Karvonsaroy
Xavfsizlik

Oʻzbekistonlik migrantlar Ukrainadagi Rossiya kuchlari safiga qoʻshilmaslik haqida ogohlantirilmoqda

Rustam Temirov

Suratda: 27-fevral kuni Xarkovda Ukraina qurolli kuchlari bilan jangda halok boʻlgan nomaʼlum askarning jasadi yonida Rossiya zirhli mashinasi yonmoqda. [Sergey Bobok/AFP]

Suratda: 27-fevral kuni Xarkovda Ukraina qurolli kuchlari bilan jangda halok boʻlgan nomaʼlum askarning jasadi yonida Rossiya zirhli mashinasi yonmoqda. [Sergey Bobok/AFP]

TOSHKENT – Oʻzbekiston hukumati fuqarolarni Kremlning Ukrainaga bosqinida Rossiya kuchlari safida jang qilmaslik haqida ogohlantirmoqda.

24-fevral kuni bosqin boshlanganidan beri Rossiya qoʻshinlari ulkan moddiy yoʻqotishlar va talofatlarga duchor boʻlgani taxmin qilinmoqda, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa shanba (12-mart) kuni 12 mingdan ortiq odam halok boʻlganini aytgan.

Rossiya 2-mart kuni 498 askar halok boʻlganini eʼlon qilganidan beri boshqa hech qanday maʼlumot bermagan.

Xabar qilinishicha, bosqinda qatnashayotgan Rossiya qoʻshinlari orasida Oʻzbekiston fuqarolari ham bor, Oʻzbekiston rasmiylari bu ishning noqonuniy ekani haqida ogohlantirganlar.

24-fevral kuni Telegramda eʼlon qilingan videolavhada fargʻonalik erkak Rossiya armiyasining yuk mashinasida Ukraina sharqiga kirib kelayotganini iddao qilgan. Unda bir qancha markaziy osiyolik migrantlarning Ukrainadagi Rossiya kuchlari safiga qoʻshilgani aytiladi.

24-fevral kuni Telegramda eʼlon qilingan videolavhada fargʻonalik erkak Rossiya armiyasining yuk mashinasida Ukraina sharqiga kirib kelayotganini iddao qilgan. Unda bir qancha markaziy osiyolik migrantlarning Ukrainadagi Rossiya kuchlari safiga qoʻshilgani aytiladi.

24-fevral kuni Telegram orqali tarqalgan videoda harbiy forma kiygan fargʻonalik Oʻzbekiston fuqarosi Rossiya armiyasiga qarashli yuk mashinasini Ukraina sharqiga haydab ketayotgani aks etgan.

Koʻrinishidan 50 yoshlardagi, Fargʻona shevasida gapirgan bu odam 1979-1989-yillarda Sovet qoʻshinlarining Afgʻonistonga bosqinida qatnashgani uchun ruslar tarafidan askarlikka qabul qilinganini aytgan.

“Biz ham iloji yoʻq endi shu yerda.. Xizmatdamiz endi mana. Rossiya tomondan kelganmiz, akalar”, deydi u videoda.

“Oʻzbeklarimiz koʻp, (Ukrainadagi) urushga kelganlar. Tojikistondan koʻp. Kontrakt bilan keldik mana... Qirq yil qirgʻin boʻlsa, ajali yetgan oʻladi”.

28-fevral kuni Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining oʻzbek xizmatiga intervyu bergan bu erkak ruslarning harbiy yuk mashinasida Rossiyadan Ukrainaning boʻlginchi Lugansk viloyatiga borganini tasdiqladi.

U oshkor qilmaslik sharti bilan 50 ming rubl (590 AQSH dollari) oylik maosh evaziga uch oyga haydovchi boʻlib ishga yollangani aytgan.

U Rossiya fuqaroligi va uy-joy olish istagida ekanini qoʻshimcha qildi.

Xavfli yoʻl

“Oʻzbekiston fuqarosini xorijiy davlatlar, xavfsizlik organlari, militsiya, harbiy adliya yoki boshqa shunga oʻxshash organlarda harbiy xizmat oʻtashga chaqirish 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”, deb eslatgan Oʻzbekiston Adliya vazirligi 28-fevral kuni oʻzining Telegram kanalida.

