KIYEV – Rossiya qurolli kuchlari Ukraina shaharlarini betartib oʻqqa tutishni, shuningdek atayin tinch aholini nishonga olishni davom ettirmoqda, deb xabar beradi Ukraina va Gʻarb rasmiylari.
Vashingtonga RossiyaUkrainaga bosqin vaqtida urush jinoyatlarini sodir etgani, ayniqsa fuqarolarga hujum qilganiga oid “juda ishonchli” xabarlar kelib tushdi, deb aytgan AQSH davlat kotibi Entoni Blinken yakshanba (6-mart) kuni.
Prezident Jo Baydenning bosh diplomati ukrainaliklarning qatʼiyatini yuqori baholar ekan, Rossiya rahbari Vladimir Putin bir necha yuzlab odamlar oʻlimiga sababchi boʻlib ulgurgan urushda “magʻlubiyatga uchrashi muqarrar” ekanligini aytdi.
“Biz urush jinoyati hisoblanadigan tinch aholiga atayin hujum qilish holatlari boʻyicha ishonchli xabarlarga egamiz”, deb aytgan Blinken CNN telekanalining “State of the Union” koʻrsatuvida.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) juma kuni Ukrainada 331 ta fuqaro oʻlimini qayd etgan boʻlsada, aniq raqamlar bundan yuqori boʻlishi mumkin.
Rossiyaliklar hujumidan oʻlganlar orasida Ukraina poytaxti Kiyev shimoli-gʻarbidagi Gostomel hokimi ham borligi haqida shahar rasmiylari xabar berishgan.
“Gostomel rahbari Yuriy Ilich Prilipko och qolganlarga non va bemorlarga dori-darmon tarqatayotganida halok boʻldi”, deyiladi uning Facebook sahifasida.
Prilipko bilan birga boshqa ikki nafar ukrainalik ham otib oʻldirilgan, deyiladi postda, ammo hodisaning aniq vaqti aytilmagan.
“Hech kim uni bosqinchilarga qarshi chiqishga majburlamagan”, deyiladi xabarda. “U oʻz xalqi, Gostomel uchun jon berdi. U qahramonlarcha halok boʻldi.”
Gostomel – strategik jihatdan muhim Antonov harbiy aeroporti joylashgan shaharcha. Bu yerda 24-fevral kuni Kreml bosqinidan keyin urushning ilk kunlari Ukraina va Rossiya qurolli kuchlari oʻrtasida shiddatli janglar kechgan edi.
“Ukrainaga qarshi terror”
Rossiya Ukraina boʻylab, ayniqsa birinchi boʻlib Moskva askarlari qoʻliga oʻtgan Xerson yaqinidagi janubiy hududda hujumlarni kuchaytirgan, fuqarolar orasida qurbonlar soni ortgan va katta zarar yetkazilgan.
Xerson sharqidagi Mariupol port shahri qahraton qishda suv va elektr quvvatisiz qolib ketgan.
Mariupol shahar hokimi oʻrinbosari Sergey Orlov BBC radiosiga bergan intervyusida 40 soat davomida binolar, jumladan maktab va shifoxonalar oʻqqa tutilishi natijasida oʻz shaharchasining gumanitar holati “abgor” ekanligini aytgan.
Rossiya qurolli kuchlari tinch aholi yashaydigan hududlarni, jumladan maktablar, koʻp qavatli binolarni bombalar ekan, oʻtgan haftaning payshanba kuni shimoliy Chernigov shahrida 47 kishi halok boʻlgan, deyiladi mahalliy rasmiylarning yangi xabarlarida.
1-mart kuni Jitomirga qilingan hujumda shifoxona va tugʻruqxona binosi ham oʻqqa tutilgan, uch nafar fuqaro halok boʻlgan va 16 kishi jarohatlangan.
