PEKIN – Rossiyaning Ukrainaga hujumidan bir oydan ortiq vaqt oʻtganidan keyin urush Pekinning ham siyosiy, ham harbiy sohada Moskvaga dastagi chegaralarini sinovdan oʻtkazayotgan koʻrinadi.
Pekin Ukraina va xalqaro hamjamiyatning talabiga qaramay, urushni qoralash yoki Rossiya prezidenti Vladimir Putinni va Kreml siyosatini tanqid qilishdan bosh tortdi.
Buning oʻrniga Xitoy nizoning kelib chiqishida Amerika aralashuvi va NATO ekspansiyasini ayblab,Rossiyaning nuqtayi nazarini takrorlamoqda.
Ammo, Kiyev Rossiya tomonidan amalga oshirilgan “qatliom” deb taʼriflagan, Ukrainaning Bucha shahrida tinch aholining oʻldirilishi haqidagi soʻnggi xabarlar Pekinning Moskva bilan “mustahkam” doʻstligini sinovdan oʻtkazmoqda.
Bir necha kun avval Ukraina armiyasi Kiyev yaqinidagi muhim aloqa shaharchasi ustidan qayta nazorat oʻrnatar ekan, Rossiya qurolli kuchlari u yerni tark etganidan keyin oʻnlab jasadlar topilgani haqida xabar bergan.
Hafta soʻngida Bucha shahri koʻchalari yoki ommaviy qabrlardagi bir necha oʻnlab jasadlar haqida savol berilganida Xitoy tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Chjao Litszyan ularni “juda xavotirli” deb atadi.
Ammo, chorshanba (6-aprel) kungi matbuot brifingida u muxbirlarga har qanday gumanitar vaziyatni “siyosiylashtirmaslik” kerakligi, “ayblovlar faktlarga asoslangan boʻlishi lozimligini” aytgan.
Hozirga qadar Xitoy Ukrainaga 2,3 million AQSH dollariga teng gumanitar yordam yuborgan, bu boshqa mamlakatlarning yordamlari oldida juda kam.
“Xalqaro miqyosda yakkalanish”
Bucha qirgʻini xalqaro miqyosdagi norozilikka sabab boʻldi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) bosh assambleyasini Rossiyani BMT inson huquqlari kengashidan chetlatishga ovoz berishga undadi.
Bu chetlatish Moskvaning “xalqaro miqyosda yakkalanib” qolganini tasdiqladi, deb aytgan AQSH prezidenti Jo Bayden Bucha kabi Ukraina shaharlaridan olingan “dahshatli” tasvirlarga nisbatan izoh bildirgan keskin bayonotida.
“Rossiyaning yolgʻonlari Ukrainada sodir boʻlayotgan voqealarning inkor etib boʻlmas dalillariga teng kela olmaydi”, dedi u.
“Odamlarning zoʻrlangani, qiynoqlarga solingani, qatl qilingani, ayrim holatlarda tanalarining tahqirlanishi belgilari butun insoniyatni gʻazabga soladi.”
Kreml bu qotilliklarni rad etgan va Buchadan chiqayotgan rasmlar Ukraina tomonidan soxtalashtirilganini daʼvo qilmoqda. U Ukrainani hujumdan avval Rossiya qoʻllagan taktikadan foydalanishda ayblagan.
Bosh assambleyaga aʼzo 193 davlatdan 93 tasi Rossiyani Inson huquqlari kengashidan chetlatish uchun ovoz bergan.
Xitoy qarshi ovoz bergan 24 ta mamlakatdan biri boʻldi. Qolganlar – Turkmanistondan boshqa barcha MDH davlatlari, Belarus, Kuba, Eron, Siriya va Rossiyaning oʻzi. Ellik sakkiz mamlakat betaraf qolgan. Qolgan aʼzolar, jumladan Turkmaniston ovoz berishda ishtirok etmagan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy “Rossiyani oʻz tajovuzi va urushiga oid qarorlarga veto qoʻymasligi uchun” BMTning Xavfsizlik kengashidan ham chetlatishga chaqirdi.
Moskva va Pekin koʻp holatlarda Xavfsizlik Kengashida bir-birlarini qoʻllab-quvvatlash uchun va Rossiyaning Suriya urushidagi vahshiyliklari yoki Xitoyning oʻz qoʻshnilariga nisbatan tajovuzini qoralovchi rezolutsiyalariga veto qoʻllash uchun birlashib kelganlar.
