlash sohasida oʻz daromadi boʻyicha dunyoning yetakchi kompaniyasiga aylangan.

Aeroportlarda yoʻlovchilar va yuklar oʻtkaziladigan rentgen nurli xavfsizlik skanerlaridan tashqari, kompaniya portlovchi moddalar detektorlari va ular bilan bogʻliq shaxsni tasdiqlovchi guvohnoma yoki chiptalarni identifikatsiya qilish, tana haroratini oʻlchash va yuzni tanish qurilmalarini ishlab chiqaradi.

Qoʻshma Shtatlar, Kanada va boshqa bir qator Gʻarb davlatlari hukumatlari milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan Nuctech uskunalaridan voz kechgan.

Oʻtgan yil 28-oktabrda olingan ushbu fotosuratda Belgiyaning Zebryugge shahridagi yuk mashinasi skaneri aks etgan. [Jon Tis/AFP]

Oʻtgan yil 28-oktabrda olingan ushbu fotosuratda Belgiyaning Zebryugge shahridagi yuk mashinasi skaneri aks etgan. [Jon Tis/AFP]

AP tomonidan koʻrib chiqilgan davlat xaridlari, hukumat va korporativ maʼlumotlarga koʻra, ushbu kompaniya qurilmalari Yevropa Ittifoqiga (YI) aʼzo 27 davlatdan 26 tasida bor.

NATOning Rossiya bilan chegaralari boʻylab, Yevropaning eng yirik bandargohlari va aeroportlarida Nuctech skanerlari borligi sababli, Gʻarb mamlakatlarida Pekinning bu skanerlar orqali hukumat, sanoat yoki shaxsiy maʼlumotlarni qoʻlga kiritishidan tashvishlanayotgan xavfsizlik mutasaddilari va siyosatchilar soni ortib bormoqda.

“Ushbu qurilmalar tomonidan qayta ishlanadigan maʼlumotlar juda maxfiy. Ular shaxsiy, harbiy va yuklarga oid maʼlumotlardir. Tijorat sirlari xavf ostida boʻlishi mumkin”, deydi Yevropa parlamenti aʼzosi va Gollandiya mudofaa vazirligining kiberxavfsizlik boʻyicha sobiq rahbari Bart Grotuis.

“Siz ularning toʻgʻri qoʻllarda ekaniga amin boʻlishni istaysiz”, dedi u. “Siz strategik va geosiyosiy raqib boʻlgan xorijiy oʻyinchiga qaramsiz.”

SecureTech korporatsiyasi maʼlumotlariga koʻra, Nuctech xavfsizlik mahsulotlari butun Markaziy Osiyo boʻylab, xususan Qozogʻistonda ham mavjud boʻlib, kamida 26 bojxona punktida, jumladan Chimkent va Olmaota aeroportlari va Aqtov dengiz portiga oʻrnatilgan.

Murakkab qudrat tarmogʻi

Nuctech 1911-yilda asos solingan Pekindagi nufuzli davlat tadqiqot universiteti Sinxua universitetining shoʻʼbasi hisoblanadi.

2012-yilda Forbes ushbu universitetni Xitoyning “qudrat fabrikasi” deb atagan, chunki koʻplab xitoylik siyosatchilar, jumladan, Xitoy yetakchisi Si Szinpin, sobiq prezident Xu Tszintao, sobiq bosh vazir Chju Juntszi, Markaziy bankning sobiq raisi Chjou Syaochuan va sobiq moliya vaziri Lu Jivey mazkur universitet bitiruvchilari sanaladi.

Nuctech oʻzini “mustaqil innovatsiyalarga” tayanadigan “masʼuliyatli Xitoy yuqori texnologiya korxonasi” deb ataydi.

Ammo kompaniyaning mulkchilik tuzilmasi shu qadar murakkabki, unda taʼsir, hisobdorlik va nazorat yoʻnalishlarini aniqlash mushkul.

Biroq, maʼlum boʻlgani shuki, Nuctech Xitoy kommunistik partiyasining akademik va milliy xavfsizlik manfaatlari bilan chambarchas bogʻliq.

2000-yillarda kompaniyani asosan Xuning oʻgʻli Xu Xayfen boshqargan.

