Karvonsaroy
Xavfsizlik

Rossiyaning Ukrainada tinch aholini nishonga olgani urush jinoyatlarini tergov qilishga undamoqda

Karvonsaroy va AFP

27-fevral kuni Kiyev yaqinidagi Vasilkov shahrida Rossiyaning raketa hujumi tufayli vayron boʻlgan bino oldidan oʻtib ketayotgan erkak. [Dimitar Dilkoff/AFP]

27-fevral kuni Kiyev yaqinidagi Vasilkov shahrida Rossiyaning raketa hujumi tufayli vayron boʻlgan bino oldidan oʻtib ketayotgan erkak. [Dimitar Dilkoff/AFP]

KIYEV, Ukraina – Tinch aholi orasida qurbonlar soni ortib borar ekan, halqaro hamjamiyat Moskvaning Ukrainaga bosqini mudhish insoniy yoʻqotishlarga sabab boʻlayotganidan jiddiy xavotir bildirmoqda.

Sakkizinchi kun davom etayotgan bosqin bir million ukrainalikni oʻz uyini tark etishga majbur qildi va Rossiyaning dunyo miqyosida moliya, diplomatiya va sport sohasida yanada yakkalanishiga olib keldi.

Ukrainaning qatʼiy qarshiligiga qaramay, Rossiya prezident Vladimir Putinning buyrugʻi bilan hujumni yanada jadallashtirishga qaror qilgan koʻrinadi.

Payshanba (3-mart) kuni Ukraina harbiy rahbariyati Xarkovning aholi yashaydigan va boshqa hududlari “tuni bilan betartib oʻqqa tutilganini” aytgan.

Rossiya bombalagan Jitomirdagi vayronalar ichida turgan ukrainalik erkak, 2-mart. Mahalliy aholi va maʼmuriyatning xabar berishicha, hujum natijasida kamida 3 kishi halok boʻlgan, 20 ga yaqin kishi jarohatlangan, hududdagi bozor va kamida 10 ta uy vayron boʻlgan. [Emmanuel Dyupark/AFP]

Rossiya bombalagan Jitomirdagi vayronalar ichida turgan ukrainalik erkak, 2-mart. Mahalliy aholi va maʼmuriyatning xabar berishicha, hujum natijasida kamida 3 kishi halok boʻlgan, 20 ga yaqin kishi jarohatlangan, hududdagi bozor va kamida 10 ta uy vayron boʻlgan. [Emmanuel Dyupark/AFP]

Rossiya qoʻshinlari butun janubiy front boʻylab oldinga siljib, Xerson sharqidagi Mariupol port shahrini qamal qilmoqda. Qish oyida Mariupol suv va elektr quvvatisiz qolib ketgan.

Rossiyaliklar “hammamizni yoʻq qilmoqchi”, deydi Mariupol hokimi Vadim Boychenko chorshanba kuni ularni tinch aholi yashaydigan turar joy binolariga hujumda ayblab.

Shu kungacha 350 fuqaro, jumladan 14 ta yosh bola halok boʻldi, deb xabar bergan Ukraina hukumati. Shuningdek, hujum boshlanganidan beri yuz minglab odam oʻz uyini tark etgan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari idorasi OHCHR 752 ta qurbon, jumladan 227 ta oʻlim holatini qayd etgan, ammo unga koʻra, bu raqamlar aslida “ancha yuqori”.

Xalqaro jinoiy sud (XJS) 39 ta mamlakat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi ortidan uning bosh prokurori chorshanba kuni Ukrainadagi ehtimoliy urush jinoyatlari yuzasidan “zudlik bilan” faol tergov boshlanishini aytdi.

Bu mamlakatlar orasida Yevropa Ittifoqi davlatlari, shuningdek Avstraliya, Britaniya, Kanada, Yangi Zelandiya, Shveytsariya va Lotin Amerikasining ayrim davlatlari bor.

“Men bir necha daqiqa avval XJS rahbariyatini Ukrainadagi vaziyat yuzasidan zudlik bilan faol tergov boshlash haqidagi qarorimdan xabardor qildim”, deyiladi Karim Xonning bayonotida.

“Dalil toʻplash ishlari boshlab yuborildi”, deb qoʻshimcha qilgan u.

Avvalroq, chorshanba kuni parlamentda chiqish qilgan Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning soʻzlarini takrorlab, Rossiya kuchlari Ukrainada tinch aholini bombardimon qilganidan keyin Putin “urush jinoyatlarida aybdor”, deb aytgan.

Vashingtonda AQSHning nufuzli diplomati Entoni Blinken qurbonlar soni “dahshatga soluvchi” ekanligi haqida ogohlantirar ekan, Rossiyani “noharbiy obʼektlarga” hujum qilishda aybladi.

“Yuzlab, ehtimol minglab fuqarolar halok boʻlgan va jarohatlangan”, deb aytgan Ukrainani qoʻllab-quvvatlash va otashkesim saʼy-harakatlarini kuchaytirish uchun kelasi hafta sharqiy Yevropaga boradigan davlat kotibi.

Turar joylar va infratuzma bombardimon qilinmoqda

Urush jinoyatlari tergovi Rossiya raketalari tinch aholi turar joylari va infratuzilmalariga kelib tushayotgani va odamlar halok boʻlayotgani fonida boshlanmoqda.

Oleg Rubakning rafiqasi Katya uy xarobalari ostida qolib halok boʻlgan – erkak uning oʻlimiga sababchi boʻlgan raketaning kelib tushishida Putinni ayblar ekan, nafratini yashira olmay koʻz yosh toʻkadi.

