MOSKVA – Joriy haftada Rossiyaning yetakchi mustaqil gazetasi – “Novaya gazeta”ning yopilgani Kremlning oʻz xalqiga qarshi axborot urushida va umuman Rossiya OAV makonida jiddiy voqea boʻldi, deydi tahlilchilar.
Dushanba (28-mart) kuni “Novaya gazeta” Moskvaning Ukrainadagi harbiy amaliyotlari tugaguniga qadar oʻz faoliyatini toʻxtatishini maʼlum qildi.
“Biz uchun, bilaman, siz uchun ham bu dahshatli va qiyin qaror”, deb bayonot berdi bosh muharrir Dmitriy Muratov.
“Ammo biz bir-birimizni qutqarishimiz kerak”, dedi u gazetaning butunlay yopilib ketmasligi uchun shunday qilishga toʻgʻri kelganini tushuntirib.
1993-yili sobiq Sovet Ittifoqi rahbari Mixail Gorbachyov hammuassisligida ochilgan “Novaya gazeta” prezident Vladimir Putin hamda uning mamlakat ichi va tashqarisidagi siyosatini tanqid qilgan yagona yirik gazeta edi.
Nashrning yopilishi haqida minglab odamlarni halok qilgan, millionlab odamlarni qochoqqa aylantirgan Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan bir oy oʻtib eʼlon qilingan.
Oʻtgan yili Muratov filippinlik Mariya Ressa bilan birgalikda “soʻz erkinligini himoya qilish” yoʻlidagi saʼy-harakatlari uchun Tinchlik boʻyicha Nobel mukofotini olgan edi.
Muratovning aytishicha, oʻtgan hafta gazeta uning oltin medalini ukrainalik qochqinlarga yordam jamgʻarmasiga xayriya qilgan.
“Senzura va tizimli qoʻrqitish”
Avvalroq, dushanba kuni “Novaya gazeta” kommunikatsiyalar boʻyicha davlat nazorati organi – “Roskomnadzor”dan oʻtgan haftadan beri ikkinchi marta rasmiy ogohlantirish olgan.
OAV bir yil ichida ommaviy axborot vositalarini tartibga soluvchi organdan ikki marta ogohlantirish olsa, sud uni yopishi mumkin.
“Roskomnadzordan yana bir ogohlantirish oldik”, deb xabar beradi gazeta.
“Biz gazetaning saytda, ijtimoiy tarmoqlarda va qogʻozda chop etilishini “Ukrainadagi maxsus operatsiya” tugaguniga qadar toʻxtatib turamiz”, deyiladi xabarda.
Rossiyada jurnalistlarga rasmiy bayonotlardan foydalanish buyrugʻi berilgan boʻlib, Ukrainaga nisbatan “urush” va “bosqin” soʻzlarini ishlatish taqiqlangan. Jurnalistlar yirik jarimalar yoki qamoq jazosidan qochish uchun Kremlga maʼqul boʻlgan “maxsus operatsiya” iborasidan foydalanishi kerak.
“Faoliyatimizni toʻxtamasak, sud bizni litsenziyamizdan mahrum qiladi”, dedi “Novaya gazeta” matbuot kotibi Nadejda Prusenkova AFPga.
“Novaya gazeta” mojaroni yoritgani, shuningdek, ham Rossiya, ham Ukrainadagi “yoʻqotishlar va vayronagarchiliklarni” baholashga uringani uchun rasmiy ogohlantirish oldi, dedi Muratov dushanba kuni.
Yevropa Ittifoqining (YI) bosh diplomati Xosep Borrel bu qarorni qoralar ekan, “Novaya gazeta” oʻz faoliyatini “senzura va yillar davomida Rossiya rasmiylarining tizimli qoʻrqituvi natijasida” toʻxtatishga majbur boʻlganini aytdi.
“Yevropa Ittifoqi Kremlning dezinformatsiya kampaniyalariga qarshi kurashni hamda Rossiyaning mustaqil OAV va jurnalistlarini muhim ishlarida qoʻllab-quvvatlashni davom ettiradi”, deb bayonot berdi u.
Gazeta “harbiy senzura sharoitida” ishlashga majbur boʻlishini aytganidan keyin ham Rossiya hukumatining bosimi ostida qolgan.
“Jurnalistika magʻlubiyatga uchradi”
Mart oyi boshida Rossiya armiyasi haqidagi “soxta xabarlarni” chop etganlik uchun 15 yilgacha qamoq jazosi belgilangach, nashr yangi qabul qilingan qonunga rioya qilishga majbur ekanligini aytgan.
Biroq, shunday keyin ham gazetada Ukrainaning Kiyev, Nikolay va Odessa shaharlaridan reportajlar chiqib turdi.
Gazetaning 9-mart kungi bosma sonida 1991-yili KGBning davlat toʻntarishiga urinishi vaqtida Rossiya davlat televideniyesida uzluksiz efirga uzatilgan “Oqqush koʻli” spektakli va kuchayib borayotgan yadroviy tanglikka ishora sifatida qoʻziqorinsimon bulut fonidagi balet raqqoslarining siluetlari aks etgan.
