Karvonsaroy
Xavfsizlik

Talafotlari ortib borayotgan Rossiya Ukrainaga qarshi urushga yollanma askarlarni jalb qilmoqda

Akim Halimov va AFP

4-mart kuni Qrimning Simferopol shahrida Rossiya prezidenti Vladimir Putin suratlari tushirilgan ulkan plakatlarni yopishtirayotgan erkak, ularning birida “Rossiya urush boshlamaydi, aksincha ularni yakunlaydi” (chapda), boshqasida “Maqsadimiz – Ukrainani demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish” deb yozilgan. 4-mart kuni Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi bosqinchi kuchlar hujumiga uchrab, egallab olinishi ortidan Ukraina Kremlni “yadroviy terrorizmda” ayblagan. Butun Yevropani zaharlagan Rossiyaning urush tahdidi Gʻarbda jiddiy xavotir uygʻotgan. [Stringer/AFP]

4-mart kuni Qrimning Simferopol shahrida Rossiya prezidenti Vladimir Putin suratlari tushirilgan ulkan plakatlarni yopishtirayotgan erkak, ularning birida “Rossiya urush boshlamaydi, aksincha ularni yakunlaydi” (chapda), boshqasida “Maqsadimiz – Ukrainani demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish” deb yozilgan. 4-mart kuni Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi bosqinchi kuchlar hujumiga uchrab, egallab olinishi ortidan Ukraina Kremlni “yadroviy terrorizmda” ayblagan. Butun Yevropani zaharlagan Rossiyaning urush tahdidi Gʻarbda jiddiy xavotir uygʻotgan. [Stringer/AFP]

KIYEV – Razvedka maʼlumotlariga koʻra, Ukrainaga muvaffaqiyatsiz bosqini ortidan katta yoʻqotishlarga uchrayotgan Kreml tobora koʻproq yollanma askarlarga tayanmoqda.

Kuzatuvchilarga koʻra, 24-fevral kuni bosqin boshlanganidan beri Rossiya qoʻshinlari katta talofatlarga duchor boʻldi, juma (18-mart) kuni Ukraina harbiylari Rossiya tarafi 14200 ga yaqin qurbon berganini aytgan.

Buning natijasida Moskva oʻz safini toʻldirish uchun ochiqchasiga Suriyadan yollanma askarlar jalb qilish bilan birga Rossiyaning xufiyona xususiy harbiy kompaniyasi (XHK) – “Vagner” guruhini ishga solmoqda.

Rossiya Suriya armiyasi va ittifoqchi kuchlardan Ukrainaga joylashtirish uchun jangovar shay holatga keltiriladigan 40 ming jangari roʻyxatini tuzgan, deb xabar bergan seshanba kuni harbiy kuzatuvchilardan biri.

8-mart kuni Ukraina mudofaa vazirligi o‘zining Facebook sahifasida halok bo‘lgan Vagner yollanma askarlaridan yechib olingan jetonlar suratlarini chop etgan. (Ukraina mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi)

8-mart kuni Ukraina mudofaa vazirligi o‘zining Facebook sahifasida halok bo‘lgan Vagner yollanma askarlaridan yechib olingan jetonlar suratlarini chop etgan. (Ukraina mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi)

Putinning ittifoqdoshi Yevgeniy Prigojin tomonidan moliyalashtirilgan va butun dunyodagi Vagner yollanma askarlarini “qahramon” qilib koʻrsatishga urinuvchi “Turist” filmidan olingan lavha.

Putinning ittifoqdoshi Yevgeniy Prigojin tomonidan moliyalashtirilgan va butun dunyodagi Vagner yollanma askarlarini “qahramon” qilib koʻrsatishga urinuvchi “Turist” filmidan olingan lavha.

Suriya inson huquqlari observatoriyasi va faollarga koʻra, rossiyalik zobitlar Suriya harbiylari va ittifoqchi qurolli kuchlar bilan hamkorlikda rejim nazoratidagi hududlarda roʻyxatga olish punktlarini ochgan.

“Ukrainada Rossiya safida jang qilish uchun hozirgacha 40000 dan ortiq suriyalik roʻyxatdan oʻtgan”, dedi Buyuk Britaniyada joylashgan kuzatuvchi tashkilot rahbari Rami Abdurahmon AFPga.