Niderlandiyaning Xitoyga ixtisoslashgan iqtisodiy razvedka kompaniyasi – Datenna maʼlumotlariga koʻra, Nuctech mulkchilik tuzilmasi hozirda toʻrtta egalik darajasi boʻyicha oʻnlab yirik korxonalarni oʻz ichiga oladi, ular orasida toʻrtta davlat kompaniyasi va uchta davlat idorasi bor.

Nuctechning 71% ulushga ega eng yirik aksiyadori 1997-yilda Sinxua universiteti tomonidan taʼsis etilgan “Tongfang Co.” yuqori texnologik korxonasidir. Bu aloqa zararsiz koʻrinsa-da, bogʻliqlikning izidan borilsa, anchayin murakkab toʻrga duch kelish mumkin.

“Tongfang”ning eng yirik aktsiyadori Xitoy Milliy yadro korporatsiyasining (CNNC) investitsiya boʻlimi boʻlib, u 21% Nuctech aktsiyalariga ham egalik qiladi.

CNNC – Xitoy Davlat kengashi tomonidan nazorat qilinadigan davlat energetika va mudofaa konglomeratidir.

AQSH mudofaa vazirligi CNNCni Xitoy harbiy kompaniyasi deb hisoblaydi, chunki u Xalq ozodlik armiyasi (XOA) bilan ilgʻor texnologiyalar va tajriba almashadi.

“Biz Xitoy davlati tomonidan nazorat qilinadigan va Xitoy armiyasiga aloqador Nuctech kompaniyasiga chegaramiz xavfsizligi va infratuzilmamizning muhim qismlarida ishtirok etishga ruxsat berishni istaymizmi yoki yoʻqmi, masala shunda”, deydi Datenna bosh direktori Yaap van Etten AP bilan suhbatda.

“Shunchaki kompaniya emas”

Qoʻshma Shtatlar va Kanada, shuningdek, soni tobora koʻpayib borayotgan Yevropa davlatlari bunga qatʼiyan “yoʻq” deb javob beradi.

2020-yil iyul oyida Kanada hukumatining xavfsizlik tekshiruvi Nuctech kompaniyasining rentgen nurli xavfsizlik skanerlari potensial ravishda maʼlumot toʻplash va uzatish, portativ elektron qurilmalarni buzish yoki “yovuz” qurilmalar tranzitiga ruxsat berish uchun natijalarni oʻzgartirishda ishlatilishi mumkinligini aniqladi.

Oqibatda Kanada hukumati “yuqori darajadagi josuslik tahdidi” sabab butun dunyo boʻylab Kanadaning 170 dan ortiq diplomatik vakolatxonalarini rentgen skanerlash uskunasi bilan taʼminlash boʻyicha Nuctech kompaniyasining ochiq taklifini rad etdi.

2020-yil dekabr oyida AQSH Savdo vazirligi Nuctech kompaniyasini Sanoat va xavfsizlik obyektlari byurosining roʻyxatiga kiritib, uning “past samarali uskunalari” sabab milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan kompaniya eksportini cheklagan edi.

Wall Street Journal (WSJ) nashrining 2020-yil iyun oyidagi maʼlumotlariga koʻra, hukumatning maxfiy hisoboti koʻrib chiqilganidan soʻng, 2014-yildan eʼtiboran AQSH aeroportlarida Nuctech uskunalaridan foydalanish butunlay taqiqlangan.

Ammo yillar davomida Nuctech oʻz narxlarini pasaytirish orqali Yevropadagi oʻrnini mustahkamlagan.

Raqobatchilarga koʻra, kompaniya takliflari raqobatchilarnikidan 25-50% pastroq boʻlishi mumkin va baʼzida ular kengaytirilgan texnik xizmat koʻrsatish shartnomalari va manfaatli kreditlar kabi imtiyozlarni oʻz ichiga oladi.

AQSH Davlat departamentining 2020-yil 26-maydagi memorandumida aytilishicha, Nuctech “AQSHdagi ishlab chiqaruvchilar hisobiga Yevropadagi oʻta muhim infratuzilma sohalarida muhim bozor ulushini qoʻlga kiritish uchun oʻn yillik agressiv kampaniya olib bormoqda”.

