BAYRUT – Suriyalik faollar va muxolifat vakillariga koʻra, Rossiya va uning ittifoqchilari Ukrainaga qarshi urushda Rossiya armiyasi safini toʻldirish maqsadida yollash punktlarini qayta ishga tushirgan – ular Liviyada jang qilgan suriyalik yollanma askarlarni roʻyxatdan oʻtkazishda foydalanilgan edi.
Seshanba (15-mart) kungi AFP xabariga koʻra, Rossiya Suriya armiyasi va ittifoqchi kuchlardan Ukrainaga joylashtirish uchun jangovar shay holatga keltiriladigan 40 ming jangari roʻyxatini tuzgan.
Bu xabar 24-fevral kuni tezkor gʻalaba umidida Ukrainaga bostirib kirgan Rossiya qoʻshinlari kutilmaganda katta yoʻqotishlarga uchragan vaqtda paydo boʻldi.
Faollar va muxolifat aʼzolarining Al-Mashariq nashriga maʼlum qilishicha, yollash jarayoni boshlangʻich bosqichda boʻlib, hozircha faqat ismlar roʻyxati tuzilmoqda va xavfsizlik tekshiruvlari oʻtkazilmoqda.
Ularning aytishicha, bugungi kunga qadar hech qanday “jangovar shartnomalar” imzolanmagan, lekin agar hammasi reja boʻyicha ketsa, bu jarayon navbatdagi bosqichda amalga oshadi.
Suriya muxolifati nashrlari hamda arab va xalqaro matbuotning xabar berishicha, Rossiya Suriyaning bir nechta viloyatlarida qoʻshimcha askarlar yollash jarayonini boshlagan va ularni Rossiya saflarida jang qilish uchun Ukrainaga olib ketishga hozirlik koʻrmoqda.
Yollash jarayoniga avvalroq Liviya va Venesuelada Rossiya kuchlari safida jang qiladigan askarlarni yollash bilan shugʻullangan suriyalik hamkorlar boshchilik qilmoqda.
Syria News muxolifat nashrining xabar berishicha, Raqqadagi Rossiya kuchlari Ukrainada jang qilish istagida boʻlgan suriyaliklar ismlarini roʻyxatga olishni boshlagan.
Baʼzi nashrlar boshqa viloyatlardagi yollash harakatlari haqida xabar berganlar.
Suriya muxolifati manbalarining “Al-Nahar Al-Arabiy” gazetasiga maʼlum qilishicha, Suriya rejimining 8-brigadasi Moskvaning Suriyada askarlikka yollash siyosatini amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda va Palmirada ofislar ochgan.
8-brigadaning Palmiradagi ofisi mahalliy yoshlarga koʻz tikkan boʻlib, Suriya xavfsizlik xizmatlarining tazyiqlardan himoyalanish, pul va uy-joy kabi imtiyozlarni taklif qilmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, 8-brigadaga qoʻmondonlik qilayotgan Ahmad al-Avda noyabr oyi oʻrtalarida 10 kun Rossiyada boʻlgan (tashrif sabablari nomaʼlum). Aftidan, uni Rossiyaning Ukrainaga jangarilar yollash harakatlariga yordam berishga koʻndirishgan.
Rossiyaning Suriyada yollash harakatlari va amalga oshmagan vaʼdalar
Oʻzini Ibrohim deb tanishtirgan 32 yashar suriyalik “Al-Mashariq” nashriga Liviyadagi ruslar safida jang qilish uchun 2020-yilda Halabda askarlikka yollanganini aytadi.
Ibrohimning aytishicha, u Suriyadagi ogʻir turmush sharoiti sababli pul uchun bunga rozi boʻlgan va Liviyada Rossiyaning “Wagner” guruhida bir yil davomida “harbiy postda qorovul boʻlib” ishlagan.
Suriyaga qaytganidan keyin ham qiyinchiliklarga duch kelgach, “qaytib borib, Ukrainada jang qiluvchilar safiga qoʻshilish uchun ismimni roʻyxatdan oʻtkazdim”, dedi u.
Suriyaliklarni “Rossiyaning qoʻriqlash kompaniyalari tomonidan rejim taʼsir doirasidagi hududlarda joylashgan yollash punktlaridagi vositachilar orqali dollarda toʻlanadigan baland maoshlar” oʻziga jalb qilgan.
Shunga qaramay, koʻpchilik yollanganlar vaʼda qilgan pulning hammasini olishmagan.
Ukrainaga bostirib kirishi ortidan jahon hamjamiyatining sanktsiyalari ostida qolib ketgan Rossiyadagi ogʻir iqtisodiy voqelik bunday saxovatli vaʼdalarni bajarishni qiyinlashtiradi.
Misol uchun, chorshanba kuni Moskva ikkita dollarlik obligatsiya boʻyicha 117 million dollar toʻlashi kerak edi (bu – Gʻarb moliya tizimidan uzib qoʻyilganidan beri muddati oʻtgan ilk foizlik toʻlov). Ushbu toʻlovni amalga oshira olmasa, Rossiyaning 1998-yildan beri birinchi marta defoltga uchrashi mumkin.
