MOSKVA – Kremlga qarshi fikr bildirish xavfi yuqori ekaniga qaramay, Rossiyaning oʻnlab fuqarolari va koʻzga koʻringan arboblari prezident Vladimir Putinning Ukrainaga bostirib kirganini qoralamoqda.
Gʻazab va uyat ichida qolgan rossiyaliklar hibslar va kaltaklanish xavfiga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda oʻz fikrlarini bildirmoqdalar, jamoaviy bayonotlar eʼlon qilib, hatto ommaviy namoyishlar oʻtkazmoqda.
25-fevral (juma) kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Rossiyada mamlakatning Ukrainaga bostirib kirishiga norozilik bildirgan koʻplab odamlarning “oʻzboshimchalik bilan hibsga olinganini” qoraladi va ularni zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi.
“1800 dan ortiq namoyishchi hibsga olingani xabar qilinmoqda. Ularning ayrimlar qoʻyib yuborilganmi-yoʻqmi, hozircha nomaʼlum”, dedi BMTning Jenevadagi (Shveytsariya) inson huquqlari boshqarmasi vakili Ravina Shamdasani.
Rossiya va Belorussiyalik 190 ming askar u yerda faqat mashgʻulot oʻtkazish uchun toʻplanganiga bir necha oy ishontirishga uringan Rossiya kuchlari payshanba kuni Kreml tez-tez “qardosh” xalq deb ataydigan Ukrainaga keng koʻlamli bosqinni boshladi. U havo hujumlari uyushtirib, mamlakat ichkarisiga qoʻshinlar kiritdi.
Putin narrativini rad etish
Putin oʻzining keng koʻlamli bosqinini “maxsus harbiy operatsiya” deb atadi va uning maqsadini “Ukrainani demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish” deb belgiladi. U 2014-yilda Qrimni anneksiya qilish hamda Donetsk va Luganskda urush qoʻzgʻash bahonasida qoʻllagan tanish usulga tayandi: ukrain hukumatini sharqiy Ukrainadagi rusiyzabon fuqarolarga qarshi genotsidda aybladi.
Biroq Rossiya jamoatchiligining aksariyati xalqaro hamjamiyat kabi Putinning bu dalillarini rad etmoqda. Ular bosqinni keskin qoralab, urushni zudlik bilan toʻxtatishga chaqirmoqdalar.
Koʻp yillar davomida rus ziyolilarining aksariyati ichki siyosiy voqealarni ommaviy tanqid qilishdan qochib, siyosatdan yiroqlashib qolgan edi. Biroq, bu safar ular chetda turmadilar.
Payshanba kuni “Exo Moskvy” mustaqil radiostansiyasi oʻz saytida olimlar va jurnalistlar, jumladan Rossiya fanlar akademiyasi aʼzolari, professorlar, mustaqil olimlar, yozuvchilar, universitet oʻqituvchilari, tarixchilar, tilshunoslar, sotsiologlar va boshqalar tomonidan imzolangan ochiq xatni eʼlon qilgan.
Xatni imzolaganlar “oʻz davlati qurolli kuchlarining Ukrainada boshlagan harbiy faoliyatiga qatʼiy qarshiligini” bildirib, “Yevropada yangi urushni boshlash bilan bogʻliq javobgarlikni Rossiyaning oʻzigagina” yuklagan.
Ular “Rossiya rahbariyatining shubhali tarixiy xayolotlari natijasidagi geosiyosiy ambitsiyalarini” urushning haqiqiy sababi deb ataganlar.
“Bu urushni hech qanaqasiga oqlab boʻlmaydi”, deb aytgan Ukrainaning Rossiya xavfsizligiga tahdidi ehtimolini rad etgan olimlar. Bu “adolatsiz va bemaʼni” urushdir, deb qoʻshimcha qilgan ular.
“Ukrainaga qarshi barcha harbiy amaliyotlarning toʻxtatilishini talab qilamiz. Ukraina davlatining hududiy yaxlitligi va suvereniteti hurmat qilinishini talab qilamiz”, deyiladi ochiq xatda.
Ochiq xatni imzolaganlar soni ortib bormoqda.
“Qotilga ishlab boʻlmaydi”
Ayrim taniqli rossiyaliklar qatʼiy va ramziy qadamlarni qoʻymoqda. Ular orasida Yelena Kovalskaya kabi davlat tashkilotlari xodimlari ham bor.