Yana 18 ming kishi Suriyaning “Baas” hukmron partiyasida roʻyxatdan oʻtgan va ular Vagner guruhi tomonidan tekshiriladi, deyiladi kuzatuvchi xabarida.

Oʻtgan haftada Kreml koʻngillilar, jumladan Suriyadan kelganlar Ukrainada Rossiya armiyasi bilan bir safda jang qilishi mumkinligini aytgan, deb yozadi AFP.

Avvalroq, 8-mart kuni Ukraina mudofaa vazirligining Facebook sahifasida halok boʻlgan “vagnerchilardan” biriga tegishli ekani aytilgan jetonlar suratlari chop etilgan edi.

Suratdagi jetonda Suriyaga tegishli telefon raqamlari, shuningdek, arab, fors, ingliz va fransuz tillarida “Iltimos, yordam bering va biz bilan bogʻlaning” degan yozuvlar bor.

Vazirlik Facebook sahifasidagi postida oʻz nomini “Liga” deb oʻzgartirib olgan Vagner guruhini Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga koʻmaklashishda ayblab, uning ayrim yollanma askarlari “avval ham Rossiyaning Ukraina hududidagi jangovar operatsiyalarda tajovuzkor armiya safida ishtirok etganini” taʼkidlagan.

Rossiya Ukraina poytaxtiga hujum qilishga urinayotgan kuchlarini dastaklash uchun Kiyevga 1000 nafar yollanma askarni yuborishni rejalashtirmoqda. Vazirlikka koʻra, shu oy boshida Rostov-Don shahrida askarlarni yollash uchun XHK shtabi tashkil etilgan.

Yollanma qotillar

Ukraina mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi sobiq direktori, harbiy tahlilchi Aleksandr Galakaning Karvonsaroyga aytishicha, bunday yollanma askarlar “qoʻporuvchilik va terror amaliyotlari uchun olib kelinmoqda”.

Ular ishgʻol qilingan hududdagi isyonkor fuqarolarni bostirish va qoʻrqitish amaliyotlarini oʻz ichiga oluvchi “qora ishlarni” bajarishga moʻljallangan, dedi u.

Vagner guruhi aʼzolari butun dunyoda harbiy jinoyatlar sodir etishda ayblangan.

Vagner ilk bor 2014-yilda Ukrainada urush boshlanib, Rossiya Qrimni noqonuniy egallab olganida paydo boʻlgan edi.

Oʻshandan beri uning yollanma askarlari butun dunyoda, jumladan Suriya, Mozambik, Sudan, Venesuela, Liviya, Markaziy Afrika Respublikasidagi (MAR) mojarolarda ishtirok etgan.

“Aslini olganda, ular Rossiya qurolli kuchlarining bir qismi. Ularda Rossiya armiyasining qurollari bor. Ular Rossiya poligonlarida mashgʻulot oʻtkazadi. Ular hatto [Rossiya prezidenti Vladimir] Putinga yaqin biznesmen Yevgeniy Prigojin tomonidan moliyalashtiriladi”, dedi Galaka.

Prigojinni Vagner va butun dunyo boʻylab Kreml uchun bajarilgan boshqa “iflos ishlarga” oid operatsiyalar bilan bogʻlaydigan koʻplab dalillar borligiga qaramay, u ham, Moskva ham XHK bilan aloqalarini rad etib keladi.

Vagner yollanma askarlari Rossiyaning muntazam armiyasidagi askarlarga qaraganda yaxshiroq tayyorgarlikka ega, deydi avvalroq Ukraina tashqi razvedka xizmatiga rahbarlik qilgan armiya generali Mikola Malomuj.

“XHK kimlardan tarkib topganini tushunish muhim. Bular sobiq Alfa va Vimpelning maxsus kuchlari”, dedi u Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining (FXX) maxsus qoʻshinlariga ishora qilib.

“Ular umuman boshqa darajadagi jangchilar”, deydi Malomuj.

“Bundan tashqari, ularning tayyorgarlik jarayoni muntazam Rossiya armiyasi mashgʻulotlaridan farq qiladi”, dedi u. “Ular NATOning ilgʻor amaliyotlari va Xitoy standartlarini qoʻllaydilar, ushbu dunyo miqyosidagi tajribani oʻzlashtirib, uni jang maydonida ishga solishga harakat qilishadi.”

