Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Ukrainaga bosqin oqibatlari Qozogʻistonni YOIIdan chiqishga undamoqda

Kanat Altinbayev va AFP

Qozogʻiston tengesi ham Rossiya rubli bilan bir qatorda qadrsizlanmoqda. Natijada Milliy bank qayta moliyalash stavkasini 13,5 foizga oshirib, mahalliy birjada valyuta zaxiralarini sota boshlagan. [Karvonsaroy]

Qozogʻiston tengesi ham Rossiya rubli bilan bir qatorda qadrsizlanmoqda. Natijada Milliy bank qayta moliyalash stavkasini 13,5 foizga oshirib, mahalliy birjada valyuta zaxiralarini sota boshlagan. [Karvonsaroy]

OLMAOTA – Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan yuzaga kelgan iqtisodiy oqibatlar Qozogʻistonda Moskva yetakchiligidagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqini (YOII) tark etish chaqiriqlariga sabab boʻlmoqda.

YOIIga Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Armaniston va Belarus kiradi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 24-fevral kuni Ukrainaga qarshi qonli hujum uyushtirganidan beri Gʻarb mamlakatlari hukumatlari Moskvani global moliyaviy tizimdan chiqarib yuborishgan, natijada uning valyutasi qadrsizlanib, mamlakat defolt yoqasiga kelib qolgan.

Payshanba (24-mart) kuni AQSH prezidenti Jo Bayden Bryusselda Yevropa ittifoqchilari bilan urush masalasini muhokama qilganidan keyin shu haftada Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar va mavjud choralarni yanada kuchaytirish haqida eʼlon qilishi kutilmoqda, deb xabar bergan AQSH rasmiylari.

Olmaota bozoriga kelgan xaridorlar, 9-yanvar. [Aleksandr Bogdanov/AFP]

Olmaota bozoriga kelgan xaridorlar, 9-yanvar. [Aleksandr Bogdanov/AFP]

Rossiyaning shakar eksportiga taqiqi Qozogʻistonda jiddiy tanqislik keltirib chiqargan. [Fayl]

Rossiyaning shakar eksportiga taqiqi Qozogʻistonda jiddiy tanqislik keltirib chiqargan. [Fayl]

Payshanba (24-mart) kuni Britaniya Moskvaning Ukrainaga bosqiniga javoban yana 59 nafar rossiyalik jismoniy va yuridik shaxsga hamda oltita belaruslik yuridik shaxsga qarshi sanksiyalar joriy qilgan.

Belarus hujumdan avval bir necha oy davomida toʻplangan Rossiya armiyasining bir qismini oʻz hududida joylashtirgan.

Bunday sanksiyalar, jumladan Rossiyaning boshqa mamlakatlardagi 300 milliard dollarlik xorijiy valyuta zaxiralarining muzlatilishi Rossiya iqtisodiyotiga sezilarli taʼsir qildi.

Rossiya bank sektori va moliya tizimi falajlandi, rublning qadri esa tushib ketdi.

Endilikda Rossiya oʻn yilliklar ichida ilk marta qarzlar boʻyicha defoltga uchrash xavfi bilan toʻqnash kelmoqda.

Bloomberg agentligining 11-mart kungi hisob-kitoblariga koʻra, urushning dastlabki ikki haftasida Rossiya yalpi ichki mahsuloti 2 foizga yoki 30 milliard dollarga kamaygan va 2022-yil oxiriga borib, bu koʻrsatkich 9 foizni tashkil qilishi mumkin.

“Katta muammo”

Qozogʻiston iqtisodiyoti Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari kabi Rossiya iqtisodiyoti bilan chambarchas bogʻlangan.

Buning natijasida, garchi bosqinda ishtirok etmagan boʻlsa ham, Qozogʻiston Rossiya bilan birga aziyat chekmoqda.

Bosqin boshlangan 24-fevral kunidan 15-martga qadar tenge Rossiya rubli bilan birga quladi va dollarga nisbatan 20 foizga qadrsizlandi.

Natijada Qozogʻiston milliy banki qayta moliyalash stavkasini 13,5 foizga oshirib, tenge kursini qoʻllab-quvvatlash va narx barqarorligini saqlash uchun oʻzining xorijiy valyuta zaxiralarini mahalliy birjada sotishga majbur boʻldi.