Moskvadagi Vsevolod Meyyerxold nomidagi davlat teatri va madaniy markazi rahbari Kovalskaya bosqin boshlangan payshanba kuni isteʼfoga chiqqan.
U oʻzining Facebook sahifasida “Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olinishiga nisbatan norozilik bildirib” isteʼfoga chiqayotganini eʼlon qilgan. “Qotilga ishlab, undan maosh olib boʻlmaydi.”
Avval siyosiy fikrlar bildirmagan Kremlning “Birinchi” telekanali boshlovchisi Ivan Urgant ham jim turmadi. Payshanba kuni oʻzining Instagram sahifasiga qora suratni qoʻyib, unga “Qoʻrquv va ogʻriq. URUSHGA YOʻQ DEYMIZ”, deb fikr qoldirgan.
Urgantning koʻrsatuvi odatda juma kuni efirga chiqmaydi, deb xabar bergan “Birinchi” telekanali vakili Interfaks agentligiga.
Bu kabi jazodan qoʻrqmagan bir qator rossiyalik taniqli shaxslar, aktyorlar, xonandalar, teleboshlovchilar, sportchilar va boshqa jamoatchilik arboblari Kremlning harakatlarini birdamlik va qatʼiylik bilan qoralamoqda. Ular qatorida Valeriy Meladze, Ivan Dorn, Zemfira, Sergey Lazarev, Nastya Ivleyeva, Maksim Galkin, Olga Buzova, Svetlana Loboda, Yana Rudkovskaya, Nastya Kamenskix va boshqalar bor.
“Buni tasavvur qilib boʻlmagani uchun oxirigacha ishonmagan edim”, deb yozgan jurnalist va jamoatchilik arbobi Ilya Varlamov oʻzining Instagram sahifasida payshanba kuni. “Urush boshlash uchun hech qanday aniq sabab yoʻq edi. Televideniye tashviqotchilari urush zarur va toʻgʻri ekanligini uqtirish uchun, ular tasvirlagani kabi u yerda qatliom boʻlmayotgan edi. Bu urush yoki uni boshlaganlarni umuman oqlab boʻlmaydi...”
“Buni halokat va jinoyat deb bilaman”, deb aytgan Sankt-Peterburg koʻchalarida sayr qilgan rossiyalik repper Oksimiron oʻz ijtimoiy sahifalarida chop etgan videosida.
“Tarixda koʻp qora payshanbalar boʻlgan. Ammo bugungisi boshqalaridan zulmatliroq”, deb yozgan Rossiyaning yuqori darajali shaxmatchisi Yan Nepomnyashiy.
“Mashina vremeni” rok-guruhi yetakchisi va musiqachi Andrey Makarevich Putin jamoatchilik fikriga quloq solishiga ishonmaydi.
“U oʻzining ambitsiyalari sababli urush boshladi”, deb aytgan u Karvonsaroy nashriga. “Uning uchun odamlar bir tiyin.”
Payshanba kuni “Novaya gazeta” mustaqil nashri ukrain va rus tillaridagi sonini chop etgan va Ukrainani hech qachon dushman deb koʻrmasligini bildirgan.
“Novaya gazeta” tahririyati Putin buyrugʻi bilan boshlangan Ukrainadagi urushdan uyat va qaygʻuda, deb yozgan gazeta bosh muharriri va 2021-yil uchun tinchlik yoʻnalishi boʻyicha Nobel mukofoti laureati Dmitriy Muratov.
Bosh qoʻmondon qoʻlida “yadro tugmasini” qimmatbaho mashinaning kaliti kabi aylantirmoqda”, deb yozadi Muratov. “Keyingi qadam, yadroviy raketalar yogʻdirishmi? Vladimir Putinning qasos qurollari haqidagi soʻzlarini boshqacha talqin qila olmayman”.
“Rossiyaliklarning aksilharbiy harakatlarigina sayyoradagi hayotni saqlab qolishi mumkin”, deb taʼkidladi u.
Putinga qarshi harakatlar avj olmoqda
Bunday harakatlar allaqachon shakllangan.
Payshanba kuni Moskva, Sankt-Peterburg, Yekaterinburg, Novosibirsk va boshqa koʻplab shaharlarda oʻtgan tinchlik tarafdorlarining namoyishlarida minglab odamlar qatnashgan. Ular “Urushga yoʻq!” degan hayqiriqlar bilan Putinni zoʻravonlikni toʻxtatishga chaqiruvchi plakatlarni koʻtarib chiqqanlar.
