Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Imkoniyatlar eshigi ochilmoqda: Ukrainada urush avj olgan bir paytda Xitoydagi rossiyalik tadbirkorlar foyda koʻrishga intilmoqda

Karvonsaroy va AFP

22-mart kuni Pekindagi Rossiyaning kiyim-kechaklar doʻkoni yonidan oʻtib ketayotgan odamlar. Pekin Moskvaning eng yirik savdo sherigi boʻlib, Xitoy bojxona maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan yili savdo hajmi 147 milliard dollarni tashkil etgan, bu 2019-yilga nisbatan 30 foizga koʻp. [Jeyd Gao/AFP]

22-mart kuni Pekindagi Rossiyaning kiyim-kechaklar doʻkoni yonidan oʻtib ketayotgan odamlar. Pekin Moskvaning eng yirik savdo sherigi boʻlib, Xitoy bojxona maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan yili savdo hajmi 147 milliard dollarni tashkil etgan, bu 2019-yilga nisbatan 30 foizga koʻp. [Jeyd Gao/AFP]

PEKIN – Shanxayda yashovchi rossiyalik tadbirkor Maratning mamlakatiga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar uning uchun Xitoyda kutilmagan imkoniyatlarni paydo qildi, zero kompaniyalar taʼminot zanjirlarini saqlab qolishga zoʻr berib urinmoqda.

Yevropa va Shimoliy Amerikadagi yetkazib beruvchilari bilan aloqalari uzilib qolgan va Xitoydan sheriklar izlayotgan butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan biri 42 yoshli erkak bilan aloqaga chiqqan.

U Ukrainaga bosqinni qoʻllab-quvvatlagani uchun sanksiyalar ostida qolgan Rossiyaning ittifoqchisi – Belarusda joylashgan kompaniyadan “tayyor boʻlib turing” degan xabarni olgan.

“Men uchun bu koʻproq ish yuklamasi va... natijada kattaroq daromad deganidir”, deydi Xitoy ichida urushga oid fikrlarni bildirish nozik masala boʻlgani uchun isminigina oshkor qilgan Marat.

Kreml ham, Pekin ham Ukrainadagi urushni muhokama qilishni keskin cheklab qoʻydi, jumladan jurnalistlarga “bosqin” va “urush” soʻzlarini ishlatishni taqiqladi hamda bir-birini toʻldiruvchi dezinformatsiya kampaniyalari va rossiyaparast tashviqotni boshladi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 24-fevral kuni Ukrainaga qarshi qonli hujum uyushtirganidan beri Gʻarb davlatlari Moskvani global moliya tizimidan chiqarib yuborishdi, natijada uning valyutasi qadrsizlanib, mamlakat defolt yoqasiga kelib qoldi.

Hatto sobiq Sovet Ittifoqi tarkibida boʻlgan Markaziy Osiyo davlatlari ham bosqinga qarshi boʻlishdi. Mart oyi boshida Oʻzbekiston hukumati Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan olishi haqida ochiq bayonot bergan. Qozogʻiston hukumati Ukrainaga qarshi urushda Rossiyaga yordam uchun qoʻshin yuborishdan bosh tortdi va 6-mart kuni Olmaotada Ukraina tarafdorlariga namoyish oʻtkazishga ruxsat berdi.

Rossiyaning urushga oid saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash

Ammo Rossiyaning azaliy ittifoqchisi boʻlgan Xitoy bu yoʻldan bormadi – bosqinni qoralashdan bosh tortib, Moskvaga diplomatik himoya taqdim etish bilan bir qatorda potensial iqtisodiy qutqaruv chambaragini ham tashladi.

NATO rahbari Yens Stoltenberg chorshanba (23-mart) kuni Xitoyni Rossiyaga siyosiy koʻmak berishda ayblab, Moskvaning urush harakatlariga moddiy yordam bermaslik haqida ogohlantirdi.

“Xitoy jumladan, ochiq yolgʻon va dezinformatsiya tarqatish orqali Rossiyani siyosiy dastakladi, ittifoqchilar esa Xitoyning Rossiya bosqiniga moddiy yordam koʻrsatishi mumkinligidan xavotirda”, dedi u NATOning payshanba kungi shoshilinch sammiti oldidan.

“Umid qilamanki, rahbarlar Xitoyni BMT [Birlashgan Millatlar Tashkiloti] Xavfsizlik Kengashi aʼzosi sifatidagi majburiyatlarini bajarishga, Rossiyaning urush harakatlarini qoʻllab-quvvatlamaslikka va butun dunyoning bu urushni tinch yoʻl bilan toʻxtatish chaqirigʻiga qoʻshilishga undaydilar.”

