Karvonsaroy
Tahlil

Ukrainadagi maʼnisiz urush fonida Putinning ruhiy holatiga oid savollar oʻrtaga chiqmoqda

Kanat Altinbayev va AFP

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 28-fevral kuni Moskvada oʻzining 6 metrlik mashhur stolida yigʻilish oʻtkazmoqda. “Rossiyalik Pinokkio har safar yolgʻon gapirsa, stoli choʻzilib boraveradi”, deydi olmaotalik siyosatshunos Islom Kurayev. [Aleksey Nikolskiy/Sputnik/AFP]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 28-fevral kuni Moskvada oʻzining 6 metrlik mashhur stolida yigʻilish oʻtkazmoqda. “Rossiyalik Pinokkio har safar yolgʻon gapirsa, stoli choʻzilib boraveradi”, deydi olmaotalik siyosatshunos Islom Kurayev. [Aleksey Nikolskiy/Sputnik/AFP]

OLMAOTA – Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukrainaga bostirib kirish qarori va yadroviy urush bilan tahdid qilishi ortidan uning ruhiy holatiga oid turli gap-soʻzlar koʻpaymoqda. Bu vaqtda janglar yanada avj olib, har ikki tomonda qurbonlar soni ortib bormoqda.

Ikki hafta avval bosqin boshlanganidan beri 11 mingdan ortiq rossiyalik harbiy halok boʻldi, deb xabar bergan Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi payshanba (10-mart) kuni.

4-mart kuni Pentagon Rossiyaning 2000 dan 4000 gacha askari halok boʻlganini taxmin qilgan edi.

Rossiya 2 mart holatiga 498 askar halok boʻlganini eʼlon qilganidan beri boshqa hech qanday maʼlumot bermagan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin, 2-mart kuni Moskvada olingan surat. [Mixail Klimentev/Sputnik/AFP]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin, 2-mart kuni Moskvada olingan surat. [Mixail Klimentev/Sputnik/AFP]

Xarkov yaqinida yonib ketgan Rossiya bronetransportyori. [Sergey Bobok/AFP]

Xarkov yaqinida yonib ketgan Rossiya bronetransportyori. [Sergey Bobok/AFP]

Ayni paytda Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) payshanba kuni eʼlon qilgan maʼlumotlariga koʻra, Ukrainani 2,3 milliondan ortiq qochqin tark etgan.

“Gʻazabda va ranjigan”

Soʻnggi haftalarda Putinning gʻayrioddiy xatti-harakatlari borgan sari eʼtibor markazidan oʻrin egallamoqda.

Fevral oyi boshida Kremlda Putinning Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuvida ikki yetakchining 6 metr uzunlikdagi stolning qarama-qarshi tomonida oʻtirgani aks etgan suratlar koʻplab hazillar va internet-memlarga sabab boʻlgandi.

“Rossiyalik Pinokkio har safar yolgʻon gapirsa, stoli choʻzilib boraveradi”, deb hazil qilgan olmaotalik siyosiy tahlilchi Islom Kurayev dushanba kuni Facebook sahifasida.

Putinning Ukrainaga bostirib kirish haqidagi qarori boshqalar uchun mantiqsiz boʻlib koʻrinar ekan, AQSH razvedkasi rasmiylari Rossiya rahbarini gʻazabli va yakkalangan, global taʼsirga ega boʻlishga intilayotgan va Ukrainadagi urushi reja boʻyicha ketmaganidan hafsalasi pir holatda, deb tamgʻalaganlar.

Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) rahbari Uilyam Berns seshanba kuni AQSH kongressmenlariga 22 yil davomida Rossiyani boshqargan odam “koʻp yillar davomida xafagarchilik va ambitsiyalar qorishmasida qaynab kelganini” aytdi.

U Ukrainaga bosqinni Putin uchun “chuqur shaxsiy ishonch” masalasi, uning Yevropa va Qoʻshma Shtatlar bilan soʻnggi dadil toʻqnashuvi deb atadi.