32 yashar muhandis Kiyevdan 150 km uzoqlikdagi Jitomirda yogʻoch va gʻishtdan yasalgan uyida oʻz qizalogʻi bilan oʻynab oʻtirgan edi.

Seshanba kuni Ukrainadagi harbiy garnizon joylashgan shaharchada tungi soat 10 da ilk raketa ularning uyi oldida portlagan.

Ikkinchi raketa binoning orqa tarafiga tushib, besh metrli krater hosil qilgan. Hozirda u Rubak uyining xarobalari va suv bilan toʻlgan.

“Uning ismi Katya edi. Yoshi 29 da. Bir daqiqa yotoqxonamizga kirib ketayotganini koʻrdim, yana bir daqiqa ichida esa hammasi yoʻq boʻldi”, deydi AFP bilan suhbatda boʻlgan Rubak xarobalar oldida turib.

“U jannatda, aʼlo holatda deb umid qilaman.”

U bir oz yigʻlab, uzr soʻragan holda davom etdi: “Butun dunyo mening hikoyamni tinglashini hoxlayman”.

U yerda yotgan bir uyum xarobalarga ishora qildi.

“Bir yarim yashar qizim bilan ana shu yerda edim. Koʻrib turganingizdek, endi bu uy emas, hatto xona ham emas, balki jahannamning oʻzi”, deb aytgan u.

Ikkinchi portlash yuz berganida uy ichiga qahraton qishning sovuq havosi kirar ekan, Rubak vayronalar orasida qolib ketgan.

Barmoqlari bilan mobil telefonini izlab topgan, fonarni yoqib qizalogʻini topgan.

“Uning oʻlishini istayman”

“U qimirlamasdi, men uchun butun olam vayron boʻlgan edi, ammo qoʻllarini ushlaganimda u yigʻlashni boshladi. Bu men umrimda eshitgan eng chiroyli ovoz edi”, dedi u.

Ammo Katya hamon gʻishtlar va toʻsinlar tagida edi. Qoʻllaridagi yaralar va chandiqlarini koʻrsatgan Oleg umidsizlik bilan uni shu qoʻllari bilan kavlab olganini aytadi.

U qoʻrqqanicha ayolning jonsiz tanasini topdi. Birinchi portlashdayoq unga hech qanday imkoniyat qolmagan edi. “Katya uy bekasi edi. Meni va qizimizni yaxshi koʻrar edi.”

Oʻz qaygʻusi bilan kurashayotgan Rubakning otasi unga taskin berib, qahraton sovuqda oʻranib olishi kerakligini aytsa-da, gʻazabnok oʻgʻil diqqatini toʻplaganicha tik turar edi.

“Men kuchli boʻlishim kerak. Sovuq qotganim yoʻq. Shunchaki nima boʻlganini butun olam bilishini hoxlayman”, deb aytgan u bor gʻazabini Putinga yoʻnaltirib.

“Uning oʻlimini hoxlayman”, deb aytgan Oleg Putinni nazarda tutib. “Doʻzaxda abadiy yonsin.”

Jitomir rasmiylariga koʻra, seshanba tunda sodir boʻlgan portlashda kamida uch kishi halok boʻlgan va 20 kishi, jumladan bir necha yosh bola jarohatlangan.

Chorshanba kuni shahar markazida oʻnlab fuqaro shaharning katta harbiy akademiyasi roʻparasidagi vayronaga aylangan bozorni tozalashgan.

Ular orasidagi 28 yashar Katarina Chernova qoʻrquvini yashira olmasa-da, mahalliy aholining birdamligi uni tinchlantirmoqda.

“Hammamiz birgamiz, bir-birimizga yordam beryapmiz”, deb aytgan u AFP muxbiri bilan suhbatda. “Bu bizning vatanimiz boʻlgani uchun uni saqlab qolmoqchimiz, taslim boʻlmaymiz.”

Rubak esa Rossiyaning bosqinidan tushkun holatda. Unga koʻra, Jitomirda “koʻpchilik ketishni hoxlaydi, ammo qayerga borishni bilmaydi”.

Rossiyaning taktikasi

Payshanba kuni Fransiya Ukrainaga qarshi urushning eng yomon bosqichi hali oldinda boʻlishi va Ukrainaning asosiy shaharlari Rossiya kuchlari tomonidan qurshab olinishi mumkinligini aytdi.

“Ruslar Ukrainaga blitskrig, yaʼni Rossiyaga Ukrainani nazorat ostiga olish imkonini beradigan yashin tezligidagi urushni koʻzlab kirdilar”, dedi tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian “France 2” telekanaliga.

“Ukrainaliklarning namunali, jasur va shiddatli qarshiligi tufayli bunday boʻlmadi”.

Le Drian Rossiyaning Suriya va Chechenistondagi isyonchilarga qarshi avvalgi taktikasini yodga oldi.

“Ruslar bunga koʻnikib qolgan – Halab, Grozniyni eslang”, dedi u Suriya va Chechenistonda Rossiya bombardimonchi samolyotlari vayron qilgan shaharlarni nazarda tutib. “Bu juda ogʻir boʻlishi mumkin. Falokat davom etmoqda, Rossiyaning jirkanch tajovuzi ham davom etyapti.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Ruslar doim tinch aholini qatliom qilib kelgan. Vahshiylar.

Javob berish