Karvonsaroy
Inson huquqlari

“Gapirishdan toʻxtamayman”: Xitoydagi ukrainlar dezinformatsiyaga qarshi kurashmoqda

Karvonsaroy va AFP

27-mart kungi surat: Pekindagi qahvaxonada vatandoshlari bilan Ukrainadagi mojaroga oid internetdagi yangiliklarni muhokama qilayotgan texnik xodim Valeriya Litovka (oʻngda). Urush iskanjasida qolgan vatanidan minglab chaqirim uzoqda turib, rossiyaparast noxolislik, trollar va senzuraga qarshi kurashayotgan Xitoydagi bir guruh ukrainaliklar axborot urushi markazida qolganlar. [Noel Selis/AFP]

27-mart kungi surat: Pekindagi qahvaxonada vatandoshlari bilan Ukrainadagi mojaroga oid internetdagi yangiliklarni muhokama qilayotgan texnik xodim Valeriya Litovka (oʻngda). Urush iskanjasida qolgan vatanidan minglab chaqirim uzoqda turib, rossiyaparast noxolislik, trollar va senzuraga qarshi kurashayotgan Xitoydagi bir guruh ukrainaliklar axborot urushi markazida qolganlar. [Noel Selis/AFP]

PEKIN – Urush iskanjasida qolgan vatanidan minglab chaqirim uzoqda turib, rossiyaparast noxolislik, trollar va senzuraga qarshi kurashayotgan Xitoydagi bir guruh ukrainaliklar axborot urushi markazida qolganlar.

300 ga yaqin ukrainalik koʻngilli tarjimonlar, ayrimlari xorijdan turib oʻz vatanidagi urushga oid muhim voqealar haqidagi xabarlarni xitoy tiliga tarjima qilmoqda.

“Ukraine News” veb-sayti, Ukrinform davlat axborot agentligining xitoy tilidagi tahririyati, WeChat va YouTube ilovalaridagi kanallar ular uchun jarchi boʻlib xizmat qiladi.

Bu manbalar Ukraina haqida rossiyaparast, cheklangan xabarlarni kuzatadigan, yetakchilari Moskvaning soʻnggi sanoqli ittifoqchilaridan biri boʻlgan mamlakat – Xitoy auditoriyasi uchun moʻljallangan.

27-mart kuni olingan surat: ukrainalik 29 yashar ekologiya oʻqituvchisi Lidiya Jgir Pekindagi qahvaxonada vatandoshlari bilan Ukrainadagi mojaroga oid kontentni muhokama qilmoqda. [Noel Selis/AFP]

27-mart kuni olingan surat: ukrainalik 29 yashar ekologiya oʻqituvchisi Lidiya Jgir Pekindagi qahvaxonada vatandoshlari bilan Ukrainadagi mojaroga oid kontentni muhokama qilmoqda. [Noel Selis/AFP]

24-mart kuni Gonkongda Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga bir oy toʻlgani munosabati bilan oʻtkazilgan norozilik namoyishida chaqalogʻini Ukraina bayrogʻiga oʻrab ushlab turgan ayol. [Ayzek Lourens/AFP]

24-mart kuni Gonkongda Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga bir oy toʻlgani munosabati bilan oʻtkazilgan norozilik namoyishida chaqalogʻini Ukraina bayrogʻiga oʻrab ushlab turgan ayol. [Ayzek Lourens/AFP]

“Biz oʻz kuchimiz, xavotirimiz va hasratimizni biror ish bilan band boʻlishga yoʻnaltirganmiz”, deb aytgan Ukrainaning Cherkassi shahrilik 29 yashar ekologiya oʻqituvchisi Lidiya Jgir AFP nashriga.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi qonli bosqinining beshinchi haftasi davom etar ekan, minglab insonlar halok boʻldi va 3,9 million odam mamlakatni tark etdi, deb xabar bergan Birlashgan Millatlar Tashkiloti.

Bu butun dunyo noroziligini keltirib chiqargan boʻlsa-da, Pekin bunday qilgani yoʻq, aksincha u Rossiyaga diplomatik dastak berdi.

Oʻtgan haftadagi telefon suhbatida AQSH prezidenti Jo Bayden xitoylik hamkasbi Si Tszinpinni Rossiyani qoʻllab-quvvatlash “oqibatlari” haqida ogohlantirgan.

Ammo Vashingtonning Moskvani yakkalash yoʻlidagi saʼy-harakatlari Pekin rahbariyatiga taʼsir qilmagan.

Bu orada esa ukrainalik koʻngillilar Xitoy jamoatchiligi fikrini oʻzgartirishga harakat qilmoqda.

Urushning dastlabki zarbasidan keyin Jgir Xitoyda nizo masalasidagi “axborot boʻshligʻi” bilan kurashishga qaror qilgan.

Oʻtgan hafta oxirida kichik guruh Pekindagi zamonaviy qaxvaxonalarning birida yigʻilib, xitoy tilidagi YouTube kanali uchun moʻljallangan kontentni muhokama qilgan. Bu kanal ochilganidan bir hafta oʻtib, Xitoyning buyuk fayrvolini chetlab oʻtish uchun VPN kerakligiga qaramay, bir mingdan ortiq obunachi yiqqan.

“Xitoy ijtimoiy tarmoqlaridagi aksar foydalanuvchilar Rossiyani qoʻllab-quvvatlaydi”, deydi Jgir.

