Karvonsaroy
Xavfsizlik

Rossiya harbiy hozirligining kuchayishi KXSHTga aʼzo davlatlarni xavotirga solmoqda

Kanat Altinbayev

KXSHTga aʼzo davlatlar aholisi oʻz mamlakatlarining Rossiya-Ukraina chegarasidagi harbiy nizoga jalb qilinishi mumkinligidan xavotirda. [Fayl]

KXSHTga aʼzo davlatlar aholisi oʻz mamlakatlarining Rossiya-Ukraina chegarasidagi harbiy nizoga jalb qilinishi mumkinligidan xavotirda. [Fayl]

OLMAOTA – Kollektiv xavfsizlik shartnomasi Tashkilotiga (KXSHT) aʼzo ayrim davlatlar aholisi oʻz mamlakatlari Rossiya–Ukraina chegarasidagi harbiy mojaroga jalb etilishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.

Rossiya Ukraina chegaralari yaqinida 100 mingdan ortiq askar toʻplagan, Gʻarb yetakchilari esa sobiq sovet davlatiga bostirib kirish “ogʻir oqibatlarga” olib kelishi haqida ogohlantirganlar.

Chorshanba (16-fevral) kuni NATO rahbari Yyens Stoltenberg: “Aftidan, Moskva qoʻshinlarning bir qismini olib chiqishi haqida eʼlon qilganiga qaramay, Ukraina atrofida harbiy hozirlikni mustahkamlashda davom etmoqda”, deb aytgan.

“Moskvaning diplomatik saʼy-harakatlarni davom ettirishga tayyorligi haqidagi mujdani eshitdik, biroq hozirgacha joylarda tanglikni yumshatish harakatlarini koʻrganimiz yoʻq”, deb aytgan Stoltenberg NATO mudofaa vazirlari yigʻilishi oldidan.

Xarkov viloyati Chuguyev shahri yaqinida tanklar, oʻziyurar qurollar va boshqa zirhli texnika ishtirokida jangovar oʻq otish mashqlarini oʻtkazayotgan Ukraina qoʻshinlari, 10-fevral. [Sergey Bobok/AFP]

Xarkov viloyati Chuguyev shahri yaqinida tanklar, oʻziyurar qurollar va boshqa zirhli texnika ishtirokida jangovar oʻq otish mashqlarini oʻtkazayotgan Ukraina qoʻshinlari, 10-fevral. [Sergey Bobok/AFP]

AQSH armiyasi Germaniyadan Ruminiyaning Ramniku Valcha shahridagi harbiy bazaga olib kelgan jangovar texnika, 10-fevral kuni olingan surat. Bu qurollar Rossiyaning Ukrainaga nisbatan tahdidlariga javoban AQSHning Sharqiy Yevropadagi NATO aʼzolariga dastagi doirasida yetkazib berilgan. [Andrey Pungovskiy/AFP]

AQSH armiyasi Germaniyadan Ruminiyaning Ramniku Valcha shahridagi harbiy bazaga olib kelgan jangovar texnika, 10-fevral kuni olingan surat. Bu qurollar Rossiyaning Ukrainaga nisbatan tahdidlariga javoban AQSHning Sharqiy Yevropadagi NATO aʼzolariga dastagi doirasida yetkazib berilgan. [Andrey Pungovskiy/AFP]

“Aksincha, Rossiya harbiy hozirligini mustahkamlashda davom etayotgan koʻrinadi”, dedi u.

Gʻarb yetakchilari aloqa liniyalarini ochiq holda saqlash maqsadida Moskvada boʻlib, Rossiyaga NATOning Sharqiy Yevropa va sobiq sovet davlatlari hisobiga kengayishi borasida oʻz noroziligini bildirish imkoniyatini berdilar.

Rossiya NATOning Sharqiy Yevropadagi kuchlarini olib chiqishi va Ukrainani hech qachon oʻz safiga qabul qilmasligi borasida yozma kafolatlar olishga urinmoqda.

AQSH va NATO Rossiyaning talablarini rasman rad etgan.

KXSHT rasmiylarining taxminicha, tashkilot ehtimoliy mojaroga jalb qilinishi mumkin.

NATO barcha KXSHT aʼzolari uchun xavf tugʻdiradi, deb aytgan tashkilot bosh kotibi Stanislav Zas 23-yanvar kuni Belarusning ONT telekanaliga bergan intervyusida.

“KXSHTning gʻarbiy chegaralari yaqinida Sharqiy Yevropaning harbiy hozirligining mustahkamlanishi, bu hududlarda harbiy faollikning kuchayishi tashkilotimizga aʼzo mamlakatlar xavfsizligini oshirishga xizmat qilmaydi”, dedi Zas.

Rossiya yetakchiligidagi KXSHT olti sobiq sovet respublikasi: Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Belarus va Armanistondan tarkib topgan.

“Bu bizning urush emas”

“Rossiyaning NATO bilan muammolari – bu uning oʻz muammolari, ularning bizga daxli yoʻq”, deydi Qirgʻizistonning “Islohot” siyosiy partiyasi faoli, bishkeklik Osmon Kangeldiyev.