“Menimcha, hozir Putin gʻazabda va hafsalasi pir boʻlgan. U saʼy-harakatlarni ikki marta kuchaytirib, tinch aholi orasidan qurbonlarga eʼtibor bermay, Ukraina armiyasini yakson qilishga urinib koʻradi”, dedi Berns Kongressdagi global tahdidlar boʻyicha eshituvda.

Putin katta bosim ostida qolayotgani uchun uning yaqin maslahatchilari doirasi “borgan sari toraymoqda”, dedi u.

Bunday tizimda “odamlar uning hukmini shubha ostiga qoʻyishi yoki eʼtiroz bildirish bilan oʻz martabasini oshirishi isbotlanmagan”.

Yadroviy “shantaj”

Tahlilchilar, ayniqsa, yadroviy tahdid kuchayganiga eʼtibor qaratib, Putinning qizishib ketishi mumkinligidan ogohlantirganlar.

“Bugungi kunda Rossiya yadro quroliga ega eng qudratli davlatlardan biri boʻlib qolmoqda”, degan edi 24-fevral kuni Rossiya fuqarolari va doʻstlariga yuzlangan Putin uzun va qovushmagan nutqi bilan Ukrainada “maxsus harbiy operatsiya” boshlanganini eʼlon qilib.

“Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizga bevosita hujum qilgan har qanday potensial agressor magʻlubiyatga uchrashi va ayanchli oqibatlarga duchor boʻlishidan hech kim shubha qilmasligi kerak”, deb ogohlantirdi u.

Toʻrt kundan soʻng Putin Rossiyaning yadroviy tiyib turish kuchlarini “maxsus jangovar xizmat rejimiga” oʻtkazib, yadroviy falokat xavfini oshirdi va tahdidni yanada kuchaytirdi.

28-fevral kuni AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays “Bunday provokatsion ritorika... xavfli, u notoʻgʻri hisob-kitoblar xavfini oshiradi va uning oldini olish zarur” deb aytgan.

“Biz, Amerika Qoʻshma Shtatlari va Rossiya Federatsiyasi allaqachon eʼtirof etganmiz – yadroviy quroldan foydalanish halokatli, halokatli oqibatlarga olib keladi”, dedi u.

AQSH Milliy razvedka boshqarmasi direktori Avril Xayns seshanba kuni Kongressdagi global tahdidlar boʻyicha eshituvlarda “Putinning yadro qurolini oʻqtalayotgani” Gʻarb eʼtiborini torganini aytdi.

“Bizningcha, Putin Gʻarb unga munosib hurmat koʻrsatmayotganidan xafa va buni oʻz magʻlubiyatiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan urush sifatida qabul qiladi”, dedi u muhokama qatnashchilariga.

Bu bosqin “geosiyosiy tuzum uchun zarba boʻldi, kelajak uchun biz endigina tushunib yetayotgan oqibatlarga ega boʻladi, ularning izsiz ketmasligi muqarrar”.

Xayns Putinning bu harakatini “oʻta gʻayrioddiy” deb baholadi.

“Biz 1960-yillardan beri ruslarning yadroviy tayyorgarlik darajasini oshirgani haqida bayonot berganini eshitmagan edik”, dedi u.

Putin xalqaro hamjamiyatni Ukrainadagi bosqinga aralashtirmaslik uchun yadroviy “shantajdan” foydalanmoqda, deydi Yadro qurolini yoʻq qilish boʻyicha xalqaro kampaniya (ICAN) ijrochi direktori Beatris Fin.

“Bu nafaqat butun dunyoni qoʻrquvga solish, balki Ukrainaga yordam beradiganlarni qoʻrqitish uchun ham qilinmoqda”, dedi u seshanba kuni AFPga.

Yadroviy tahdiddan “hozirda yadro quroliga ega boʻlmagan mamlakatga noqonuniy bostirib kirishga imkon topish uchun juda zararli va yovuz niyat bilan foydalanilmoqda”, deb qoʻshimcha qildi u.

Neosovetcha ambitsiyalar

AQSH Davlat kotibining siyosiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Viktoriya Nuland seshanba kuni boʻlib oʻtgan alohida eshituvda Putin “Sovet Ittifoqini qayta tiklashga yordam beradigan odam boʻlishni orzu qilgan”, deb aytdi.

