Karvonsaroy
Xavfsizlik

Qozogʻiston Rossiyaning Ukrainaga bosqini oqibatlaridan himoyalanmoqda

Kseniya Bondal va AFP

24-fevral kuni Lugansk viloyatidagi hujumni qaytarishga hozirlik koʻrayotgan Ukraina harbiylari. Oʻsha kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga keng koʻlamli bosqinni boshladi, natijada gʻarbparast qoʻshni mamlakatda oʻnlab odamlar hayotdan koʻz yumdi, yuzlab odam oʻz jonini saqlash uchun qochishga majbur boʻldi. [Anatoliy Stepanov/AFP]

24-fevral kuni Lugansk viloyatidagi hujumni qaytarishga hozirlik koʻrayotgan Ukraina harbiylari. Oʻsha kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga keng koʻlamli bosqinni boshladi, natijada gʻarbparast qoʻshni mamlakatda oʻnlab odamlar hayotdan koʻz yumdi, yuzlab odam oʻz jonini saqlash uchun qochishga majbur boʻldi. [Anatoliy Stepanov/AFP]

OLMAOTA – Qozogʻiston Ukrainaga bostirib kirgan Moskvadan uzoqlashishi va hech qanday holatda boʻlginchilar nazoratidagi Donetsk va Lugansk viloyatlari mustaqilligini tan olmasligi kerak, deydi qozogʻistonlik kuzatuvchilar.

24-fevral (payshanba) kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga keng koʻlamli bosqinni boshladi, havo hujumlari uyushtirib, quruqlikdagi qoʻshinlarga chegarani kesib oʻtish buyrugʻini berdi. Ukraina rasmiylarining aytishicha, jangovar operatsiyalar chogʻida oʻnlab odamlar halok boʻlgan.

Hujum ortidan Gʻarb Rossiyani misli koʻrilmagan sanksiyalar bilan ogohlantirdi. NATO, Yevropa Ittifoqi va Katta yettilik yetakchilari bosqinni qoralab, Moskvani javobgarlikka tortishga vaʼda berishdi.

Bir hafta davomida olib borilgan diplomatik saʼy-harakatlar Putinni Ikkinchi jahon urushidan beri Yevropadagi eng yirik harbiy hozirlik doirasida Ukraina chegaralari yaqiniga 150 mingdan ortiq askar toʻplashdan toʻsa olmadi.

24-fevral kuni Pragada (Chexiya) Ukrainani qoʻllab-quvvatlab oʻtkazilgan namoyish chogʻida Ukraina bayroqlari va plakatlarini ushlab turgan ishtirokchilar. [Mixal Chijek/AFP]

24-fevral kuni Pragada (Chexiya) Ukrainani qoʻllab-quvvatlab oʻtkazilgan namoyish chogʻida Ukraina bayroqlari va plakatlarini ushlab turgan ishtirokchilar. [Mixal Chijek/AFP]

“Men maxsus harbiy operatsiya oʻtkazishga qaror qildim”, dedi Putin payshanba kuni tongga yaqin qilgan telemurojaatida.

AFP xabariga koʻra, oradan koʻp oʻtmay Ukraina poytaxti Kiyev va yana bir qancha shaharlarda bombalash ovozlari yangray boshlagan.

Juma (25-fevral) kungi voqealar Rossiya kuchlarining nafaqat Donetsk va Lugansk viloyatlari, balki butun Ukrainaga bostirib kirish va ishgʻol qilishga urinayotganini koʻrsatgan.

Rossiyaning vahshiyona tashqi siyosati

“Rossiya xalqaro huquqni yoki Birlashgan Millatlar Tashkiloti [BMT] tomonidan eʼtirof etilgan chegaralarni tan olmasligini namoyish etmoqda, Ukraina hududi ishgʻolining davom etayotgani esa aynan Rossiya postsovet hududda asosiy tahdid va xatar manbai ekanligini koʻrsatmoqda, deydi “DAMU Kapital Menejment” konsalting kompaniyasi bosh direktori, olmaotalik Murat Kastayev.

“Shuni tushunishimiz kerakki, Ukraina qancha uzoq bardosh bersa va qarshilik koʻrsatsa, Qozogʻistonning shimoliy hududlariga [Rossiya hujumi uchun] navbat shuncha kechroq yetib keladi”, dedi u.

“Rossiya oʻzining tajovuzkor va bosqinchi siyosatidan imkon qadar koʻproq javobgarlik va talafot koʻrishi bizning milliy xavfsizlik manfaatlarimizga mosdir”.

“Bir vaqtning oʻzida Rossiyaga qaramlikni kamaytirish, Rossiya tovarlarini oʻzimiznikilarga almashtirish va qurolli kuchlarimizni mustahkamlashimiz zarur”, dedi Kastayev.

“Biz soʻnggi yillarda oʻz mohiyatiga koʻra rossiyaparast boʻlib qolgan siyosatdan koʻp vektorli tashqi siyosatga qaytishimiz, Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar hamda Yevropa, Turkiya va AQSH bilan iqtisodiy va siyosiy aloqalarni mustahkamlashimiz kerak”, deb qoʻshimcha qildi u.

Ukrainada sodir boʻlayotgan voqealar oqibatlari Qozogʻiston uchun mutlaqo negativdir, dedi u.

