Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Rossiyaning Ukrainaga bosqini bilan bogʻliq iqtisodiy oqibatlar Markaziy Osiyoda ham aks etmoqda

Rustam Temirov va AFP

Olmaotadagi valyuta ayirboshlash shaxobchasi, 2020-yil, 12-mart. [Kanat Altinbayev/Karvonsaroy]

Olmaotadagi valyuta ayirboshlash shaxobchasi, 2020-yil, 12-mart. [Kanat Altinbayev/Karvonsaroy]

TOSHKENT – Kreml Ukrainaga bostirib kirgani uchun misli koʻrilmagan iqtisodiy sanksiyalarga duchor boʻlar ekan, Markaziy Osiyoning Rossiya bilan aloqalari yangi xatarlarni paydo qilmoqda, deydi iqtisodchilar va boshqa kuzatuvchilar.

24-fevral kuni boshlangan bosqin ortidan Yevropa davlatlari va Qoʻshma Shtatlar Rossiyani jahon moliyaviy va savdo tizimidan yakkalab qoʻyishga qaratilgan keng qamrovli sanksiyalarni joriy qildi.

Sanksiyalar tufayli rubl kursi tarixdagi eng past koʻrsatkichga tushgan.

Yirik riteylerlar Moskvadagi koʻplab savdo markazlarida oʻz eshiklarini yopib, bir kechada Rossiyadagi sotuvlarini toʻxtatdi.

Issiqkoʻl viloyatining Qorakoʻl shahridagi Qorakoʻl-Bishkek avtomobil yoʻli yoqasidagi qirgʻizistonlik meva-sabzavot sotuvchilar, oʻtgan yilning 24-iyuli. Ukrainadagi urush fonida Qirgʻizistonda oziq-ovqat narxlari oshadi, deb ogohlantirmoqda iqtisodchilar. [Maksat Osmonaliyev/Karvonsaroy]

Issiqkoʻl viloyatining Qorakoʻl shahridagi Qorakoʻl-Bishkek avtomobil yoʻli yoqasidagi qirgʻizistonlik meva-sabzavot sotuvchilar, oʻtgan yilning 24-iyuli. Ukrainadagi urush fonida Qirgʻizistonda oziq-ovqat narxlari oshadi, deb ogohlantirmoqda iqtisodchilar. [Maksat Osmonaliyev/Karvonsaroy]

Toshkent banklarining biridagi valyuta ayirboshlash shaxobchasi, 3-mart. [Rustam Temirov/Karvonsaroy]

Toshkent banklarining biridagi valyuta ayirboshlash shaxobchasi, 3-mart. [Rustam Temirov/Karvonsaroy]

Seshanba (8-mart) kuni AQSH prezidenti Jo Bayden Rossiyaga qarshi navbatdagi chorani qabul qildi – Rossiya neftini import qilishni taqiqladi.

Britaniya yil oxiriga qadar Rossiya neftidan voz kechishini aytdi. Ayni paytda Yevropa Ittifoqi Rossiyadan tabiiy gaz importi hajmini uchdan ikkiga kamaytirishni rejalamoqda.

Iqtisodiy jihatdan Rossiya bilan bogʻlangan va u yerda millionlab fuqarolari migrant boʻlib ishlaydigan Markaziy Osiyo davlatlari uchun Kremlning Ukrainani bosib olish qarori ulkan xavotirga sabab boʻlmoqda.

Migrantlar va ularning pul oʻtkazmalariga kun koʻradigan uydagi oilalari qaltis vaziyatda qolishgan.

Oʻzbekiston banklari bunday pul oʻtkazmalarining uzilib qolmasligi uchun tezkor choralar koʻrmoqda.

2021-yilda Oʻzbekistonga xalqaro pul oʻtkazmalari tizimlari orqali 8,1 milliard dollar yuborilgan boʻlib, bu 2020 va 2019-yillardagiga nisbatan 34 foizga koʻp – oʻshanda bu summa 6 milliard dollarni tashkil qilgan edi.

Oʻsha yili Rossiyada ishlash uchun ruxsatnoma olgan Oʻzbekiston fuqarolari soni 1,3 milliondan oshgan edi.

“Rubl kursining pasayishi ham pul oʻtkazmalari hajmiga katta zarba beradi. Rubl dollarga nisbatan necha foizga tushsa, migrantlarning daromadlari va dollardagi pul oʻtkazmalari aynan shunchaga kamayadi”, deydi 1-mart kuni Repost.uz nashri bilan suhbatda boʻlgan toshkentlik iqtisodchi Yuliy Yusupov.