U Putinni “yolgʻon toʻshagini” yaratgan va xalqaro huquq asoslarining mustahkamligini sinab koʻrgan “savdoyi” va paranoik yetakchi deb atadi.

“Yillar oʻtishi bilan prezident Putinning imperalistik ambitsiyalari kuchayib bordi va u Rossiyaning soʻnggi 30 yillik tarixidan norozi”, dedi u sobiq KGB zobiti boʻlmish Putinning Sovet Ittifoqi parchalanishini shaxsiy magʻlubiyat deb hisoblashini taʼkidlab.

Urush tufayli Putinning niyatlari oshkor boʻlar ekan, Ukraina Rossiyadan mustaqil boʻlgan qonuniy davlat emasligi haqidagi gap-soʻzlari bilan “menimcha, uning ichki dunyosi jamoatchilikka oshkor boʻldi”, deb qoʻshimcha qildi Nuland.

Postsovet makonning bir qismi sifatida Kreml tahdidlari va oʻziga xosliklariga duch kelgan Qozogʻistonda ham fuqarolar oʻz mulohazalarini bayon qilmoqdalar.

Qozogʻiston xalqaro inson huquqlari byurosi direktori, olmaotalik Sergey Duvanov Putinning psixologik muammolarini uning Sovet davrida KGB agenti boʻlgani bilan izohlaydi.

“Sovet mafkurasi doirasida KGB agentlari Gʻarbni oʻz mamlakatining asosiy va yovuz dushmani deb bilgan”, dedi u Karvonsaroyga.

“Bu Putin misolida fobiya va paranoya koʻrinishini oldi, goʻyoki Gʻarb davlatlari Rossiyani yoʻq qilishga urinayotgandek. Bugun biz bu vasvasaning dahshatli oqibatlarini koʻrib turibmiz”, dedi u.

“Uning boshidagi suvaraklar”

“Boshida suvaraklari bor” Putin prezident boʻlishga mutlaqo yaroqsiz – u millionlab odamlar taqdiriga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan lavozimda, yadro qurolidan foydalanish vakolatini esa gapirmasa ham boʻladi, deydi olmaotalik psixolog Oygul Bimurzina.

“Bunday odam hech qanday holatda yadro tugmasidan foydalanish huquqiga ega boʻlmasligi kerak”, dedi u Karvonsaroyga.

Putinning “turli psixologik xastaliklari” yillar davomida kuchayib bordi, deb qoʻshimcha qildi u.

U koʻp yillardan beri oʻziga “dushman” deb hisoblagan Gʻarb bilan doimiy, murosasiz kurash holatida yashab keldi va bunday sharoitda u doim yolgʻon gapiradi, qoʻrqadi, yashirinadi, manipulyatsiya qiladi va baʼzan qotilliklarga buyurtma beradi”, dedi Bimurzina.

“U doim oʻzining layoqatli ekani haqidagi tasdiqni olishni istaydi”, dedi u.

“Aks holda u gʻazabga tushadi va shu holida psixologik barqaror odam qoʻl urmaydigan dahshatli ishlarni qilishga qodir”.

Putinning mustaqil OAVni yopishi va oʻzgacha fikrni boʻgʻishi, jumladan, Ukrainadagi voqealarni taʼriflashda “urush” soʻzini ishlatayotganlarning qamoqqa olinishi bugungi kun meʼyorlariga mutlaqo mos kelmaydi, deydi Olmaotadagi “Huquq media markazi” nodavlat tashkiloti direktori Diana Okremova.

“Biz ilgʻor axborot texnologiyalari davrida yashayapmiz, ammo Putin bemaʼni, vahshiy usullar va zamonaviy jamiyat qabul qilmaydigan tashviqot turini qoʻllashda davom etmoqda”, dedi u.

“Uning ruhiyatida buzilish borligiga hech qanday shubha yoʻq”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Vatniklarning miyasi amputatsiya qilingan.

Javob berish

Putin ham, uning butun podasi ham ruhiy nosogʻlom.

Javob berish