Karvonsaroy
Texnologiya

Oʻz vatanidan qochayotgan rossiyalik mutaxassislar Oʻzbekistonning IT sohasidagi umidlarini qoʻllab-quvvatlamoqda

Rustam Temirov va AFP

21-mart kuni olingan suratdagi Oʻzbekiston IT-parki Rossiya qoʻshinlari Ukrainaga bostirib kirganidan bir kun oʻtib – 25-fevralda Toshkentga IT-kompaniyalar va mutaxassislarni jalb qilish boʻyicha relokatsiya dasturini ishga tushirgan. [Rustam Temirov/Karvonsaroy]

21-mart kuni olingan suratdagi Oʻzbekiston IT-parki Rossiya qoʻshinlari Ukrainaga bostirib kirganidan bir kun oʻtib – 25-fevralda Toshkentga IT-kompaniyalar va mutaxassislarni jalb qilish boʻyicha relokatsiya dasturini ishga tushirgan. [Rustam Temirov/Karvonsaroy]

TOSHKENT – Elektr taʼminotidagi muntazam uzilishlar hamda Twitter va TikTok kabi mashhur saytlarning bloklangani tufayli Oʻzbekiston texnologik bum uchun munosib nomzod boʻlib koʻrinmasligi mumkin.

Ammo Rossiyaning Ukrainaga bosqini axborot texnologiyalari (IT) mutaxassislarini sobiq Sovet Ittifoqining boshqa mamlakatlariga koʻchib oʻtishga undar ekan, Oʻzbekiston hukumati paxta yetishtirish koʻlami bilan mashhur boʻlgan iqtisodiyotni modernizatsiya qilish rejalarini tezlashtirishga umid qilmoqda.

24-fevral kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan soʻng, IT-mutaxassislar va kompaniyalar uchun moʻljallangan universal relokatsiya dasturini ishga tushirish uchun Oʻzbekistonga bor-yoʻgʻi bir kun kerak boʻldi.

Oradan ikki hafta oʻtmay, 10-mart kuni Oʻzbekiston hukumati ushbu dastur uchun itvisa.uz veb-saytini ishga tushirdi.

550 ta kompaniyani oʻz ichiga olgan va hukumatning eʼtibor markazida boʻlgan Toshkentdagi IT-park 2028-yilga borib, Oʻzbekiston axborot texnologiyalari eksportini 1 milliard dollardan koʻproqqa yetkazishni maqsad qilgan – bu 2021-yildagiga nisbatan 25 barobar koʻp. [Rustam Temirov/Karvonsaroy]

550 ta kompaniyani oʻz ichiga olgan va hukumatning eʼtibor markazida boʻlgan Toshkentdagi IT-park 2028-yilga borib, Oʻzbekiston axborot texnologiyalari eksportini 1 milliard dollardan koʻproqqa yetkazishni maqsad qilgan – bu 2021-yildagiga nisbatan 25 barobar koʻp. [Rustam Temirov/Karvonsaroy]

Hukumat maʼlumotlariga koʻra, jismoniy shaxslar uchun vizalar, uy-joy, roʻyxatdan oʻtishda yordam va kompaniyalarga soliq imtiyozlarini taklif qiladigan dastur allaqachon 2000 ta xorijiy IT mutaxassisni jalb qilishga ulgurdi, deyiladi AFPning oʻtgan haftadagi xabarida.

1-apreldan boshlab, Oʻzbekiston sohadagi investorlar, taʼsischilar va mutaxassislar hamda ularning oila aʼzolari uchun uch yillik maxsus IT vizasini ham taklif qila boshlagan.

Yaqinda Toshkentdagi Oʻzbekiston davlat IT-parkida jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha menejer sifatida ish boshlagan Rossiya fuqarosi Anastasiya Markova – yangi kelganlardan biri.

22-yoshli Markova aprel oyida Rossiyada turmushga chiqishi kerak edi, biroq IT-parkda roʻyxatdan oʻtgan kompaniya xodimi boʻlmish boʻlajak eri bilan Moskvadan Toshkentga kelgan va hozirda ular doimiy yashash uchun joy izlamoqdalar.

