TOSHKENT – Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning Oʻzbekiston Rossiya-Belarus ittifoqiga qoʻshilishi muqarrar ekani haqidagi bayonoti oʻzbekistonlik deputatlar va kuzatuvchilar tarafidan mazax bilan qarshi olindi.
Oʻzbekiston va boshqa sobiq sovet davlatlari 15 yil ichida Rossiya va Belarus tomonidan 1999-yili tuzilgan ittifoq tarkibiga kirishi mumkin, deb aytgan Lukashenko 7-fevral kuni “Solovyov Live” YouTube-kanaliga bergan intervyusida.
Kelajakda bu ittifoqqa Ukraina va Armaniston ham qoʻshilishi mumkin, dedi u. Lukashenko, aftidan, Armanistonning 2020-yilda Ozarbayjon bilan urushda magʻlub boʻlganidan keyingi mushkul ahvolini nazarda tutib, uning “boshqa chorasi yoʻqligini” taʼkidlagan.
Yanvar oyida Qozogʻistonda qonli norozilik namoyishlari bilan kechgan inqiroz “yaxshi saboq boʻldi”, deb qoʻshimcha qildi u Rossiya boshchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) qoʻshinlarining aralashuvidan soʻng tugagan bir necha kunlik tartibsizliklarga ishora qilib.
“Oʻylaymanki, Turkmaniston ham, Oʻzbekiston va Tojikiston ham zarurat tufayli, eng avvalo, iqtisodiy ehtiyojdan kelib chiqib unga qoʻshiladi”, dedi Lukashenko.
“Iqtisodiyotning ishlashi uchun kamida 350-450 million aholiga ega qandaydir uyushma yaratish kerak boʻladi”, dedi rossiyalik telejurnalist, YouTube-kanali boshlovchisi Vladimir Solovyov.
“Darhaqiqat, Gʻarb bizga qarshi nimalar qilayotganini koʻrib turibmiz”, dedi u mujmal qilib, aftidan Gʻarbning Ukrainani dastaklayotganiga ishora qilib.
Lukashenko Oʻzbekistonni Rossiya yetakchiligidagi bloklarga qoʻshilishga ilk bor chaqirayotgani yoʻq.
Ayniqsa, Oʻzbekiston Qozogʻistondagi tartibsizliklardan saboq chiqarishi kerak, degan edi u 10-yanvar kuni zoʻravonliklar ortida turganlar Oʻzbekistonga ham “koʻz” tikayotgan boʻlishi mumkinligini taxmin qilib.
Bunga javoban 13-yanvar kuni Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Lukashenkoning bayonotini “asossiz” deb atadi.
“Biz mintaqadagi vaziyatni, xavfsizlikka boʻlgan barcha xavf-xatarlarni diqqat bilan kuzatib boryapmiz”, dedi u. “Har qanday tahdidga nisbatan munosib javob qaytarish va zarba berish uchun yetarli kuch va salohiyatga egamiz.”
Lukashenkoning xomxayollari
Oʻzbekistonlik kuzatuvchilar Lukashenkoning daʼvolariga salbiy munosabat bildirgan.
“Bu insonning Oʻzbekiston haqidagi fantaziyalarini jiddiy qabul qilish shart emas”, dedi “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov.
Belarusda oʻtkazilgan soʻnggi ijtimoiy soʻrovlar Aleksandr Lukashenkoning siyosatchi sifatidagi reytingi 25-30 foiz atrofida ekanligini koʻrsatdi, dedi u. Shuningdek, soʻrovda ishtirok etganlarning 46% – “hech qachon Lukashenkoga ovoz bermasligini” maʼlum qilgan.
Adliya vazirining maslahatchisi, oʻzbek blogeri Shahnoza Soatova Tashqi ishlar vazirligini Lukashenkoning bayonotiga munosabat bildirishga undagan.
“Ishonch kerak ertamizga, mustaqilligimiz bardavomligiga. Beringlar shu ishonchni, munosib diplomatik javob qaytaringlar bu odamga”, dedi u.
Londonda yashovchi Markaziy Osiyo boʻyicha tahlilchi Alisher Ilhomovga koʻra, Lukashenkoning bayonoti uch narsani anglatadi.
“Birinchisi, bu Putinga yoqish istagidan kelib chiqqan, ayniqsa Putin xalqaro hamjamiyatdan yakkalanib qolgan bir paytda”, deydi u. “Lukashenko oʻz tashabbusiga koʻra harakat qildimi yoki Kreml bilan kelishibmi, bunisi muhim emas”.