Sharqdagi Xarkov shahrining tinch aholi yashaydigan qismi ham oʻqqa tutilgan, deb xabar bergan Ukraina rasmiylari. BMTning Haagadagi prokurorlari Xarkovdagi hujumni urush jinoyati ehtimoli sifatida tergov qilishni boshlaganlar.
28-fevral kuni Xarkovning eng zich – Alekseyevka, Saltovka va Pavlopol tumanlariga hujum uyushtirilgan, deb xabar beradi Xarkov viloyati favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi vakili Yevgeniy Vasilenko.
“Qiyin tarafi shundaki, oʻqqa tutish vaqtda biz hech nima qila olmaymiz. Otishmada qolib ketish xavfi tufayli kech yetib kelganimiz uchun olovni oʻchirish qiyin boʻladi”, deb aytgan u.
“Xuddi shu kabi, vayronalar ostida qolib ketgan odamni qutqarishda ham bir necha daqiqalar hamma narsani hal qiladi. Shu sababdan ham tinch aholi orasida qurbonlar bor”, deb aytgan Vasilenko Karvonsaroy nashriga.
Gʻarb manbalariga koʻra, kuchli bombardimon qilinganiga qaramay, Xarkov hamon ukrainaliklar nazoratida.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 1-mart kuni Yevropa parlamentidagi nutqida Xarkovga uyushtirilgan hujumni “Ukrainaga nisbatan terror” deb taʼrifladi.
Raketalar shaharning Ukraina harbiy texnikasi joylashtirilmagan yoki harbiy inshootlar boʻlmagan tumanlariga qarata uchirildi, deb taʼkidlagan u.
Xarkovning snaryad kelib tushmagan tumani qolmadi, deb aytgan Vasilenko.
Soʻnggi kunlarda shaharga hujum yanada kuchaygan, ayrim snaryadlar kelib tushganidan keyin portlamagan, bu yangi xavf tugʻdiradi, deb qoʻshimcha qilgan u.
“Bir kun ichida Xarkovda 33 ta snaryadni zararsizlantirish boʻyicha ariza kelib tushgan. Pirotexniklarimiz bu ishni faol amalga oshirmoqda”, deydi Vasilenko.
“Haqiqiy terror”
“Putin haqiqiy terrorga oʻtmoqda”, dedi Ukrainaning mudofaa strategiyalari markazining xavfsizlik masalalari boʻyicha tahlilchisi va Ukraina mudofaa vazirining sobiq maslahatchisi Aleksandr Xara Karvonsaroy nashri bilan suhbatda.
“Putin Ukrainani bir necha kunda qoʻlga olaman deb oʻylagan edi, ammo buning oʻrniga Ukraina xalqi birlashib, uning qurolli kuchlariga qarshi chiqqanini koʻrdi.”
“Birinchidan, Ukrainaning asosiy shaharlariga qarata ular yuqori aniqlikda amalga oshirilganini aytgan hujumlar oʻz maqsadiga erishmadi va harbiy nazorat yoki davlat nazorati tizimlarini yoʻq qilmadi”, deb aytgan u.
Rossiyaning harbiy rahbariyati “urushni shaharlarga olib oʻtish mumkinligini tushunadi”, deb qoʻshimcha qilgan u.
“Ammo shaharda jang qilish juda mushkul va Rossiya qurolli kuchlarining barcha afzalliklari yoʻqqa chiqadi”, deb aytgan Xara.
“Ukraina armiyasida Javelin, NLAW va Stinger borligini hisobga olsak, shaharlarimizni samarali himoya qila olamiz”, deb aytgan u Gʻarbda ishlab chiqarilan, portativ tanklar va samolyotlarga qarshi qurollarni nazarda tutib.
“Shu sababli rossiyaliklar xalqning vahima bilan qochishini umid qilib, Ukraina shaharlarini betartib bombardimon qilmoqda”, deb aytgan u.
Rossiya bu fashizm
Javob berishFikrlar 1