Karvonsaroy
Inson huquqlari

Qozoqlar Ukrainadagi urushdan jabrlangan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash kampaniyasini boshladilar

Kseniya Bondal

14-mart kuni Kiyev shimoli-gʻarbidagi Obolon tumanida oʻqqa tutilib vayron boʻlgan turar-joy binolari oldida turgan ayol. [Aris Messinis/AFP]

14-mart kuni Kiyev shimoli-gʻarbidagi Obolon tumanida oʻqqa tutilib vayron boʻlgan turar-joy binolari oldida turgan ayol. [Aris Messinis/AFP]

OLMAOTA – Qozogʻistonliklar Rossiyaning mamlakatga bosqinidan aziyat chekayotgan ukrainaliklarga yordam berish yoʻlida birlashmoqdalar.

24-fevralda bosqin boshlanganidan beri uch milliondan ortiq odam Ukrainani tark etgan, deb xabar beradi Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) seshanba (15-mart) kuni.

Qamaldagi shaharlarda qolgan tinch aholi tibbiy muassasalarga hujumlar, betartib oʻqqa tutish va boshqa mudhish holatlarga guvoh boʻlgan.

Yakshanba kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti idoralari eʼlon qilgan qoʻshma bayonotda aytilishicha, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining (JSST) tibbiy muassasalarga hujumlarni nazorat qilish tizimi tomonidan sogʻliqni saqlash muassasalariga 31 ta hujum hujjatlashtirilgan.

2022-yil mart oyida Olmaota shahrida Ukraina uchun gumanitar yordam qutilarini hozirlayotgan qozogʻistonlik koʻngillilar. [“El bolashagy”]

2022-yil mart oyida Olmaota shahrida Ukraina uchun gumanitar yordam qutilarini hozirlayotgan qozogʻistonlik koʻngillilar. [“El bolashagy”]

Eng himoyasiz insonlar – chaqaloqlar, bolalar, homilador ayollar va bemorlar, shuningdek odamlar hayotini saqlab qolish uchun oʻz jonini xavf ostiga qoʻygan tibbiyot xodimlariga hujum qilish – bu oʻtaketgan shafqatsizlikdir”, deb bayonot bergan BMT Bolalar jamgʻarmasi (YUNISEF), BMT Aholishunoslik jamgʻarmasi va JSST rahbarlari.

Shu oy boshidan beri qamalda qolgan port shahri – Mariupolda 2200 ga yaqin fuqaro halok boʻldi, Rossiyaning keng qamrovli bomba hujumlari natijasida 400 ming aholi suv va issiqlik taʼminotisiz, oziq-ovqatsiz qoldi, deydi rasmiylar.

Yordam tashkilotlari va Ukraina hukumatiga koʻra, Mariupol “gumanitar falokat” yoqasiga kelib qolgan.

Urush iskanjasida qolgan yuz minglab odamlar uchun vaqt tugab bormoqda”, deb bayonot bergan Xalqaro Qizil Xoch qoʻmitasi.

“Agar tomonlar imkon qadar tezroq kelishuvga erishmasa, hozir Mariupolda sodir boʻlayotgan voqealar dahshatli tus oladi”.

“Biz sen bilanmiz, Ukraina!”

Qozogʻiston fuqarolari “Biz sen bilanmiz, Ukraina!” nomli gumanitar yordam kampaniyasida qatnashmoqdalar.

Xayr-ehson qilganlar orasida jamiyatning barcha qatlamlariga mansub minglab qozogʻistonliklar bor.

Ushbu kampaniya Ukrainaning Qozogʻistondagi elchixonasi yordam soʻrab murojaat qilganidan keyin boshlandi, deydi “El bolashagy” (Mamlakat kelajagi) nodavlat tashkiloti rahbari, olmaotalik Togʻjan Kojaliyeva.

Bunga javoban uning tashkiloti 26-fevral kuni oʻzining Telegram kanalida tadbirga qoʻshilishga chaqirgan.

Oʻsha kuniyoq qozogʻistonliklar eng zaruriy mahsulotlar xaridi uchun pul joʻnata boshladilar, dedi Kojaliyeva.

“Biz allaqachon 150 milliondan tengedan (290 ming dollardan) ortiq pul, 25 million tenge (48,5 ming dollar) qiymatidagi dori-darmonlar va toʻrt tonna yuk – bolalar kiyim-kechaklari va ovqatlari, kattalar uchun issiq kiyimlar, uxlash uchun moʻljallangan qoplar va uy hayvonlari uchun ozuqa toʻpladik”, dedi u.