Chegara yoʻqmi?
Munosabatlar mustahkamligicha qolsa-da, Pekin oʻz diplomatik aloqalarini himoya qilish uchun ehtiyotkorlik bilan harakat qilmoqda, deydi tahlilchilar.
Oʻtgan haftada Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bir qator muzokaralar oʻtkazish uchun Xitoyga tashrif buyurgan edi.
Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashuv oldidan Lavrov Rossiya va Xitoy yetakchilik qiladigan yangi dunyo tartibini tasvirlab bergan.
“Biz siz bilan va bizning maslakdoshlarimiz bilan birgalikda koʻp qutbli, adolatli, demokratik yangi dunyo tartibi tomon boramiz”, deb aytgan u 30-mart kuni Rossiya tashqi ishlar vazirligi eʼlon qilgan videoda.
“Xitoy-Rossiya hamkorligi chegara bilmaydi”, degan edi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Van Venbin avvalroq Putin va Xitoy yetakchisi Si Szinpin oʻzaro aloqalarni tavsiflashda ochiqlagan pozitsiyani takrorlab.
“Tinchlikka intilishimiz chegaralanmagan, xavfsizlikni himoya qilishimiz chegaralanmagan, gegemonlikka qarshi turishimiz chegaralanmagan”, deb aytgan u.
Shuningdek, dushanba kuni Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba telefon orqali Van I bilan soʻzlashgan boʻlib, bu – ikki mamlakat oʻrtasida 1-martdan keyin oʻtkazilgan ilk yuqori darajadagi muzokaralar boʻldi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, Kiyevning iltimosiga binoan Kuleba bilan oʻtkazilgan telefon suhbatida Van Xitoyning “Ukraina masalasidagi mavqifi tinchlik muzokaralarini olgʻa surishdan iborat” ekanligini aytdi.
“Eng muhimi, Yevropada mustahkam xavfsizlikni munosib darajada taʼminlash uchun ushbu ogʻriqli tajribadan qanday saboq olishdir”, dedi u.
Xitoy rejimi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirish rejasini oldindan bilgani, ammo bu Pekindagi qishki Olimpiada oʻyinlari vaqtida amalga oshirilmasligi haqida qaygʻurganiga oid koʻplab dalillar mavjud.
Olimpiya oʻyinlari 20-fevralda yakunlandi, Rossiya kuchlari esa 24-fevralda Ukrainaga bostirib kirdi.
“Xitoy doʻst emas”
Ukrainaning Xitoy armiyasini barpo etishi tarixini inobatga olgan holda, bosqin vaqtida Pekinning qoʻllab-quvvatlamaganidan Kiyevning hafsalasi pir boʻlgan, deydi tahlilchilar.
Ukraina uzoq yillar davomida Xitoyga muhim harbiy texnologiyalar, jumladan, Xitoyning ilk aviatashuvchisi, raketaga qarshi dengiz radarlari texnologiyasi va ilgʻor reaktiv dvigatellarni yetkazib bergan, deb yozadi Washington Post 9-mart kuni.
Germaniyaning Kil universiteti Osiyo-Tinch okeani strategiyasi va xavfsizligi markazi rahbari Sara Kirxberger: “Bu yordam boʻlmaganida, bugungi kunda Xitoyning birorta jangovar aviatashuvchisi boʻlmasdi”, deb aytgan.
Pekin oʻt ochishni toʻxtatish yoʻlida vositachilik qilishi va Moskvaga bosim oʻtkazishi borasidagi umidlar hamon saqlanib qolgan boʻlsa-da, fevral oyida Qishki Olimpiada oʻyinlari oldidan Putin va Si oʻrtasida imzolangan ochiq kelishuvdan soʻng Kiyevning “ishonch darajasi ancha pasaygan”.
“Ukrainada Xitoy korxonalari va investitsiyalari boʻlsa, bu Rossiyaning bosqiniga toʻsqinlik qiladi, degan umid bor edi”, deydi Ukrainadagi tashqi siyosat kengashining “Ukraina prizmasi” tahlil markazi direktori oʻrinbosari Sergey Gerasimchuk.