Dushanba kuni Rossiya markaziy banki seshanbadan eʼtiboran jismoniy shaxslarga oltin sotib olishda ustunlik berish uchun banklardan oltin xarid qilish toʻxtatilishini aytdi – bu oʻsib borayotgan muammolarning yana bir belgisi boʻldi.
Kuzatuvchilarga koʻra, sanktsiyalar taʼsiri va ularning oqibatlari hisobga olinsa, Rossiya suriyalik yollanma askarlarga pul toʻlashga qodir boʻlmay qoladi.
“Suriyaliklar haqiqat va adolat uchun” tashkilotining ijrochi direktori Bassam al-Ahmad joylardagi faollardan hisobotlar olishini aytdi.
Maʼlumotlarga koʻra, Suriya “ilgari Liviyaga jangarilar yollash bilan shugʻullangan punktlarga yuqori jangovar tajribaga ega askarlar va yangi jangchilar roʻyxatini tuzish va ularni qabul qilishga ruxsat berilgan”, dedi u.
Uning aytishicha, shahar sharoitida jangovar harakatlar olib borish tajribasiga ayniqsa talab katta.
Roʻyxatdagilarning aksariyati rossiyalik zobitlar nazorati ostida Suriya armiyasining 25-diviziyasi safida jang qilgan erkaklardir, dedi al-Ahmad.
Roʻyxatdan oʻtganlardan birining aytishicha, Suriyadagi yollash punktlari yollanma askarlar roʻyxatini tuzmoqda va ular “Rossiya armiyasining Ukrainaga qarshi urushiga qoʻshilishidan avval tasdiqlash uchun Suriyadagi Rossiya kuchlariga taqdim etiladi”.
“Suriyaliklarga adolat va haqiqat uchun” tashkilotiga koʻrsatma bergan askarlarga qancha pul toʻlanishi haqida maʼlumot berilmagan, dedi u.
Qiyinchiliklardan foydalanish
Idliblik Suriya muxolifati tadqiqotchisi Turkiy Mustafoga koʻra, Rossiyaning Ukrainaga hujumi uchun suriyalik jangchilarni yollash jarayoni “yanvar oyi boshida, urushdan avval boshlangan”.
Ammo qiziqish juda “zaif” edi, ruslar va ularning suriyalik agentlari kutganidek boʻlmadi, dedi u “Al-Mashariq” nashriga.
Uning taʼkidlashicha, askarlikka yollash jarayoni 2020-yilda ruslar tomonidan Liviyaga askar yollash uchun ochilgan rejim nazoratidagi hududlarda joylashgan idoralar tomonidan olib borilmoqda.
Mustafoning aytishicha, 8-brigada qoʻmondoni Al-Avda rejim qoʻllovidagi boshqa kuchlar bilan hamkorlikda Daraa, Busra ash-Shom va Suvaydadan jangchilar toʻplab, Suriya janubidagi yollash ishlariga boshchilik qilmoqda.
Uning soʻzlariga koʻra, “eng faol yollash punktlari” Damashq hududida boʻlib, Suriya sohillaridagi punktlarda roʻyxatga olish koʻrsatkichlar “u qadar katta emas”.
“Halabdagi boʻlinmalarda askarlikka yollash jarayonida biroz faollik kuzatilmoqda”, deya qoʻshimcha qildi u al-Hasakadagi yollash punktlarida ham ishlar “qoniqarli” ekanini taʼkidlab.
“Rejimning shabiha [koʻngilli askarlari] va rejimga aloqador qoʻmondonlar yoshlarni Rossiya armiyasi safida jang qilishga chaqirmoqda, bunda shahar va tumanlar hokimlari katta rol oʻynamoqda”, deb qoʻshimcha qildi Mustafo.
Suriyada askarlikka yollash jarayoni “Rossiya va uning suriyalik ittifoqchilari rejim hududlaridagi suriyalik yoshlar boshdan kechirayotgan iqtisodiy qiyinchiliklardan foydalanib kelayotganidan dalolat beradi”, dedi u.
Palmira yangiliklar tarmogʻi rahbari Muhammad Hasan al-Ayyod “Al-Mashariq” nashriga Rossiya “Ukrainada jang qilish uchun oʻz armiyasi, jangchilari, elita harbiy qoʻmondonlari va xorijlik “Wagner” jangarilarini [Suriyadan] olib chiqib ketayotganini” aytgan.
Ularning oʻrnini ruslar bilan ittifoqdosh mahalliy safarbarlik kuchlari egallaydi, deydi u.
Al-Ayyod yaqinda “8-brigada qoʻmondonlarining strategik hududlarni aniqlash, ehtimol Rossiya buyrugʻi bilan shahar va uning qishloqlarida joylashish uchun razvedka missiyasi bilan Palmiraga kelganini” taʼkidladi.