Kremlning Ukrainadagi asossiz urushi dunyoning koʻp mamlakatlarida jiddiy eʼtirozga sabab boʻldi hamda Rossiya bombalari va kassetali oʻq-dorilardan qochishga urinayotgan ukrain xalqini qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirdi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy shiddatli bomba hujumlari va oʻlim xavfi ostida Kiyevdagi bunkerda qolayotgan boʻlsa ham, uning hukumati oʻz maqsadlari yoʻlida tarafdorlarga ega boʻlish uchun ijtimoiy tarmoqlarda keng qamrovli hujum choralarini koʻrgan.
Zelenskiyning odatda inglizcha subtitrlar bilan chop etiladigan kundalik videomurojaatlari virusli shov-shuvga aylandi, mudofaa va tashqi ishlar vazirliklari esa Ukrainaning jangovar qarshiligini yorqin grafiklar orqali namoyish etmoqda.
Ayni paytda ukrainaliklarning muvaffaqiyatlari, jumladan, rus vertolyotini urib tushirgani Ukraina raketasi va qoʻlga olingan rus harbiy texnikasi ukrainalik fermerning traktorida tortib olib ketilayotgani aks etgan videolavhalar trendga chiqqan.
Rossiyaning bomba hujumlari kuchayar ekan, oʻz shahri vayronalari oldida yigʻlayotgan ukrainaliklar suratga olgan videolavhalar ham butun dunyodagi odamlarni junbushga keltirgan.
Mustaqil fotojurnalistlar va videooperatorlar qon toʻkilishidan qochishga urinayotgan tinch aholi, jumladan, Rossiya askarlari tomonidan oʻldirilgan bolalarning yurakni ezuvchi manzaralarini suratga olishgan.
Hatto sunʼiy yoʻldoshlardan olingan tijoriy suratlar ham Kiyevga yoʻl olgan ulkan Rossiya harbiy karvoni, raketa zarbalari va qochqinlarning oʻtishini hujjatlashtirgan boʻlib, urushni yaxshiroq yoritishga yordam bermoqda.
Lekin, Rossiyadagi odamlardan soʻrasangiz – ular Ukrainada urush yoʻq, oʻqlar otilmayapti, tinch aholi halok boʻlmayapti va Rossiya qoʻshinlari “maxsus harbiy operatsiya” bilan Ukraina xalqini “ozod qilyapti” deyishadi.
Kreml nazoratidagi OAV
Rossiyaliklarning aksar qismi yangiliklarini Kreml nazorati ostidagi ommaviy axborot vositalari, xususan televideniye orqali tomosha qiladi, ular Ukrainadagi urush ahamiyatini past sanab, Rossiyani tajovuzkor emas, balki Gʻarb qurboni sifatida koʻrsatmoqdalar.
Hatto yangiliklarni internet orqali isteʼmol qiladiganlar ham rasmiy versiyadan farq qiladigan material topishlari amrimahol.
Sababi, Prezident Vladimir Putin Rossiyada jamoatchilik fikrini nazorat qilish uchun katta kuch sarflagan.
“Ukrainaga bosqinning mamlakat ichidagi yoritilishini oʻqish yoki tomosha qilish – oyna orqali Rossiya qahramonlari va ukrainalik yovuz millatchilarning tashviqot dunyosiga kirishdek gap”, deb yozadi Washington Post nashri seshanba kuni.
Putin axborot muhitini boʻgʻib borar ekan, Rossiyada haqiqatni topish tobora murakkablashib boryapti.
U juma kuni imzolagan “Soxta yangiliklar” haqidagi ayovsiz qonun rasmiy Kremlning qarashiga zid boʻlgan xabarlarni jinoyatga tenglashtiradi. Bosqinni urush deb atash Rossiyada 15 yillik qamoq jazosiga sabab boʻlishi mumkin.
Kremlparast ommaviy axborot vositalarida ishlovchi jurnalistlar yuz berayotgan voqealarni yoritish cheklanganini aytmoqdalar, ularga “bosqin” soʻzidan foydalanish taqiqlangan.
Buning natijasida “parallel axborot muhiti” paydo boʻlgan.