Xitoyning Yevropaga taʼsiri, texnologiyalar va dezinformatsiyaga ixtisoslashgan tadqiqotchi Didi Kirsten Tatlouning aytishicha, Nuctech narxlari “davlat iqtisodiyot boshqaruvidir”.

“Aslida u kompaniya ham emas”, dedi u AP bilan suhbatda. “U koʻproq davlat taraqqiyot dasturining qanotiga oʻxshaydi.”

“Strategik investitsiyalar”

“Bu tobora xavfliroq boʻlib bormoqda”, deydi maʼlumotlarni himoya qilish bilan shugʻullanuvchi Yevroparlamentning germaniyalik deputati Aksel Voss.

“Nuctech tizimi bir-ikkita aeroportda boʻlsa ham mayli edi, lekin koʻplab mintaqalar demping narxlar tufayli ulardan foydalanmoqda”, dedi u. “Bu tobora xavfsizlik bilan bogʻliq masalaga aylanmoqda. Buni Xitoy hukumatining strategik investitsiyasi deyish ham mumkin.”

Voss 2019-yil dekabr oyida Yevropa Komissiyasining (YK) yuqori martabali aʼzolariga elektron maktub orqali Nuctech amaliyotlari borasidagi xavotirlarini izhor etgan. YK Yevropa Ittifoqining ijrochi organi hisoblanadi.

Kompaniyaning “past narxlarni belgilash strategiyasi” uning maqsadi tijorat emas, balki “Evropa Ittifoqining strategik infratuzilmasi va maʼlumotlarga asoslangan bilimlarni nazorat qilishdan manfaatdorlik” ekanligini koʻrsatadi, deydi u.

AQSH Davlat departamenti maʼlumotlariga koʻra, Nuctech Yevropaning dengiz yuklari skriningi uskunalari bozorining 90 foizini hamda yuk mashinalari va aeroport yoʻlovchilarining bagajlarini tekshirish boʻyicha Yevropa bozorining taxminan 50 foizini egallagan.

Berlindagi Merkator Xitoy tadqiqotlari instituti direktori Mikko Xuotari 2020-yil fevral oyida Politico nashriga bergan intervyusida: “Bu mashinalar allaqachon butun Yevropa boʻylab oʻrnatilgan. Ular hamma joyda bor”, degan edi.

Inson huquqlariga oid xavotirlar

Nuctech texnologiyasi, xususan, yuzni tanish, barmoq izlari va inson tanasini skanerlashda “mikrooʻlchov”dan foydalanish, ayniqsa, Xitoyning Shinjon shimoli-gʻarbiy mintaqasida inson huquqlari bilan bogʻliq xavotirlarni kuchaytirgan.

Shinjondagi “siyosiy qayta tarbiyalash” lagerlarida kamida bir million uygʻur va asosan musulmonlardan iborat boshqa turkiyzabon ozchiliklar vakillari hibsda saqlanadi.

Mustaqil tergovlar va sobiq mahbuslar bilan oʻtkazilgan suhbatlar davomida ushbu lagerlarda jismoniy va ruhiy qiynoqlar, ongni zaharlash, muntazam zoʻrlashlar va jinsiy tahqirlash kabi amaliyotlar qoʻllanishi maʼlum boʻlgan.

Inson huquqlari tashkilotlari va koʻplab Gʻarb mamlakatlari, jumladan AQSH, Kanada, Niderlandiya, Britaniya, Belgiya va Fransiya Pekinning Shinjondagi siyosatini“insoniyatga qarshi jinoyatlar” va “genotsid” deb atagan.

“Nuctech”ning xitoy tilidagi saytida aytilishicha, mamlakatning gʻarbiy hududlari, jumladan, Shinjon kompaniya uchun “muhim biznes sohalaridan biri” sanaladi.

Xitoy hukumati maʼlumotlariga koʻra, kompaniya Shinjon politsiyasi va boshqa idoralar bilan hamkorlik qilib, rentgen apparatlari, davlat raqamlarini aniqlash qurilmalari va mintaqa poytaxti Urumchi shahridagi metroni integratsiyalashgan xavfsizlik tizimi bilan taʼminlaydi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500