Biroq, Ukrainadagi Armiya, konversiya va qurolsizlanish boʻyicha tadqiqotlar markazining Osiyo-Tinch okeani hududi boʻyicha rahbari Yuriy Poytaning soʻzlariga koʻra, soʻnggi yillarda Ukraina Xitoydan uzoqlashmoqda.
“Endi Ukraina oʻta ogʻir vaziyatda kim haqiqiy doʻst ekanini koʻrishi mumkin”, dedi u. “Va biz Xitoyni doʻst emas, deb ayta olamiz. U dushman emas, ammo doʻst ham emas. Shu ikkisining oʻrtasida.”
“Obroʻga putur yetishi”
Xitoyning Rossiyaga yaqinligi Pekin Kremlga sanksiyalarni chetlab oʻtishda yordamlashishi yoki hatto unga qurol yetkazib berishga tayyor boʻlishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni uygʻotgan.
Oʻnlab yillar davomida Xitoy birinchi navbatda Rossiyadan qurol sotib olgan, ammo Xitoy harbiy texnologiyalarining jadallik bilan rivojlanishi va Rossiyaga nisbatan sanksiyalar kuchaygani sababli Kreml yordam soʻrab Pekinga murojaat qilishi mumkin.
AQSH rasmiylariga koʻra, urush boshlanganidan koʻp oʻtmay, Rossiya Xitoydan harbiy yordam soʻragan.
Ammo Moskva ham, Pekin ham bu xabarlarni rad etishgan.
Ayni vaqtda Xitoy Rossiya bosqiniga asosiy taʼminot vositalari, oʻq-dorilar, aloqa uskunalari va yengil qurollar yetkazib berish orqali koʻmaklashishi mumkin, deydi harbiy tahlilchilar.
Oʻtgan juma kuni Yevropa Ittifoqining yuqori darajali rasmiylari Sini Rossiyani qoʻllab-quvvatlamaslik haqida ogohlantirib, Pekinni urushni tugatish uchun diplomatik nufuzidan foydalanishga undadi.
“Xitoy Rossiyaga taʼsir oʻtkaza oladi va shu bois ham biz Xitoy bu urushni tugatish yoʻlida masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishini va Rossiyaning tinchlik muzokaralariga qaytishini kutamiz”, dedi Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Layen.
“Hech qaysi Yevropa fuqarosi Rossiyaning urush olib borish salohiyatining qoʻllab-quvvatlanishini tushunmaydi”, dedi u. “Bundan tashqari, bu Xitoyning Yevropadagi obroʻiga jiddiy putur yetkazadi.”
Shunisi eʼtiborga loyiqki, hali ham koʻp jihatdan Rossiyaga qaram boʻlgan Markaziy Osiyoda hukumatlar va oddiy fuqarolar Rossiyadan ham, Xitoydan ham uzoqlashib, Ukraina xalqini qoʻllab-quvvatlashini hamda Yevropa yoki Amerika Qoʻshma Shtatlari bilan savdo va xavfsizlik aloqalarini afzal koʻrishini bildirmoqda.
Bosqin ortidan Qozogʻistonda Moskva boshchiligidagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidan (YOII yoki YOIH) chiqish chaqiriqlari yangragan.
Mart oyi boshida Qozogʻiston hukumati Olmaotada Ukrainani qoʻllab-quvvatlovchi yirik namoyish oʻtkazishga ruxsat bergan edi.
Mart oyi oʻrtalarida Oʻzbekiston hukumati Ukraina mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan olishini hamda mojaroga tinch yoʻl bilan yechim topish tarafdori ekanini ochiq bayon qilgan.
Hatto Xitoy ham Rossiyaning vahshiyliklaridan dahshatga tushadi. Xitoy hech qachon varvarlarni qoʻllab-quvvatlamaydi.
Javob berishFikrlar 2
Biroq, Xitoy tarixda 1931-yildan 1945-yilgacha Yaponiya bilan urush tajribasiga ega. Avval Manchjuriya, keyin Marko Polo koʻprigidagi voqea va 1937 yilgi Nankin qirgʻini, soʻngra bosqinchilar bilan uzoq davom etgan kurash. Darvoqe, Yaponiya imperiyasi Xitoyda (Buyuk devorning janubida) qoʻgʻirchoq hukumat tuzib, oʻzining “hamkorlikdagi Osiyo farovonlik sohasini” barpo etgan.
Javob berishFikrlar 2