Karvonsaroy
Xavfsizlik

Kremlning Ukrainadagi muammolari sovetlarning Afgʻonistondagi magʻlubiyatini eslatmoqda

Xanna Chertova

Sanasiz videolavhada rossiyalik harbiy asirlardan biri onasi bilan telefonda gaplashmoqda, ikkinchisi esa ukrainalik tergovchining savollariga javob bermoqda. [Ukraina xavfsizlik xizmati]

KIYEV, Ukraina – Ukrainaning tinch aholisiga nisbatan shafqatsiz zoʻravonlik va harbiylarning qoʻpol xatolari tufayli kuzatuvchilar Rossiyaning Ukrainaga bosqinini Sovet Ittifoqining Afgʻonistondagi urushi bilan taqqoslamoqda.

Sovet Ittifoqi 1979-yilda Afgʻonistonga bostirib kirgan. Afgʻon mujohidlari toʻqqiz yil davomida oʻz vatanini Sovet Armiyasi askarlaridan himoya qilar ekan, bir milliondan ortiq afgʻon halok boʻlib, yuz minglab odamlar nogironga aylandi.

Yana besh million yoki undan koʻproq odam qoʻshni davlatlarga koʻchib oʻtgan. Janglar davomida Afgʻoniston infratuzilmasining aksar qismi vayron boʻldi.

Sovet qoʻshinlari oʻlimlar va vayronagarchiliklarga qaramay, 1989-yil fevral oyida magʻlubiyatga uchradi.

2019-yil 28-noyabrda olingan ushbu suratda Kobul chekkasida sovet davridan qolgan tank qoldiqlari ustida oʻynab yurgan afgʻonistonlik bolakay aks etgan. 2019-yil dekabr oyida Sovet Ittifoqining Afgʻonistonga bostirib kirganiga 40 yil toʻldi. Magʻlubiyatga uchragan Sovet qoʻshinlari 1989-yil fevralda ortga chekingan edi. [Nurulloh Shirzoda/AFP]

2019-yil 28-noyabrda olingan ushbu suratda Kobul chekkasida sovet davridan qolgan tank qoldiqlari ustida oʻynab yurgan afgʻonistonlik bolakay aks etgan. 2019-yil dekabr oyida Sovet Ittifoqining Afgʻonistonga bostirib kirganiga 40 yil toʻldi. Magʻlubiyatga uchragan Sovet qoʻshinlari 1989-yil fevralda ortga chekingan edi. [Nurulloh Shirzoda/AFP]

Suratda: 3-mart kuni Ukrainaning Xarkov shahrida Rossiya kuchlari tomonidan oʻqqa tutilib, yonayotgan bino. Rossiya 40 yil avval Sovet Ittifoqi Afgʻonistonda qilgani kabi Ukrainada tinch aholini qoʻrqitmoqda. [Sergey Bobok/AFP]

Suratda: 3-mart kuni Ukrainaning Xarkov shahrida Rossiya kuchlari tomonidan oʻqqa tutilib, yonayotgan bino. Rossiya 40 yil avval Sovet Ittifoqi Afgʻonistonda qilgani kabi Ukrainada tinch aholini qoʻrqitmoqda. [Sergey Bobok/AFP]

Ikki yil oʻtgach, Sovet Ittifoqi parchalandi.

Ayni paytga kelib, juma – 4-martda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganiga 9 kun boʻldi.

Rossiya karvonlarining yoqilgʻisi tugab qolgani, qoʻshinlarning ommaviy ravishda qochgani yoki taslim boʻlgani haqida xabarlar chiqib turgan boʻlsa-da, Rossiyaning Ukraina shaharlarini oʻqqa tutishi jadallashgan.

Minglab odamlar halok boʻlgani yoki jarohatlangani, 1-milliondan ortiq ukrainaliklar esa kuchayib borayotgan qochqinlar inqirozi fonida Gʻarbga qochgani taxmin qilinmoqda.

Koʻpgina kuzatuvchilarga koʻra, Rossiyaning Ukraina fuqarolariga hujumi aks etgan kadrlar Sovet Armiyasining Afgʻonistondagi buzgʻunchiligini eslatadi.