15-martga qadar Milliy bank tanga kursini ushlab turish uchun oʻz zaxirasidan 815 million dollar sarflagan.

Nur-Sulton ham valyuta savdosini cheklashga majbur boʻldi.

“Biz YOII aʼzosimiz, shu sababli valyutamiz rublga bogʻlangan va iqtisodiyotimiz Rossiya iqtisodiyoti bilan chambarchas bogʻliq”, deydi Qozogʻiston poytaxtida qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi “Nur-Sultan Stroyservis” kompaniyasi rahbari Daulet Axmetov Karvonsaroyga.

Bu katta muammo”, dedi Axmetov.

“Bu yillar davomida Qozogʻiston ittifoqqa aʼzo boʻlib, faqat yutqizdi, ammo biz xomashyo eksporti evaziga oʻzimizni tutib turdik. Lekin hozir iqtisodiyotimiz tanazzulga uchrash xavfi ostida”.

Endi Qozogʻiston YeOIIda import bojxona toʻlovlarining eng yirik toʻlovchisiga aylanmoqda, chunki Rossiya Gʻarb sanksiyalari ostida katta ulush qoʻshmaydi, dedi u.

“Iqtisodiy ittifoq shartlariga koʻra, Rossiya barcha aʼzo mamlakatlar bojxona organlari tushumining 85 foizini oladi, Qozogʻistonning ulushi esa 7 foizdan oshmaydi”, dedi Axmetov.

“Oʻrinli savol tugʻiladi: nima, biz endi xayriya tashkilotimizmi?”

Nur-Sulton “Qozogʻiston uchun talonchilik” boʻlgan bu nisbatlarni zudlik bilan oʻzgartirishi yoki YOIIdan chiqishi kerak, dedi u.

Iqtisodiy aziyatlar

Nozikroq masalaga kelsak, pensiyalar xavf ostida qolgan, xomashyo mahsulotlari narxi esa oshmoqda.

Jamoatchilik muammolarini tahlil qilish markazi sobiq direktori, olmaotalik iqtisodchi Meruyert Maxmutovaga koʻra, bir paytlar davlat Qozogʻiston pensiya aktivlarining bir qismini Rossiya qimmatli qogʻozlariga sarmoya qilgan.

Ular orasida Rossiya moliya vazirligi obligatsiyalari, AQSH va Yevropa Ittifoqining sanksiyalari ostiga tushgan “Gazprom”, “Sberbank”, “Rosneft”, “Vneshtorgbank”, “Nornikel” kabi kompaniyalarning obligatsiyalari va depozitar kvitansiyalari bor.

“Bu kompaniyalarning aksiyalari qulab tushdi va Yagona jamgʻarib boriladigan pensiya jamgʻarmasi ushbu aktivlarni qayta baholashda zararlarni qayd etishga majbur boʻladi”, dedi Maxmutova Karvonsaroyga.

“Biz, barcha omonatchilar pensiya jamgʻarmalarimizning bir qismini yoʻqotdik”, dedi u.

Ayni paytda Rossiya YOIIning tovarlarni chegaralar orqali erkin olib oʻtish tamoyillariga zid boʻlgan choralarni qabul qilmoqda.

10-mart kuni Rossiya hukumati ichki ehtiyojlarni 150 foiz qoplaydigan don zaxiralariga ega ekaniga qaramay, ichki bozorni himoya qilish maqsadida avgust oyi oxirigacha YOII mamlakatlariga shakar va don eksportini taqiqladi.

Mazkur chora bu mahsulotlarning uchinchi mamlakatlarga qayta eksportining oldini olish maqsadida qabul qilindi, deb bayonot bergan Rossiya iqtisodiy taraqqiyot vazirligi.

Bu chora kam hosildan keyin oʻtgan iyul oyidan beri gʻalla xaridini 77 foizga yoki 2,3 million tonnaga oshirib, Rossiya hukumatiga koʻra, Turkiya va Misrdan keyin Rossiya donining uchinchi yirik xaridoriga aylangan Qozogʻistonga qaratilgan boʻlishi mumkin.

Rossiyadan eksportning taqiqlanishi Qozogʻistonda shakarning oʻtkir taqchilligiga va sarosimali xaridlarga sabab boʻldi.

