Karvonsaroy
Inson huquqlari

Ukrainaga bosqin ortidan Rossiyadagi Markaziy Osiyoliklar ayovsiz voqelik bilan yuzma-yuz kelmoqda

Kanat Altinbayev

Qirgʻizistonlik parlamentariylar 21-fevral kuni Moskvada rossiyalik hamkasblari bilan muzokara oʻtkazmoqda. [Qirgʻiziston parlamenti matbuot xizmati]

Qirgʻizistonlik parlamentariylar 21-fevral kuni Moskvada rossiyalik hamkasblari bilan muzokara oʻtkazmoqda. [Qirgʻiziston parlamenti matbuot xizmati]

BIShKEK – Rossiyadagi mehnat migrantlari arzon ishchi kuchiga muhtoj, ammo uning haqini irqchilik bilan toʻlaydigan mamlakatda yuzaga kelgan ikkita yangi asorat bilan kurashmoqdalar.

Birinchisi – Rossiyada soʻnggi bir necha kun ichida yuz bergan iqtisodiy inqiroz boʻlsa, ikkinchisi har uch oyda qimmat tibbiy koʻrikdan oʻtish talabidir.

Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Rossiyaga nisbatan joriy qilingan va jiddiy qiyinchiliklar keltirib chiqargan xalqaro sanksiyalar u yerdagi migrantlarga taʼsir qilmay qolmadi.

Jumladan, rubl kursi rekord darajada pasaygan – dushanba (28-fevral) kuni u taxminan 30 foizga arzonlab, 1 rubl 1 AQSH sentidan ham arzonroq boʻlib qolgan.

Qirgʻiziston va oʻzbekistonlik mehnat migrantlari, oʻtgan yilning iyul oyida Moskvada olingan surat. [Kanat Altinbayev/Karvonsaroy]

Qirgʻiziston va oʻzbekistonlik mehnat migrantlari, oʻtgan yilning iyul oyida Moskvada olingan surat. [Kanat Altinbayev/Karvonsaroy]

Bu aksariyati oyiga 300 dollardan kam maosh oladigan nochor migrantlarning xarid qobiliyatiga qaqshatqich zarba boʻldi.

Narxlar keskin oshmoqda, deydi Qirgʻizistonning Toʻqmoq shahridan kelgan Ulan Omorov Karvonsaroy bilan suhbatda. U Moskvadagi doʻkonlarning birida ishlaydi.

“Biz ilgari ham kamxarj edik”, dedi u. “Endi esa har bir rublni tejashga majburmiz.”

“Bunday narxlar va kelgusidagi xarajatlar bilan endi ota-onamga pul joʻnata olmayman”, deb qoʻshimcha qildi u. “Ular qaysi pulga yashashadi, bilmayman.”

Sarosimada qolgan koʻpchilik migrantlar yangi sanksiyalar sharoitida Rossiya banklari orqali uylariga pul yubora olish-olmasliklarini muhokama qilmoqdalar, deydi u.

Bundan ham ogʻirroq ahvolga tushgan migrantlar ham yoʻq emas.

“Guruh chatidagi ayrim yurtdoshlarim ish beruvchilar ularni hech qanday toʻlovlarsiz ishdan boʻshatib yuborganini yozishgan. “Ular ishlayotgan kompaniyalar [sanksiyalardan keyin] faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlgan.”

Haqoratomuz tibbiy koʻriklar

Ayni paytda Bishkek Moskvani Qirgʻiziston fuqarolari va Markaziy Osiyolik migrantlar uchun Rossiyada joriy qilingan qatʼiy talablarni bekor qilishga chaqirmoqda.

Dekabr oyi oxiridan kuchga kirgan yangi tartibga koʻra, Markaziy Osiyolik migrantlar mamlakatga kirib kelganidan keyin 30 kun ichida yuqumli kasalliklarga chalinmagani, shuningdek, giyohvand va psixotrop moddalar isteʼmol qilmasligini tekshirtirish uchun tibbiy koʻrikdan oʻtishi kerak.