Toʻqqiz yil davom etgan oʻsha urushda “Sovetlar mujohid isyonchilar va ularni qoʻllab-quvvatlaganlarga shafqat qilmadi, butun qishloqlarni yer bilan yakson qildi”, deb yozadi Atlantic nashri 2014-yilda.

“Taxminan bir million tinch aholi halok boʻlgan.”

“Afgʻonistondagi kabi”

Rossiya prezidenti Vladimir Putin payshanba kungi telemurojaatida Rossiya va Ukrainani “bitta xalq” deb atadi va Ukrainada “neonatsistlar”ni yengishga vaʼda berdi.

U “maxsus operatsiya” rejalashtirilganidek davom etayotganini taʼkidlagan.

Ruslarning Ukrainaga bosqinni oqlashi 1979-yil dekabrda sovet armiyasi Afgʻonistonga bostirib kirganida sovetlar aytgan soʻzlarga oʻxshaydi, deydi bir vaqtlar Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabida ishlagan harbiy tahlilchi Oleg Jdanov.

“Afgʻonistonda boʻlgani kabi, bugungi kunda ham Rossiya askarlari gʻoyaviy ruhlantirilgan. Ularning oʻz internatsionalistik burchini bajarayotganiga ishonchi komil. Ular “qardosh” ukrain xalqiga oʻz mamlakatida porloq kelajak qurishda yordam bermoqdalar, dedi Jdanov Karvonsaroy bilan suhbatda.

1978-yilda sovetlar tarafdori boʻlgan bir guruh afgʻon harbiy ofitserlari davlat toʻntarishi uyushtirdilar. Biroq ular kommunizmni afgʻonistonliklar uchun maqbul qilib bera olmadilar.

Hukumatga qarshi mujohidlar isyon koʻtardilar.

Bunga javoban Sovet Politbyurosi 1979-yil dekabr oyida xuddi hozirgidek “urush” yoki “bosqin” soʻzlarini ishlatmay, Afgʻonistonda “harbiy operatsiya” oʻtkazishga buyruq berdi.

“Harbiy akademiya klubida yigitlarni kuzatganimizni qanday nishonlaganimizni eslayman. Biz oʻsha olis mamlakatdagi odamlarga sotsializm qurishga yordam berayotganimizga ishonardik”, deydi Jdanov.

“Bu – urush, urush esa bosqinchilik ekanini hech kim tushunmas edi. Xuddi hozir Ukrainada boʻlgani kabi.”

Bosqinga rahbarlik qilgan sovet marshali Sergey Sokolov 1979-yilda Sovet Ittifoqi bir oy ichida vaziyatni nazoratga olishini aytgan edi.

Aksincha, tez orada Sovet Ittifoqiga “200-yuk” deb atalgan tunuka tobutlar kela boshladi.

Kreml maʼlumotlariga koʻra, Afgʻonistonda 15 mingdan ortiq sovet askari halok boʻlgan.

“Boshqa choramiz yoʻq edi”

Ukrainada Rossiya qurbonlarining ortib borayotganini ham sovet qoʻshinlarining Afgʻonistonga bosqini bilan taqqoslash mumkin.

Chorshanba kuni Rossiya mudofaa vazirligi Ukrainada halok boʻlgan rossiyalik harbiylar soni 498 tani tashkil etganini xabar qildi.

Juma kuni Ukraina harbiylari hozirga qadar rossiyaliklar bergan jami qurbonlar soni 9166 taga yetganini aytgan.

Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU) tomonidan eʼlon qilingan soʻroq jarayoni videolavhalarida koʻplab rossiyalik harbiy asirlar qayerga ketayotganidan bexabar boʻlganini aytgan.

“Taxminan bir hafta Kuzminsk poligonida mashgʻulotlarda boʻldik. Keyin bizni toʻplab, chegaraga yaqinroq joyga joʻnatishdi. Chegarada turishimizni aytishdi”, deydi ukrainaliklar tomonidan asirga olingan katta snayper Anton Petruk.

“Keyin tunda birdan uni kesib oʻtdik. Qandaydir qishloqqa yetib keldik. Boshqa ilojimiz qolmagan edi”, dedi u.