“Moskva va Sankt-Peterburg kabi katta shaharlarda tashqi dunyo bilan aloqa qiluvchi talabalar, ziyolilar va odamlar koʻp”, deydi Atlantika kengashi raqamli kriminalistika tadqiqotlari laboratoriyasining Rossiya tashviqoti va dezinformatsiyasi boʻyicha tahlilchisi Lukas Andryukaytis Washington Post sharhlovchisi Entoni Fayolaga.
“Lekin shunga qaramay, hukumat talqinini qabul qilayotganlar ham koʻp. Hatto yoshlar ham “urushni yoqtirmaymiz, ammo shunday qilishimiz kerak”, deyishmoqda.”
“U yerlar Rossiyaning liberalroq hududlari”, deydi Andryukaytis. “Odamlar internetdan keng foydalanilmaydigan va yillar davomida Putinning tashviqotidan boshqasini eshitmagan kichik shaharlarda vaziyat bundan ham battar.”
Ziddiyatli talqinlar
Rossiyada qarindoshlari bor ukrainaliklarning hikoyalari ularning qarama-qarshi talqinlardan norozi ekanliklarini koʻrsatadi.
Rossiya Kiyevni bombalashni boshlaganidan toʻrt kun oʻtib, mahalliy restoranlardan birining egasi Misha Katsurin uning Rossiyada yashaydigan otasi nega unga qoʻngʻiroq qilmaganidan hayratga tushgan.
“Bu yerda urush boʻlyapti, men uning oʻgʻliman, u boʻlsa qoʻngʻiroq qilmayapti”, deb aytgan u New York Times nashriga.
Katsurin otasiga telefon qilganida otasi Ukrainada urush boʻlayotganini rad etgan.
“Men farzandlarim va ayolimni evakuatsiya qilmoqchiman, hamma narsa juda qoʻrqinchli”, deb aytgan Katsurin otasiga.
Otasi unga “yoʻq, yoʻq, yoʻq toʻxta”, deb aytgan.
“Rossiyalik askarlar odamlarga yordam berishyapti. Issiq kiyim va oziq-ovqat berishyapti”, deb aytgan Katsurinning otasi.
“Otamdan jahlim chiqqani yoʻq, Kremldan gʻazabdaman”, deb aytgan Katsurin. “Rossiya tashviqotidan gʻazabdaman. Bu odamlardan jahlim chiqqani yoʻq. Bu vaziyatda ularni ayblay olmasligimni bilaman.”
Yana bir kiyevlik Valentina Kremir oʻgʻlining Kiyevga yaqin Bucha shahridagi bombapanohgohda bir necha kun boʻlgani haqida soʻzlab berganida ham, Rossiyadagi akasi va singlisi ham unga xuddi shunday ishonishmagan.
“Ular Kiyevda hammasi tinch ekanligiga va hech kim Kiyevni oʻqqa tutmayotganiga ishonishadi”, deb aytgan Kremir New York Times nashriga telefon orqali.
Rossiya askarlari Ukrainaga bir necha tomondan bostirib kirgan 25-fevral kuni Permda yashaydigan Kremirning opasi joylardagi vaziyatni rad etgan.
“Kiyevni hech bombardimon qilmayapti, sen aslida otang kurashgan natsistlardan qoʻrqishing kerak”, deb yozgan u shaxsiy xabarda. “Farzandlaring sogʻ-omon boʻlishadi. Biz ukrainaliklarni yaxshi koʻramiz, ammo kimni prezident qilib saylaganingiz haqida oʻylab koʻrishing kerak.”
U Putin armiyasi “aniqlik” va Ukrainani “natsistlardan tozalash”dek sharafli missiyasi bilan “maxsus harbiy operatsiyani” amalga oshirayotgani haqidagi Kreml talqinini takrorlagan.
Putinning oʻzi urushni oqlash maqsadida Zelenskiyni “giyohvand natsist” deb atagan.
Katsurin “Ota, ishon” maʼnosini anglatuvchi papapover.com veb-saytini ishga tushirgan, u ukrainaliklarning Rossiyadagi qarindoshlariga urush haqida soʻzlab berishiga koʻmaklashadi.
“11 million rossiyalikning Ukrainada qarindoshi bor”, deb aytgan u. “11 kishidan biror narsa chiqishi mumin, inqilobdan tortib kamida qarshilik paydo boʻlishi mumkin.”