Markova Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan oʻttiz yil oʻtib, Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin ham rus tili keng qoʻllaniladigan bu shaharda oʻzini qulay his qilayotganini aytadi.

“Mamlakat bizni oʻz odamidek qabul qildi. Odamlar juda samimiy va mehmondoʻst”, deydi u.

Rossiyani minglab IT sohasi vakillari tark etmoqda

Tark etgan mamlakatidan koʻra, yangi uyi haqida koʻproq gapirishga uringan Markova Rossiyadan ketish qarori “bir qator ijtimoiy va iqtisodiy omillar” tufayli “koʻpchilikda boʻlgani kabi” shoshilinch qabul qilinganini aytadi.

Oʻzbekiston va qoʻshni Qirgʻizistonga koʻchib oʻtgan yana bir qancha rossiyalik fuqarolar Rossiyaga nisbatan tanqidiy munosabat oqibatlaridan qoʻrqib, AFPga intervyu berishdan bosh tortganlar.

550 ta kompaniyani oʻz ichiga olgan va hukumatning eʼtibor markazida boʻlgan Toshkentdagi IT-park 2028-yilga borib, Oʻzbekiston axborot texnologiyalari eksportini 1 milliard dollardan koʻproqqa yetkazishni maqsad qilgan – bu 2021-yildagiga nisbatan 25 barobar koʻp.

Parkka kiraverishdagi yogʻoch panelga “START local and GO Global” shiori bitilgan. Bino ichidagi stollarda esa yordam xizmatining kundalik kiyimdagi va quloqliklar taqqan yosh xodimlari ishlaydi.

IT-park allaqachon TashRush deb nomlangan relokatsiya dasturidan foyda koʻrmoqda – “bu nom biz guvohi boʻlayotgan hodisaga eng mos boʻlib tuyuldi”, deydi park direktori oʻrinbosari Bahodir Ayupov.

22-mart kuni Rossiya elektron kommunikatsiyalar uyushmasining maʼlum qilishicha, hozirga qadar Rossiyani 50-70 ming mutaxassis tark etgan boʻlib, aprel oyida ularning ortidan yana 100 mingga yaqin mutaxassis ketishi mumkin.

Hozirda rossiyalik IT mutaxassislar orasida Oʻzbekistonning ommaviylik darajasi Gruziya, Turkiya va Armanistonnikiga nisbatan pastroq.

Oʻzbekiston ushbu soha rivojida boshqa postsovet mamlakatlardan ortda qolgan. Soʻnggi paytlarda mamlakatda qish mavsumida energiya taqchilligi kuzatilmoqda, ayni paytda hatto Toshkentda ham elektr taʼminotida uzilishlar boʻlib turadi.

Ammo Oʻzbekistonda internet tezligi “ancha yaxshilangani” natijasida oʻtgan yili IT sohasidagi eksport 2020-yildagiga nisbatan ikki baravar oshdi, dedi Ayupov.

Oʻzbekiston hukumati oʻtgan oy aftidan, biznesni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Skype muloqot platformasidagi uzoq muddatli blokirovkani olib tashlagan.

Twitter, TikTok va Rossiyaning eng mashhur ijtimoiy tarmogʻi – VKontakte bloklangan holda qolmoqda.

“Repressiyalar gʻildiragi”

Shunday qiyinchiliklarga qaramay, yurtidan ketgan rossiyaliklarning ayrimlari qaytishdan koʻra, Oʻzbekistonda qolishni afzal koʻrishini aytadi.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan eri bilan Samarqandga koʻchib kelgan 42 yoshli Olga sobiq Ipak yoʻli qalʼasiga ishtiyoqmand boʻlganini va raqamli muzeylar kuratori sifatidagi tajribasi unga ish topishda yordam berishiga umid bildirdi.

