Karvonsaroy
Siyosat

Sobiq amaldorlar va taniqli shaxslar Ukrainaga bosqin munosabati bilan Rossiyadan qochayotganlar safiga qoʻshilishdi

Kanat Altinbayev

Moskvaning Domodedovo aeroportida yoʻlovchilar, 5-mart. Ukrainaga bosqin davom etayotgan bir paytda 200 mingga yaqin Rossiya fuqarolari, jumladan, yuqori lavozimli amaldorlar, shou-biznes yulduzlari va madaniyat arboblari mamlakatni tark etgan. [AFP]

Moskvaning Domodedovo aeroportida yoʻlovchilar, 5-mart. Ukrainaga bosqin davom etayotgan bir paytda 200 mingga yaqin Rossiya fuqarolari, jumladan, yuqori lavozimli amaldorlar, shou-biznes yulduzlari va madaniyat arboblari mamlakatni tark etgan. [AFP]

OLMAOTA – Minglab rossiyaliklar, jumladan, yuqori martabali amaldorlar, sanoatchilar va taniqli shaxslar - Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukrainaga bostirib kirishga oid qarori ortidan vatanini tark etgan.

Ommaviy qochish rossiyaliklar soʻz erkinligi taʼqibiga uchrayotgan, iqtisod inqirozga yuz tutayotgan, urushga qarshi va siyosiy muxoliflar hibsga olinayotgan paytda kuzatilmoqda.

24-fevralda Ukrainaga bosqin boshlanganidan beri Rossiyani tark etganlar soni boʻyicha rasmiy statistika mavjud emas, biroq ayrim maʼlumotlarga koʻra, gap yuz minglab odam haqida bormoqda.

26-mart kuni Polsha poytaxti Varshavada soʻzlagan AQSH prezidenti Jo Bayden “Bir oy ichida 200 ming rossiyalik vatanini tark etganini” aytdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin (chapda) 2016-yilning 7-noyabr kuni Moskva tashqarisida nanotexnologiyalarni rivojlantirish bilan shugʻullanuvchi “ROSNANO guruhi” davlat korporatsiyasining oʻsha paytdagi bosh direktori Anatoliy Chubays bilan suhbatlashmoqda. Chubays 23-mart kuni Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga norozilik sifatida barqaror rivojlanish boʻyicha prezidentning xalqaro tashkilotlardagi maxsus vakili lavozimini tark etdi. U Turkiyaga chiqib ketgan, deb xabar beradi Gʻarb OAV Kremldagi manbalarga tayanib. [Aleksey Drujinin/Sputnik/AFP]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin (chapda) 2016-yilning 7-noyabr kuni Moskva tashqarisida nanotexnologiyalarni rivojlantirish bilan shugʻullanuvchi “ROSNANO guruhi” davlat korporatsiyasining oʻsha paytdagi bosh direktori Anatoliy Chubays bilan suhbatlashmoqda. Chubays 23-mart kuni Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga norozilik sifatida barqaror rivojlanish boʻyicha prezidentning xalqaro tashkilotlardagi maxsus vakili lavozimini tark etdi. U Turkiyaga chiqib ketgan, deb xabar beradi Gʻarb OAV Kremldagi manbalarga tayanib. [Aleksey Drujinin/Sputnik/AFP]

U rossiyaliklarni Ukrainadagi urushdan uzoqlashishga chaqirdi. “Siz, rus xalqi, bizning dushmanimiz emassiz.”

Mamlakatdan qochgan Rossiya elitasi vakillari orasida Putinning barqaror rivojlanish boʻyicha xalqaro tashkilotlardagi maxsus vakili lavozimini tark etib, Turkiyaga koʻchib oʻtgan Anatoliy Chubays ham bor, deb xabar qildi oʻtgan hafta gʻarb OAV Kremldagi manbalarga tayanib.

Bloomberg agentligining 23-mart kungi xabariga koʻra, Chubaysning isteʼfosi va mamlakatni tark etishiga Putinning Ukrainaga qarshi urushidan norozi ekani sabab boʻlgan. U Rossiyadan ketgan muhim yuqori martabali amaldordir.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov 23-mart kuni RIA Novosti agentligiga Chubays oʻz ixtiyori bilan isteʼfoga chiqqanini tasdiqladi.

“Rossiyani tark etadimi-yoʻqmi – bu uning shaxsiy ishi”, dedi Peskov.

66 yoshli Chubays Putin hukumati tarkibida qolgan va Gʻarb rasmiylari bilan yaqin aloqada boʻlgan 1990-yillarning sanoqli iqtisodiy islohotchilaridan biridir, deb qayd etadi BBC.

Isteʼfoga chiqmoqchi boʻlgan boshqa amaldorlarni bu qadar osonlikcha qoʻyib yuborishmagan.

Putin Rossiya Markaziy banki raisi Elvira Nabiullinaning isteʼfosini rad etgan, deb xabar qildi Bloomberg 23-mart kuni xabardor manbalarga tayanib.

Manbalarga koʻra, Putin uning bunday vaqtda ketishini xiyonatga tenglashtirgan boʻlar edi.

“Nabiullina urush boshlanganidan beri isteʼfoga chiqish haqida oʻylagan. Lekin bu uning oʻzi va oilasi uchun bevosita oqibatlarga olib kelishi mumkin edi”, deb aytgan manbalardan biri 12-mart kuni The Guardian nashriga.

“Yaramaslar va xoinlar”

Rossiyadan “Aeroflot” bosh direktorining strategiya, servis va marketing boʻyicha oʻrinbosari Andrey Panov kabi davlat kompaniyalari rahbarlari ham qochib ketishgan.