“Rossiyaga qoʻngʻiroq”
Seshanba kuni bir guruh litvaliklar ham xuddi shunday kampaniyani ishga tushirar ekan, xorijdagi rossiyaliklarni ona yurtdagi 40 million vatandoshlariga qoʻngʻiroq qilib, Ukrainada nima boʻlayotgani haqida aytib berishga undaganlar.
Kampaniya ishtirokchilari toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa kremlparast OAV talqinini chetlab oʻtib, oddiy rossiyaliklarning fikrini oʻzgartirishiga va oxir-oqibat nizo yakunlanishiga ishonadilar.
“Rossiyaga qoʻngʻiroq” deb nomlangan tashabbusda 40 millionta tasodifiy tanlangan rossiyaliklar raqami bazasi bor. Foydalanuvchi kampaniya veb-saytiga kirganida har safar yangi raqam qalqib chiqadi.
Kampaniya tashabbuskorlaridan biri Paulyus Senuta Moskvada uch nafar tanish odam bilan gaplashganini va suhbatlar “juda qiyin” kechgani aytadi.
“Bu odamlar mutlaqo boshqa axborot makonida va qarama-qarshi qarashlarga ega”, dedi marketing boʻyicha mutaxassis Senuta.
“Baʼzida biz aslida turli sayyoralardan kelgandek tuyulardi.”
Veb-sayt qoʻngʻiroq qiluvchilarga maslahatlar beradi. Unda hech qanday “soʻkishlar” yoki “haqoratlar” boʻlmasligi kerakligi aytiladi va ulardan qoʻngʻiroq qilayotgan odamning turli nuqtai nazarini tinglashga tayyor boʻlish soʻraladi.
“Biz odamlardan qarama-qarshilikdan chetlanishni va kim haq, kim nohaq ekanligini tushuntirishga harakat qilishdan tiyilishni soʻraymiz”, dedi Senuta.
“Biz odamlarni insonlarning aziyati, halok boʻlayotgan odamlar, metro bekatlarida tugʻishga majbur boʻlayotgan ayollar fojiasi haqida gapirishga chaqiramiz”, deb qoʻshimcha qildi u.
Insonlar oʻlimining fojia ekaniga “har bir inson, qaysi mamlakatda yashashidan qatʼi nazar, qoʻshiladi”.
Rossiyaliklar urushni unchalik qoʻllab-quvvatlamayapti
Rossiyaning ichida Putin axborot urushini boy berayotganiga ishora qiluvchi alomatlar bor.
Oʻtgan haftada Rossiyada mustaqil tashkilotlar tomonidan telefon orqali oʻtkazilgan soʻrovlar Putinning urushi noodatiy darajada sust qoʻllab-quvvatlanayotganini koʻrsatdi, deb yozadi Washington Post.
Soʻrovda ishtirok etgan 1640 nafar odamning 58 foizi uni toʻliq yoki qisman qoʻllab-quvvatlashini, 23 foizi esa qarshi ekanini bildirdi. Qolganlar aniq javob bermagan yoki hech qanday fikr bildirmagan.
Taqqoslash uchun, 2014-yilda Qrim Rossiya tomonidan anneksiya qilinganida Putinni jamoatchilikning 91 foizi qoʻllab-quvvatlagan edi.
Moskva, Sankt-Peterburg va Rossiyaning boshqa shaharlarida urushga qarshi bir qator ommaviy namoyishlar boʻlib oʻtgan.
Rossiyadagi huquqbuzarliklarni kuzatuvchi “OVD-Info” mustaqil huquqbon tashkilotiga koʻra, yakshanba kuni kuch tuzilmalari 56 shaharda kamida 4640 kishini hibsga olgan.
Hibsga olinganlar orasida 13 jurnalist va 113 nafar oʻsmir ham bor, deb xabar berdi “OVD-Info”.
Tashkilot namoyishchilarga nisbatan haddan tashqari kuch ishlatish, jumladan kaltaklash va elektroshokerlar qoʻllash bilan bogʻliq koʻplab holatlar yuz berganini aytgan.
Kreml tashviqotiga endi hech kim ishonmaydi.
Javob berishFikrlar 1