OLMAOTA – Ukrainadagi voqealarni kuzatib borayotgan qozogʻistonliklar Kreml tashviqotini yoyinlayotgan yoki butunlay sukut saqlayotgan Rossiya telekanallaridan hafsalasi pir boʻlmoqda.
Olmaotalik mustaqil huquqshunos, Osiyo xalqaro kabel operatorlari uyushmasi ijroiya kengashining sobiq raisi Anton Shin “Mir” teleradiokompaniyasini urushning avj pallasida Ukrainadagi voqealarni yoritmayotgani uchun tanqid qildi.
Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga (MDH) qarashli boʻlgan “Mir” Rossiya va boshqa sobiq Sovet respublikalari, shu jumladan Qozogʻiston tomonidan taʼsis etilgan.
Shunday ekan, kompaniya nizomida taʼkidlanganidek, ushbu mamlakatlar fuqarolari “davlatlarning fuqarolik va siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotiga oid xolis va haqqoniy hisobotni” koʻrish huquqiga ega, deb yozadi Shin 2-mart kuni Facebook sahifasida.
U “Mir” rahbariyatidan Ukrainadagi janglar haqida xabar bera boshlashni talab qilgan.
Qozogʻiston Axborot va ijtimoiy taraqqiyot vazirligi “Qozogʻiston Respublikasining ushbu kompaniya bilan hamkorligini qayta koʻrib chiqishi va Qozogʻistonning bu kompaniya biznesidagi moliyaviy ishtirokini bekor qilishga qaratilgan boshqa choralarni koʻrishi mumkin”, dedi u.
Kreml qoʻllovidagi telekanallar Yevropaning koʻpmadaniyatlilik va liberal qadriyatlariga nisbatan nafrat uygʻotuvchi, aksilgʻarb gʻoyalarini tarqatishga moʻljallangan Rossiya prezidenti Vladimir Putinning asosiy karnayidir, deydi Qozogʻistonning inson huquqlari boʻyicha xalqaro byurosi direktori, olmaotalik Sergey Duvanov.
“Putinni Sovuq urushdagi magʻlubiyat, Sovet Ittifoqining qulashi va Rossiyaning iqtisodiy muvaffaqiyatsizliklari qiynab keladi va bu tuygʻuni u MDH, jumladan Qozogʻistondagi koʻp millionli auditoriyaga singdirishga urinmoqda”, dedi u Karvonsaroyga.
Rossiya telekanallari Putinga qozogʻistonliklar orasida buzgʻunchi gʻoyalarni tarqatish imkonini berdi, bu esa milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan bu targʻibot vositalarini olib tashlash va ularni yuqori sifatli qozoqcha kontent bilan almashtirish masalasini muhim oʻringa qoʻyadi, dedi u.
“Ammo Putin “millatchi” Qozogʻistondan ranjishi, keyin esa bu yerda ham Ukraina ssenariysi takrorlanishi xavfi mavjud”, dedi u.
Qozoq provayderi Rossiya telekanallaridan voz kechdi
Qozogʻistonning “Remstroyservis” provayderi Ukrainadagi urush tufayli Rossiya kanallari namoyishini toʻxtatdi, deb xabar qildi KazTAG yangiliklar sayti 28-fevral kuni kompaniya bayonotiga asoslanib.
“Hurmatli obunachilar: Biz urush va urush tashviqotiga qarshimiz. Shuning uchun Rossiyaning barcha davlat telekanallari koʻrsatuvlarini vaqtincha “Xabar24” telekanaliga almashtirdik”, deyiladi kompaniyaning Telegram-kanalida eʼlon qilingan bayonotda.
Qaragʻanda viloyatining Shaxtinsk shahrida joylashgan “Remstroyservis” internet va raqamli televideniye xizmatlarini taqdim etadi.
“Ukrainadagi harbiy harakatlar chogʻida nomaʼlum manba Rossiyaning bu kanallari chastotasida Ukrainaga qarshi tashviqot videolarini uzata boshlagani sababli biz shunday qarorga keldik”, dedi “Remstroyservis” xodimi Karvonsaroyga anonimlik sharti bilan.
Mahalliy tomoshabinlar Rossiya kanallarining gʻoyib boʻlganidan ranjigani yoʻq.
“Ishonchim komilki, bu sirli manba soʻnggi kunlarda har qachongidan ham jirkanch, yolgʻon tashviqot bilan shugʻullanayotgan Rossiya kanallarining oʻzi”, deydi Shaxtinskda yashovchi tizim administratori Alibek Koʻkpayev.
“Biz odatda koʻngilochar dasturlarni tomosha qilamiz, chunki ularning yangiliklari miyani zaharlashdan boshqa narsa emas”, dedi u.
“Ukrainadagi urush Rossiya uchun nozik masala, Kreml esa bu yerda Kiyevdagi “natsistlar”, goʻyoki ukrain xalqi ularning changalidan qutqarilayotganiga jamoatchilikni ishontirish uchun Qozogʻistonda faol tashviqot olib bormoqda”, dedi Koʻkpayev.
