Karvonsaroy
Ommaviy axborot vositalari

Qozogʻistonliklar Germaniyaning RTni taqiqlaganini Rossiya tashviqotiga qarshi chora oʻlaroq baholamoqda

Kseniya Bondal

RT kanali boshlovchisi Moskvadagi studiyadan efirga chiqishga tayyorlanmoqda, 2018-yil, 8-iyun. [Yuriy Kadobnov/AFP]

RT kanali boshlovchisi Moskvadagi studiyadan efirga chiqishga tayyorlanmoqda, 2018-yil, 8-iyun. [Yuriy Kadobnov/AFP]

OLMAOTA – Qozogʻistonlik kuzatuvchilar Rossiya tashviqotining zararli oqibatlarini taʼkidlab, Germaniyada Rossiyaning RT davlat teleradiokompaniyasining nemis tilidagi efiri taqiqlanganini olqishladilar.

RT DE kanalining translyatsiyasi “taqiqlangan, chunki u tegishli litsenziyasiga ega emas”, deyiladi Germaniya regulyatorining litsenziyalash va nazorat komissiyasining 2-fevral kungi bayonotida.

Yevropaning sunʼiy yoʻldosh tarmogʻi RT DE telekanalini 22-dekabr kuni, efirga chiqqanidan bir hafta oʻtmay nemis rasmiylarining talabi bilan blokladi, biroq unga internet va mobil ilova orqali kirish mumkin edi.

Bunga javoban RT DE teleradiokompaniyasi Moskvadan efirga chiqayotgani, Serbiyaning uzatish litsenziyasiga ega ekanligini va bu litsenziya Yevropa qonunchiligiga koʻra Germaniyada translyatsiya huquqini berishini aytgan.

2020-yil 10-dekabrda Vyacheslav Nikonov Qozogʻiston hududini “Rossiyaning ulkan sovgʻasi” deb atagan “Bolshaya igra” (Katta oʻyin) telekoʻrsatuvidan olingan kadr. [Fayl]

2020-yil 10-dekabrda Vyacheslav Nikonov Qozogʻiston hududini “Rossiyaning ulkan sovgʻasi” deb atagan “Bolshaya igra” (Katta oʻyin) telekoʻrsatuvidan olingan kadr. [Fayl]

Kremlparast siyosiy faollar Qozogʻistonning Moskvadagi elchixonasi oldiga “Shimoliy Qozogʻiston – Rossiya yerlari” deb yozilgan plakatni osib qoʻyishgan. [PATRIOT/Telegram]

Kremlparast siyosiy faollar Qozogʻistonning Moskvadagi elchixonasi oldiga “Shimoliy Qozogʻiston – Rossiya yerlari” deb yozilgan plakatni osib qoʻyishgan. [PATRIOT/Telegram]

Ammo nemis regulyatori telekanal Berlinda joylashgani va “Evropa qonunchiligi boʻyicha tegishli ruxsatnoma”ga ega emasligini aytdi.

RT DE regulyatorning qarori ustidan sudga shikoyat qilishini aytgan.

Bunga javoban Moskva Germaniyaning Deutsche Welle (DW) teleradiokompaniyasini yopishni buyurdi, uning xodimlari akkreditatsiyalarini bekor qildi va uni “xorijiy agent” deb topish jarayoni boshlanganini eʼlon qildi.

Qonunni chetlab oʻtish urinishlari

Davlat tomonidan moliyalashtiriladigan RT telekanali 2005-yilda “Russia Today” nomi bilan ish boshlagan boʻlib, ingliz, frantsuz, ispan va arab tillarida faoliyat olib boruvchi teleradiokompaniyalar va veb-saytlar bilan kengaytirildi.

Gʻarb davlatlari uni dezinformatsiya tarqatish va Kremlga moyil tashviqot bilan shugʻullanishda ayblagan.

RT Germaniyada 1970-yillarda qabul qilingan xorijiy davlatlar telekanallarini koʻrsatishni taqiqlovchi qonunni chetlab oʻtishga urindi, deb yozadi moskvalik jurnalist Yekaterina Petrova oʻzining Telegram-kanalida.

“Bu bizning OAVga xos standart ritorika: chiriyotgan Gʻarb Rossiya OAVlariga asossiz tashlanmoqda. Lekin hech kim hech kimga tashlangani yoʻq”, deb yozadi u.

Yevropa davlatlarida agar teleradiokompaniya deylik, Italiyada litsenziya ololsa, u kelishuv ishtirokchilari boʻlgan boshqa mamlakatlarga ham translyatsiya huquqiga ega boʻlishi haqidagi kelishuv mavjud, dedi u.

Petrovaning soʻzlariga koʻra, RT dastavval Germaniya va Lyuksemburgdan litsenziya olishga uringan, keyin unga Serbiya tarafidan litsenziya berilgan.

“Shu tariqa Rossiyaning RT telekanali Germaniya qonunlarini buzdi va Germaniya buning uchun uni jazolaganidan gʻazabga tushdi”, deb yozadi u.

“Rossiyaning Germaniya qonunlarini buzgani maʼlum oqibatlariga olib kelgani uchun, u DWga qarshi sanksiyalar qoʻlladi”, dedi u. “Menimcha, bu mutloq syurrealistik holat.”

Qozogʻistondagi xavotirlar

Germaniya toʻgʻri ish qildi va Qozogʻiston ham RT kabi ochiq targʻibot manbalari translyatsiyasini cheklashi kerak, deydi olmaotalik tadbirkor Alixon Kanapiya.