“Chegarani kesib oʻtganimizdan keyin jang qilishdan bosh tortganimizda, bu davlatga xiyonat boʻlardi. Buning uchun 15-25 yilga qamalish mumkin. Bu ham buyruqni bajarmaslik va buning uchun qoʻshimcha muddat berishlari mumkin, deyarli butun umr.”

“Prezidentimizning jinoiy buyrugʻi bilan meni qardosh xalqqa qarshi jang qilishga yuborishdi”, deydi onasi bilan telefon orqali gaplashgan Vladislav ismli harbiy asir oʻsha videolavhada.

“Onajon, iltimos, meni uyga qaytaring. Ortiq bu yerda qolishni istamayman.”

“Rossiya koʻplab sovetcha amaliyotlarini qoʻlladi. Afgʻoniston urushi paytida [Sovet Ittifoqi] ham dastlab berilgan qurbonlar sonini yashirgan”, deydi “Penta” siyosiy tadqiqotlar markazi direktori, siyosatshunos Vladimir Fesenko Karvonsaroyga.

“Keyinchalik xalq “qora lola” deb ataydigan tobutlar ortilgan samolyotlar qayta boshlaganida, oʻlimlar sonini yashirib boʻlmay qoldi”, dedi u.

“Aslida, hozir ham xuddi shunday amaliyotni koʻrib turibmiz. Aksariyat hollarda rossiyalik askarlarning ota-onalari farzandlarining qayerda ekanini bilmaydi”, dedi Fesenko.

“Mislsiz yoʻqotishlar”

Tahlilchilarning fikricha, afgʻon urushining halokatli oqibatlari Ukrainada ham takrorlanishi mumkin.

AQSh mujohidlarga yordam bergani sababli SSSR Afgʻonistondan oʻz qoʻshinlarini olib chiqib ketishga majbur boʻlgan edi, deydi siyosatshunos Oleg Lesnoy.

“Qoʻshma Shtatlar mujohidlarni “yer-havo” sinfidagi Stinger raketalari bilan taʼminlaganida, sovet armiyasi havodagi ustunligini yoʻqotdi”, dedi Lesnoy Karvonsaroyga.

Ukrainlarga Rossiyani havodagi ustunligidan mahrum qilishga yordam beradigan chet el qurollari oqimi Ukrainadagi ruslar taqdiriga ham xuddi shunday taʼsir qiladi, deydi u.

Bunday yordam yetib kelgan taqdirda, Rossiya mislsiz qurbonlar bera boshlaydi, dedi Lesnoy.

Moskvaning oʻzi qoʻshinlarini Afgʻonistondan olib chiqishga qaror qilgan boʻlsa-da, bu vaziyatni oʻnglashga yordam bera olmadi.

Sovet Ittifoqi 1991-yilda parchalanib ketdi. Rossiya qoʻllovidagi Afgʻoniston hukumati esa 1992-yilda quladi.

Urush xarajatlari, neft narxining pastligi Sovet gʻaznasini boʻshatib, SSSRni halokatga yetakladi.

Globalsecurity.org maʼlumotlariga koʻra, AQSH razvedkasi hisob-kitoblari boʻyicha Sovet Ittifoqi 1979-yildan 1986-yilgacha urushuchun taxminan 18 milliard rubl (oʻsha paytdagi kurs boʻyicha 24,3 milliard dollar) yoki bugungi kurs bilan hisoblanganda 73 milliard dollardan ortiq mablagʻ sarflagan.

Kiyevdagi Iqtisodiyotni tiklash markazining dushanba kuni eʼlon qilingan tadqiqotida aytilishicha, Ukrainadagi urushning dastlabki toʻrt kunida Rossiya bevosita harbiy xarajatlar uchun 7 milliard dollar sarf qilgan.

Bundan tashqari, Qoʻshma Shtatlar va uning Gʻarbdagi ittifoqchilari allaqachon Rossiya iqtisodiyotini va Markaziy bankning rublni himoya qilish qobiliyatini zaiflashtirish, jumladan havo hududini yopish, aktivlarni muzlatish va yettita bankni SWIFT banklararo tizimidan uzishga qaratilgan keng qamrovli sanktsiyalarni joriy qilishdi .

Rossiya havodagi ustunligini boy bersa, “Putinda bu urushni uzoq davom ettirish uchun odamlar va resurslar yetmaydi”, dedi Lesnoy.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500