PEKIN – Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukrainadagi ikki boʻlginchi mintaqa mustaqilligini tan olish toʻgʻrisidagi bir tomonlama qarori ortidan Xitoy hukumati vahimali tarzda Tayvan Xitoyning bir qismi ekanligini tasdiqlamoqda.
“Tayvan har doim Xitoy hududining ajralmas qismi boʻlib kelgan. Bu rad etib boʻlmaydigan tarixiy va yuridik fakt”, deb bayonot berdi TIV matbuot kotibi Xua Chunyin chorshanba (23-fevral) kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida.
Xitoy rasmiylarining bu kabi bayonotlari kuzatuvchilarning Tayvan va Ukrainani qiyoslaganidan soʻng yangragan.
Oʻzini oʻzi boshqaruvchi orol prezidentining aytishicha, Pekin Tayvanga ruhiy zarba berish uchun Rossiya tajovuzi dalillaridan foydalanmoqda.
Ukrainadagi vaziyatni diqqat bilan kuzatgan demokratik Tayvan orolni oʻz hududi deb biladigan va uni qachondir (kerak boʻlsa, zoʻrlik bilan) tortib olishga tayyor boʻlgan avtoritar Xitoyning doimiy tajovuzi ostida yashamoqda.
Chorshanba kuni Tayvan prezidenti Tsay In-Ven “tashqi kuchlar” “Ukrainadagi vaziyatdan foydalanib, Tayvan jamoatchiligining ruhiyatiga taʼsir oʻtkazishga” urinayotganini aytdi va hukumatni “kognitiv urushga qarshi hushyorroq boʻlishga” chaqirdi.
Tsay xonim 2016-yilda hokimiyat tepasiga kelganidan beri Pekin Tayvanga nisbatan harbiy, diplomatik va iqtisodiy bosimni kuchaytirgan, chunki Tsay orolning Xitoy hududi ekanligini rad etadi. U 2020-yilda lavozimiga qayta saylangan edi.
Oʻtgan yili Tayvan mudofaa vazirligi Xitoy orolni “jangsiz” egallab olishga qaratilgan dezinformatsiya kampaniyasini boshlaganini maʼlum qilgan edi.
Chorshanba kuni Tsay milliy xavfsizlik va harbiy boʻlinmalarga hushyor turishni va Tayvan atrofidagi harbiy harakatlar nazoratini kuchaytirishni buyurdi.
2021-yilning soʻnggi choragida Xitoy harbiy samolyotlarining Tayvan havo mudofaasi hududiga bostirib kirishlari soni keskin koʻpaygan.
AFP toʻplagan maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan yili Tayvan havo hududini buzib kirish bilan bogʻliq 969 ta holat qayd etilgan, bu 2020-yilgi 380 talik koʻrsatkichdan deyarli ikki marta koʻp.
Pekin Ukraina masalasida ehtiyotkorona yoʻl tutayotgan boʻlsa-da, Putinni koʻproq qoʻllab-quvvatlamoqda.
Dushanba kuni Putin Ukrainaning “Rossiya asos solgan davlat” ekanini aytar ekan, Sovet Ittifoqi parchalanib, Ukraina va boshqa sovet respublikalariga oʻz yoʻlidan borishga imkon berilgani xato ekanligini iddao qildi.
Telemurojaatdan soʻng bir necha soat oʻtib, Putin mudofaa vazirligiga boʻlginchilar nazoratidagi hududlarda “tinchlikparvarlik vazifasini” oʻz zimmasiga olish buyrugʻini berdi va bu bilan Ukraina sharqida Rossiyaning bevosita harbiy aralashuvi uchun yoʻl ochdi.
Hisob-kitoblarga koʻra, Ukraina qurshovida allaqachon 150 mingdan 190 minggacha Rossiya askari bor.
“Avtoritarizm uchun xavfsiz dunyo”
Chegaralarida tobora kuchayib borayotgan Gʻarbga xos demokratiyaga ega davlatlarning umumiy tahdidi oldida turgan Putin va Si Tszinpin shu oy boshida global siyosiy va harbiy tartibning “yangi davrida” bir safda boʻlishga vaʼda berganlar.
Ikki qudratli davlat koʻplab tashqi siyosiy maqsadlar, jumladan, NATOning kengayishiga yoʻl qoʻymaslik va Tayvan “Xitoyning ajralmas qismi” ekani borasidagi kelishuvlar aks etgan qoʻshma bayonotni imzoladilar.
Xitoy rasmiylari ham bir necha bor Rossiyaning tarafini olib, Gʻarbni Ukraina atrofidagi tanglikda va “sovuq urush mentaliteti”da ayblagan va Moskvaning xavfsizlik bilan bogʻliq xavotirlarini “oʻrinli” deb atagan.
“Ikki davlat oʻrtasidagi doʻstlik chegaralanmagan”, deyiladi Putin va Sining uchrashuvdan soʻng eʼlon qilgan qoʻshma bayonotida. “Hamkorlikda taqiqlangan sohalar yoʻq”.
Soʻnggi yillarda Xitoy armiyasining yanada tajovuzkor boʻlib, boshqa suveren davlatlar hududiga bostirib kirishi qoʻshni mamlakatlar va xalqaro hamjamiyat aʼzolarini tashvishga solmoqda.