“RT” telekanalining ingliz tilidagi telekanali bosh muharriri “Margarita Simonyan kabi” masʼullari “qora roʻyxatga kiritilishi va ularga rossiyalik deputatlarni ham qoʻshib, bu shaxslarning mamlakatimizga kirishini taqiqlash kerak... chunki ular mamlakatimiz shaʼni va qadr-qimmatini yerga urmoqda”, dedi u.

Kanapiya soʻnggi yillarda Qozogʻistonda xavotir va gʻazabga sabab boʻlgan kremlparast OAVda yoyinlangan bayonotlarga ishora qilgan.

Jumladan, Rossiya davlat Dumasining Taʼlim va fan boʻyicha qoʻmitasi raisi Vyacheslav Nikonov 2020-yil dekabr oyida Qozogʻiston suverenitetiga bevosita daxl qiluvchi soʻzlarni aytgan.

“Qozogʻiston mavjud emas edi. Shimoliy Qozogʻistonda (ruslar kelguniga qadar) odamlar yashamagan”, deb aytgan Nikonov Rossiya “Birinchi kanal” davlat telekanalida.

“Qozogʻiston hududi – Rossiya va Sovet Ittifoqining ulkan sovgʻasidir”, degan edi u.

Oʻtgan yil aprel oyida Pavlodar shahridagi oʻnlab koʻchalardan sovetcha nomlar olib tashlanib, qozoqlarning milliy oʻziga xosligi va tarixini aks ettiruvchi nomlarga oʻzgartirilishi ortidan rossiyalik siyosatchilar Markaziy Osiyodagi “Rossiya hududlari” va “Rossiya chegaralarining tiklanishi” haqidagi asossiz daʼvolari bilan qozogʻistonliklarni yana ranjitganlar.

Qozogʻistonning bunday qarorlar qabul qilishga haqqi yoʻq, degan edi oʻshanda Rossiya Liberal demokratik partiyasi (LDPR) yetakchisi va Duma aʼzosi Vladimir Jirinovskiy “LDPR TV” telekanali efirida.

Uch yuz yil avval hozirgi Qozogʻiston hududlarida Rossiya humkronligi ostida boʻlgan jungarlar yashagan, dedi u.

“U yerda hech qanday davlat yoʻq edi. Dashtlar, u yer-bu yerda koʻchmanchilar, Orenburg yaqinida va keyinchalik shaharga aylangan Pavlodarda esa tuz bor edi”, deb aytgan Jirinovskiy.

“Rus dunyosi, rus hududi oʻz chegaralarini tiklaydi va tartib oʻrnatadi”, deb aytgan u.

Kreml tashviqotchilari oʻz mamlakatining oddiy aholisini chalgʻitib, qozoqlarga nisbatan salbiy munosabat paydo qilmoqda, deb qoʻshimcha qildi Kanapiya.

“Rossiya hukumati mamlakatdagi ichki muammolarni hal qila olmayotgani uchun ular past navli kontent bilan odamlarni chalgʻitmoqchi”, deydi u.

Rossiya tashviqotining xatarlari

Gʻarbiy Yevropaning RTga qarshi chora koʻrayotgani ajablanarli emas, deydi olmaotalik siyosiy tahlilchi Rasul Jumali.

“RT Kreml va [Rossiya prezidenti Vladimir] Putinning imperialistik ambitsiyalariga xizmat qilmoqda”, dedi u. “Rasmiy Moskvaga xush kelmaydigan siyosat yurituvchi davlatlar RT kabi ommaviy axborot vositalarining gʻazabi nishoniga aylanadi”.

“Qozogʻiston ham bundan mustasno emas”, dedi Jumali.

“Rossiya ommaviy axborot vositalari Qozogʻistonda rus tili siquvga olinayotgani, mamlakatimizdagi rusiyzabon aholining oʻzligiga tahdid qilinayotgani kabi muammolarni muntazam ravishda “oʻylab topayotganiga” hammamiz guvohmiz”.

Qozogʻiston mediamakonini bunday dezinformatsiyadan himoyalash va tartibga solish kerak, chunki bu Qozogʻistonning axborot va siyosiy xavfsizligiga oid masala, dedi u.

“Bu, ayniqsa, deyarli butunlay Rossiya OAV taʼsiri ostida yashovchi Qozogʻistonning shimoliy va markaziy viloyatlari uchun dolzarb – u yerda hamma Rossiya kabel televideniyesini tomosha qiladi”, dedi Jumali.

Jumaliga koʻra, bu kabi tashviqot juda xavfli, chunki u mamlakat aholisini ikkiga boʻlib yuborishi mumkin – bir tarafdagilar Rossiya siyosatini qoʻllab-quvvatlasa, ikkinchi tomon Qozogʻiston manfaatlarini rus targʻibotchilari singdirayotgan narsadan ustun qoʻyadi, deydi Jumali.

“Bu mamlakatimiz barqarorligiga ichkaridan putur yetkazmoqda. Begona davlat uchun oʻz mediamakonini toʻliq ochib bergan Qozogʻistondan boshqa birorta davlatni bilmayman”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya tashviqoti hamma joyda bloklanishi kerak. Rossiyaliklarning oʻziga buyursin.

Javob berish

Ha, amerikoslarning urushidan keyin. Nima yaxshiroq ekanini bilmayman.

Javob berish