Karvonsaroy
Xavfsizlik

Ukrainaning boʻlginchi mintaqasida referendum oʻtkazish rejasi – Kreml ssenariysining bir qismi

Karvonsaroy va AFP

11-mart kuni Lugansk viloyatidagi pozitsiyalarni egallayotgan Ukraina kuchlari. [Anatoliy Stepanov/AFP]

11-mart kuni Lugansk viloyatidagi pozitsiyalarni egallayotgan Ukraina kuchlari. [Anatoliy Stepanov/AFP]

MOSKVA – Yakshanba (27-mart) kuni Ukrainaning Lugansk boʻlginchi viloyati rahbari Rossiya tarkibiga qoʻshilish boʻyicha referendum oʻtkazishi mumkinligini aytdi.

“Oʻylaymanki, yaqin orada respublika hududida referendum oʻtkaziladi, unda xalq... Rossiya Federatsiyasiga qoʻshilish boʻyicha oʻz fikrini bildiradi”, deya Leonid Pasechnikning soʻzlaridan iqtibos keltirgan Rossiya axborot agentliklari.

“Shunday boʻlishiga ishonchim komil”, dedi u.

Rossiya Ukraina sharqida oʻz-oʻzini mustaqil deb eʼlon qilgan Donetsk va Lugansk respublikalarini himoya qilish bahonasida 24-fevral kuni Ukrainaga bostirib kirgan edi.

2014-yilning 16-mart kuni Qrimning Simferopol shahrida saylovlar chogʻida ovoz berish kabinasiga kirgan erkak. [Filippo Monteforte/AFP]

2014-yilning 16-mart kuni Qrimning Simferopol shahrida saylovlar chogʻida ovoz berish kabinasiga kirgan erkak. [Filippo Monteforte/AFP]

Avvalroq, 2014-yilda Rossiya bosqinchi kuchlari Ukrainadan “mustaqil” ekanini eʼlon qilgan Donetsk va Lugansk ayirmachilarini qoʻllab-quvvatlab, bugungi kunda davom etayotgan urush olovini yoqqan edi.

22-fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu ikki viloyat mustaqilligini rasman tan oldi.

Putinning tarafdori, Rossiya parlamenti yuqori palatasining konstitutsiyaviy qonunchilik qoʻmitasi raisi Andrey Klishas boʻlginchi hududlar oʻz kelajagini oʻzi belgilashga toʻliq haqli ekanini bayon qilgan.

“Rossiya Lugansk va Donetsk xalq respublikalari suverenitetini tan oldi”, dedi u “RIA Novosti” davlat axborot agentligiga. “Bu respublikalarning hukumatlari oʻz konstitutsiyasiga muvofiq istalgan qarorni qabul qilish huquqiga ega”.

Ammo Rossiyadagi hamma deputatlar ham voqealar rivojini bu tarzda koʻrmasligi maʼlum boʻlgan.

“Oʻylaymanki, hozir buning mavridi emas”, deb aytgan Rossiya parlamenti quyi palatasining Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH) bilan aloqalar qoʻmitasi raisi Leonid Kalashnikov.

“Frontda ishlar hal qilinayotgan vaqtda bunday masalalar bilan band boʻlish yaramaydi”, deb uning soʻzlaridan iqtibos keltirgan TASS davlat axborot agentligi.

Kiyev referendum taklifini tanqid qilar ekan, Ukraina tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Oleg Nikolenko buni Rossiyaning “Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligiga putur yetkazishga” qaratilgan navbatdagi urinishi deb taʼrifladi.

“Vaqtincha bosib olingan hududlarda oʻtkazilgan barcha soxta referendumlar haqiqiy emas va qonuniy kuchga ega boʻlmaydi”, dedi u AFPga yozma izohlarida.

Xerson aks-sadolari

Avvalroq, 12-mart kuni Ukraina rasmiylari Rossiyani janubdagi Xerson shahrida moskvaparast “xalq respublikasini” tashkil etish boʻyicha soxta referendum oʻtkazishni rejalayotganlikda ayblagan edilar. Xerson viloyati Qora va Azov dengizlari bilan chegaradosh.

“Rossiyaliklar Xersonda soxta “xalq respublikasi” uchun qalbaki “referendum” tashkillashtirishga zoʻr berib urinmoqda”, degan edi oʻshanda tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba.

“Aholi ishtiroki nolga teng” boʻlgani tufayli bunday referendum “toʻliq sahnalashtiriladi”, dedi u.

“Ular davom etadigan boʻlsa, Rossiyaga qarshi shiddatli sanksiyalar joriy qilinishi lozim. Xerson doim Ukrainaniki boʻlgan va shunday boʻlib qoladi”, deb qoʻshimcha qildi u.

Kuleba 2014-yilda Rossiyaning Qora dengiz boʻyidagi Qrim yarim orolini anneksiya qilgani, u yerga qoʻshin kiritganidan keyin esa Qrimning Rossiyaga qoʻshilishiga oid referendumni soxtalashtirganini eslatdi.