Ularning safiga Kreml teleboshlovchilari, jumladan, NTV telekanalidan Liliya Gildeyeva va Vadim Glusker hamda “Birinchi kanal” xodimlari Janna Agalakova va Ivan Urgant ham qoʻshilgan.

Xabarlarga koʻra, bir qancha mashhurlar ham mamlakatdan ketgan: rossiyalik estrada xonandasi Alla Pugacheva va uning turmush oʻrtogʻi, qiziqchi Maksim Galkin, aktrisalar Renata Litvinova va Chulpan Xamatova, kinorejissyor Timur Bekmambetov, qoʻshiqchilar Nyusha va Vera Brejnevalar.

Ularning aksariyati Ukrainaga bostirib kirish qarorini ochiqchasiga qoralagan.

Rossiyalik kinotanqidchi, “Kino sanʼati” jurnalining sobiq bosh muharriri Anton Dolin 6-mart kuni mamlakatni tark etganini maʼlum qildi.

“Biz ketdik”, deb yozgan u Telegram-kanalida “Ukrainada Rossiya rahbariyati boshlagan jinoiy urush”ni roʻkach qilib.

Ovozingni oʻchiradigan boʻlishsa, suyukli ona yurtingda ham yashashning iloji yoʻq”, deb yozgan Dolin.

Kreml bu kabi xabarlarni eʼtiborsiz qoldirgan.

Peskov 23-mart kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida mamlakatni tark etayotgan sanʼatkorlar “kayfiyatni oʻzgartirmasligi” va ularning ketishi “muhim ahamiyatga ega emasligini” aytdi.

Putinning oʻzi ham ularga qarshi keskin munosabat bildirgan.

Vazirlar mahkamasining 16-mart kungi videoselektorida Putin uning siyosatidan norozilarni “beshinchi kolonna” va Rossiyada pul topayotgan, ammo xayolida xorijda yashaydigan “qul mentalitetiga” ega “xoinlar” deb atadi.

“Rossiya xalqi har doim haqiqiy vatanparvarlarni nopok va xoinlardan ajrata oladi va ularni tasodifan ogʻizga kirib qolgan mayda chivindek tupurib tashlaydi”, dedi u. “Aminmanki, jamiyatning bunday tabiiy va zaruriy poklanishi mamlakatimizni yanada mustahkamlaydi.”

Aql egalarining chiqib ketishi

Siyosat, madaniyat va biznes arboblarining ommaviy ravishda chiqib ketishi “Rossiya bugun har qachongidan ham tarqoq ekanidan dalolatdir”, deydi xalqaro aloqalar boʻyicha Nur-Sultonlik mutaxassis Ruslan Nazarov.

“Kreml telekanallari tarafidan ongi zaharlangan koʻplab rossiyaliklar Putin qarorlarini qoʻllab-quvvatlasa-da, sogʻlom fikrlovchi fuqarolar yuz berayotgan voqealarning bemaʼniligini tushunadilar”, dedi u.

“Ammo ular qodir boʻlgan yoki oʻzini qodir deb hisoblaydigan narsa Rossiyani tark etish, xolos”.

Ularning ketishi Rossiyadan aqllarning sizishi bilan bogʻliq xavotirlarni keltirib chiqargan, chunki ular xorijga, jumladan, Markaziy Osiyoga qochib ketgan rossiyalik malakali mutaxassislar safiga qoʻshilmoqda.

Kreml mart oyi boshidayoq yosh IT-mutaxassislarni xorijga chiqib ketishdan astoydil qaytarishga urindi.

2-mart kuni boʻlib oʻtgan vazirlar mahkamasi yigʻilishida bosh vazir Mixail Mishustin IT-mutaxassislarni soliqlardan ozod qilish tashabbusi haqida gapirgan.

“27 yoshgacha boʻlgan mutaxassislar, agar ular Rossiya IT-kompaniyalarida ishlayotgan boʻlsa, harbiy xizmatga chaqiruvdan ozod qilinadi”, deb aytgan u “Moskva24” axborot saytiga koʻra.

2021-yilgi AFP xabariga koʻra, Rossiyada harbiy xizmatni oʻtash majburiy – har yili 18 yoshdan 27 yoshgacha boʻlgan 250 000 dan ortiq erkaklar harbiy xizmatga chaqiriladi. Koʻplab rossiyaliklar tibbiy yoki taʼlimga oid imtiyozlar bilan xizmatdan ozod qilinadi. Ayrimlar chaqiruv qogʻozini shunchaki eʼtiborsiz qoldiradi yoki pora beradi.

Ushbu malakali IT-xodimlarning aksariyati allaqachon Rossiyani tark etgan.

Mart oyi oʻrtalarida Qozogʻistonga koʻchib oʻtgan moskvalik dasturchi Dmitriy Maltsevning aytishicha, uning deyarli barcha hamkasblari umidsizlikka tushib, Rossiyani tark etmoqda va turli mamlakatlar, asosan Armaniston va Gruziyaga ketmoqda.

“Men endi Rossiyada oʻz kelajagimni koʻrmayapman”, dedi hozirda Olmaotada boʻlib turgan Maltsev. “Hozircha vaziyatni kuzatib, kelgusi harakatlarimni rejalashtiryapman. Bularning bari kutilmaganda sodir boʻldi.”

“Koʻpchilik [rossiyaliklar] oʻz hayotini barbod boʻlgan deb hisoblamoqda. Bu urush nima uchun kerakligini hech kim bilmaydi”, dedi u.

“Bularning hammasidan qochgim keldi. Qayerga ekani muhim emasdi.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Tosh asriga ravona boʻlayotgan yuvuqsiz Rossiyada nima bor ularga?

Javob berish