“Avvaliga biz bu yerda bir necha kun boʻlamiz, deb oʻylagandik, lekin koʻproq qolishga qaror qildik”, dedi familiyasini oshkor qilishni istamagan Olga. “Tamoman begona odamlar bizga juda yaxshi munosabatda boʻlishdi.”

Olga va uning turmush oʻrtogʻi repressiyalar gʻildiragi aylanayotgan va yana uzoq vaqt aylanadigan Rossiyaga qaytishni rejalashtirmayapti.

22 yashar grafik dizayner Ivan Naumov ham imkon qadar shu mamlakatda qolishni rejalashtirmoqda.

Naumov chegaralarning yopilishi va harbiy xizmatga chaqirilishi mumkinligidan qoʻrqib, bosqin boshlangan kunning ertasiga Rossiyani tark etishga qaror qilgan.

Samarqandga maqbul narxga chiptalar chiqdi va Naumov boshqa yurtga borishdan oldin bir necha kun oʻsha yerda qolishni oʻyladi. Ammo, keyinroq u Rossiya bankidagi hisobraqamlaridan pul yechib olishda muammolarga duch keldi va kutilganidan uzoqroq qolib ketdi.

Naumovning bu shahar haqidagi taassurotlari ajoyib, uning aytishicha, shahar goʻzal, narxlar esa nisbatan arzon.

Yordam kerak boʻlsa, Oʻzbekistonliklar doim yordamga tayyor, deb qoʻshimcha qildi u.

“Bu yerda tanishlarim yoʻq, faqat menga oʻxshab Rossiyadan ketgan koʻplab ruslarni uchratdim, xolos”, deydi Naumov Karvonsaroyga.

“Rossiyaga qaytamanmi-yoʻqmi, biron nima deyish qiyin. Afsuski, u yerdagi vaziyat yomonlashmoqda.”

Yangi kelganlarni oʻzbekistonlik IT-mutaxassislar ham qabul qilmoqdalar.

Bahodir ismli toshkentlik dasturchining aytishicha, chet ellik IT-mutaxassislar oqimi tufayli oʻzbekistonlik soha vakillari raqobatdan qoʻrqmasliklari kerak.

“Bizning IT-bozorimiz endigina rivojlanish bosqichida”, dedi u Karvonsaroyga. Bu yerda soha mutaxassislariga talab katta, oʻylaymanki, ish oʻrni yetarlicha boʻladi.

Ilova dasturchilari va Big Data tahlilchilariga talab har qachongidan ham yuqori, deb qoʻshimcha qildi u.

“Kiberxavfsizlik sohasidagi loyihalarga kelsak, banklar kabi yirik oʻzbekistonlik mijozlar avval ham rossiyalik mutaxassislar xizmatidan foydalanar edi. Shunchaki, oʻsha mutaxassislar hozir bu yerga kelishdi”, deydi Bahodir.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Muallif, endi koʻchirish dasturi boʻyicha qancha Oʻzbekiston fuqarosi koʻchib ketgani haqida ham yozing! :) Koʻpam kerilmang; sizning afsonaviy “IT-mutaxassislaringiz” ham, sanoat parkingiz ham hech kimga kerak emas. Bu aytigastarbayterlar bir-ikki oydan keyin Oʻzbekistondan xuddi shunday daf boʻlishadi ))) Ularning bayrogʻi ham, vatani ham yoʻq.

Javob berish

Beshinchi kolonna kuchayishi mumkin

Javob berish

Rossiyadan shunchalik koʻp dasturchilar qochib ketishdiki, u krepostnoy huquqi amal qilgan oʻzining sevimli 17-asriga ravona boʻlib bormoqda.

Javob berish

Qaysi dasturchilar? :) Daraxtni tepsang, dasturchi yogʻiladi, aslida ular oʻzini daho deb biladigan oʻrtamiyonalar, unaqalar butun dunyoda toʻlib yotibdi )))) Hech kim ular uchun navbatga turmaydi; aksincha, ular ish beruvchilarning ostonasiga bosh uradi )))

Javob berish