Karvonsaroy
Siyosat

Maxfiy hisobotga koʻra, Xitoy Rossiyaning bosqinchilik rejasidan xabardor boʻlgani aytilmoqda

Karvonsaroy va AFP

Oʻt oʻchiruvchilar Ukrainaning Xarkov shahrida Rossiya tomonidan oʻqqa tutilgan Karazin nomidagi Xarkov milliy universitetining iqtisodiyot fakulteti binosida yuz bergan yongʻinni oʻchirmoqda, 2-mart. [Sergey Bobok/AFP]

Oʻt oʻchiruvchilar Ukrainaning Xarkov shahrida Rossiya tomonidan oʻqqa tutilgan Karazin nomidagi Xarkov milliy universitetining iqtisodiyot fakulteti binosida yuz bergan yongʻinni oʻchirmoqda, 2-mart. [Sergey Bobok/AFP]

VASHINGTON – Bir necha hafta davom etgan inkor va diplomatik vaʼdalarga qaramay, Rossiyaning Ukrainadagi bosqinchilik urushi avvaldan rejalangani va Xitoy undan xabardor boʻlganini tasdiqlovchi dalillar koʻpayib bormoqda.

Xitoy uchun dunyodagi tinchlikni saqlash emas, balki Rossiyaning kichikroq qoʻshnisiga bostirib kirishi haqidagi xabarlar tufayli qishki Olimpiya oʻyinlarining barbod boʻlmasligi ustuvor masala edi, deb yozadi The New York Times nashri chorshanba (2-mart) kuni.

“Xitoylik yuqori martabali mulozimlar fevral oyi boshida Rossiyaning yuqori martabali amaldorlariga Pekindagi qishki Olimpiada yakunlanmagunicha Ukrainaga bostirib kirmaslikni aytganlar”, deb yozadi Times Gʻarb razvedka idorasining maxfiy hisoboti bilan tanish boʻlgan AQSH mulozimlari va Yevropa rasmiysiga tayanib.

AFP va Times xabarlariga koʻra, bu xabar oshkor boʻlganidan xijolatda qolgan Xitoy Rossiyadan bosqinni Pekindagi qishki Olimpiada oʻyinlari yakuniga qadar qoldirishni soʻraganini bir necha bor rad etgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy rahbari Si Szinpin 4-fevral kuni Pekindagi uchrashuv chogʻida suratga tushmoqdalar. [Aleksey Drujinin/Sputnik/AFP]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy rahbari Si Szinpin 4-fevral kuni Pekindagi uchrashuv chogʻida suratga tushmoqdalar. [Aleksey Drujinin/Sputnik/AFP]

Qishki Olimpiya oʻyinlari 4-fevralda boshlanib, 20-fevralda yakunlandi. 24-fevral kuni Rossiya kuchlari bir necha jabhadan Ukrainaga bostirib kirdi.

Ikkiyuzlamachilik va sheriklik

Hisobotda Rossiya va Xitoyning davomli ikkiyuzlamachiligi va sherikchiligi taʼriflanadi.

“Yuqori martabali xitoylik amaldorlar oʻtgan hafta bosqin boshlanishidan oldin Rossiyaning urushga oid rejalari yoki niyatlari haqida maʼlum darajada bevosita maʼlumotga ega boʻlgan”, deb yozadi Times maxfiy razvedka hisobotidan iqtibos keltirib.

Rossiya yetakchisi Vladimir Putin va Xitoy rahbari Si Szinpin 4-fevral kuni Pekinda muzokara oʻtkazib, global siyosiy va harbiy tartibning “yangi davrida” bir safda boʻlishga vaʼda bergan edilar.

“Ikki davlat oʻrtasidagi doʻstlik chegaralanmagan”, deyiladi ularning uchrashuvdan soʻng eʼlon qilgan qoʻshma bayonotida. “Hamkorlikda taqiqlangan sohalar yoʻq”.

Bundan tashqari, bosqin oldidan Rossiya qoʻshinlarining Uzoq Sharqdan urush hududi tomon harakatlanishi “Rossiya va Xitoy rasmiylari oʻrtasidagi ishonchning yuqori darajasini” namoyish etgan.

Oʻtgan yil boshida Ukraina chegarasida Rossiya qoʻshinlari toʻplana boshlaganidan beri Kreml rasmiylari qoʻshinlar u yerda faqat mashgʻulotlar oʻtkazishini taʼkidlagan edi.

Noyabr oyidan AQSH rasmiylari xitoylik hamkasblari bilan razvedka maʼlumotlarini almasha boshlagan va ulardan Rossiya bosqinining oldini olishga yordam berishni soʻraganida, xitoyliklar bu voqea yuz bermasligini taʼkidlagan edilar.

Bundan ham yomoni, dekabr oyida AQSH rasmiylariga kelib tushgan razvedka maʼlumotlariga koʻra, “Pekin Moskva bilan maʼlumot almashib, ruslarga Qoʻshma Shtatlar nizo keltirib chiqarishga urinayotgani va Xitoy Rossiyaning rejalariga toʻsqinlik qilmasligini aytgan”, deb yozadi Times.

Bosqin ortidan Xitoy hukumati ham vahimali tarzda Tayvan Xitoyning bir qismi ekanligini qayta taʼkidlamoqda.

“Tayvan har doim Xitoy hududining ajralmas qismi boʻlib kelgan. Bu rad etib boʻlmaydigan tarixiy va yuridik fakt”, deb bayonot berdi TIV matbuot kotibi Xua Chunyin 23-fevral kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida.

Putin oʻz qilmishini takrorladi

Ukrainaga 2022-yildagi bosqin Putin rejimining Olimpiada vaqtida urush rejalashi bilan bogʻliq uchinchi holatdir.

2008-yilda Pekindagi yozgi oʻyinlar vaqtida Putinning Gruziyaga bostirib kirgani “ayrim Xitoy rasmiylarini ranjitgan”, deb yozadi Times. Bu yil u Xitoyni boshqa ranjitishni istamay, qishki Olimpiya oʻyinlari tugashini kutdi.

Putin oʻz namoyishi – 2014-yil Sochidagi qishki oʻyinlarga dogʻ tushirmadi va ilk marta Ukrainaga bostirib kirish va Qrimni egallab olish uchun oʻsha yili Olimpiada tugashini kutdi.

Rossiyani qoʻllash bilan Xitoy yakuniy hisobda yakkamoxov davlatni qoʻllab-quvvatladi.

Chorshanba kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi koʻpchilik ovoz bilan Rossiyaning Ukrainadan “zudlik bilan” chiqib ketishni “talab qiluvchi” rezolutsiyani qabul qildi, deb xabar beradi AFP.

Majburiy kuchga ega boʻlmagan rezolutsiyani 193 davlatdan 141 tasi yoqlagan.

Betaraf qolgan 35 davlat ichida Xitoy ham bor, faqat besh mamlakat – Eritreya, Shimoliy Koreya, Suriya, Belarus va Rossiya rezolutsiyaga qarshi ovoz bergan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Xitoyga uning qoʻlga oʻrgatilgan iti buyruq bilan vovullashi kerak.

Javob berish