Karvonsaroy
Inson huquqlari

Ukrainaliklar Rossiya bosqinidan “mavhumlik” tomon qochmoqdalar

Aleksey Kostenko

8-mart kuni Bryusseldagi Jyul Borde sobiq kasalxonasida qochqinlarni roʻyxatga olish markazi oldida qabul uchun navbatda turgan ukrainaliklarni kuzatayotgan qiz. Qochqinlar uzoq muddatli uy-joyga koʻchib oʻtish oldidan uch kungacha sobiq shifoxona binosida qolishlari mumkin. [Kenzo Tribuyar/AFP]

8-mart kuni Bryusseldagi Jyul Borde sobiq kasalxonasida qochqinlarni roʻyxatga olish markazi oldida qabul uchun navbatda turgan ukrainaliklarni kuzatayotgan qiz. Qochqinlar uzoq muddatli uy-joyga koʻchib oʻtish oldidan uch kungacha sobiq shifoxona binosida qolishlari mumkin. [Kenzo Tribuyar/AFP]

KIYEV – Kiyevlik 29 yashar Anna Dovbish Rossiya bosqinining yettinchi kunida oʻz uyini tark etishga qaror qilgan.

“Qoʻrqinchli tush koʻrdim: Qodirovning kallakesarlari uyimizga bostirib kirib, bizni asirga olishibdi”, dedi u Checheniston rahbari, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ittifoqchisi Ramzan Qodirovni nazarda tutib.

“Onam bilan bu bosimga chiday olmay, hushyor fikr yurita olmay qoldik. Faqat jazavaga tushib, yigʻladik”, deydi hozirda Ukraina gʻarbida boʻlgan Dovbish.

Uning otasi 87 yoshli buvisi bilan Kiyevda qolishgan.

8-mart kuni Berlinning markaziy temir yoʻl vokzalidagi (Hauptbahnhof) vaqtinchalik kafeteriyda koʻngillilar ukrainalik qochqinlarga oziq-ovqat tarqatmoqda. [Jon Makdugall/AFP]

8-mart kuni Berlinning markaziy temir yoʻl vokzalidagi (Hauptbahnhof) vaqtinchalik kafeteriyda koʻngillilar ukrainalik qochqinlarga oziq-ovqat tarqatmoqda. [Jon Makdugall/AFP]

Yaqindagina Ukrainadan kelgan qochqinlar 9-mart kuni Polshaning Medika shahridan Krakovga ketayotgan poyezdga chiqishga tayyorgarlik koʻrmoqdalar. [Luiza Guliamaki/AFP]

Yaqindagina Ukrainadan kelgan qochqinlar 9-mart kuni Polshaning Medika shahridan Krakovga ketayotgan poyezdga chiqishga tayyorgarlik koʻrmoqdalar. [Luiza Guliamaki/AFP]

9-mart kuni Polshaning Medika shahridagi chegara punktida yangi kelgan qochqinlarga issiq ichimliklar va oziq-ovqat ulashayotgan koʻngillilar. [Luiza Guliamaki/AFP]

9-mart kuni Polshaning Medika shahridagi chegara punktida yangi kelgan qochqinlarga issiq ichimliklar va oziq-ovqat ulashayotgan koʻngillilar. [Luiza Guliamaki/AFP]

“Dadam bilan koʻzlarimiz yoshga toʻlib xayrlashdik. Bu hayotimdagi eng ogʻir lahza edi – mashinaga oʻtirib, orqa oynadan yoʻlda bizga qarab qoʻl silkiyotgan dadamga qarab, mavhumlik tomon yoʻl oldik” deydi Dovbish.

Rossiyaning urushi natijasida Ukraina chegaralarini 2,2 millionga yaqin qochqin kesib oʻtgan boʻlib, BMT buni Ikkinchi jahon urushidan beri Yevropada eng tez oʻsib borayotgan qochqinlar inqirozi deb atagan.

Ukrainaning “Ukrzaliznytsia” davlat temiryoʻl kompaniyasi 3-martdan Gʻarb mamlakatlariga qochayotganlar uchun bepul chiptalar taklif qila boshlagan.

Polshaning PKP davlat temiryoʻl kompaniyasi payshanba (10-mart) kuni Germaniyaning ayrim hududlariga safar qiladigan ukrainaliklarga bepul chiptalar taqdim etishini aytdi.

Chorshanbadan boshlab Ukraina fuqarolari Polshaning Varshava, Peremishl (Krakov orqali) va Gdinya shaharlarini Germaniya poytaxti Berlin va chegara shahar Frankfurt (Oder) bilan bogʻlaydigan toʻqqizta kundalik shaharlararo poyezdning ikkinchi klassida bepul sayohat qilishlari mumkin.

PKP Ukraina chegarasidan qatnovchi poyezdlarni koʻpaytirdi va 24-fevral kuni bosqin boshlanganidan beri mamlakatga kelayotgan qochqinlarga ulardan bepul foydalanishga ruxsat berdi.