Xalqaro hamjamiyat tan olmagan referendumda saylovchilarning 83 foizi ishtirok etgani, ularning 97 foizi Rossiyaga qoʻshilishni maʼqullagani iddao qilinadi.

Rossiya prezidenti huzuridagi Inson huquqlari boʻyicha kengash saytida chop etilgan va keyin tezda olib tashlangan hisobotga koʻra, saylovchilarning haqiqiy ishtiroki ancha past – 30 foiz boʻlgan va ulardan faqat yarmi – 15 foizi Qrim anneksiyasini maʼqullagan. Bu haqda oʻshanda Ukrainaning TSN.ua yangiliklar sayti xabar qilgan.

Kulebaga koʻra, Xerson rejasi “2014-yilgi ssenariyga” muvofiq boʻlgan.

Bu ssenariy yana qayerda qoʻllaniladi?

Rossiya Ukrainada qoʻllayotgan taktikasini yana qayerda ishga solishi mumkinligi borasidagi xavotirlar Markaziy Osiyoda, xususan, shimoliy viloyatlarida koʻplab etnik ruslar yashaydigan Qozogʻistonda keng quloch yoygan.

Rossiya rasmiylari uzoq yillar davomida Qozogʻistondagi ruslar “himoyaga muhtoj” degan tasavvurni hosil qilishga urinib keldi.

Oʻtgan yilning noyabr oyida “Rossiyskaya gazeta” davlat nashrida chop etilgan maqolada Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Qozogʻistonni “rusiyzabon fuqarolarga nisbatan ksenofobiyada” ayblab, “ogʻir vaziyatlar” yuzaga kelgan taqdirda “operativ choralar” koʻrilishi bilan tahdid qilgan edi.

Olmaotadagi “Delovaya nedelya” (Biznes haftaligi) gazetasi muxbiri Jildiz Aliyeva Lavrovning maqolasini “xavotirli signal” deb atagan.

“Oʻtmishda Qozogʻistonga qarshi tajovuzkor ritorika asosan hissiyotga beriluvchan deputatlar va kremlparast ommaviy axborot vositalaridan chiqqan boʻlsa, bu safar biz Rossiyaning xalqaro munosabatlar boʻyicha ikkinchi raqamli shaxsi – tashqi ishlar vazirining tanqidini koʻrib turibmiz. Buni Rossiyaning rasmiy pozitsiyasi deyish ham mumkin”, dedi u.

Aliyeva Lavrovning may oyida Qozogʻistonning “Xabar” telekanaliga bergan intervyusidan iqtibos keltirib, rossiyalik siyosatchilarning Qozogʻiston shimoli tarixan Rossiyaga tegishli ekanligi haqidagi provokatsion iddaolarini eslatdi. Oʻshanda u bunday ritorikadan uzoqroq turishga uringan edi.

Aksar qozogʻistonliklar bu narrativni rad etmoqdalar.

Qozogʻistondagi etnik ruslar qozoqlarning ularga nisbatan tazyiqlari haqidagi Rossiyaning “soxta xabarlariga” ijtimoiy tarmoqlar orqali norozilik bildirganlar.

“Karavan” gazetasining jurnalisti, olmaotalik Aleksandra Miskina 9-mart kuni Facebook sahifasidagi postida Qozogʻistondagi rusiyzabonlarga tazyiqlar yoʻqligi va ular himoyaga muhtoj emasligini koʻrsatish uchun onlayn “fleshmob” oʻtkazishga chaqirdi.

U Qozogʻistondagi etnik ruslarni Rossiya tomonidan olib borilayotgan tashviqot urushiga qarshi turish va uning “koʻp millatli Qozogʻiston tinchligini buzishiga” yoʻl qoʻymaslik uchun birlashishga undagan.

“Qozogʻistondagi ruslarni nimadan qutqarishmoqchi? Toʻkin dasturxondan, goʻdaklikdan oʻstirib katta qilgan “opashka”ning [onaxon] bagʻridan, buyuk qozoq xalqining cheksiz mehribonligi va donoligidanmi...”, deb yozadi Miskina.

Qozoq milliy cholgʻu asbobi – doʻmbira chaluvchi professional musiqachi, nur-sultonlik Aleksey Lodochnikov 10-mart kuni Kristina ismli rossiyalik doʻsti bilan olingan videolavhani internetga joylagan.

“Rossiyadagi ayrim deputatlar va boshqa jamoat arboblari bu yerdagi ruslar goʻyoki qozoq tilini oʻrganishga majburlanyapti, deyishmoqda. Lekin bu yerda yashaydigan hammamiz bu gap yolgʻon ekanini bilamiz”, dedi qozoq tilida Lodochnikov va Kristinaga yuzlanib “Rossiyaga koʻchib ketishimiz kerakmi?” deb savol berdi.

Rossiyaning nima keragi bor? Bizga Qozogʻistonda ham yaxshi”, deb javob bergan Kristina qozoq tilida.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Ular Qrimda xuddi shunday noqonuniy referendum oʻtkazib, odamlarni ovoz berishga majburlashdi.

Javob berish

Bu referendumlarning barchasi befoyda; dunyo ularning natijalarini tan olmaydi.

Javob berish