“Murdani oʻpish”

“Rossiyaning oʻzi allaqachon... oʻzaro manfaatli hamkorlikning koʻplab tamoyillarini buzmoqda – avvalroq u qozogʻistonlik ishlab chiqaruvchilarning Rossiya bozoriga kirishiga sunʼiy toʻsiqlar qoʻygan edi”, deb yozadi xavflarni baholash guruhi rahbari, olmaotalik siyosatshunos Doʻsim Satpayev 18-mart kuni Forbes.kz nashridagi maqolasida.

Endi esa shiddatli sanksiyalarga uchragan Rossiya ayrim mahsulotlarni, jumladan, YOII mamlakatlariga eksport qilishga cheklovlar kiritmoqda”.

YOII toʻgʻrisidagi shartnomaning oʻzaro manfaatli hamkorlikni taʼminlash, teng huquqlilik va tomonlarning milliy manfaatlarini inobatga olish kabi asosiy tamoyillarni oʻz ichiga olgan 3-moddasiga asosan Qozogʻistonda Rossiya bilan ittifoqdan chiqish uchun asos bor, dedi Satpayev.

YOII hujjatlariga koʻra, ittifoq aʼzolari 2025-yilga qadar “moliyaviy bozorga oid qonun hujjatlarini uygʻunlashtirishi” kerak, Rossiya esa bu vaqtgacha deyarli “yakkamoxov” davlatga aylanib boʻladi, dedi u.

“[Rossiya moliya tizimi bilan] “uygʻunlashish” murdadan boʻsa olishdek gap”, deydi Satpayev. “Qozogʻiston rahbariyati bundan qanday qilib qochish mumkinligini oʻylashi kerak”.

Faqat Rossiyaga foyda keltiradigan YOIIdan koʻpchilik tadbirkorlarimizning allaqachon hafsalasi pir boʻlgan”, deydi qurilish materiallari kompaniyasi direktori Axmetov.

“Bu yillar davomida ular (Rossiya amaldorlari) oʻz bozorlarini sunʼiy toʻsiqlar bilan bizdan himoya qilishdi, bizning ishlab chiqaruvchilar esa Rossiyaning arzon mahsulotlari oqimi tufayli oʻz ichki bozorlarini yoʻqotdilar”, deb yozadi u.

“Ammo endi biz YOIIda qola olmasligimiz aniq: Rossiya va Belarus bizni oʻzi bilan birga choʻktiradi”.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 21

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiyaning shuncha yildan beri qilgan barcha fidokorona xizmatlari uchun minnatdor boʻlish kerak.

Javob berish

Axlatxona Rossiyanga yoʻqol, jin urgur vatnik

Javob berish

Rossiyani tufayli AQSH va uning ittifoqchilari Qozogʻiston va boshqa MDH davlatlarini ikkinchi Afgʻoniston, Suriya, Liviya yoki Livanga aylantira olmadi. Ularning kuchi Rossiya bilan ittifoqda, aksincha emas. Rossiya MDHda xavfsizlikning yagona kafolati hisoblanadi. Buni tushunmaganlar bunchalik kaltafahm va ahmoq boʻlganiga pushaymon qiladilar.

Javob berish

Toʻgʻri, agar biz ketmasak, Yevropa AQSH bilan birga yana bir Afgʻonistonni yoki Suriya, Liviya, Livan va boshqa koʻplab mamlakatlarni koʻrsatadi.

Javob berish

Raqobat qila olmaganimiz uchun Rossiyani yelkamizda koʻtarib yuradigan boʻlsak, bu Rossiya uchun qulay, shuningdek, boshqa YOII mamlakatlarini ham koʻtarib yuramiz, chunki bizning iqtisodiyotimiz kattaroq – ular esa bizdan kambagʻalroq – natijada zoʻriqib, xarob boʻlamiz. YOIIga aʼzolik ayniqsa Qozogʻiston uchun zararliroq. Umuman olganda, barcha YOII mamlakatlari Rossiya uchun ishlamoqda, ayniqsa hozir. Biz shundoq ham nochor, rivojlanayotgan davlatmiz, endi qashshoq rivojlanayotgan davlatga aylanamiz. Bundan kimga foyda? Tokayev YOIIdan chiqish va oʻzaro manfaatli ikki tomonlama munosabatlarni oʻrnatish boʻyicha toʻgʻri qarorga kela olmasa, unga ovoz bermayman.