Payshanba kuni Moskvadagi Pushkin maydonida oʻtgan norozilik namoyishida qatnashgan Moskva davlat universitetining filologiya fakulteti talabasi Yelena Fedorova uning atrofida bir xil fuqarolik pozitsiyasidagi koʻplab rossiyaliklar borligini aytdi.
“Ukrainaga qarshi urush – tasavvur qilib boʻlmaydigan darajada dahshatli”, dedi u Karvonsaroyga. “Biz ukrainlar bilan qardosh xalqmiz. U yerda qarindoshlarimiz, doʻstlarimiz yashaydi. Putinning bunday qilishga haqqi yoʻq edi!”
Biroq, Kreml noroziliklarga oʻzining odatdagi kuch ishlatish usuli bilan javob qaytardi. Turli shaharlarda namoyishlarni bostirish va ularni avtozaklarda politsiya uchastkalariga olib ketish uchun koʻp sonli OMON otryadlari safarbar etildi.
“Pushkin maydonida politsiya plakat koʻtargan namoyishchilarni hibsga oldi, ularni toʻqmoqlar bilan doʻpposladi, qoʻllarini qayirib, avtozaklarga tiqdi”, dedi Fedorova.
“Daily Telegraph muxbiri Natalya Vasilyeva oʻz vazifasini bajarayotgan jurnalist ekanligini aytsa ham, OMONchilar uni hibsga olishganini koʻrdim”, dedi Fedorova. “Ular hammasini aniqlashtiramiz” deb, uni majburan olib ketishdi”.
Putinga qarshi chiqqani uchun allaqachon qamoqda oʻtirgan taniqli rossiyaliklardan biri urushni qoralagan.
“Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi bu urush rossiyaliklar talon-taroj qilinayotganini yashirish va ularning eʼtiborini mamlakat ichidagi muammolardan chalgʻitish maqsadida ochildi”, dedi qamoqxonadagi muxolifat lideri Aleksey Navalniy payshanba kuni “Dojd” mustaqil telekanali tomonidan chop etilgan videolavhada.
Rossiyaning imperiyaga xos qudrati soxta ekanligini maʼlum boʻldi. 5 soniyada fosh boʻldi.
Javob berishFikrlar 9
Nihoyat Putin rejimining oxiri yaqinlashmoqda, Ukraina esa chirigan rus armiyasini parchalab tashladi.
Javob berishFikrlar 9
Rossiya bu 21-asr fashizmi.
Javob berishFikrlar 9
Putinning hatto Rossiyada ham muammolari borligi aniq. Uning siyosatini koʻplab rossiyaliklar ham qoʻllab-quvvatlamaydi!
Javob berishFikrlar 9
Rossiyada hali oqil odamlar bor. Boʻshashmanglar. Putin va urushga qarshi koʻproq mitinglar tashkil qiling.
Javob berishFikrlar 9
Zmeiniy orolidagi asirga olingan ukrainalik askarlarga Zelenskiydan oʻlganlaridan keyin olishlari kerak boʻlgan Ukraina qahramonlarining temir xochlari berilishi kerak, chunki notashviqotga aldangan bu yigitlar banderachilarning hatto bir-birlariga naqadar mensimay munosabatda boʻlishini his qila olsinlar.
Javob berishFikrlar 9
AQSH Davlat departamenti Gʻarbdagi xoʻjakoʻrsin uchun Ukraina rasmiylaridan vafotlaridan keyin mukofotlar oladigan ukrainalik natsistlarning Zmeiniy orolidan tashviqot yoʻli bilan oʻldirilmasligini qoralamoqda. Shubhasiz, Rossiya bu anglashilmovchilikni zudlik bilan tuzatishi kerak, chunki bu bilan banderachilar va ularning xoʻjayinlarini jirkanch mollarga oʻxshab qolishmoqda.
Javob berishFikrlar 9
Qoʻshma Shtatlar Rossiyaga qarshi neft embargosi joriy qilish masalasini koʻrib chiqmoqda.
Javob berishFikrlar 9
Shunchaki boʻsh muzlatgich televizor ustidan gʻalaba qozonmoqda.
Javob berishFikrlar 9