Putin nazoratidagi OAV oʻz “askarlarini” yoʻqotmoqda
Soʻnggi tanqidlar Kreml nazoratidagi OAVning ayrim jurnalistlari Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga norozilik sifatida ishdan boʻshashi ortidan yuzaga kelgan Rossiya tashviqot makonidagi mojarolar fonida yangragan.
Kreml nazoratidagi RT xalqaro teleradiokompaniyasi bosh muharriri Mariya Baronova bosqin boshlanganidan koʻp oʻtmay lavozimini tark etgan.
“Bir hafta oldin men hali ham “NATO hamkorlari” va “NATO tashviqoti” haqida yozar, ularni laʼnatlardim, xiyonat va rusofobiya haqida gapirardim, demokratik shizofreniyani mazax qilardim – ammo yakunda ular haq, men esa nohaq boʻlib chiqdim”, deb yozadi Baronova 27-fevral kuni Telegram kanalida.
Putinning totalitar rejimi rossiyaliklarning hayotini “adogʻi yoʻq jahannamga” aylantirdi va endi bu tizimni Ukrainaga majburan eksport qilishga urinmoqda, deydi u.
Berlinda joylashgan Rossiyaning “Ruptly” davlat axborot agentligi xodimlari ham Ukrainaga Putin buyrugʻi bilan Rossiya qoʻshinlari bostirib kirganidan soʻng ishdan ketishni boshlaganlar, deb xabar beradi Reyter 28-fevral kuni.
Xodimlar umumiy majlis chogʻida ularga mojaro haqida xolisona xabar berish, masalan, “bosqin” soʻzini ishlatishga ruxsat berilmaganidan shikoyat qilganlar.
“Ruptly” 2013-yilda RT va boshqa mijozlarga yangiliklar, jumladan, butun dunyodan videolavhalar va jonli efirlarni taqdim etish maqsadida taʼsis etilgan.
Ruptly – Putinning ittifoqchisi Margarita Simonyan tomonidan boshqariladigan xalqaro media-imperiyaning bir qismi boʻlib, uning tarkibiga RT va Sputnik ham kiradi, deb qayd etadi Reuters.
Simonyan Rossiyaning tashviqot mashinasida “markaziy figura” sifatida oʻrin egallagani bois Gʻarb sanksiyalariga duchor boʻlgan.
Putinga qarshi misli koʻrilmagan miting
Dam olish kunlari qozoqlar tinchlik yoʻlida miting uyushtirib, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga qarshi namoyish oʻtkazdilar. Koʻpchilik urushning Rossiya ommaviy axborot vositalarida qanday rakursda yoritilayotganiga eʼtiroz bildirgan.
Yakshanba (6-mart) kuni Olmaotada Ukraina madhiyasi sadolari ostida 2000 dan ortiq odam namoyish oʻtkazdi, unda tinchlikni yoqlovchi shiorlar va Putinga qarshi haqoratli hayqiriqlar yangragan.
Qozogʻiston odatda siyosiy namoyishlarni oʻtkazishga toʻsqinlik qiladi, biroq sobiq sovet davlatlarida jamoatchilik kayfiyati oʻzgarib bormoqda va koʻpchilik Ukraina masalasida Gʻarbning Rossiyaga nisbatan misli koʻrilmagan sanksiyalari Moskvaning ittifoqdoshlarini ham nishonga oladi, degan taxminlardan xavotirda.
Qozogʻiston Tashqi ishlar vazirligi mojaroda oʻzining betaraf ekanligini taʼkidladi va oʻtgan hafta Britaniya parlamenti deputati mamlakatda Putinga “sherik va uni qoʻllab-quvvatlovchi” shaxslarga qarshi sanksiya qoʻllashni talab qilganidan keyin Britaniya elchisini muzokaraga taklif qildi.
Maslahatlashuvlar 28-fevral kuni muxolifatdagi Leyboristlar partiyasi aʼzosi, britaniyalik deputat Margaret Xoj Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trassdan “Qozogʻiston va Ozarbayjon kabi yurisdiksiyaga ega” mamlakatlar shaxslariga Rossiyaning Ukrainaga bosqini sabab sanksiyalar joriy qilinadimi, deb savol berganidan keyin oʻtkazilgan.
Trass “Qozogʻiston va boshqa mamlakatlar bilan bogʻliq muammolarni koʻrib chiqishini” aytgan.
Shanba kuni Qozogʻiston tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Ukrainaga bosqini munosabati bilan mamlakat Buyuk Britaniya tomonidan sanksiyalarga duchor boʻlmasligi haqida Londondan kafolatlar olganini maʼlum qildi.
Ukraina gʻalaba qozonadi.
Javob berishFikrlar 3
Jirkanch
Javob berishFikrlar 3
Hammasi toʻgʻri. Fashistik Rossiya OAV hamma joyda yopilishi kerak.
Javob berishFikrlar 3