Javob berish

Maqola noxolis ekani aniq; uning voqelikka hech qanday aloqasi yoʻq! YOIIning boʻlishi bizga hecham xalaqit qilmaydi; hech boʻlmaganda bu bizga “oʻz ustimizda” ishlash uchun bahona boʻladi. Qoʻshni Rossiyada Qozogʻiston mahsulotlarining yoʻqligi yolgʻon! Sut mahsulotlari, qandolat, makaron va boshqa koʻplab mahsulotlar bor! U yerda koʻp yillardan yashovchi qarindoshlarim bularning barini mamnuniyat bilan sotib olishadi, hech qanday muammo yoʻq! Qozoq tovarlari raqobatbardosh boʻlmasa, bu qoʻshnimizning aybi emas.
Endi izohingizga qaytaylik: bizning nimamiz ortiqroq??? Kimni sudrab yurar ekanmiz? Bir narsani aniqlashtiraylik: yoki Qozogʻiston “zoʻr” boʻlgani uchun hammani oʻz ortidan sudrab yuradi, yoki u kambagʻal, rivojlanayotgan davlat! Bizda oʻzimiz haqimizdagi katta fikrdan boshqa hech narsamiz yoʻq! Yanvar voqealaridan keyin Tokayev rahbarlarga nisbatan hech narsa qila olmadi. U tashqi belgilarni oʻzgartirdi, ammo chehralar oʻsha-oʻsha qoldi, almashtirishlar/isteʼfolar “soxta va yuzaki” boʻldi.
Arzirli infratuzilmalarning bari u yoki bu tarzda shaxsiy qoʻllarda! Asosan chet elliklarda! Mamlakat sirtmoqli shartnomalar doirasida arzimagan daromadga ega boʻlmoqda! Hamma narsa otkatlarga asoslangan! Otkatlar allaqachon tizim va hayotning bir qismiga aylangan! Biz hatto shuncha yillardan beri ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish uchun gazni qayta ishlash korxonalarimizni ham qayta jihozlay olmadik! Koʻzimizni ochish, xolis boʻlish va aybni chetdan izlamaslik vaqti kelgandir

Javob berish

Bojxona ittifoqi oʻlib bormoqda. Hech kim Rossiya kompaniyalari bilan hamkorlik qilishni istamayapti, chunki istalgan payt ikkilamchi sanksiyalarga duchor boʻlishi mumkin.

Javob berish

Oʻylaymanki, ikkiyuzlamachi boʻlmasligimiz va uzoqni oʻylamay, iqtisodiyotimizga zarar yetkazuvchi qarorlar qabul qilmasligimiz kerak. Byurokratiya bilan shugʻullanmay, import oʻrnini bosuvchi koʻpchilik tovarlar va xizmatlar bilan shugʻullanishimiz kerak, hozircha bu bilan faqat qogʻozda shugʻullanishmoqda. Rossiya va Belorussiyada Qozogʻiston tovarlari kamsitilayotgan Bojxona ittifoqi muammolarini hukumat hal qilishi kerak. Bu bilan aynan qaysi idora shugʻullanayotganini bilmayman, lekin ular yo layoqatsiz yoki sukut saqlamoqda. Ruslar va ukrainlar, hammangizga tinchlik va xayr tilayman. Gʻarbparast va rossiyaparast tashviqot qurboniga aylanmang.

Javob berish

Rossiyadek doʻstingiz borligiga xursand boʻling. Aks holda, qiyin boʻladi. Kim bilan birga boʻlishingizni tanlash vaqti keldi – qirgʻiy, ayiq yoki ajdaho bilan. Yolgʻiz boʻlolmaysiz – mitti Qozogʻistonni yutib yuborishadi. Rossiya eng yomon doʻst emas. Bizga Rossiya kerak emas, biz bu dunyoda yolgʻiz yashay olamiz, deganlar shunchaki tor fikrlaydiganlar. Bu yer ham alangalanib ketishi mumkinligini tushunishmaydi. Ahmoqlar.