“Joriy qilingan va rejalashtirilayotgan sanksiyalar oʻta jiddiy va avvalgilariga nisbatan ancha qatʼiyroq ekanini koʻrib turibmiz”, dedi u.

Ular Rossiya iqtisodiga juda ogʻriqli zarba bera boshladi. Rubl kursining pasayishi va narxlarning keskin koʻtarilishi – boshlanishi, xolos”, deydi Yusupov.

“Shuning uchun Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qoʻshilish yoki qoʻshilmaslik masalasini qayta koʻrib chiqish juda muhim”, dedi Londonda istiqomat qiladigan Markaziy Osiyo boʻyicha tahlilchi Alisher Ilhomov Karvonsaroy nashriga.

“YOIIga aʼzolik va umuman, iqtisodiy jihatdan Rossiyaga juda yaqin boʻlish Oʻzbekiston uchun oʻta zaharli boʻlib qolayotgani ayon boʻlmoqda. Hukumat buni tushunadi degan umiddaman”, dedi Ilhomov.

Oʻzbekiston hukumati Rossiya yetakchilik qiladigan savdo bloki – YOIIga qoʻshilish boʻyicha Kremlning bosimiga bir necha bor qarshilik koʻrsatgan.

Ilhomovning fikricha, Rossiya iqtisodiyoti defoltga yaqinlashmoqda. Jiddiy iqtisodiy sanksiyalar ishsizlik darajasining ortishiga olib keladi, bu esa xorijiy ishchi kuchiga boʻlgan talabning pasayishini ham anglatadi.

“Tez orada Rossiyadan oʻzbek migrantlarining ulkan oqimi boshlanadi deb qoʻrqaman. Natijada Oʻzbekistonda ishsizlik keskin oshadi”, deb qoʻshimcha qildi u.

“Bu holatda ortiqcha ishchi kuchini jalb qilishga imkon beradigan iqtisodiy oʻsishga koʻmaklashish siyosatini tubdan yaxshilash kerakligiga oid masala oʻrtaga chiqadi”, dedi Ilhomov.

Falokatli oqibatlar

Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridagi tahlilchi va iqtisodchilar ham Ukrainadagi urush ularning iqtisodiga jiddiy zarar yetkazishi mumkinligidan xavotirda.

Rossiyaning Ukrainani bosib olish qaroridan Tojikiston va Qirgʻiziston eng koʻp zarar koʻradi, deydi bishkeklik jurnalist va tahlilchi Odil Turdiqulov.

Migrantlarning pul oʻtkazmalari ushbu mamlakatlar iqtisodiyotining yarmidan koʻpini tashkil qiladi. 2021-yilning 11 oyida migrantlar Qirgʻizistonga 2,5 milliard dollardan ortiq pul yuborgan, deb xabar beradi Kaktus Media.

“Qirgʻiziston importga qaram mamlakat. Ukrainadagi mojaro narxlar, ayniqsa energotashuvchilar narxinin oshishiga olib keladi. Bizda bu nozik masala”, dedi Turdiqulov Karvonsaroyga.

Turdiqulovning hisob-kitoblariga koʻra, Qirgʻiziston 90% Rossiyaning neft mahsulotlariga qaram va ular qimmatlashsa, oziq-ovqat narxi ham koʻtariladi.

“Dollar kursi 85 rubldan 97 rublgacha koʻtarildi. Hozir esa dollar hamma shaxobchalarda ham sotilayotgani yoʻq”, dedi u.

Qirgʻiziston Rossiyaning tajovuzini qoʻllab-quvvatlamadi va Oʻzbekiston va Qozogʻiston kabi betaraf pozitsiyani saqlab kelmoqda, deb qoʻshimcha qildi u.

Dushanbelik huquqshunos olim Shokir Hakimovga koʻra, Rossiyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar Tojikiston iqtisodiyotiga sezilarli taʼsir koʻrsatadi, chunki neft, qurilish materiallari, iqtisodiyotning boshqa sohalarga tegishli koʻplab mahsulotlar Rossiyadan import qilinadi.

Tojikiston iqtisodi ham pul oʻtkazmalariga qaram – 2021-yilning toʻqqiz oyida tojik fuqarolari Rossiyadan 1,3 milliard dollar pul joʻnatganlar, deb yozadi “Vzglyad” gazetasi.

“Albatta, Rossiyaga qarshi sanksiyalar migrantlar daromadini sezilarli darajada kamaytirishi va qoʻshimcha muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Ularning koʻpchiligi ishsiz qolishi mumkin”, dedi Hakimov Karvonsaroyga.