“Bu Rossiyaning sof geosiyosiy manfaatlari, biz KXSHTga aʼzo boʻlganimiz bilan, ularni himoya qilishga majbur emasmiz”, dedi u.

Ayni vaqtda Qirgʻizistonning resurslari cheklangan, shu bois qirgʻiz askarlari Rossiyani emas, balki oʻz mamlakatlarini himoya qilishlari kerak, deb qoʻshimcha qilgan u.

Tashkilot 2021-yil bahorda Qirgʻiziston va Tojikiston chegarasida roʻy bergan nizoni eʼtiborsiz qoldirganidan keyin Jogorku Kenesh – Qirgʻiziston parlamentida KXSHTga nisbatan sovuqqon munosabat shakllangan.

Oʻshanda qirgʻizistonlik deputatlar mamlakatning KXSHTga aʼzoligi oʻzini oqlaydimi-yoʻqmi, degan savolni koʻtargan edilar.

“Bir mamlakat ikkinchisiga ochiqdan-ochiq hujum qilganida KXSHT bunga umuman ahamiyat bermadi. Nimaga KXSHTga aʼzo boʻlganmiz oʻzi?”, deb savol bergan qirgʻizistonlik deputat Aybek Osmonov.

Qozogʻistonda ham Rossiyaning Gʻarb bilan nizoga kirishishiga nisbatan norozilik kayfiyati keng tarqalgan.

Olmaotalik matematika oʻqituvchisi Aziza Rispayevaning 19-yashar oʻgʻli majburiy harbiy xizmatni oʻtamoqda. U oʻgʻlini KXSHTning harbiy chaqiruviga yubormasligini aytadi.

“Demak, mening oʻgʻlim boshqa davlatning manfaati uchun oʻz jonini fido qilishi kerakmi? Yoʻq, rahmat”, deb aytgan u.

Rossiya tashqi muammolarini oʻzi hal qilishi, Qozogʻiston va boshqa KXSHT davlatlari harbiy xizmatchilarini oʻz kampaniyalariga jalb qilmasligi kerak, deydi Nur-Sultonda yashovchi armiya leytenanti Asxat Ustemirov.

“Bu bizning urushimiz emas”, deb aytgan u Karvonsaroy nashriga.

Ustemirov Moskva KXSHTni Ukraina bilan nizoga jalb qilishiga shubha bildirgan boʻlsa-da, Kreml yanvar oyida KXSHT orqali Qozogʻistondagi vaziyatni barqarorlashtirishda taqdim etgan harbiy koʻmakni qaytarishi uchun Nur-Sultonga bosim oʻtkazishi mumkin, deb aytgan.

“Putin Qozogʻistonni qarzdor deb biladi”, deydi Ustemirov.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 7

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Salom! Ukraina erkin, demokratik davlat! Buni tushunish kerak! Deputat O. Kangeldiev 100 foiz haq! Biz – ilg‘or odamlar – hammamiz Ukraina atrofidagi vaziyatni kuzatyapmiz va bir narsa aniq: Kreml demokratiya niqobi ostida Ukrainaga yana o‘z siyosatini oʻtkazishga urinmoqda! Bu manyovr ish bermaydi! Lekin bizning prezident siyosatda noʻnoq ekanligini isbotladi. S.Japarov siyosiy maydonda zaif oʻyinchi bo‘lib chiqdi. Qirgʻiz sifatida men uchun uyat bu!

Javob berish

Birinchi “sovuq urush” davrida ham SSSR va AQSH oʻz ittifoqchilarining qurolli kuchlarini jalb qilmasdan bir qancha mahalliy mojarolar ishtirok etishgan va qarama-qarshi ittifoqlarning ayrim aʼzolari “oʻz” gegemoniga nisbatan noodatiy pozitsiyani egallagan.

Javob berish

aloqani uzish kk edi davno rus xalqi xech qachon yaxshilik qilmaydi foydasiga bolsa qiladi

Javob berish

Belarus OAV xabariga koʻra, Gomel viloyati Xrapkovo qishlogʻi yaqinida muzlab oʻlgan rossiyalik askarlarning jasadlari topildi. Aytilishicha, ular mast holatda boʻlishgan va harbiy bazadan tashqarida uxlab qolishgan. Askarlar Rossiya va Belarus hamkorligidagi “Ittifoq qatʼiyati-2022” qoʻshma harbiy mashgʻulotlarida qatnashganlar. Bu haqda “Belaruskaya Prauda” nashri xabar bermoqda.

Javob berish

SSSRning eksgumatsiyasi boshlandi. Rus imperialistlari bu chirigan jasadni tatib koʻrishmoqchi.

Javob berish

Toʻgʻri, KXSHTni tark etishimiz kerak. Bu ishgʻol va hujum qilish uchun tuzilgan tashkilot.

Javob berish

Rossiya Ukrainaga hujum qilmaydi, chunki chalajon Rossiyaning bunga kuchi yetmaydi. Aniqki, buning uchun 100 ming askar yetarli emas – ular kamida 400-500 ming boʻlishi kerak, Rossiya buncha odam yigʻa olmaydi.

Javob berish