Qozogʻistonning mustaqil pozitsiyasi va BMT tomonidan tan olingan xalqaro huquq va chegaralarga sodiqligi aniq namoyon boʻlmasa, Qoʻshma Shtatlar, Yevropa va Xitoy Qozogʻistonni rossiyaparast davlat deb hisoblay boshlaydi va shunga mos ravishda Qozogʻistonga nisbatan tashqi siyosatini sovuqlashtiradi, dedi u.

“Biz Yevropa Qozogʻistonning eng yirik savdo sherigi, Qoʻshma Shtatlar esa mamlakat uchun xorijiy investitsiyalarning eng yirik manbai ekanligini unutmasligimiz va hech qanday holatda ular bilan munosabatlarni buzmasligimiz kerak”, dedi Kastayev.

Qrim hamda oʻzini mustaqil deb eʼlon qilgan Donetsk va Lugansk respublikalarini tan olish masalasida Rossiyaning Qozogʻistonga bosimi kuchayganiga ishora qilgan Kastayev Qozogʻiston hech qanday sharoitda ularni Rossiya hududi deb tan olmasligi kerakligini aytdi.

Qrimning, endi esa Donetsk va Lugansk hududlarining bosib olinishi Rossiya xalqaro huquq normalari va tan olingan chegaralarni nazar-pisand qilmasligidan dalolat beradi, deydi u.

“Rossiya Ukraina masalasini hal qilgach, ishtaha bilan Qozogʻistonga yuzlanadi”, dedi Kastayev.

Qozogʻiston zudlik bilan oʻz qurolli kuchlarini va dunyoning boshqa qudratli davlatlari bilan aloqalarini mustahkamlashi zarur, chunki Rossiya xuddi shunday ssenariy bilan bu mamlakatga ham qoʻshin kiritishi mumkin, deb ogohlantirdi u.

Qozogʻiston oldidagi tahdidlar

Rossiyaning Donetsk va Luganskni tan olishi Qozogʻiston uchun bir qator oqibatlar, eng avvalo salbiy oqibatlarga olib keladi, deydi Nur-Sultonlik siyosatshunos Gaziz Abishev Kastayevning fikriga qoʻshilib.

“Qozogʻiston davlatlarning hududiy yaxlitligi tamoyilini izchil qoʻllab-quvvatlab keladi”, dedi u.

“Qozogʻiston 1990-yillarda Rossiyaning hududiy yaxlitligi tamoyiliga rioya qilgan holda Checheniston mustaqilligini aslo tan olmagan boʻlardi”, dedi u Putin isyonni qonli tarzda bostirgan Rossiya hududini nazarda tutib.

“Qozogʻiston uchun Rossiya perimetri boʻylab isyonkor “[etnik rus] aholi zich yashaydigan hududlar” mustaqilligini tan olish oʻzi oʻtirgan shoxni arralash bilan teng”, deydi Abishev Donetsk va Luganskni nazarda tutib.

Tahlilchilar ham internetda xuddi shunday fikrlarni bildirishgan.

Olmaotalik siyosatshunos Doʻsim Satpayev seshanba kuni Rossiyaning “geosiyosiy yakkaligi” iborasiga eʼtibor qaratdi.

“Geosiyosiy yakkalik atamasini Rossiya prezidentining yordamchisi Vladislav Surkov oʻz maqolasida ishlatgan”, deb yozadi Satpayev Feysbukdagi sahifasida. “Oʻshanda u Rossiya “2014+ davri”ga kirayotganini, bu davrda Rossiya “100 (200? 300?) yillik geosiyosiy yolgʻizlikda boʻlishi mumkinligini taʼkidlagan edi”.

Xavotirli tomoni shundaki, Surkov Rossiya Qrimni egallab olgan, Donetsk va Luganskdagi ayirmachilarga yordam bergan 2014-yilni faraziy yangi davrning boshlanishi sifatida belgilagan, dedi Satpayev.

Surkov ushbu geosiyosiy yolgʻizlikning mohiyatini taniqli ibora bilan izohlagan: “Rossiyaning faqat ikkita ittifoqchisi bor: armiya va flot”.

“Bu armiya hozir Donetsk va Lugansk hududiga joylashtirilmoqda”, dedi Satpayev. “Shuningdek, bularning barchasi Rossiya tashqi siyosatida “biz bilan boʻlmaganlar, bizga qarshi” tamoyiliga asoslangan konfrontatsiya uslubi ustunlik qilishini anglatgan boʻlardi”.

“Va bu Qozogʻistonning milliy manfaatlariga ochiq tahdiddir. Umid qilamanki, uning rahbariyati Rossiyaning Donetsk va Lugansk boʻyicha soʻnggi bayonotini tan olmaslik uchun yetarlicha oqil”, dedi u. “Aks holda, bu diplomatik seppuku [oʻz joniga qasd qilish marosimi] boʻladi.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Turkiya boshchiligida Pokiston, Malayziya va Indoneziya ham NATOga oʻxshab qoʻshilgan Turkiy davlatlar ittifoqini yaratish vaqti keldi. U 700 millionlik aholi va jami 5-5,5 trillion dollarlik yalpi ichki mahsulot bilan Rossiya va Xitoy hurmat qilishi kerak boʻlgan kuchga aylanadi.

Javob berish

Bu zararli Tayga ittifoqini tark etishimiz kerak.

Javob berish