Keyin har uch oyda bir marta tibbiy koʻrikdan oʻtish talab etiladi.

Bundan tashqari, migrantlar roʻyxatdan oʻtish uchun barmoq izlarini topshirishi va suratga tushishlari kerak.

Bu muolajalardan oʻtishga majbur boʻlganlar oʻzlarini “jinoyatchi va terrorchidek” his qilganliklarini aytishmoqda.

“Ular xuddi kinodagi kabi bizga raqam berishmadi, xolos”, deydi yanvar oyi boshida Moskvaga borgan Qora-Bolta shahrilik Jumgʻal Bolotbekov Karvonsaroy bilan telefon suhbatida.

Bu kamsitishlar kamlik qilgandek, talablarga javob berish uchun migrantlarning oʻzlari pul toʻlashlari kerak.

Tibbiy koʻrik 6000 rubl (taxminan 80 dollar) turadi. Bu – odatda oyiga 300 dollardan kam maosh oladigan migrant uchun sezilarli summa.

Bolotbekovning Qirgʻiziston elchixonasidagi tanishlariga tayanib aytishicha, Rossiya sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli qarorida har uch oyda bir marta tibbiy koʻrikdan oʻtish shart qilib belgilanmagan.

“Ushbu gʻalati qoidani kim joriy qilgani nomaʼlum, bu migrantlardan pul shilish yoʻlidagi navbatdagi noqonuniy urinishga oʻxshaydi ”, dedi u.

“Muammoli”

Rossiyada mehnat qilayotgan migrantlar uchun inson huquqlari bilan bogʻliq vaziyat koʻp yillar davomida ayanchli boʻlib kelgan esa-da, soʻnggi choralar rasmiy Bishkek va Qirgʻizistonlik deputatlarni munosabat bildirishga majbur qilgan.

Qirgʻiziston parlamenti spikeri Talant Mamitov 21-fevral kuni Rossiyaga ishchi tashrifi chogʻida Rossiya davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin bilan uchrashib, kamsituvchi va majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtish masalasini muhokama qildi, deyiladi Qirgʻizistonning Moskvadagi elchixonasi bayonotida.

Mamitov Qirgʻizistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) aʼzosi ekani, uning asosiy tamoyili aʼzo davlatlar fuqarolarining erkin harakatini koʻzda tutishini inobatga olib, rossiyalik hamkasbini qirgʻizistonlik migrantlarga qoʻyilgan qatʼiy talablarni qayta koʻrib chiqishga chaqirgan.

Qirgʻiziston Rossiyada ishlayotgan fuqarolari uchun qulay sharoit yaratiladi degan umidda Rossiya boshchiligidagi YOIIga qoʻshilgan.

Mamitov, shuningdek, Rossiya Federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenkodan migratsiya qoidalarini buzgani uchun “qora roʻyxatga” kiritilgan va endi Rossiyaga kira olmaydigan Qirgʻiziston fuqarolariga oilalari bagʻriga qaytishga yordam berishni soʻradi.

“Afsuski, yil boshidan buyon migrantlarning yuqorida tilga olingan tartib-qoidalardan oʻtishida qiyinchiliklar yuzaga keldi”, deb taʼkidlagan Qirgʻiziston TIV 17-fevral kuni yangi choralarga ishora qilib.

“Hozirda Moskva shahri va viloyatida istiqomat qiluvchi Qirgʻiziston fuqarolari uchun barcha majburiy amaliyotlar uzun navbatlar yuzaga kelgan Moskva shahri va viloyatidagi koʻp funksiyali migratsiya markazlarida olib borilmoqda”, deyiladi vazirlik xabarida.

Shu kunning oʻzida elchixona Rossiya TIVdan tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, barmoq izlarini va suratga olish ishlari olib boriladigan muassasalarda “YOIIga aʼzo davlatlar fuqarolari uchun alohida yoʻlak ochilishiga yordam berishni” soʻragan.