Mamlakat qonunchiligiga koʻra, Oʻzbekiston fuqarolariga xorijiy davlatlar qurolli kuchlarida xizmat qilish, shartnoma boʻyicha harbiy xizmatni oʻtash yoki yollanma jangari sifatida ishlash taqiqlanadi.

Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasida bu ish uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Shunga qaramay, oʻzbeklar tarixda Ukraina sharqida har ikki tarafda: rossiyaparast boʻlginchilar va Ukraina armiyasi safida jang qilgani haqida xabarlar bor.

2014-yili Donbassda oʻzbeklar jang qilayotgani haqidagi xabarlar paydo boʻlgan edi, deydi Markaziy Osiyolik mehnat migrantlari bilan ishlovchi moskvalik huquqshunos Botir Shermatov.

“Soʻnggi yillarda Rossiya jangovar tajribaga ega xorijiy fuqarolarni urush hududlariga yollash va joʻnatish uchun xususiy harbiy kompaniyalar (XHK) tashkil qilishni boshladi”, dedi u.

Bunday tartib rasmiylar uchun juda qulay – bu ularga mamlakatning mojarolardagi ishtirokini tan olmaslik imkonini beradi, dedi u.

Bundan tashqari, yollanma askarlar xizmatidan foydalanilganda, saylovchilar oldida fuqarolarning oʻlimini oqlash shart emas, deb qoʻshimcha qildi u.

Rossiya qonunchiligiga koʻra, shartnoma asosida harbiy xizmatni oʻtash bilan haqiqatan ham vaqtinchalik propiska olish mumkin va bu Rossiya fuqaroligini olish yoʻlidagi birinchi qadam hisoblanadi, dedi Shermatov.

“Ammo, bu harbiy xizmatga rasman qabul qilingan odam boʻlsa”, deb qoʻshimcha qildi u. “Aslida, Rossiya rasmiylari noqonuniy XHKlarda xizmat qilgan chet el fuqarolariga yashirincha yordam berishi, ular uchun turli hujjatlarni tayyorlashi ham mumkin”.

Biroq, uning ogohlantirishicha, 27 yoshgacha boʻlgan erkaklar Rossiya fuqaroligini olishda ehtiyot boʻlishlari kerak, chunki ular Rossiya armiyasiga chaqirilishi, bu ish uchun esa Oʻzbekistonga qaytgan vaqtida jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Ijtimoiy tengsizlik

Markaziy osiyolik migrantlarning Rossiya kuchlariga qoʻshilishni istashiga bir qancha sabablar bor, deydi mehnat migrantlari uchun moʻljallangan oʻzbek tilidagi musofir.ru veb-saytini yurituvchi moskvalik blogger Zarnigor Omonillayeva.

Birinchi sabab pul, deydi u. Jangovar harakatlarda qatnashgan yollanma askarlarga yaxshi haq toʻlanadi.

Ikkinchi sabab – tezda Rossiya fuqaroligini olish istagi, deydi Omonillayeva. U TikTokda xorijliklarni Rossiya armiyasiga qoʻshilishga chaqiruvchi eʼlonlarni shaxsan koʻrganini aytgan.

Uchinchi sabab ikkinchisidan kelib chiqadi: ruslar bilan tenglashish – “ulardan biri boʻlish” istagi, deydi u.

Baʼzida begona yurtda ikkinchi darajali fuqaroga aylanib qolgan migrantlar Rossiya va ruslarni kuchli, buyuk va qudratli deb hisoblashi mumkin, deb qoʻshimcha qildi u.

“Bunday fikrlash ularning ham oʻz vatanlarida, ham Rossiyada yillar davomida shakllangan ijtimoiy tengsizlik natijasidir”, dedi Omonillayeva. “Ammo, umuman olganda, bu uchta sababning ortida faqat bitta sabab bor – ehtiyoj, moliyaviy yoki psixologik.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500