“Shunday boʻlsa-da, koʻpchilik obʼektiv maʼlumotga ega emas, deb oʻylayman.”

Ular nizo haqidagi videolarni xitoy tilidagi taglavha bilan joylashtirish uchun WeChat xabar tarqatish ilovasida alohida kanal ochishgan.

Koʻngillilar nojoiz kontent joylamagan boʻlsa-da, koʻplab videolavhalar senzorlar tomonidan bloklangan, ukraina diasporasi foydalanadigan aksar ilovalar Xitoyda mavjud emas.

“Xitoyda Ukraina haqida rasmiy axborotning yoʻqligi biz uchun katta kamchilik”, deb qoʻshimcha qilgan u.

Bu orada Xitoyda Rossiya davlat OAVning bir nechta muxbiri joylashtirilgan.

Haqiqat uchun kurash

Xitoyning koʻpchilik axborot vositalari Ukrainada AQSH moliyalashtirgan biolaboratoriyalar haqidagi Rossiyaning fitna nazariyalarini ilgari surib kelgan va nizoda NATOni ayblagan.

Xuddi shu kabi, Xitoyning kuchli nazorati ostidagi ijtimoiy tarmoq makonida rossiyaparast axborot vositalari hukmronlik qiladi.

Ukrainadagi urush haqida haqqoniy maʼlumotni ulashish “juda mushkul”, deb aytgan Pekindagi texnik xodim Valeriya Litovka.

“Shunga qaramay, biz erkinlik, yangiliklar, haqiqat uchun kurashamiz”, deb aytgan u AFP nashriga.

“Boshqa mamlakatlarni ranjitishni istamaymiz, ukrainaliklar bu yerning qoidalarini hurmat qiladi, maqsad – odamlar boshqalar tarafidan oʻldirilmasligi kerakligini anglatish.”

Xitoy davlat OAVning vaziyatni yoritishida kichik oʻzgarish kuzatilgan. Soʻnggi xabarlarda rossiyalik bosqinchilar tinch aholi orasida qurbonlarga sabab boʻlgani tilga olingan.

Koʻngillilarning aytishicha, Xitoy OAV Ukrainaning Rossiya harbiy yoʻqotishlariga oid maʼlumotlarini ularning tarjimalaridan olishgan.

“Ular oʻz fikrini oʻzgartirgani haqida menga kamida bir kishi aytdi”, deydi Jgir.

Kreml tinch fuqarolarni nishonga olganini rad etsa-da, dalillar buning aksini koʻrsatmoqda.

Xitoyda ukrainaliklar duch kelayotgan axborot muhiti Rossiyaga yaqin joylashgan ayrim Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi vaziyatni aks ettiradi.

Qirgʻiz OAV ham rossiyalik hamkasblari kabi urushni “maxsus jangovar operatsiya” deb ataydi.

Kreml tashviqotini yoyinlayotgan yoki umuman sukut saqlayotgan Rossiya telekanallaridan Qozogʻiston fuqarolarining hafsalasi pir boʻlib bormoqda,

Ammo, oʻzbek ommaviy axborot vositalari obʼektivlikni saqlab qolib, Kreml chizgan chiziqdan yurishni istamagan.

Aybdorlik va qarshilik

Xitoydagi ukrainaliklarning kichik jamoasi pandemiyadan keyin bir necha mingga kamaydi.

Vatani urush tufayli vayron boʻlayotgan bir paytda ularning ayrimlarini xitoylik doʻstlari qoʻllab-quvvatlagan.

“U yerda emasligimizdan oʻzimizni aybdor his qilyapmiz”, deydi qarindoshlari Xarkovdagi bombapanohgohda jon saqlayotgan Litovka.

Ayrimlar esa ijtimoiy tarmoqlarda putinparast fikrlar bildirayotgan tanishlarini bloklashga majbur boʻlishgan.

Ukrainalik vino sotuvchisi Yevgeniy internetda xitoyliklarni ishontirishdan toʻxtagan, ammo bu ishga boshqa yoʻl bilan yordam bermoqda.

“Men WeChat ilovasida bir nechta video joylashtirdim, ammo keyinchalik ularni olib tashlashga qaror qildim”, deb aytgan xavfsizlik vajidan faqat ismini oshkor qilgan, asli gʻarbiy ukrainalik Yevgeniy.

“Bunday qarshilikka duch kelaman deb hech oʻylamagan edim, juda koʻp kuchimni oldi.”

Ukrainaparast virusli postlar va petitsiyalarning koʻpchiligi senzuraga uchragan boʻlsa-da, bir nechta quvvatlov manbalari, jumladan Xitoydagi Ukraina elchixonasi tomonidan boshqariladigan ikkita Weibo hisobi saqlanib qolgan.

Weibo tarmogʻining ukrainaparast foydalanuvchilari urush haqidagi yangiliklarni xitoy tiliga tarjima qilib, Rossiya tashviqotini fosh qilganlar, u yerdagi ayrim postlar yuzlab “layk” toʻplagan.

Tarjima qilinishi kerak boʻlgan materiallar talaygina, koʻngillilar oʻz taʼsir doiralarini kengaytirish qarorida qatʼiy.

“Mening pozitsiyam aniq... Men Rossiya ukrainalik fuqarolarga qarshi olib borayotgan urush haqida gapiraman”, deb aytgan Jgir.

“Bu haqda gapirishdan toʻxtamayman.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500