“Ularning yollash markazlari butun dunyoda mavjud, ammo baribir, yollanma askarlarning 80 foizi – rossiyaliklar”, deb qoʻshimcha qildi u.

“Ularning maʼlum foizi, ehtimol, “DXR va LXR” deb ataluvchi hududlardan boʻlishi mumkin”, dedi u, Ukraina sharqidagi ikki boʻlginchi mintaqa – Donetsk Xalq Respublikasi va Lugansk Xalq Respublikasini nazarda tutib. Putin Ukrainaga keng koʻlamli bosqinni boshlashdan bir necha kun oldin bu hududlar mustaqilligini tan olgan edi.

“Albatta, Putin ular uchun topshiriqlar ishlab chiqmaydi. Bu ish bilan maxsus xizmatlar rahbarlari shugʻullanadi. Lekin u, shubhasiz, bunday kuchlardan foydalanish masalasini muvofiqlashtiradi”, dedi Malomuj.

Kreml qoʻllovidagi yollanma askarlar “magʻlub etiladi”

Vagner guruhi va boshqa yollanma askarlar halokatli tayyorgarlikdan oʻtganiga qaramay, ular Rossiya armiyasini Ukrainadagi magʻlubiyatlardan qutqara olmaydi, deydi tahlilchilar.

“Bu jangarilarning asosiy muammosi shundaki, ular hech qachon kuchli dushmanga duch kelmagan”, deydi Galaka.

Suriyadagi qurollanmagan aholini yoki isyonchilarni qiynash boshqa masala. Professional, yuksak motivatsiyali ukrainalik askarga qarshi jang qilish boshqa, dedi u.

“Vagnerchilar, qodirovchilar va boshqa jangarilarning yengilmasligi haqidagi gap-soʻzlar bu shunchaki marketing”, dedi Galaka Checheniston rahbari Ramzan Qodirov boshchiligidagi yollanma askarlarni nazarda tutib. Ishonchim komilki, bu yerda, Ukrainada ularning faoliyatiga chek qoʻyiladi”.

Malomuj ham xuddi shunday fikrda.

“Ukraina maxsus boʻlinmalarining tayyorgarligi yaxshiroq. Yuzma-yuz janglarda ular Vagner yollanma askarlaridan yaqqol ustun”, dedi u. “Yollanma askarlarda hech qanday imkoniyat yoʻq”.

Kiyevga bostirib kirib, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni oʻldirish buyrugʻini olgan Qodirovning “elita” jangovar boʻlinmalari ham urush boshlanganidan soʻng bir necha kun ichidayoq yoʻq qilindi.

“Askarlarimiz ularni birin-ketin yoʻq qilaverdi. Ular ham boshqalar kabi oʻldi, ajralib turadigan jihati yoʻq”, deydi hozirda Kiyev yaqinidagi Irpen shahrida 206-hududiy mudofaa bataloni safida jang qilayotgan sobiq advokat Yaroslav Kuts.

Oʻldirilganlar orasida qotillar guruhi qoʻmondoni, Qodirovning yaqin doʻsti va ittifoqchisi Magomed Tushayev ham bor.

“Bu haromzodalarning ajralib turadigan yagona jihati shundaki, ular tinch aholiga qarata oʻq uzadi, barcha evakuatsiya yoʻlaklarini minalar bilan toʻldiradi va gumanitar xodimlarga hujum qiladi”, dedi Kuts. “Ularni tez orada qirib tashlaymiz.”

Ukrainaga joʻnatilgan yollanma askarlarning bir qismi hozir yashirinib turgan boʻlsa-da, Malomujning soʻzlariga koʻra, ular bu holatda uzoq muddat qola olmaydi.

“Bugungi kunda odamlar, oddiy fuqarolar juda hushyor. Ular har bir shubhali odamga eʼtibor bermoqda”, dedi u.

“Bu jangarilarni imkon qadar tezroq aniqlash va yoʻq qilish zarur”, dedi Galaka. “Ular urushning borishiga hech qanday taʼsir koʻrsatmaydi, lekin umuman hech qanday qonunlarga boʻysunmagani sababli tinch aholi uchun juda katta xavf tugʻdiradi”, deydi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya qoʻshinlari Ukraina qozoniga tushib qolishdi.

Javob berish