“Rossiyaning oʻzgartirilgan Jinoyat kodeksining barcha qoidalariga muvofiq yaratilgan “Novaya” soni” sarlavhasida Kremlning “soxta xabarlarga” oid yangi tahrirdagi qonuniga ishora qilinadi.
“Soxta xabarlar toʻgʻrisidagi qonun kuchga kirgach, 30 ga yaqin ommaviy axborot vositalari bloklandi, yopildi yoki yoʻqotildi”, deb aytgan Prusenkova “Amerika Ovozi” (VOA) rus xizmatiga 11-mart kungi intervyusida.
“Rossiyada jurnalistika magʻlub etildi – u endi yoʻq. Toʻgʻrirogʻi, mustaqil jurnalistika”.
“Amerika ovozi”ning rus tilidagi sayti ham Roskomnadzor tomonidan bloklangan.
Oʻzgacha fikrni boʻgʻish
Rossiyada nodavlat notijorat tashkilotlar (NNT) va ommaviy axborot vositalarini “xorijiy agent” deb tamgʻalash hamda hukumat nazoratini kuchaytirishni koʻzda tutuvchi oʻzgacha fikrni boʻgʻish va mustaqil jurnalistikaga nisbatan misli koʻrilmagan tazyiqlar kuzatilmoqda.
Oʻtgan hafta Roskomnadzor “Novaya gazeta” oʻz maqolalaridan birida tilga olingan nohukumat tashkilotni Rossiya qonunchiligiga muvofiq “xorijiy agent” deb belgilamaganini aytdi.
“Novaya gazeta”ning oʻzi “xorijiy agent” deb eʼlon qilinmagan.
Hattoki hozirgi sharoitlarda ham gazetaning bu eʼloni kutilmagan boʻldi.
“Boʻldi, mamlakatda ortiq mustaqil matbuot yoʻq”, deb yozdi muxolifatchi bloger “StalinGulag”. “Mutloq senzura.”
OAVni kuzatib boruvchi “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti Rossiya hukumatini “senzura siyosatini toʻxtatishga” chaqirgan.
Mart oyi boshida “Exo Moskvi” radiosi tarqatib yuborildi, “Dojd TV” mustaqil telekanali esa oʻz faoliyatini toʻxtatishga qaror qildi.
2000-yildan beri “Novaya gazeta”ning olti nafar jurnalisti va hamkorlari, jumladan, jurnalist-surishtiruvchi Anna Politkovskaya kasbiy faoliyati tufayli oʻldirilgan.
“Yolgʻon-yashiq”
Rossiya yangiliklarining Markaziy Osiyodagi kuzatuvchilari Kreml tashviqoti va Rossiya rejimining senzura joriy qilishga urinishidan anchadan beri xavotirlanib keladi.
Payshanba kuni Buyuk Britaniya rossiyalik “tashviqotchilar”, jumladan, teleboshlovchi Sergey Brilyov va Ukrainaga bosqin mavzuida “yolgʻon-yashiq” xabarlar tarqatishda ayblangan, Kreml tomonidan moliyalashtiriladigan ikki ommaviy axborot vositasiga (TV-Novosti va “Rossiya Segodnya”) nisbatan yangi sanksiyalar eʼlon qildi.
Oxirgi 14 ta sanksiya Rossiya va Belarusning 1000 dan ortiq jismoniy va yuridik shaxslariga nisbatan avvalgi bir nechta jazo choralari ortidan joriy qilingan.
Oʻtgan oy Oʻzbekiston matbuoti Ukrainaga bosqin masalasida Moskva chizgan chiziqdan yurmagach, Kreml qoʻllovidagi OAV Oʻzbekistonda soʻz erkinligini tanqid ostiga olgan edi.
Toshkentlik siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovga koʻra, Rossiya tashviqotga boy axborot urushi va psixologik urushning yangi bosqichiga qadam qoʻygan.
Uning jamoa sifatidagi asosiy dushmani – Gʻarb bilan Ukraina, dedi u. Ayni paytda Kreml postsovet hududi, jumladan, Markaziy Osiyoda bosqin haqidagi fikrlarni kuzatib bormoqda.
Rossiya ommaviy axborot vositalari, jumladan, mintaqaga ixtisoslashgan jurnalistlar Oʻzbekiston rasmiylariga, shuningdek, bloger va jurnalistlarga “tanqid qilishda davom etsangiz, jiddiy muammolarga duch kelasiz”, deb ishora qilmoqda”, degan edi Rabbimov mart oyida.
Rossiyada fashizm tobora kuchayib bormoqda.
Javob berishFikrlar 4
Fashistlar rejimida soʻz erkinligi ham, demokratiya ham yoʻq.
Javob berishFikrlar 4
Rossiya yetakchilarini yoqtirmaganlarni koʻp hollarda “Rusofobiyada” ayblab kelishadi. Hatto doim ham ular (etakchilar) bilan rozi boʻlmaganlarni ham.
Javob berishFikrlar 4
Nihoyat hamma Rossiyada hech qanday demokratiya umuman qolmaganini tushunib yetdi. U yer klassik totalitar axlatxona.
Javob berishFikrlar 4