Pekin Moskvaning eng yirik savdo sherigi boʻlib, Xitoy bojxona maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan yilgi savdo hajmi 147 milliard dollarni tashkil etgan – bu 2019-yilga nisbatan 30 foizga koʻproq.

Urush boshlanganidan beri iqtisodiy jonlanishning dastlabki belgilari kuzatilmoqda, transchegaraviy savdogarlarning AFPga maʼlum qilishicha, ular Rossiya talabining sharqqa siljishini kutmoqdalar.

“Bu inqiroz Xitoydagi Rossiya kompaniyalari uchun imkoniyatdir”, deydi oʻzini Vladimir deb tanishtirgan Pekindagi boshqa bir rossiyalik tadbirkor AFPga.

“Xitoy ochiq. Nimadir sotib olmoqchi boʻlsangiz, [u] bizda bor, deyishyapti”, dedi u.

Rubl muammolari

Ammo Rossiya bilan ishlaydigan Xitoydagi aksar korxonalar uchun soʻnggi haftalar ogʻir kechgan.

Rubl kursining keskin oʻzgarishi tufayli koʻplab rossiyalik mijozlar yangi buyurtmalar olishni toʻxtatishga majbur boʻldi, deydi pestitsidlardan tortib avtomobil ehtiyot qismlarigacha boʻlgan mahsulotlar bilan savdo qiluvchi tadbirkorlar.

Ayrimlar Rossiya banklarining SWIFT tizimidan chiqarib yuborilishi tufayli dollarda toʻlash imkoniyatidan mahrum boʻlgani uchun Xitoy yuanida hisob-kitob qilish yoʻllarini izlashga majbur.

Shuningdek, yirik tashuvchilar Rossiyaga joʻnatiladigan yuklarni qabul qilishdan bosh tortgani va dunyoning eng katta mamlakatiga olib boruvchi ayrim yoʻnalishlar toʻsib qoʻyilgani sababli yetkazib berishlar kechikmoqda.

Rossiya oziq-ovqat mahsulotlarini Xitoyga olib kirish bilan shugʻullanuvchi Vladimirning aytishicha, “hamma vaziyatning oldindan taxmin qilsa boʻladigan holatga qaytishini kutmoqda.”

“Hamma agar urush tez orada tugasa, sanksiyalar bekor qilinishi mumkin, deb oʻylayapti.”

“Xitoy uchun yaxshi”

Xitoy va Rossiya soʻnggi yillarda yanada yaqinlashdi, xususan, Putin oʻtgan oyda Pekindagi qishki Olimpiya oʻyinlarining ochilish marosimida ishtirok etdi.

Uning xitoylik hamkasbi, avtoritar lider Si Szinpin milliardlab dollarlik Rossiya nefti va gazini sotib olishga oid shartnomalar bilan “cheklanmagan” munosabatlar haqida eʼlon qildi.

Pekindagi ikkita Rossiya savdo markazida pandemiyadan oldin eksportga tayyor kiyim va matolar bilan toʻlib-toshgan doʻkonlar bugun boʻm-boʻsh va eshiklariga qulf urilgan.

“Urush va sanksiyalar turli sohalarga turlicha taʼsir qiladi”, deydi Marat. “Chunki, boshlangʻich va operatsion xarajatlari yuqori boʻlgan tarmoqlar – masalan, kimyoviy moddalar – tezroq aylanadigan, arzonroq isteʼmol tovarlariga qaraganda yaxshiroq boʻlishi mumkin.”

Xitoy kompaniyalari egalarining kelajakda ularni nima kutayotgani haqidagi fikrlari turlicha, koʻpchilik Rossiya xarid qobiliyatining keskin pasayishiga tayyor.

Ammo boshqalar Rossiya iqtisodiyotining hamkorlarga muhtoj boʻlib qolishida Xitoy uchun uzoq muddatli foydani koʻrmoqda.

Bu jahondagi eng katta davlatda ishlaydigan xitoylik ishbilarmonlarga ham taalluqli.

“Rossiyaning Gʻarb sanksiyalari ostida qolgani Xitoy uchun albatta yaxshi”, deydi 38 yoshli elektron tijorat platformasi operatori Chi Dashuay Moskvadagi bazasidan AFPga.

Agar Moskva biznes yuritishni osonlashtirsa, Xitoy firmalari Rossiyada yarim tayyor mahsulotlarni qayta ishlash korxonalarini ochishga shoshilishi mumkin, dedi u.

“Uzoq muddatli istiqbolda Xitoyning foydalari zararlaridan koʻproq boʻladi”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500