26-fevraldan beri Polshaga shu yoʻl bilan 300 mingga yaqin ukrainaliklar kelishgan.

Evakuatsiya ishlari Rossiya armiyasi Ukraina shimoli, janubi va sharqida joylashgan shaharlardagi turar-joy mavzelarini oʻqqa tutishni kuchaytirgan bir paytda olib borilmoqda.

Polshaning mehmondoʻstligi

Payshanba kuni Polsha chegara xizmati urush boshlanganidan beri Ukrainadan Polshaga 1,43 million kishi oʻtganini maʼlum qildi.

Milliy mudofaa uchun 18 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan erkaklarga Ukrainani tark etishi taqiqlangani sababli, oilalar ayriliqqa chidashga majbur.

Baxtga koʻra, bosqin boshlanishidan bir oy avval 60 yoshni qarshilagan xarkovlik Aleksandr Morgunov eson-omon Polshaga oʻtib olgan.

“Biz birinchilar qatorida joʻnab ketgan boʻlsak-da, 24-fevral kuni Ukraina chegarasini kesib oʻtishga ancha vaqt ketdi.”

“Chegarachilarimiz hammasini, hujjatlar bilan hammasi joyida ekanligini sinchiklab tekshirishdi. Ular bolalar bilan xorijga chiqish ruxsatnomalarini ham tekshirdilar. 18 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan barcha erkaklar ortga qaytarildi.”

“Polsha chegarachilari bizni qabul qilganlaridan keyin, barchasi kechikishlarsiz, aniqlik bilan tashkil etildi. Bolali ayollar uchun alohida navbat bor edi. Bu navbat juda tez siljidi. Chegarachilar ularning yuklarini koʻtarishga yordamlashdilar.”

“Polshaliklarning mehmondoʻstligi va yordam berishga tayyorligi meni hayratda qoldirdi”, dedi Morgunov Karvonsaroyga.

Atigi bir hafta ichida Yevropa Ittifoqi (YI) bir ovozdan Ukrainadan qochganlarga dastlabki ikki yil davomida ittifoqda qolish va ishlash huquqini beruvchi himoya mexanizmini ishga tushirish qarorini qabul qildi, deb xabar beradi chorshanba kuni AFP.

Shu tariqa YI 2001-yilda sobiq Yugoslaviyadagi mojarolardan keyin ishlab chiqilgan chorani ilk bor faollashtirgan.

“Varshavadagi jamoat transporti ukrainaliklar uchun bepul qilib qoʻyilgan”, deydi bir haftadan beri Varshavada yashayotgan Morgunov.

“Shuningdek, agar Polsha uyali aloqa operatoridan SIM-karta sotib olsangiz, birinchi oy davomida Ukrainaga barcha qoʻngʻiroqlar va matnli xabarlar bepul boʻladi.”

“Polsha vokzallarida ukrainaliklar uchun axborot markazlari tashkil etilgan. U yerda tamaddi qilishingiz mumkin. Tagliklar va eng zaruriy narsalarni olishingiz mumkin. Hammasi juda yaxshi tashkil etilgan”, dedi Morgunov.

Tezkor yordam

Ukraina gʻarbida ham kelayotgan qochqinlarni qabul qilishda rasmiylar va koʻngillilar birgalikda faoliyat olib bormoqda.

Lvov viloyatining Peremishlyani shaharchasida yashovchi koʻngilli va mahalliy tadbirkor Ruslana Mits bolalari bilan Ukraina gʻarbiga qochgan ikki oilaga boshpana bergan.

“Mening sakkiz xonali kichik mehmonxonam bor va odamlarni qabul qilyapman. Dastlabki ikki-uch kunda odamlar oqib kelishni boshlaganida, zudlik bilan yordam tashkil qildik”, dedi Mits Karvonsaroyga.

“Ammo tez orada shahar hokimi bizni yigʻib, hammasini tartibga keltirdi. Endi hamma oʻz masʼuliyat doirasini biladi. Qochqinlar juda tez joylashtirilmoqda. Mahalliy hokimiyat ularni roʻyxatga olmoqda, odamlar esa darhol oʻzlariga kerakli barcha yordamni olishmoqda”, deydi Mits.

Qochqinlarni qabul qilishga oid xuddi shunday jarayon Ukrainaning barcha gʻarbiy viloyatlarida yoʻlga qoʻyilgan.

Koʻngillilar va qochqinlarni qabul qilishga tayyor boʻlgan davlat idoralari viloyat hokimiyatlarida tuzilgan maxsus shtablar tomonidan muvofiqlashtiriladi, dedi Volin viloyat hokimiyati huzuridagi ijtimoiy masalalar boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash aʼzosi Oksana Gobod Karvonsaroy nashriga.

“Bugungi kunda bizda qochqinlar uchun 2000 dan ortiq joy bor. Ish yaxshi tashkil etilgan”, deydi Gobod.

“Ammo odamlar viloyatimizni Yevropaga borish yoʻlidagi toʻxtash joyi deb biladilar. Ular bu yerda uzoq qolmaydilar”.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500