Ikkinchidan, Belarus prezidentining oʻzi xalqaro maydonda yakkalanib qolgan va oʻzining yolgʻizligidan juda nooʻngʻay holatda boʻlib, buni postsovet davlatlarning boshqa yetakchilari bilan birga boʻlishishni istaydi, dedi u.
“Va uchinchisi: paradoks shundaki, uning murojaati, ayniqsa, KXSHT amalda politsiya tuzilmasiga aylantirilganidan keyin koʻrib chiqilishi mumkin”, dedi Ilhomov. “Diktatorga aynan shunday “politsiya xizmati” kerak, ayniqsa u prezidentlik lavozimida uzoq oʻtirib qolsa”.
Aftidan, Lukashenko hokimiyatda qolish uchun Kreml yordamiga muhtojligini aytmoqchi, deb qoʻshimcha qildi u.
Putinning jamoasi
Lukashenko 2020-yilning avgustida oʻtgan bahsli prezidentlik saylovlaridan keyin Rossiya prezidenti Vladimir Putinning qoʻllab-quvvatloviga ega boʻlgach, Moskva bilan aloqalarni mustahkamlashga vaʼda bergan edi.
Putin, shuningdek, mushkul ahvolda qolgan Belarusning avtoritar lideriga 1,5 milliard dollarlik kredit vaʼda qilib, ikki davlat oʻrtasidagi aloqalarni yanada kuchaytirdi.
Oʻzbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning fikricha, Belarusdagi ommaviy namoyishlardan soʻng Lukashenko Kremlning oʻz mamlakati ustidan toʻliq monopoliyasiga tan berishga majbur boʻlgan.
Namoyishlar Lukashenkoning prezidentlik saylovlarini tan olmay, ehtimoliy gʻolibni quvgʻin qilishi ortidan boshlanib ketgan.
Hozirda u Putin jamoasida hujumchi sifatida oʻynayapti, dedi Rabbimov futbol terminologiyasini qoʻllab.
“Lukashenkoning bayonotidan bilish mumkinki, Kremlda sobiq ittifoqni yangi formatda qayta tuzish borasida yaxshi oʻylangan loyihalar mavjud: u “suvereniteting oʻzingda qolaversin (ichki muammolaringni oʻzing hal qil), lekin ittifoqning bir qismi sifatida baribir Kreml nazoratida qolasan”, demoqda.
Yaʼni, Toshkentga yuzlanib, “geosiyosatdagi koʻp vektorli siyosating tugamoqda” demoqchidek, dedi u.
“Moskva Gʻarbga qarshi oʻzining avtoritar ittifoqini yaratish yoʻlida keskin choralarga koʻrishga oʻtgan”, dedi Rabbimov. “Ammo Oʻzbekiston hozircha... geosiyosiy muvozanatni saqlab turishga muvaffaq boʻlmoqda”.
Turkmaniston va Oʻzbekiston amalda Kremlning KXSHT va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) kabi strategik bloklari tarkibiga kirmaydi, deb taʼkidlaydi bishkeklik jurnalist Odilbek Turdiqulov.
Ular rus elitasining gʻashiga tegib, mustaqil tashqi siyosat yuritmoqda, bu esa Toshkent va Ashxobodga nisbatan bosim oʻtkazish urinishlarga olib keladi, deydi u.
“Oʻylaymanki, Lukashenko buni tushunadi; aslida u shu yoʻl bilan oʻzining ichki siyosiy muammolarini hal qilmoqda”, dedi u.
“U muammolardan eʼtiborni chalgʻitib, mavzuni oʻzgartirmoqda va umuman olganda, oʻzining muhim shaxs ekanligini koʻrsatishga urinmoqda”, dedi Turdiqulov. “Oʻzini Putin bilan tenglashtirmoqda”.
Chirigan “Ittifoq davlatingiz” kimga ham kerak? Agar AQSh yoki Yevropa Ittifoqi haqida gapirishsa, buni tushunsa boʻlardi. Bu boshqa gap boʻlardi.
Javob berishFikrlar 4
Ukraina Rossiyaning beshinchi kolonnasini butunlay yoʻq qildi.
Javob berishFikrlar 4
Hatto eng kambagʻal davlatlar ham Rossiyaga qoʻshilishni va qashshoq SSSRda yashashni xohlamaydilar.
Javob berishFikrlar 4
Gʻarb Rossiyani “Terrorizmga homiylik qiluvchi davlatlar” roʻyxatiga kiritishi kerak.
Javob berishFikrlar 4