“Ushbu gumanitar yordamning bari toʻrtta reys bilan Polshaga yetkazildi, u yerda yukni Ukraina elchixonasi xodimlari qabul qilib, mamlakatga olib kirishni tashkillashtirdilar”, dedi u.

“Ukrainaga yordam berish maqsadida Polshaga joʻnatish uchun gumanitar yuk hozirlanayotgan [Qozogʻistondagi] Ukraina elchixonasiga odamlar oqib kelmoqda”, deydi kampaniyada ishtirok etayotgan olmaotalik tadbirkor Arman Shorayev.

“Ular dori-darmon, eng zaruriy ashyolar va oziq-ovqat mahsulotlari olib kelishmoqda”, dedi u. “100 dan ortiq koʻngillilar ertalabdan kechgacha bepul ishlamoqdalar. Ular xayriya qilingan narsalarni qadoqlamoqda”.

“Bu yerda qozoqlar, ukrainaliklar, ruslar, oʻzbeklar va qirgʻizlar bor. Bu yerga besh kundan beri kelayotgan bir qiz bilan gaplashdim”, deb aytgan Shorayev.

“Olmaotaning ayrim restoranlari koʻngillilarga issiq ovqat olib kelish bilan kampaniyani qoʻllab-quvvatlamoqda”, deb aytgan u.

“Qozogʻistonliklar orasida ukrainaliklarga yordam berishni xohlovchilar talaygina.”

Qozogʻiston kelajagi uchun kurash

Qozogʻistonda ukrainaliklarga yordam berish boʻyicha boshqa davlat va xususiy tashabbuslar ham amalga oshirilmoqda.

“Qozogʻiston dori-darmon va boshqa zarur mahsulotlar koʻrinishida Ukraina fuqarolariga gumanitar yordam berishga tayyor”, deb xabar bergan prezident matbuot xizmati oʻzining 7-mart kungi bayonotida.

“Ularni manzillariga yetkazish imkoniyatlari koʻrib chiqilmoqda”, deb xabar berilgan. “Shuningdek, Qozogʻiston hukumati fuqarolarimizning 435 nafarini vatanlariga va 650 dan ortiq Ukraina fuqarolarini Yevropa mamlakatlariga yetkazishda ham yordam berishdi.”

Bu orada Qozogʻistonga aloqador Relog axborot texnologiyalari kompaniyasi logistika boʻyicha dasturiy taʼminotini Ukraina kompaniyalariga bepul taqdim etmoqda.

“Biz kamida uch oy mobaynida xizmatlarimizdan bepul foydalanishlariga imkon berish orqali ukrainaliklar va ularning korxonalariga yordam berishga ahd qildik”, deb aytgan Relog kompaniyasining bosh direktori, olmaotalik Baurjan Rustemov.

“Agar bu vaqt ichida Ukrainadagi vaziyat yaxshilanmasa, bu imtiyozli muddatni uzaytiramiz”, deb aytgan u. “Shuningdek kompaniyalar uchun dasturiy taʼminotni joriy etish va texnik yordam koʻrsatish ham bepul boʻladi.”

“Hamma normal hayotga qaytadigan vaqt kelishini umid bilan kutamiz”, deb aytgan u.

Bugun ukrainaliklar nafaqat oʻzlarining, balki qozogʻistonliklarning kelajagi uchun ham kurashmoqda, deb aytgan olmaotalik tadbirkor Shorayev.

“Rossiya va Qozogʻiston oʻrtasida dunyodagi eng uzun quruqlik chegarasi borligi hammaga ayon.”

“Shuningdek, bizda istalgan payt Pavlodar yoki Qustanay xalq respublikasi deb eʼlon qilishni xohlab qoladigan odamlar va ayirmachilar ham bor. Ukrainadagi kabi “jahannam” Qozogʻistonda ham boshlanishi mumkin,” deb aytgan u avvalroq rossiyalik siyosatchilar tarixan Rossiyaga tegishli deb daʼvo qilgan Qozogʻiston shimolidagi viloyatlarni nazarda tutib.

“Shu sababli Ukrainada bosqinchilarga qarshi kurashayotganlar bilan jang qilayotganlarga yordam berish – har bir qozogʻistonlikning burchi deb bilaman”, deb aytgan Shorayev.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500