Bu Qirgʻiziston elchixonasining Rossiya tashqi ishlar vazirligiga yordam soʻrab yoʻllagan ikkinchi notasi boʻldi. 24-yanvar kuni ham u xuddi shunday iltimosnoma yuborgan edi.

Bu voqeadan bir necha kun oʻtib, Qirgʻizistonning Rossiyadagi elchisi Gulnora-Klara Samat ham Rossiya ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev nomiga qirgʻiz migrantlari uchun majburiy boʻlgan “protseduralardan oʻtishdagi qiyinchiliklar” yuzasidan murojaat yoʻllagan.

Bu murojaatga Rossiya tarafidan qanday javob berilgani maʼlum emas.

Bu masala Qirgʻiziston parlamenti eʼtiboriga havola qilingan.

Yangi qonun bilan yuzaga kelgan qiyinchiliklar har kuni mingdan ortiq odamni tibbiy koʻrikdan oʻtish uchun navbatga turishga majbur qilmoqda, dedi deputat Dastan Bekeshev parlamentning 16-fevral kungi yigʻilishida.

“Prezidentimiz Rossiya rahbariga murojaat qilsin. Ular buni ochiq muhokama qilishlari kerak. Migrantlarimiz u yerdan ketishi kerakmi yoki nima qilishi kerak?” dedi u hamkasblariga.

Xuddi shu majlisda parlamentning yana bir deputati Bakit Torobayev YOIIni tanqid ostiga olgan.

“YOIIning migrantlar bilan bogʻliq qoidalarigina emas, savdo, pul oʻtkazmalari va yuk tashishga doir kelishuvlari ham ishlamayapti”, dedi u.

Qirgʻiziston YOIIga qoʻshilayotganida tovarlar, xizmatlar, kapital va ishchi kuchining erkin harakatlanishi vaʼda qilingan, biroq amalda Rossiya faqat cheklovlar joriy etdi, deydi u.

Fuqarolarimiz bundan keyin ham aziyat chekaveradimi?” deb savol bergan u.

“Etnomadaniy muvozanatni saqlash”

Ayni paytda Rossiya huquq-tartibot idoralari migrantlar hayotini murakkablashtirishda davom etmoqda.

Rossiya tergov qoʻmitasi raisi Aleksandr Bastrikin prezident Vladimir Putinga qonunchilikni yanada qatʼiylashtirish taklifi bilan murojaat yoʻlladi, deb xabar beradi “Baza” Telegram-kanali 7-fevral kuni.

Xususan, Bastrikin mamlakatga keluvchilarning DNK reyestrini yaratish va yirik shaharlarda “aholining etnik-madaniy muvozanatini saqlash” choralarini taklif qilgan. Shuningdek, u ijtimoiy tanglikni yumshatish maqsadida mehnat migrantlari oʻrnini Rossiya fuqarolariga almashtirish taklifini bildirgan.

Bastrikin Rossiya fuqarolari Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan migrantlar maishiy xizmat koʻrsatish sohasidagi ish oʻrinlarini egallab olganidan “jiddiy xavotirda” ekanini aytgan.

Soʻnggi yillarda Rossiya hukumati qirgʻizistonlik migrantlarning huquqiy maqomini sezilarli darajada murakkablashtirdi, hozirda ular “har qachongidan ham himoyasizroq”, deydi Bishkek advokatlar uyushmasi direktori, mehnat muhojirlariga tez-tez huquqiy yordam koʻrsatib turadigan advokat Islom Baygarayev.

Bu ham yetmagandek, ayrim davlat idoralari ham qoʻshimcha noqonuniy talablarni ilgari surmoqda”, dedi Baygarayev Karvonsaroyga.

Rossiyadagi mehnat migrantlari atrofida tartibsizlik va oʻzboshimchalik hukmron, biroq bu muammoni hal qilishdan hech kim manfaatdor emas”, deydi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500