Yuzaga kelayotgan vaziyat sharoitida Tojikiston xorijiy davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarini rivojlantirish uchun muqobil imkoniyatlarga ega boʻlmoqda”, dedi Hakimov.

“Biz milliy manfaatlarimiz, fuqarolarimizning turmush darajasi va hayot sifatini oshirishni hisobga olgan holda yangi voqeliklardan oqilona va asosli foydalanishimiz zarur”, dedi u.

Turkmaniston Rossiyaga yiliga 4 milliard kub metrga yaqin tabiiy gaz sotadi, deydi Angliyada yashovchi turkmanistonlik tahlilchisi Kakamurod Xidirov.

Rossiyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar Turkmanistonda sezilarli oqibatlarga olib keladi, dedi Xidirov. Ular oddiy turkmanlarning shundoq ham katta boʻlmagan daromadiga ham taʼsir qiladi.

“Turkmaniston milliy valyutasi – manatning kursi qoʻlda boshqariladi. Markaziy bank dollar kursini pasaytirmoqda, shu bilan manatni mustahkamlayapti. Lekin Turkmaniston yetarlicha mahsulot ishlab chiqarmayotgan boʻlsa, qanday qilib manatni mustahkamlash mumkin?” deb savol beradi Hidirov Karvonsaroy bilan suhbatda.

YOII bilan bogʻliq xatarlar

Qozogʻiston bozori ham aziyat chekmoqda. 2 mart kuni AQSH dollarining tangaga nisbatan kursi 6,68 tsentga koʻtarilib, 492,21 tengeni tashkil etgan.

Qozogʻistondagi Public Policy Research Center markazi direktori Meruyert Maxmutovaning fikricha, oxirgi sanksiyalar Rossiya 2014-yilda Qrimni anneksiya qilganidan keyin joriy qilingan sanksiyalardan koʻra kengroq qamrovga ega.

Qozogʻiston iqtisodiyoti Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari kabi Rossiya iqtisodiyoti bilan chambarchas bogʻliq.

Maxmutovaning soʻzlariga koʻra, Yevropa Ittifoqining tashkil etilishi vaziyatni yanada ogʻirlashtirgan, chunki aʼzo davlatlar oʻrtasida bojxona chegaralari yoʻq.

Eksport bozorlarini yoʻqotgach, Rossiya tovarlari Qozogʻiston bozoriga oqib kela boshlaydi, rublning keskin devalvatsiyasi esa ularni yanada arzonlashtiradi.

Bu devalvatsiya qozogʻistonlik ishlab chiqaruvchilarni yaskon qilishi mumkin, deydi u. 2022-yilgacha ham Qozogʻistonning Rossiya bilan savdo balansida kamomad bor edi, endi esa u faqat oshadi.

“Rossiya kompaniyalari sanksiyalardan qochish uchun Qozogʻistonga koʻchib oʻtishi mumkin, xuddi Qrim anneksiya qilinganida, 2014-2015-yillarda boʻlgani kabi. Bu ham Qozogʻiston xavfsizligiga tahdiddir”, dedi Maxmutova.

Shuningdek, ekspertning taxminiga koʻra, Rossiyada ishlayotgan markaziy osiyolik migrantlarning salmoqli qismi vataniga qaytishga majbur boʻladi. Ularning ayrimlari Qozogʻistonga koʻchib oʻtishi va bu – mehnat bozorida tanglik keltirib chiqarishi mumkin.

“Xomashyo bozorlaridagi yuqori narxlarga qaramay, rublning ortidan tenge ham qadrsizlanadi. Qozogʻiston importining deyarli 42 foizi va eksportining 11 foizi Rossiya hissasiga toʻgʻri keladi va savdo balansi kamomadi oshib boradi”, dedi Maxmutova.

Tanganing qadrsizlanishi narxlarning oshishiga, inflyatsiyaga va aholi turmush darajasining pasayishiga olib keladi, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Qozogʻiston bu ittifoqni tark etmasligi va unda aʼzolikni toʻxtatmasligi kerak. Qozogʻiston Qirgʻiziston va Tojikistonni toʻplab, YOII va Bojxona ittifoqi yigʻilishini oʻtkazishi va Ukrainaga bostirib kirgani uchun Rossiyani, Ozarbayjon hududini bosib olgani uchun Armanistonni Bojxona ittifoqi va YOIIdan chiqarib yuborishi kerak. Va shu sabablarga koʻra KXSHTni tark etishi yoki dastlab unga aʼzolikni toʻxtatib turishi kerak.

Javob berish