Javob berish

Hech boʻlmaganda farosatli bor ekan...

Javob berish

Rossiya ishtirokidagi hamma ittifoqlardan darhol chiqish kerak!!!!!

Javob berish

Qozogʻiston bu ittifoqni tark etmasligi va unda aʼzolikni toʻxtatmasligi kerak. Qozogʻiston Qirgʻiziston va Tojikiston bilan qoʻshilib, YOII va Bojxona ittifoqi yigʻilishini oʻtkazishi va Ukrainaga bostirib kirgani uchun Rossiyani, Ozarbayjon hududini bosib olgani uchun Armanistonni Bojxona ittifoqi va YOIIdan chiqarib yuborishi va shu sabablar bilan KXSHTni tark etishi kerak.

Javob berish

Yaxshi maqola. Hatto Nazarboyev ham bu tashkilot safiga kirayotganimizda, agar ular bizning suveren huquqlarimizni poymol qilishsa, biz uni tark etamiz, deb aytgan edi. Menimcha, buning vaqti keldi. Aytishadi-ku, Kayros vaqti deb.

Javob berish

Balki hozircha chiqmagan maʼquldir, lekin aʼzolikni vaqtincha toʻxtatib turish kerakligi aniq. Rossiya ilgari hech qachon oʻz majburiyatlarini toʻliq bajarmagan, ammo endi Rossiya rahbariyatining xatolari va layoqatsizligi qozoqlarga qimmatga tushmoqda. Nimaga asoslanib? Bu Qozogʻiston uchun manfaatli emas. Bizning iqtisodimiz Rossiya iqtisodiyoti bilan raqobatlasha olish uchun juda kichik, ammo YOIIning boshqa aʼzolari bilan solishtirganda ancha katta va shu tariqa ularni ham, bularni ham yelkamizda olib yuribmiz. Biz nima, xayriya tashkilotimizmi? Nimagadir foydasiz uyushmalar kerak boʻlsa, amaldorlar oʻz choʻntaklaridan Rossiyaga poʻl toʻlasinlar, lekin biz bunga rozi boʻlmaganmiz. Ittifoqdan chiqishni talab qilaman!

Javob berish

Yana shuni qoʻshimcha qilmoqchiman, Rossiya tufayli YOIIdan chiqishimiz va YOIIning boshqa davlatlari bilan yaqinroq va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishimiz kerak.

Javob berish

Xitoy yoki AQSH qoʻlga olganidan koʻra (chunki iqtisodiy tomondan zaifmiz), Rossiya bilan hamkorlik qilish va YOII bitimlarini yaxshilash afzal. Axir Rossiya qoʻshnimiz va ikkita katta mamlakat orasida qolgan ekanmiz, kamida oʻz iqtisodiyotimizni rivojlantirgunimizcha nimagadir aʼzo boʻlishimiz kerak. Olga

Javob berish

Bekorlarni aytibsan. Hozir zamon boshqa

Javob berish

Toʻgʻri – Tayga ittifoqi tartibsiz narsaga aylanib qoldi. Rossiya zoʻravonlik urushini olib bormoqda va shu sababli sanktsiyalarga uchramoqda, ammo buni nima qilishimiz kerak? Qozogʻiston bunga rozi boʻlmagan. Bojxona ittifoqidagi ishtirokimizga toʻxtatishimiz kerak va uni tark etishimiz kerak. Rossiya hech nima qila olmaydi. Armiyasi yoʻq :)))

Javob berish

Qilib boʻlishdi, “taʼmirlash” bahonasi bilan uchta KTK terminalini toʻsib qoʻyishdi, lekin ularning qoʻlidan bundan ham yomonroq ishlar keladi.

Javob berish

Bu qaytanga yaxshi. Demak, neft Rossiyani chetlab oʻtishi kerak.

Javob berish

Qoʻshilaman, ular gʻildiraklarga choʻp suqa boshlamoqda. KTK yagona misol emas. Ular allaqachon oʻzlaridan don va shakar eksportini taqiqladilar; bu YOII kelishuvlariga zid va bu faqat boshlanishi. Koʻramiz, “sheriklarimiz” biz uchun yana nimalar tayyorlab qoʻygan ekan.

Javob berish